Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Qutlug‘ Kechlik Xudoning xalqini birlashtiradi

Qutlug‘ Kechlik Xudoning xalqini birlashtiradi

Naqadar yaxshi va yoqimlidir birodarlarning birlikda ahil yashashi! ZAB. 133:1

QO‘SHIQLAR: 5, 30

1, 2. Qaysi marosim 2018- yili bizni o‘zgacha tarzda birlashtiradi va nega? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

DUNYO bo‘ylab millionlab odamlar yilda bir marta o‘tadigan marosimni nishonlash uchun yig‘iladi. Bu safar ushbu marosim 2018- yili 31- mart kuni o‘tadi. Quyosh botgach, Xudoning xalqi va ko‘pgina qiziquvchilar Iso payg‘ambarning biz uchun qilgan qurbonligini xotirlash uchun yig‘ilishadi. Har yili Hazratimizning kechlik taomi, ya’ni Qutlug‘ Kechlik marosimi tufayli odamlar ajoyib tarzda birlashadi. Yer yuzida bo‘ladigan hech bir voqea bunday imkon yaratmaydi.

2 O‘sha kun tugaguniga qadar Yahova hamda Iso dunyo bo‘ylab millionlab odamlar ushbu muhim marosimga kelganini soatlab kuzatib quvonishayotganini bir tasavvur qiling. «Har bir millatdan, qabiladan, xalqdan va tildan bo‘lgan, hech kim sanay olmaydigan ulkan olomon» shunday deya hayqirishi Muqaddas Kitobda bashorat qilingan: «Najotimiz uchun taxtda o‘tirgan Xudoyimizdan hamda Qo‘zidan qarzdormiz». (Vah. 7:9, 10) Qutlug‘ Kechlik marosimi orqali Yahova hamda Isoga sharaf keltirish naqadar ajoyib!

3. Ushbu maqolada qaysi savollarga javob topamiz?

3 Mazkur maqolada quyidagi savollarga javob topamiz: 1) Qay yo‘sin Qutlug‘ Kechlik marosimiga shaxsan tayyorgarlik ko‘rishimiz va bundan foyda olishimiz mumkin? 2) Qanday qilib Qutlug‘ Kechlik marosimi Xudoning xalqi birlashishiga ta’sir qiladi? 3) Qanaqasiga har birimiz ushbu birlikka hissa qo‘sha olamiz? 4) Qachondir oxirgi Qutlug‘ Kechlik marosimi bo‘ladimi? Agar bo‘lsa, qachon?

QAY YO‘SIN TAYYORGARLIK KO‘RISHIMIZ VA FOYDA OLISHIMIZ MUMKIN?

4. Nima sababdan imkon boricha Qutlug‘ Kechlikka borish muhim?

4 Qutlug‘ Kechlik marosimiga tashrif buyurish muhim ekani borasida fikr yuriting. Unutmang, jamoat uchrashuvlari topinishimizning bir qismi. Yahova hamda Iso yilning eng muhim uchrashuviga kelish uchun qilgan harakatlarimizni ko‘rishadi. Albatta, jismonan imkonimiz bo‘lsa yoki vaziyatimiz yo‘l qo‘ysa Qutlug‘ Kechlik marosimiga tashrif buyurishga intilamiz. Topinishimizdagi uchrashuvlar biz uchun muhim ekanini harakatlarimiz bilan ko‘rsatsak, Yahova ismimizni «xotira kitobi»da, ya’ni «hayot kitobida» yozishiga yana bir sabab bergan bo‘lamiz. Zero bu kitobda abadiy hayotga erishmoqchi bo‘lganlarning ismlari bitilgan. (Mal. 3:16; Vah. 20:15)

5. «Imondamisizlar yoki yo‘qmi, o‘zingizni sinab... turinglar», degan so‘zlarni Qutlug‘ Kechlik arafasida qanday qo‘llashimiz mumkin?

5 Qutlug‘ Kechlik arafasida vaqt ajratib, ibodat ila Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizni yaxshilab tekshirib ko‘rsak bo‘ladi. (2 Korinfliklarga 13:5 ni o‘qing.) Buni qay yo‘sin qila olamiz? «Imondamisizlar yoki yo‘qmi, o‘zingizni sinab... turinglar», degan so‘zlarni amalda qo‘llashimiz mumkin. Buning uchun o‘zingizdan shunday deb so‘rang: «Yahova O‘z irodasini amalga oshirish uchun tayinlagan yagona tashkilotning a’zosi ekanimga chindan ham ishonyapmanmi? Shohlik to‘g‘risidagi xushxabarni va’z qilish va ta’lim berish uchun qo‘limdan kelganini qilyapmanmi? Harakatlarim oxirgi kunlarda yashayotganimga va Shaytonning boshqaruvi nihoyasiga yetayotganiga rostdan ham ishonayotganimni ko‘rsatyaptimi? Hayotimni Yahovaga bag‘ishlaganimda bo‘lganidek hozir ham Unga va Isoga bo‘lgan ishonchim kuchlimi?» (Mat. 24:14; 2 Tim. 3:1; Ibron. 3:14) Shu kabi savollarning javoblari ustida mulohaza yuritish qanday inson ekanimizni anglashga yordam beradi.

6. a) Abadiy hayotga erishishning yagona yo‘li qanday? b) Har yili bir oqsoqol Qutlug‘ Kechlikka qay yo‘sin tayyorgarlik ko‘rgan va qanday qilib siz ham shu kabi yo‘l tutishingiz mumkin?

6 Qutlug‘ Kechlik muhim ekanini ko‘rsatuvchi Muqaddas Kitobga asoslangan ma’lumotlarni o‘qib, bu borada mulohaza yuriting. (Yuhanno 3:16; 17:3 ni o‘qing.) Abadiy hayotga erishishning yagona yo‘li Yahovani «tanib-bilish» va Uning yagona O‘g‘li Isoga «ishonishdan» iborat. Ushbu marosimga tayyorgarlik ko‘rish uchun Yahovaga va Isoga yaqinlashishingizga yordam beradigan maqolalarni tadqiq qilishingiz mumkin. Masalan, uzoq vaqtdan beri oqsoqol bo‘lgan birodar qanday yo‘l tutganiga e’tibor bering. Yillar davomida u «Qo‘riqchi minorasi»da chop etilgan Qutlug‘ Kechlik, Yahova hamda Isoning bizga ko‘rsatgan sevgisi chuqur muhokama qilingan maqolalarni yiqqan. Qutlug‘ Kechlik bo‘lishidan bir necha hafta oldin u o‘sha maqolalarni qayta o‘qib, ushbu marosimning muhimligi haqida fikr yuritgan. Ba’zida bu birodar maqolalar to‘plamiga bir yo ikkita yangilarini qo‘shgan. U o‘sha maqolalarni qayta o‘qib, Qutlug‘ Kechlik arafasida o‘qiladigan Muqaddas Kitobdagi oyatlar ustida mulohaza yuritgan va har yili yangi narsalarni o‘rgangan. Eng asosiysi, bu oqsoqol Yahovaga hamda Isoga bo‘lgan sevgisi yanada mustahkamlanganini his etgan. Bunday tadqiq o‘tkazish Yahovaga hamda Isoga bo‘lgan sevgingizu minnatdorligingizni oshirishga va shu yo‘sin Qutlug‘ Kechlik marosimidan ko‘proq foyda olishga yordamlashadi.

QUTLUG‘ KECHLIK BIRLIGIMIZGA TA’SIR QILADI

7. a) Ilk bor Hazratimizning kechlik taomi o‘tganida Iso nima haqida ibodat qilgan? b) Yahova Isoning ibodatiga javob berganini nimadan bilsak bo‘ladi?

7 Hazratimizning kechlik taomi ilk marotaba o‘tganida Iso barcha izdoshlari birlikda bo‘lishi va u hamda Otasi qadrlaydigan bunday birlikdan quvonch topishi haqida ibodat qilgan. (Yuhanno 17:20, 21 ni o‘qing.) Yahova uning ibodatiga javob berdi va hozir millionlab odamlar U O‘z O‘g‘lini yuborganiga ishonadi. Qutlug‘ Kechlik Yahovaning Shohidlari yakdil ekanini ko‘rsatuvchi rad etib bo‘lmaydigan isbotdir. Xudoning xalqi o‘tkazadigan boshqa hech qaysi uchrashuv bunga o‘xshamaydi. Millati, tanasining rangi har xil bo‘lgan odamlar butun yer yuzi bo‘ylab topinish joylarida birgalikda yig‘iladi. Ba’zi hududlarda turli irq vakillari bunday diniy marosimda yig‘ilishi boshqalar uchun noodatiy yoki noo‘rin ko‘rinadi. Lekin bunday birlik Yahova hamda Isoning nazarida juda ajoyibdir!

8. Birlashish borasida Yahova Hizqiyoga qanday xabar bergan?

8 Yahovaning xalqi ekanmiz, bunday birlikdan quvonch topayotganimizdan hayron emasmiz. Chunki buni Yahova bashorat qilgan. U Hizqiyo payg‘ambarga ikkita tayoq, ya’ni «Yahudo» va «Yusuf»ning tayog‘i birlashishi borasida xabar bergan. (Hizqiyo 37:15–17 ni o‘qing.) «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2016- yil iyul sonidagi «O‘quvchilarning savollari» turkumida bu quyidagicha tushuntirilgandi: «Yahova Hizqiyo payg‘ambar orqali Isroil xalqi va’da qilingan yurtga qaytib kelishi va bir xalq sifatida qaytadan birlashishini bashorat qilgandi. Shuningdek, bu bashoratda oxirzamonda Xudoga topinadigan odamlar bir xalq sifatida birlashishi nazarda tutilgan».

9. Qanday qilib har yili Qutlug‘ Kechlik marosimida Hizqiyoning bashorati amalga oshganini ko‘ramiz?

9 Yahova 1919- yilning boshida ramziy ma’noda «Yahudo»ning tayog‘ini bildiruvchi moylanganlarni qayta tashkillashtirib birlashtirdi. Keyinchalik «Yusuf»ning tayog‘ini bildiruvchi, yer yuzida abadiy yashashga umid qiladigan ko‘pgina insonlar moylanganlarga qo‘shildi va ular «bir suruv» bo‘ldi. (Yuhan. 10:16; Zakr. 8:23) Yahova o‘sha ikkita tayoqni birlashtirib, ularni qo‘lidagi bitta tayoqqa aylantirishni va’da qilgandi. (Hiz. 37:19) Hozir ushbu ikki guruh bitta Shohga — Xudoning bashoratida «xizmatkorim Dovud» deb atalgan ulug‘vor Iso Masihga birlikda xizmat qilmoqda. (Hiz. 37: 24, 25) Har yili moylanganlarning qolgan qismi va «boshqa qo‘ylar» Qutlug‘ Kechlik marosimini o‘tkazish uchun yig‘ilganida Hizqiyo kitobida tasvirlangan ajoyib birlikning guvohi bo‘lamiz. Xo‘sh, qay yo‘sin har birimiz mana shunday birlikni saqlashimiz va unga hissa qo‘shishimiz mumkin?

BIRLIKKA HISSA QO‘SHISH UCHUN HAR BIRIMIZ NIMA QILSAK BO‘LADI?

10. Xudoning xalqi orasida birlik bo‘lishiga qanday hissa qo‘sha olamiz?

10 Xudoning xalqi orasida birlik bo‘lishiga hissa qo‘shishning yo‘llaridan biri — kamtarlikni rivojlantirish. Iso yer yuzida bo‘lganida shogirdlariga kamtar bo‘lish kerakligini nasihat qilgandi. (Mat. 23:12) O‘zimizni past olib yursak dunyoning mag‘rurlik ruhiga berilmaymiz. Qolaversa, kamtarlik boshchilikni zimmasiga olganlarga itoatkor bo‘lishga yordam beradi. Jamoatda birlik bo‘lishi uchun bunday itoatkorlik ruhini namoyon etish muhimdir. Bundan tashqari, kamtarlik Xudoni xushnud etadi, zero U «mag‘rurlarga qarshi chiqadi, kamtarlarga esa inoyatini namoyon etadi». (1 Butr. 5:5)

11. Qutlug‘ Kechlik ramzlarining ma’nosi ustida mulohaza yuritish birligimizga hissa qo‘shishga qanday yordam beradi?

11 Birlikka hissa qo‘shishning ikkinchi yo‘li — Qutlug‘ Kechlik ramzlarining ma’nosi ustida mulohaza yuritish. Qutlug‘ Kechlikdan bir kun avval — ayniqsa shu marosim o‘tadigan kuni — xamirturushsiz non va qizil sharob qanday ma’noga ega ekani borasida chuqur fikr yuriting. (1 Kor. 11:23–25) Non Isoning qurbonlik sifatida berilgan gunohsiz tanasini, sharob esa uning qonini bildiradi. Lekin biz ramzlar nimani bildirishini ongli tarzda tushunish bilan kifoyalanmasligimiz lozim. Unutmangki, Isoning to‘lov qurbonligi ikkita eng muhim sevgini — Yahova biz uchun O‘g‘lini berib namoyon etgan sevgini va Iso tayyorlik ila o‘zini biz uchun qurbon qilib ko‘rsatgan sevgini o‘z ichiga oladi. Ularning sevgisi ustida mulohaza yuritish bizni ularni sevishga undashi darkor. Biz va imondoshlarimiz Yahovaga namoyon etgan sevgi birligimizni bog‘laydigan va mustahkam qiladigan arqon kabidir.

Boshqalarni kechirib birlikka hissa qo‘shamiz (12-, 13- xatboshilariga qarang.)

12. Qay yo‘sin Iso shoh haqidagi masalda Yahova bizdan boshqalarni kechirishimizni kutishini ko‘rsatgan?

12 Birligimizga hissa qo‘shishning uchinchi yo‘li — boshqalarni chin dildan kechirish. Bizni xafa qilganlarni kechirib, gunohlarimiz kechirilishiga yo‘l ochgan Isoning to‘lov qurbonligi uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsatamiz. Matto 18:23–34 da keltirilgan Isoning masali haqida o‘ylab ko‘ring. O‘zingizdan so‘rang: «Isoning aytganlariga rioya qilishga intilyapmanmi? Imondoshlarimga sabr namoyon etib, ularni tushunyapmanmi? Shaxsan menga qarshi gunoh qilganlarni kechirishga tayyormanmi?» To‘g‘ri, gunohlar har xil bo‘ladi va nomukammal inson uchun ba’zi xafagarchiliklarni kechirish qiyin. Biroq Iso keltirgan masaldan Yahova bizdan nimani kutayotganini bilsak bo‘ladi. (Matto 18: 35 ni o‘qing.) Iso shuni yaqqol ko‘rsatganki, imondoshimizni kechirishga asosimiz bo‘lsa-yu, biz uni kechirmasak, Yahova ham bizni kechirmaydi. Biz bu haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz zarur. Iso o‘rgatganiday, boshqalarni kechirsak bebaho birligimizni himoyalab,uni saqlab qolishga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

13. Tinchlik o‘rnatuvchi ekanimiz birligimizni saqlashga qanday hissa qo‘shadi?

13 Boshqalarni kechirib, tinchlik o‘rnatuvchi ekanimizni ko‘rsatamiz. Havoriy Pavlusning «tinchlik rishtalari orqali muqaddas ruhning birligini saqlashga jon kuydiringlar», degan maslahatini eslang. (Efes. 4:3) Boshqalar bilan qanday munosabatda ekaningiz borasida ushbu Qutlug‘ Kechlik mavsumida va ayniqsa mana shu marosim o‘tadigan kechada yaxshilab o‘ylab ko‘ring. O‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Men gina saqlab yurmaydigan inson ekanim yaqqol ko‘rinyaptimi? Meni tinchlikni va birlikni saqlashga intiladigan odam deb bilishadimi?» Yilning bu paytida mazkur jiddiy savollarga javob topish lozim.

14. «Sevgi bilan bir-biringizga bardoshli bo‘ling»,— degan so‘zlarga amal qilayotganimizni qanday ko‘rsata olamiz?

14 Birlikni saqlashga hissa qo‘shishning to‘rtinchi yo‘li — sevgini namoyon etishda sevgi Xudosi Yahovaga taqlid qilish. (1 Yuhan. 4:8) Imondoshlarimiz haqida hech qachon: «Ularni imondoshlarim bo‘lgani uchun yaxshi ko‘rishim kerak, aslida esa ularni yoqtirmayman»,— deb aytishni xohlamaymiz. Bunday o‘ylash Pavlusning: «Sevgi bilan bir-biringizga bardoshli bo‘ling»,— degan so‘zlariga ziddir. (Efes. 4:2) U shunchaki: «Bir-biringizga bardoshli bo‘ling»,— deb aytmagan, balki «sevgi bilan», deya qo‘shib qo‘ygan. Buning farqi bor. Jamoatlarimizda Yahova O‘ziga jalb qilgan turli insonlarni uchratamiz. (Yuhan. 6:44) Yahova ularni o‘ziga yaqinlashtirgan ekan, demak ularni sevadi. Unda imondoshimizni sevgimizga noloyiq deb hukm qilishga haqqimiz bormi? Yahova bizga sevgini namoyon qilishni amr etgan ekan, bunday qilishni orqaga surmasligimiz darkor. (1 Yuhan. 4:20, 21)

OXIRGI QUTLUG‘ KECHLIK QACHON BO‘LADI?

15. Oxirgi Qutlug‘ Kechlik bo‘lishini qayerdan bilamiz?

15 Kuni kelib Qutlug‘ Kechlik marosimini oxirgi marotaba nishonlaymiz. Buni qayerdan bilamiz? Pavlus ilohiy ilhom ostida Korinfdagi moylangan masihiylarga yo‘llagan birinchi maktubida har yili Isoning o‘limini xotirlab «Hazratimiz kelguniga qadar uning o‘limini e’lon etgan bo‘lamiz», deb yozgan. (1 Kor. 11:26) Ushbu oyatdagi «kelish» so‘zi va Iso zamonaning oxiri haqida bashorat qilganida o‘zining «kelishi» to‘g‘risida aytgani bitta voqeaga ishora qiladi. Yaqinda bo‘ladigan buyuk musibat haqida u shunday aytgandi: «Osmonda Inson O‘g‘lining alomati paydo bo‘ladi va yer yuzidagi barcha qabilalar fig‘on chekib, ko‘kslariga urishadi. Shunda ular Inson O‘g‘lining kuch-qudrat va shon-shuhrat bilan bulutlar uzra kelayotganini ko‘rishadi. U [Iso] karnayning baland ovozi bilan farishtalarini yuboradi va ular osmonning bir chetidan ikkinchi chetiga qadar, dunyoning to‘rt tomonidan Alloh tanlagan kishilarni yig‘ishadi». (Mat. 24:29–31) «Tanlagan kishilarni yig‘ish» yer yuzida qolgan barcha moylanganlar samoviy mukofotini olgan paytni bildiradi. Ushbu voqea buyuk musibatning ilk bosqichi o‘tganidan so‘ng, lekin Armageddon jangidan avval ro‘y beradi. Shunda 144 000 moylanganlarning barchasi Iso bilan birgalikda yer yuzidagi shohlarni mag‘lub qilishadi. (Vah. 17:12–14) Iso «kelib» moylanganlarni osmonga yig‘ib olishidan avval o‘tgan Qutlug‘ Kechlik oxirgisi bo‘ladi.

16. Nega bu yilgi Qutlug‘ Kechlikka tashrif buyurishga qat’iy qaror qildingiz?

16 Ushbu 2018- yil 31- mart kuni bo‘lib o‘tadigan Qutlug‘ Kechlikka tashrif buyurishga qat’iy qaror qilaylik. Qolaversa, imondoshlarimiz orasida birlikni saqlay olishimiz uchun Yahovadan yordam so‘raylik. (Zabur 133:1 ni o‘qing.) Shuni yodda tutingki, kuni kelib so‘nggi Qutlug‘ Kechlik marosimini nishonlaymiz. Hozir esa bu marosimga tashrif buyurish uchun qo‘limizdan kelganini qilaylik va Qutlug‘ Kechlikda bo‘ladigan yoqimli birlikni qadrlaylik.