Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4-TADQIQ MAQOLASI

Chin ko‘ngildan sevishda davom eting

Chin ko‘ngildan sevishda davom eting

Imondoshlaringizni birodarlarcha, chin ko‘ngildan sevinglar. RIM. 12:10

109-QO‘SHIQ Samimiy sevgi

BU MAQOLADA *

1. Bugungi kunda odamlar mehrsiz bo‘layotganini qayerdan bilamiz?

MUQADDAS KITOBDA oxirzamonda odamlar «mehrsiz» bo‘lishi karomat qilingan. (2 Tim. 3:1, 3) Bugungi kunda ushbu bashorat amalga oshayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Misol uchun, ko‘p oilalar ajralib, bir-biridan achchiqlanib yuribdi. Ularning farzandlari esa mehr ko‘rmay o‘smoqda. Hatto bir uyda yashayotgan oila a’zolar ham, o‘zaro begonalarday yashashi hech gap emas. Masalan, oilaviy masalalar bo‘yicha bir maslahatchi quyidagicha dedi: «Ota, ona va bolalar bir-biridan umuman uzoqlashib ketgan. Ular kompyuter, planshet, telefon yoki videoo‘yinlarga bog‘lanib qolgan. Garchi bu oila bir uyda yashasa-da, bir-birini yaqindan bilmaydi».

2, 3. a) Rimliklarga 12:10 ga ko‘ra, kimlarni chin ko‘ngildan sevishimiz kerak? b) Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

2 Mehrsiz dunyoga uyg‘unlashib ketishni xohlamaymiz. (Rim. 12:2) Aksincha, nafaqat oila a’zolarimizni, balki imondoshlarimizni ham chin ko‘ngildan sevishimiz kerak. (Rimliklarga 12:10 ni o‘qing.) Xo‘sh, bu nima degani? «Chin ko‘ngildan sevish» deb o‘girilgan yunoncha ibora asosan ahil oila a’zolari o‘rtasidagi iliq munosabatni bildiradi. Aynan ushbu turdagi sevgini ma’naviy oilamiz bo‘lmish imondoshlarimizga namoyon etishimiz lozim. Chin ko‘ngildan sevgini ko‘rsatganimizda, haq topinishning muhim qismi hisoblanadigan birlikni saqlashga ko‘maklashgan bo‘lamiz. (Mixo 2:12)

3 Chin ko‘ngildan sevish va buni amalda ko‘rsatish uchun, keling, Yahova hamda Uning ba’zi xizmatchilaridan nimani o‘rganishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

YAHOVA XIZMATCHILARINI SEVADI

4. Qay yo‘sin Ishayo 63:9 Yahova bizni qattiq sevishini qadrlashimizga ko‘maklashadi?

4 Muqaddas Kitob Yahovaning go‘zal fazilatlarini ochib bermoqda. Masalan, unda: «Allohning O‘zi sevgidir»,— deb yozilgan. (1 Yuhan. 4:8) Birgina bu tavsifning o‘zi bizni Unga yaqinlashtiradi. Qolaversa, Muqaddas Kitobda Yahova xizmatchilarini sevishi haqida aytilgan. (Ishayo 63:9 ni o‘qing.) Yahova bizni qattiq sevishini ifodalovchi ta’sirli so‘zlar, shunday emasmi?

5. Yahova rahmdillikni qanday ko‘rsatadi va Unga qay yo‘sin taqlid qilishimiz mumkin?

5 Ishayo 63:9 da Yahovaning sevgisi bizni Unga yaqinlashtiradigan boshqa bir fazilati — Uning rahmdilligi haqida yozilganiga e’tibor bering. (Chiq. 34:6) Yahova rahmdilligini ko‘rsatishining yo‘llaridan biri xatolarimizni kechirishidir. (Zab. 51:1) Muqaddas Kitobga ko‘ra, rahmdillik kechirimli bo‘lishdan ko‘prog‘ini o‘z ichiga oladi. Rahmdillik odamning ichidan chiqadigan kuchli tuyg‘udir. U kishini muhtojlikdagi insonga ko‘maklashishga undaydi. Yahova bizga yordam berishni juda istashini va bu xohish hatto onaning bolasiga bo‘lgan tuyg‘ularidan ham kuchliroq ekanini aytmoqda. (Ishayo 49:15) Boshimizga tashvish tushganda, Yahovaning rahmdilligi Uni bizga ko‘maklashishga undaydi. (Zab. 37:39; 1 Kor. 10:13) Birodar-u opa-singillarimiz bizni ranjitishganda ularni kechirib, ko‘nglimizda gina saqlamay rahmdillikni ko‘rsata olamiz. (Efes. 4:32) Lekin rahmdillikni ko‘rsatishning muhimroq yo‘li imondoshlarimiz qiyinchilikka duch kelganda ularni qo‘llab-quvvatlashdir. Sevgi bizni boshqalarga nisbatan rahmdillikka undasa, chin ko‘ngildan sevishda eng a’lo o‘rnak ko‘rsatgan Yahovaga taqlid qilgan bo‘lamiz. (Efes. 5:1)

«YO‘NATAN BILAN DOVUD YAQIN DO‘ST BO‘LIB QOLDILAR»

6. Qay yo‘sin Yo‘natan va Dovud o‘zaro chin ko‘ngildan sevgini ko‘rsatishdi?

6 Muqaddas Kitobda chin ko‘ngildan sevgini ko‘rsatgan nomukammal odamlarning misollari keltirilgan. Keling, Yo‘natan va Dovudning misolini ko‘rib chiqaylik. Xudoning Kalomida shunday deyilgan: «Yo‘natan bilan Dovud yaqin do‘st bo‘lib qoldilar. Yo‘natan uni o‘z joniday yaxshi ko‘rib qoldi». (1 Shoh. 18:1) Yahova Shoulning o‘rniga Dovudni shoh sifatida tanladi. Muayyan vaqt o‘tgach, Shoul Dovudga hasad qilib, uni o‘ldirishga urindi. Lekin Yo‘natan otasi Shoulning Dovudga qarshi uyushtirgan qing‘ir ishiga qo‘shilmadi. Yo‘natan va Dovud do‘st bo‘lib qolishga va doim bir-birini qo‘llab-quvvatlashga qasam ichishdi. (1 Shoh. 20:42)

Yo‘natan va Dovudning yoshi turlicha bo‘lsa ham bu o‘zaro chin ko‘ngildan sevgini namoyon etib, do‘st bo‘lishlariga xalaqit bermadi (6–9-xatboshilariga qarang.)

7. Yo‘natan va Dovud do‘stlik rishtalarini o‘rnatishiga nima to‘sqinlik qilishi mumkin edi?

7 Yo‘natan va Dovud do‘stlik rishtalarini o‘rnatishiga ba’zi narsalar to‘sqinlik qilganiga qaramay, ular chin ko‘ngildan sevgini ko‘rsatishgani bizni hayron qoldiradi. Misol uchun, Yo‘natan Dovuddan taxminan 30 yoshga katta edi. Yo‘natan quyidagicha o‘ylashi mumkin edi: «U mendan ancha yosh va tajribasiz bo‘lsa, bizni bog‘lab turadigan hech narsa yo‘q». Biroq u bunday fikrga bormagan yoki Dovud bilan muomala qilganda, o‘zini katta tutmagan.

8. Nega Yo‘natan Dovudga yaxshi do‘st bo‘la olgan, deb o‘ylaysiz?

8 Yo‘natan Dovudga hasad qilishi mumkin edi. U shoh Shoulning o‘g‘li sifatida taxtga o‘tirish huquqiga ega ekanligini aytib, da’vo qila olardi. (1 Shoh. 20:31) Biroq Yo‘natan kamtarin va Yahovaga sadoqatli edi. Shu bois, u Yahova bo‘lg‘usi shoh sifatida tanlagan Dovudni to‘laqonli qo‘llab-quvvatladi. Hatto bu Shoulning g‘azabini keltirsa ham, Yo‘natan Dovudga sadoqatli bo‘lgan. (1 Shoh. 20:32–34)

9. Yo‘natan Dovudga hasad ko‘zi bilan qaraganmi? Tushuntiring.

9 Yo‘natan Dovudni chin ko‘ngildan sevgani uchun unga hasad ko‘zi bilan qaramagan. Yo‘natan mohir kamonchi va dovyurak jangchi bo‘lgan. U va otasi Shoul «burgutdan ham chaqqonroq, sherlardan ham qudratliroq» odamlar sifatida nom qozongan. (2 Shoh. 1:22, 23) Shu sababdan, Yo‘natan qahramonliklari bilan maqtanishi mumkin edi. Biroq u raqobatchi va hasadchi bo‘lmagan. Aksincha, Yo‘natan Dovudning jasorati va Yahovaga tayangani uchun uni yaxshi ko‘rgan. Masalan, Dovud Go‘liyotni o‘ldirganidan keyin Yo‘natan uni o‘z joniday yaxshi ko‘ra boshlagan. Qay yo‘sin imondoshlarimizga bu kabi chin ko‘ngildan chiqqan sevgini ko‘rsatishimiz mumkin?

QAY YO‘SIN BIZ CHIN KO‘NGILDAN SEVA OLAMIZ?

10. «Bir-biringizni chin yurakdan, ixlos bilan sevinglar» deganda, nima nazarda tutilgan?

10 Muqaddas Kitobda: «Bir-biringizni chin yurakdan, ixlos bilan sevinglar»,— deyilgan. (1 Butr. 1:22) Yahova bu borada bizga o‘rnak ko‘rsatyapti. Uning sevgisi shunchalik kuchliki, Unga sadoqatli bo‘lsak, bu munosabatlarga hech narsa putur yetkaza olmaydi. (Rim. 8:38, 39) «Ixlos bilan» deb o‘girilgan yunoncha ibora sevgini ko‘rsatish uchun jon-jahd ila harakat qilishga ishora qiladi. Ba’zida imondoshimizni chin ko‘ngildan sevish uchun jon kuydirishimizga to‘g‘ri kelar. Kimdir bizni ranjitsa, ushbu maslahatga amal qilishimiz kerak: «Sevgi bilan bir-biringizga bardoshli bo‘lib, tinchlik rishtalari orqali muqaddas ruhning birligini saqlashga jon kuydiringlar». (Efes. 4:1–3) «Tinchlik rishtalarini» saqlash uchun jon kuydirsak, imondoshlarimizning xatolariga diqqat qaratmaymiz. Ularga Yahova kabi nuqtai nazarga ega bo‘lish uchun sidqidildan harakat qilamiz. (1 Shoh. 16:7; Zab. 130:3)

Pavlus Evodiya bilan Sintixani hamfikr bo‘lishga undagan. Ba’zida biz uchun ham imondoshlarimiz bilan kelishish oson bo‘lmaydi (11-xatboshiga qarang.)

11. Nega imondoshlarimizni chin ko‘ngildan sevish doim ham oson bo‘lmasligi mumkin?

11 Birodar-u opa-singillarimizni chin ko‘ngildan sevish doim ham oson emas. Ayniqsa, ularning xatolaridan xabardor bo‘lsak. Hoynahoy, ba’zi ilk masihiylarga ham bu qiyin bo‘lgan. Masalan, Evodiya bilan Sintixaga Pavlus bilan «xushxabar uchun... yelkama-yelka» hamkorlik qilish muammo tug‘dirmagandir. Biroq muayyan sababga ko‘ra, ular o‘zaro kelisha olmagan. Shu bois, Pavlus ularga «Rabbimiz bilan birlikda bo‘lib, hamfikrlikni saqlashni» nasihat qilgan. (Filip. 4:2, 3)

Yosh-u keksa oqsoqollar o‘zaro qalin do‘st bo‘la oladi (12-xatboshiga qarang.)

12. Qay yo‘sin birodar-u opa-singillarimizni chin ko‘ngildan sevishga o‘rgana olamiz?

12 Qay yo‘sin birodar-u opa-singillarimizni chin ko‘ngildan sevishga o‘rgana olamiz? Imondoshlarimizni yaqindan tanib-bilsak, ularni yaxshiroq tushunayotganimizni hamda chin ko‘ngildan sevayotganimizni payqarmiz. Odamning yoshi va kelib chiqishi to‘siq bo‘lmasligi kerak. Shuni yodda tutingki, Yo‘natan Dovuddan taxminan 30 yoshga katta bo‘lsa-da, ular qalin do‘st bo‘lgan. Siz-chi, o‘zingizdan katta yoki kichik yoshda bo‘lganlarga qiziqish ko‘rsata olyapsizmi? Bunday qilib barcha imondoshlarni sevayotganingizni ko‘rsatasiz. (1 Butr. 2:17)

12-xatboshiga qarang. *

13. Nega jamoatdagi barcha bilan birday yaqin bo‘lmasligimiz mumkin?

13 Imondoshlarimizga chin ko‘ngildan sevgini ko‘rsatish jamoatdagi barcha bilan birday yaqin bo‘lishimiz kerakligini anglatadimi? Yo‘q, bu imkonsizdir. Qiziqishlarimiz bir xil bo‘lgan kishilarni boshqalarga qaraganda o‘zimizga yaqinroq olishimiz tabiiy. Iso barcha havoriylarini «do‘stlarim» deb atagan bo‘lsa-da, Yuhannoga nisbatan sevgisi bo‘lakcha edi. (Yuhan. 13:23; 15:15; 20:2) Biroq Iso uni boshqalardan ustun qo‘ymagan. Misol uchun, Yuhanno va uning akasi Yoqub Xudoning Shohligida yuqori mavqeni berishini so‘raganda, Iso ularga quyidagicha degan: «O‘ng yoki chap tomonimda kim o‘tirishini men hal qilmayman». (Mark 10:35–40) Biz ham Isoga taqlid qilgan holda yaqin do‘stlarimizga o‘zgacha iltifot ko‘rsatmasligimiz darkor. (Yoqb. 2:3, 4) Aks holda, imondoshlarimiz orasida bo‘linishlar yuz berishiga sabab bo‘lishimiz hech gap emas. Masihiylar jamoatida esa bunday ruhiyatga o‘rin yo‘q. (Yahd. 17–19)

14. Filippiliklarga 2:3 ga ko‘ra, raqobat ruhidan qochishimizga nima yordam beradi?

14 O‘zaro chin ko‘ngildan sevgini namoyon etsak, jamoatni raqobat ruhidan himoya qilgan bo‘lamiz. Esingizda bo‘lsa, Yo‘natan Dovudga taxtga o‘tiradigan raqibi sifatida qaramagan va u bilan raqobatlashmagan. Barchamiz Yo‘natanning o‘rnagiga taqlid qilishimiz mumkin. Imondoshingizning qobiliyatlari tufayli unga raqib sifatida qaramang. «Aksincha, kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘ying». (Filippiliklarga 2:3 ni o‘qing.) Shuni yodda tutingki, har bir imondoshimiz jamoat uchun nimadir qila oladi. O‘zimizga kamtarona nuqtai nazarda bo‘lsak, birodar-u opa-singillarimizning yaxshi tomonlarini ko‘rib, o‘rnaklariga taqlid qila olamiz. (1 Kor. 12:21–25)

15. Tanya va uning oilasi bilan yuz bergan voqeadan nimani o‘rgandingiz?

15 Kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelganimizda, Yahova chin ko‘ngildan sevadigan va amaliy yordam beradigan imondoshlarimiz orqali bizga tasalli beradi. Keling, Qo‘shma Shtatlarda bo‘lib o‘tgan 2019-yilgi «Sevgi hech qachon tugamaydi!» nomli xalqaro anjumanlarning birida shanba kungi dasturdan keyin bir oila bilan nima bo‘lganini ko‘rib chiqaylik. Uch bolaning onasi Tanya shunday dedi: «Mehmonxonaga qaytayotganimizda, bir mashina boshqaruvni yo‘qotib qarama-qarshi harakatlandi va bizga kelib urildi. Hech kim tan jarohati olmagan bo‘lsa-da, mashinadan tushib, qatnov yo‘lida gangiragan holda turgandik. Ko‘chaning narigi tomonidan bir kishi qo‘lini silkitgancha xavfsiz joyga, o‘zining mashinasiga chaqirdi. U anjumandan endigina chiqqan birodarlarimizdan biri edi. Birodardan tashqari boshqalar ham to‘xtadi. Shvetsiyalik beshta imondoshimiz to‘xtab, opalarimiz qizim va meni issiq bag‘rlariga olib quchoqlashdi. Bu ayni kerakli yordam edi! Biz bilan hammasi yaxshi ekanligiga ishontirishimizga qaramay, ular bizni tashlab ketmadi. Tez yordam kelib kerakli yordamni taqdim etganidan so‘ng ham ular biz bilan qoldi. Bunday mushkul paytda Yahovaning sevgisini his etdik. Bu voqea imondoshlarga bo‘lgan sevgimizni kuchaytirdi. Qolaversa, Yahovaga bo‘lgan sevgimiz-u minnatdorchiligimizni yanada oshirdi». Siz-chi, yordamga muhtoj bo‘lganingizda, imondoshingiz chin ko‘ngildan sevgini namoyon qilganini eslay olasizmi?

16. O‘zaro chin ko‘ngildan sevgini namoyon etish uchun qanday sabablarimiz bor?

16 O‘zaro chin ko‘ngildan sevgini namoyon etsak, bu qanday natijalar keltirishi haqida o‘ylab ko‘ring. Imondoshlarimiz muammolarga duch kelganda tasalli beramiz. Xudoning xalqi orasidagi birlikni mustahkamlaymiz. Isoning shogirdlari ekanimizni isbotlaymiz va bu samimiy kishilarni haq topinishga jalb qiladi. Eng asosiysi, biz «rahmdil Ota va har qanday vaziyatda tasalli beradigan Alloh» Yahovani ulug‘laymiz. (2 Kor. 1:3) Keling, barchamiz chin ko‘ngildan sevish fazilatini rivojlantirishdan va uni namoyon etishdan to‘xtamaylik!

130-QO‘SHIQ Kechirimli bo‘laylik

^ 5- x.b. Iso shogirdlari orasida sevgi bo‘lsagina, boshqalardan ajralib turishlarini aytgan. Barchamiz bu amr bo‘yicha yashashga jon kuydiramiz. Imondoshlarimizga bo‘lgan sevgini ularni chin ko‘ngildan sevib — o‘zaro yaqin oila a’zolar namoyon etadigan sevgi turini ko‘rsatib, mustahkamlay olamiz. Mazkur maqola imondoshlarimizni chin ko‘ngildan sevish fazilatini rivojlantirishga va uni mustahkamlashga ko‘maklashadi.

^ 55- x.b. RASMGA SHARH. Yoshroq oqsoqol keksa oqsoqolning tajribasidan o‘rganganlari bo‘yicha gapiryapti. Boshqa rasmda o‘sha oqsoqol yoshroq oqsoqol hamda uning rafiqasini qarshi olyapti. Oqsoqollar va ularning xotinlari o‘zaro sevgi va saxiylikni namoyon etishyapti.