Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Odamlar orasidagi farqni ko‘ring

Odamlar orasidagi farqni ko‘ring

Odil kishi bilan yovuz kishi... o‘rtasidagi farqni ko‘rasizlar. MAL. 3:18

QO‘SHIQLAR: 29, 53

1, 2. Allohning xizmatchilari bugungi kunda qanday qiyinchiliklarga duch kelyapti? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmlarga qarang.)

KO‘PGINA shifokorlar yuqumli kasalliklarga chalingan kishilar orasida ishlaydi. Ular ushbu bemorlarga yordam berish niyatida ularga g‘amxo‘rlik qiladi. Ammo kasallik shifokorlarga yuqmasligi uchun ular o‘zini himoyalashi zarur. Shu singari, ko‘pchiligimiz Xudo xush ko‘rmaydigan xislatlarni namoyon etadigan kishilarning nuqtai nazari bilan zaharlangan dunyoda yashab ishlashimizga to‘g‘ri kelyapti. Bu biz uchun qiyinchiliklar tug‘diryapti.

2 Ushbu oxirzamonda axloqsizlik avjiga chiqqan. Havoriy Pavlus Timo‘tiyga yo‘llagan ikkinchi maktubida Xudodan yuz o‘girgan kishilarga xos xislatlarni tasvirlagan va bu zamona o‘z poyoniga yaqinlashgani sayin ular yanada keng tarqalishini aytgan. (2 Timo‘tiyga 3:1–5, 13 ni o‘qing.) Garchi bu xislatlar bizni dahshatga tushirayotgan bo‘lsa-da, ularni namoyon etayotganlarning yurish-turishiyu nuqtai nazari bizga ham ta’siri qilishi hech gap emas. (Hik. 13:20) Ushbu maqolada oxirzamonda yashayotgan odamlarga xos xislatlar Alloh xizmatchilarining fazilatlaridan qanday farq qilayotganini bilib olamiz. Shuningdek, bu illatlar bizga ham yuqmasligi uchun o‘zimizni qanday himoyalashimiz va shu bilan birga boshqalarga ma’naviy yordam ko‘rsatishimiz mumkinligi haqida gap boradi.

3. Pavlus 2 Timo‘tiyga 3:2–5 da qanday insonlar haqida aytib o‘tgan?

3 Pavlus «oxirzamonda nihoyatda og‘ir vaqtlar keladi», deb yozgan. Keyin u ushbu davrdagi odamlarga xos 19 ta illatni sanab o‘tgan. Ular Pavlus Rimliklarga 1:29–31 da keltirgan xislatlarga o‘xshab ketadi. Ammo Timo‘tiyga yo‘llagan maktubida Yunoncha yozuvlarning boshqa hech qayerida uchramaydigan xislatlarni aytib o‘tgan. Havoriy ushbu ro‘yxatni «odamlar» so‘zi bilan boshlagan. Bu illatlar erkaklarda ham, ayollarda ham bo‘lgani sababli, ushbu so‘z hammaga tegishli. Biroq barcha insonlar bu xislatlarni namoyon etmaydi. Masihiylar umuman boshqacha fazilatlarga ega. (Malaki 3:18 ni o‘qing.)

O‘ZIMIZGA QANDAY QARAYMIZ?

4. Mag‘rur kishilarni qanday tasvirlagan bo‘lardingiz?

4 Pavlus ko‘p odamlar o‘zini sevadigan, pulparast bo‘lishini aytib, ular maqtanchoq, kekkaygan va mag‘rur bo‘lishini ham ta’kidlagan. Bunday kishilar odatda o‘zini boshqalardan ustun qo‘yib, ulardan qobiliyatlari, tashqi ko‘rinishi, boyligi yoki mavqei bilan farq qilamiz deb hisoblashadi. Shu kabi odamlar o‘zgalar ularga qoyil qolib, ularni e’zozlashini juda istashadi. Bir ilohiyotshunos mag‘rurlikka berilib ketganlar haqida shunday deb yozgan: «Ularning qalbida kichik qurbongoh bor va ular uning oldida o‘zlariga-o‘zlari sajda qilishadi». Ba’zilarning aytishicha, takabburlik shu qadar yoqimsiz illatki, hatto mag‘rur kishilar mag‘rurlarni ko‘rganda ularni xush ko‘rishmaydi.

5. Qanday qilib hatto sadoqatli xizmatchilar ham mag‘rurlik tuzog‘iga tushib qolishi mumkin?

5 Tangri Yahova takabburlikdan nafratlanadi. «Takabbur ko‘z» U uchun jirkanchlidir. (Hik. 6:16, 17) Mag‘rurlik insonni Xudodan uzoqlashtiradi. (Zab. 10:4) Bu illat Iblisga xos. (1 Tim. 3:6) Ming afsuski, Yahovaning ayrim xizmatchilari ham mag‘rurlik bilan zaharlangan edi. Masalan, Yahudo shohi Uzziyo yillar mobaynida sadoqatli bo‘lgan. Muqaddas Kitobda quyidagicha yozilgan: «Ammo u kuchayganidan keyin, nihoyatda mag‘rurlanib ketdi va bu uni halokatga yetakladi. U Xudosi Yahovaga bevafolik qilib, Yahovaning ma’badiga kirdi va tutatqi qurbongohida tutatqi tutatdi». Keyinchalik Hizqiyo ham bir oz muddatga mag‘rurlik tuzog‘iga tushib qolgan edi. (2 Sol. 26:16; 32:25, 26)

6. Nima tufayli Dovud mag‘rur bo‘lishi mumkin edi, ammo nega u kamtarin bo‘lgan?

6 Ba’zilar tashqi ko‘rinishi chiroyli, mashhurligi, musiqa sohasida iste’dodli, jismonan kuchli yoki yuqori mavqega ega bo‘lgani bois mag‘rurlikka berilib ketadi. Shoh Dovud bularning bariga ega bo‘lsa-da, butun umr kamtarin edi. Dovud Go‘liyotni o‘ldirgandan so‘ng, shoh Shoul qizini unga xotinlikka bermoqchi bo‘lgan. Biroq u javoban: «Men va qarindoshlarim hamda otamning oilasi Isroilda kim bo‘libdiki, shohga kuyov bo‘lsam?!» — degan. (1 Shoh. 18:18) Qiziq, unga kamtarin bo‘lib qolishga nima yordam bergan? Dovud fazilatlar, qobiliyatlaru vazifalarga Alloh unga «egilib» yoki O‘zini kamtar tutib, e’tibor qaratayotgani tufayli ega ekanini tushungan. (Zab. 113:5–8) Undagi barcha yaxshiliklar Yahovadan ekanini u bilgan. (1 Korinfliklarga 4:7 ni solishtiring.)

7. Kamtarin bo‘lishimizga nima yordam beradi?

7 Dovudga o‘xshab Yahovaning xizmatchilari ham kamtarin bo‘lishga intilishyapti. Yahova koinotdagi eng ulug‘ Shaxs bo‘lib, kamtarlikni namoyon etayotganini bilish bizda ehtirom hissini uyg‘otyapti. (Zab. 18:35) Biz mana shu maslahatga amal qilishga intilyapmiz: «Mehr-shafqat, mehribonlik, kamtarlik, muloyimlik va sabr-toqat kabi yoqimli fazilatlarga burkaninglar». (Kolos. 3:12) Qolaversa, «sevgi rashk qilmaydi, maqtanmaydi, kekkaymaydi», degan so‘zlar ham bizga tanish. (1 Kor. 13:4) Kamtarin bo‘lsak, insonlar Yahovaga yaqinlashishi mumkin. Xotinlar erlarini so‘zlari emas, xulq-atvori orqali zabt etishganiday, biz ham kamtarligimiz tufayli o‘zgalar Alloh bilan do‘st bo‘lishiga hissa qo‘sha olamiz. (1 Butr. 3:1)

BOSHQALAR BILAN MUNOSABAT QILISH

8. a) Ota-onaga itoat etmaslik borasida ba’zilar qanday fikrda? b) Muqaddas Kitobda farzandlar uchun qanday buyruq bor?

8 Pavlus oxirzamonda odamlar bir-biriga qanday munosabat qilishi haqida ham yozgan. U oxirzamonda farzandlar ota-onasiga itoatsiz bo‘ladi degan. Ota-onaga bo‘ysunmaslikning yomon joyi yo‘qdek va bu kitob, film hamda teledasturlar orqali oddiy holdek ko‘rsatilayotgani dastidan jamiyat negizi, ya’ni oila barbod bo‘lyapti. Bu narsa biz uchun yangilik emas. Qizig‘i shundaki, qadimda Gretsiyada ota-onasini urgan kishi barcha fuqarolik huquqlaridan mahrum bo‘lardi. Rim qonuniga ko‘ra esa, otasini urish jiddiy jinoyat bo‘lib, qotillik bilan barobar edi. Ham Ibroniycha, ham Yunoncha yozuvlarda farzandlarga ota-onasini hurmat qilish buyurilgan. (Chiq. 20:12; Efes. 6:1–3)

9. Ota-onasiga bo‘ysunishga farzandga nima yordam beradi?

9 Bolalar ota-onasi ular uchun nimalar qilgani to‘g‘risida fikr yuritib, itoatsizlik ruhidan o‘zini himoya qila olishadi. Barchamizning Otamiz, Allohimiz itoatli bo‘lishni talab qilayotganini tushunish ham minnatdorlik hissini kuchaytiradi. Yoshlar ota-onasi haqida ijobiy tarzda gapirib, do‘stlariga o‘z ota-onasini hurmat qilishga yordam bera olishadi. Albatta, agar ota-ona mehrsiz bo‘lsa, bolasi ularga chin dildan itoat qilishga qiynaladi. Biroq ota-onaning samimiy sevgisini his etgan farzand hatto bo‘ysunmaslik vasvasasi tug‘ilganda ham ularni ranjitmaslik uchun jon kuydiradi. Ostin ismli yigit quyidagicha bo‘lishdi: «Men ko‘pincha noto‘g‘ri biron ish qilgim kelardi, ota-onam esa dono yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, o‘rnatgan qoidalarning sababini tushuntirardi va doim ochiq muloqotga imkon yaratardi. Bu bo‘ysunishimga yordam berardi. Ular menga g‘amxo‘rlik qilishayotganini ko‘rardim va shuning uchun ularni xafa qilishni istamasdim».

10, 11. a) Sevgi yetishmayotgan insonlar qanday illatlarni namoyon etishyapti? b) Haqiqiy masihiylarni qanday sevgi ajratib turishi darkor?

10 Pavlus odamlarda bir-biriga sevgi yetishmasligini ko‘rsatuvchi boshqa illatlarni ham aytgan. Masalan, u odamlar «ota-onaga itoatsiz» bo‘ladi degandan so‘ng, ular noshukur bo‘ladi deb ham yozgan. Chunki noshukur kishilar ularga qilingan yaxshilikning qadriga yetishmaydi. Insonlar, shuningdek, sadoqatsiz bo‘ladi. Ular murosasiz bo‘ladi, ya’ni boshqalar bilan kelishib tinch munosabatlarni saqlashni xohlamaydi. Bundaylar kufr so‘zlarini aytuvchi hamda sotqin bo‘lib, odamlarga va hatto Xudoga qarshi haqorat so‘zlarni aytadi. Buning ustiga, ular tuhmatchi bo‘ladi, ya’ni o‘zgalarning obro‘yini to‘kadigan gap-so‘zlarni tarqatadi *.

11 Sevgi yetishmayotgan insonlardan farqli o‘laroq, Yahovaga topinayotgan odamlar imondoshlariga nisbatan samimiy sevgini his qilishadi. Bu doim shunday bo‘lib kelgan. Darhaqiqat, Iso yaqinimizga bo‘lgan sevgini, ya’ni agape sevgisini namoyon etish Xudoni sevishdan keyin turadigan Tavrotdagi ikkinchi eng muhim amr ekanini aytgan. (Mat. 22:38, 39) Shuningdek, u bir-birimizga bo‘lgan sevgi haqiqiy masihiylarni ajratib turadigan fazilat degan. (Yuhanno 13:34, 35 ni o‘qing.) Bunday sevgi tufayli hatto dushmanlarni ham yaxshi ko‘rish mumkin. (Mat. 5:43, 44)

12. Iso boshqalarga qanday sevgini ko‘rsatgan?

12 Iso boshqalarga ulkan bir sevgini ko‘rsatgan. U shaharma-shahar yurib, odamlarga Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni aytgan. Iso ko‘zi ojizlarni, cho‘loqlarni, moxovlarni va karlarni sog‘aytirib, o‘lganlarni tiriltirgan. (Luqo 7:22) Garchi ko‘plar undan nafratlangan bo‘lsa-da, u insoniyat uchun o‘z hayotini qurbon qilgan. Iso Otasining sevgisiga mukammal tarzda taqlid qilgan. Butun yer yuzi bo‘ylab Yahovaning Shohidlari boshqalarga nisbatan chin sevgini namoyon etib kelishyapti.

13. Odamlarga ko‘rsatgan sevgimiz ularni qanday qilib Yahovaga yaqinlashtiradi?

13 Odamlarga ko‘rsatgan sevgimiz ularni samoviy Otamizga yaqinlashtiradi. Misol uchun, Tailandda bir kishi hududiy anjumanda birodarlar o‘zaro namoyon etgan sevgini ko‘rib hayron qolgan. Uyga qaytgach, u haftada ikki marta Muqaddas Kitob tadqiqi o‘tkazilishini so‘ragan. U barcha qarindoshlariga va’z qilgan va anjumandan olti oy o‘tgandan keyin Yig‘ilish zalida ilk bor Muqaddas Kitobdan qiroat qilish topshirig‘i bilan chiqqan. Boshqalarga nisbatan ko‘rsatayotgan sevgimizni tekshirish maqsadida o‘zimizdan shunday so‘rasak bo‘ladi: «Oilamda, jamoatda va xizmatda boshqalarga yordam berishga intilyapmanmi? O‘zgalarga Yahova kabi qarashga harakat qilyapmanmi?»

BO‘RILAR VA QO‘ZILAR

14, 15. Ko‘plar hayvonlarga xos qanday xislatlarga ega, lekin qanday qilib ayrimlar yaxshi tomonga o‘zgargan?

14 Odamlar oxirzamonda namoyon etayotgan boshqa yomon xislatlar ham masihiylar ulardan uzoqroq yurishiga sababdir. Xudoni sevmaydigan insonlar yaxshilikdan nafratlanadigan yoki ba’zi tarjimalarda «himmatni yaxshi ko‘rmaydigan» bo‘lishi haqida aytilgan. Ular o‘zini tuta bilmaydigan, shafqatsiz bo‘ladi. Ayrimlar o‘zboshimcha yoki jahli tez chiqadigan va bemulohaza bo‘ladi.

15 Ilgari hayvonlarga xos xislatlarni namoyon etgan ko‘plar yaxshi tomonga o‘zgargan. Bu o‘zgarish Muqaddas Kitobda ajoyib tarzda bashorat qilingan edi. (Ishayo 11:6, 7 ni o‘qing.) U yerda qo‘zi va buzoq kabi uy hayvonlari bo‘ri hamda sher singari yovvoyi hayvonlar bilan birga osoyishta yashashi haqida yozilgan. Qiziq, bu nima tufayli yuz beryapti? Muqaddas Kitobda: «Yer yuzi Yahova haqidagi bilimga to‘ladi»,— deb tushuntirilgan. (Ishayo 11:9) Hayvonlar Yahova haqida bilimga ega bo‘la olmas ekan, bu bashoratdagi so‘zlar ramziy ma’noda odamlarda amalga oshyapti.

Muqaddas Kitobdagi prinsiplar hayotni o‘zgartiradi! (16- xatboshiga qarang.)

16. Qanday qilib Muqaddas Kitob odamlarga yaxshi tomonga o‘zgarishga ko‘maklashgan?

16 Oldin bo‘ri kabi shafqatsiz bo‘lgan ko‘plar bugungi kunda boshqalar bilan tinch-totuv yashamoqda. Bunday ayrim imondoshlarimiz haqida ko‘p tillarda mavjud bo‘lgan jw.org saytidagi «Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi» nomli turkumda o‘qishingiz mumkin. Yahovani tanib-bilgan va Unga xizmat qilishni boshlaganlar umuman boshqacha bo‘lib, o‘zlarini xudojo‘y qilib ko‘rsatadigan, amalda esa bunga rioya qilmaydigan kishilarga o‘xshamaydi. Zero bundaylar Xudoga topinyapmiz deb ta’kidlaydi-yu, ammo xulqi bilan buning aksini ko‘rsatadi. Ilgari shafqatsiz bo‘lgan odamlar «haqiqiy odillik va sadoqatga asoslangan, Xudoning niyatiga ko‘ra yaralgan yangi o‘zlikni kiyib» olishyapti. (Efes. 4:23, 24) Odamlar Alloh haqida bilim orttirgani sayin, Uning me’yorlari bo‘yicha yashash kerakligini tushunishadi. So‘ng ular e’tiqodi, nuqtai nazari va xulq-atvorini o‘zgartirishadi. Bunday yo‘l tutish oson emas, biroq Xudoning irodasini chin dildan bajarishni xohlagan insonlarga Uning ruhi bunda ko‘maklashadi.

«BUNDAYLARDAN QOCH»

17. Yomon xislatlarni namoyon etadiganlarning ta’siridan qanday qochsak bo‘ladi?

17 Xudoga xizmat qilayotgan va Unga xizmat qilmayotgan insonlar orasidagi farq borgan sari yaqqol ko‘rinmoqda. Allohga xizmat qilayotgan bizlar, boshqalar namoyon etayotgan adolatsiz nuqtai nazarning ta’siri ostiga tushib qolishdan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. 2 Timo‘tiyga 3:2–5 da aytib o‘tilgan odamlardan qochish haqidagi maslahatga quloq solish oqilonadir. Albatta, yomon xislatlarga ega bo‘lgan kishilardan umuman yiroqlasha olmaymiz. Chunki ular bilan ishlashimiz, birga o‘qishimiz yoki yashashimiz mumkin. Biroq ularga xos nuqtai nazarga ega bo‘lishdan va ularning xislatlariga taqlid qilishdan qocha olamiz. Muqaddas Kitobni tadqiq qilsak va Yahovaga xizmat qilishga qat’iy qaror qilgan insonlar bilan yaqin muloqotda bo‘lib ma’naviyligimizni kuchaytirsak, bunga erisha olamiz.

18. So‘zlarimizu xulqimiz boshqalarga qay yo‘sin ma’naviy yordam berishi mumkin?

18 Shuningdek, boshqalarga ma’naviy yordam berishga intilishimiz lozim. Kerakli vaqtda kerakli narsalarni ayta olishingiz uchun Yahovadan yordam so‘rab, shohidlik berish imkoniyatlarini izlashingiz darkor. Boshqalarga Yahovaning Shohidlari ekanimizni bildirishimiz kerak. Shunda xulq-atvorimiz bilan o‘zimizga emas, Xudoga sharaf keltira olamiz. Biz «imonsizlikni va dunyoviy istaklarni rad etib, hozirgi zamonda aqli raso, odil hamda xudojo‘y bo‘lib yashashga» o‘rganyapmiz. (Titus. 2:11–14) O‘zimizni Allohga yoqadigan tarzda tutganimizda boshqalar buni kuzatadi va hatto ayrimlar: «Biz siz bilan boramiz, chunki Xudo sizlar bilan ekanini eshitdik»,— deb aytishi mumkin. (Zakr. 8:23)

^ 10- x.b. Yunonchadan «tuhmatchi» deb o‘girilgan diabolos so‘zi, Muqaddas Kitobda unvon sifatida Xudoning yovuz tuhmatchisi Shaytonga nisbatan qo‘llanilgan.