Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-TADQIQ MAQOLASI

Ulkan olomon Xudoga va Iso Masihga madh etmoqda

Ulkan olomon Xudoga va Iso Masihga madh etmoqda

Najotimiz uchun taxtda o‘tirgan Xudoyimizdan hamda Qo‘zidan qarzdormiz. VAH. 7:10

14-QO‘SHIQ Yerning yangi Shohini madh etaylik

BU MAQOLADA *

1. Qanday qilib 1935-yili so‘zlangan nutq bir yigitning hayotini o‘zgartirdi?

BIR yigit 1926-yili suvga cho‘mganida 18 yoshda bo‘lgan. Uning ota-onasi Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari edi. O‘shanda Yahovaning Shohidlari shunday deb atalardi. Ular oilada uchta o‘g‘il va ikki qiz bo‘lib, ota-onasi ularni Tangri Yahovaga xizmat qilishga va Iso Masihga taqlid qilishga o‘rgatgan. O‘sha paytdagi barcha Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari singari bu samimiy yigit ham har yili Qutlug‘ Kechlikda non va sharobdan qabul qilgan. Lekin «Ulkan olomon» deb nomlangan tarixiy nutqni eshitgach, uning kelajakka bo‘lgan umidi o‘zgardi. Bu nutqni Jozef Ruterford 1935-yili Vashingtonda (AQSH) o‘tgan anjumanda so‘zlagan edi. Xo‘sh, bu anjumanda nima oshkor bo‘ldi?

2. Birodar Ruterford nutqida qaysi haqiqatni ochib bergan?

2 Birodar Ruterford nutqida Vahiy 7:9 da tilga olingan «ulkan olomon» qatoriga kimlar kirishini ochib bergan. O‘sha paytgacha Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari ulkan olomonni osmonda yashaydigan, lekin moylangan masihiylarga qaraganda kamroq sadoqatli bo‘lgan insonlar guruhi deb bilardi. Birodar Ruterford Muqaddas Yozuvlardan foydalanib, ulkan olomon osmonda yashash uchun tanlanmaganini, ammo «buyuk musibatdan» omon qolib, Masihning yer yuzida abadiy yashaydigan boshqa qo‘ylari * ekanini tushuntirdi. (Vah. 7:14) Iso quyidagilarni va’da qilgan: «Bu qo‘radan bo‘lmagan boshqa qo‘ylarim ham bor. Ularni ham olib kelishim kerak. Ular mening ovozimni eshitadi va bir suruv hamda bir cho‘pon bo‘ladi». (Yuhan. 10:16) «Boshqa qo‘ylar» yer yuzidagi jannatda abadiy yashashga umid qilayotgan Yahovaning sodiq xizmatchilarini bildiradi. (Mat. 25:31–33, 46) Keling, ushbu ma’naviy yorqin nur Yahovaning xalqidagi ko‘plarning, jumladan, o‘sha yosh birodarimizning ham hayotini qanday o‘zgartirganini bilib olaylik. (Zab. 97:11; Hik. 4:18)

YANGI TUSHUNCHA MINGLAB INSONLARNING HAYOTINI O‘ZGARTIRDI

3, 4. Minglab kishilar 1935-yili anjumanda umidi haqida nimani tushungan va nega?

3 O‘sha anjumanda ma’ruzachi tinglovchilardan: «Yer yuzida abadiy yashashga umid qilayotganlar, marhamat, o‘rningizdan turing!» — deb so‘ragani juda hayajonli edi. Ushbu anjumanda bo‘lgan birodarning aytishicha, taxminan 20 000 ta tinglovchining yarmidan ko‘pi o‘rnidan turgan ekan. Keyin birodar Ruterford: «Qarang! Ulkan olomon!» — deb aytdi. Shunda, tinglovchilarning shodon hayqiriqlari eshitildi. O‘rnidan turganlar osmonda yashash uchun tanlanmaganini bilardi. Ular [1935-yili] Xudoning ruhi bilan moylanmaganini aniq tushunayotgan edi. Anjumanning ertasi kuni 840 ta kishi suvga cho‘mdi, ularning aksariyati boshqa qo‘ylar qatoridan edi.

4 Nutqdan so‘ng, yuqorida tilga olingan yigit va boshqa minglab kishilar Qutlug‘ Kechlikda non hamda sharobdan tanavul qilmay qo‘ygan. Samimiy bir birodarimiz ko‘plarning his-tuyg‘ularini shunday deb izhor etgan: «1935-yili bo‘lib o‘tgan marosimda oxirgi marta ramzlardan qabul qilgan edim. Yahova muqaddas ruhi orqali menga samoviy umidni taqdim etmaganini, lekin yer yuzida yashash va uni jannatga aylantirish ishida qatnashish umidiga ega ekanimni tushundim». (Rim. 8:16, 17; 2 Kor. 1:21, 22) O‘shandan beri soni oshib borayotgan ulkan olomon moylangan masihiylarning yer yuzida qolgan qismi bilan yelkama-yelka mehnat qilmoqda.

5. Ramzlardan qabul qilmay qo‘yganlar haqida Yahova qanday nuqtai nazarda?

5 Qutlug‘ Kechlikda 1935-yildan so‘ng ramzlardan qabul qilmay qo‘yganlar haqida Yahova qanday nuqtai nazarda? Aytaylik, suvga cho‘mgan masihiy marosimda chin yurakdan ramzlardan qabul qilyapti. Keyinchalik esa u moylanmaganini anglasa-chi? (1 Kor. 11:28) Gap shundaki, ba’zilar umidini oxirigacha tushunmayotgani uchun ramzlardan qabul qiladi. Biroq ular bu xato ekanini xolisona aniqlab, ramzlardan qabul qilmay qo‘ysa va Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishni davom ettirsa, U albatta ularni boshqa qo‘ylar qatorida ko‘radi. Hatto ramzlardan qabul qilishni to‘xtatgan bo‘lsa-da, Yahova hamda Iso Masih ular uchun qilganlaridan juda minnatdor bo‘lishgani sababli Qutlug‘ Kechlikni qoldirmaydi.

AJOYIB UMID

6. Iso farishtalarga nima qilishni buyurgan?

6 Buyuk musibat juda yaqin ekan, moylangan masihiylar va boshqa qo‘ylardan iborat ulkan olomon to‘g‘risida yozilgan Vahiy 7- bobni ko‘rib chiqish dalda baxsh etadi. Iso farishtalarga vayronagarchilik keltiruvchi to‘rtta shamolni ushlab turishni buyurgan. Yer yuzidagi barcha moylangan masihiylarga muhr bosilmaguncha, ya’ni Yahova tomonidan butunlayin ma’qul deb tan olinmaguncha ular bu to‘rtta shamolni ushlab turishadi. (Vah. 7:1–4) Moylangan masihiylar sodiq bo‘lib qolishgani uchun, Masihning birodarlari sifatida osmonda shoh va ruhoniylar bo‘lib mukofotlanadi. (Vah. 20:6) Yahova, Iso hamda farishtalar 144 000 ta moylangan masihiy samoviy mukofotini olganda rosa suyunishadi.

Uzun oq kiyimda, qo‘llarida palma novdalarini ushlab turgan ulkan olomon Xudoning har tomonidan nur taralib turgan taxti va Qo‘zining qarshisida turibdi (7-xatboshiga qarang.)

7. Vahiy 7:9, 10 ga ko‘ra, Yuhanno kimlarni ko‘rgan va ular nimalar qilgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

7 Yuhanno 144 000 ta shoh va ruhoniy haqida aytgach, Armageddondan omon qolgan «ulkan olomonni» ko‘rgan. Birinchi guruhga qaraganda, bu ikkinchi guruh ancha katta va soni aniq belgilanmagan. (Vahiy 7:9, 10 ni o‘qing.) Ular «uzun oq kiyimda». Bu ular o‘zlarini Shaytonning dunyosida «pok saqlab», Allohga hamda Isoga sadoqatli bo‘lib qolishayotganini ko‘rsatmoqda. (Yoqb. 1:27) Ular Yahova hamda Uning Qo‘zisi qilganlari tufayli omon qolishganidan hayqirmoqda. Shuningdek, ular palma daraxti novdalarini ushlab turibdi. Bu degani, ular Iso Yahova tomonidan tayinlangan Shoh ekanini quvonch ila tan olmoqda. (Yuhanno 12:12, 13 ni solishtiring.)

8. Vahiy 7:11, 12 da Yahovaning osmondagi oilasi haqida nima deb yozilgan?

8 Vahiy 7:11, 12 ni o‘qing. Osmondagilar ulkan olomonni ko‘rganda nima yuz bergan? Yuhanno Yahovaning osmondagi butun oilasi ulkan olomon Uni madh etayotganidan juda quvonganini ko‘rgan. Yahovaning osmondagi oilasi bu vahiy amalga oshganini ko‘rib shodlanadi. Chunki ulkan olomon buyuk musibatdan omon qoladi.

9. Vahiy 7:13–15 ga binoan, ulkan olomon hozir nimalar qilyapti?

9 Vahiy 7:13–15 ni o‘qing. Yuhanno ulkan olomon «kiyimlarini Qo‘zining qonida yuvib oqartirgani» haqida yozgan. Bu ular pok vijdonga ega ekanini va Yahova ulardan mamnunligini bildiradi. (Ishayo 1:18) Ular hayotini Xudoga bag‘ishlagan, suvga cho‘mgan masihiylar bo‘lib, Isoning qurbonligiga ishonadi va Yahova bilan do‘stona munosabatlarga ega. (Yuhan. 3:36; 1 Butr. 3:21) Shuning uchun, ular Xudoning taxti qarshisida turib, ramziy ma’badining yer yuzidagi hovlisida «tun-u kun muqaddas xizmatni ado etishyapti». Hozirgi kunda ular Xudo Shohligining manfaatlari payida bo‘lib, bu Shohlik haqida va’z qilish va shogird tayyorlash ishida g‘ayrat ila ishtirok etishyapti. (Mat. 6:33; 24:14; 28:19, 20)

Boshqa qo‘ylardan iborat bo‘lgan ulkan olomonning baxtiyor a’zolari buyuk musibatdan chiqib kelishyapti (10-xatboshiga qarang.)

10. Ulkan olomon nimaga amin va ular qaysi va’da amalga oshganini ko‘radi?

10 Buyuk musibatdan chiqib keladigan ulkan olomon Xudo g‘amxo‘rlik qilishda davom etishiga amin. Zero, «taxtda O‘tirgan... chodirini ularning ustiga yoyadi». Boshqa qo‘ylar uzoq vaqtdan beri kutayotgan quyidagi va’da amalga oshadi: «O‘shanda Xudo ularning ko‘zidagi har qanday yoshni artib oladi. O‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi». (Vah. 21:3, 4)

11, 12. a) Vahiy 7:16, 17 ga ko‘ra, ulkan olomon qanday barakalarga ega bo‘ladi? b) Boshqa qo‘ylar Qutlug‘ Kechlikda nima qila oladi va nega?

11 Vahiy 7:16, 17 ni o‘qing. Bugungi kunda Yahovaning ba’zi xizmatchilari oziq-ovqat yetishmovchiligidan qiynalishyapti, chunki yegulik sotib olish uchun mablag‘i yetishmayapti yoki fuqarolik tartibsizliklari-yu urush bunga sabab bo‘lyapti. Ayrimlari esa imoni tufayli qamoqda. Ammo ulkan olomon bu yovuz dunyo yo‘q bo‘lganda omon qolib, doimo jismoniy va ma’naviy ozuqasi mo‘l-ko‘l bo‘lishini bilishdan xursandchilikni his etyapti. Yahova Shaytonning yovuz dunyosini vayron qilganda, O‘zining «jazirama» kabi qizigan yoki alanga olgan g‘azabini xalqlarga sochganda ulkan olomon himoya ostida bo‘lishiga amin. Buyuk musibat tugagandan so‘ng, Iso Masih yer yuzida omon qolgan bu insonlarni «obi hayot buloqlariga» yetaklaydi. Bir o‘ylab ko‘ring: ulkan olomon ajoyib umidga ega. Hozirga qadar yashab kelgan milliardlab insonlardan farqli ravishda ular hech qachon o‘lmasligi mumkin! (Yuhan. 11:26)

12 Boshqa qo‘ylar Yahova hamda Iso Masihdan minnatdor bo‘lishga arziydigan ajoyib umidga ega. Garchi Yahova ularni osmonda yashash uchun tanlamagan bo‘lsa ham, boshqa qo‘ylarni moylanganlarni yaxshi ko‘rganday sevadi. Ikkala guruh a’zolari ham Xudoni va Iso Masihni madh eta oladi. Buni qilishning bir yo‘li, Qutlug‘ Kechlik marosimiga borish.

QUTLUG‘ KECHLIKDA CHIN DILDAN XUDONI VA MASIHNI MADH ETING

Qutlug‘ Kechlikda ramzlarni bir-birimizga uzatayotib, Iso biz yashay olishimiz uchun o‘lganini yodga olamiz (13–15-xatboshilariga qarang.)

13, 14. Nima uchun hamma Qutlug‘ Kechlikka borishi kerak?

13 Oxirgi yillarda Qutlug‘ Kechlikka kelgan har 1 000 kishidan taxminan bittasi ramzlardan qabul qilgan. Aksariyat jamoatlarda hech kim ramzlardan qabul qilmaydi. Marosimga keladiganlarning ko‘pi yer yuzida yashash umidiga ega. Unda, nega ular Qutlug‘ Kechlikka keladi? Buni do‘stimizning nikoh to‘yiga borishga o‘xshatsa bo‘ladi. U yerga turmush qurayotgan juftlikka nisbatan sevgimizni va ularni qo‘llab-quvvatlamoqchi ekanimizni ko‘rsatish uchun boramiz. Xuddi shunday, boshqa qo‘ylar ham Masihga va moylanganlarga bo‘lgan sevgisini hamda ularni qo‘llab-quvvatlamoqchi ekanini ko‘rsatish uchun Qutlug‘ Kechlikka borishadi. Qolaversa, boshqa qo‘ylar Isoning qurbonligi uchun minnatdor ekanini ko‘rsatish niyatida bunday qilishadi. Aynan bu qurbonlik ularga yer yuzida abadiy yashash imkoniyatini beradi.

14 Yana bir muhim sabab, boshqa qo‘ylar Isoning amriga bo‘ysunishgani uchun Qutlug‘ Kechlik marosimiga borishadi. Iso ilk bor sadoqatli havoriylari bilan bu marosimni tashkillashtirganda: «Meni eslash uchun shunday qilib turinglar»,— deb aytgan edi. (1 Kor. 11:23–26) Shu bois, boshqa qo‘ylar ba’zi moylangan masihiylar yer yuzida yashashni davom ettirgunga qadar Qutlug‘ Kechlikka borishadi. Shuningdek, boshqa qo‘ylar hammani bu marosimga taklif etadi.

15. Qay yo‘sin Qutlug‘ Kechlikda Xudoni madh etib, Unga va Iso Masihga bo‘lgan sevgimiz-u minnatdorchiligimizni ko‘rsata olamiz?

15 Qutlug‘ Kechlikda Xudoni madh etib, Unga va Iso Masihga bo‘lgan sevgimiz-u minnatdorchiligimizni qo‘shiq hamda ibodat orqali ko‘rsatish imkoniyatiga egamiz. Bu yili «Xudo va Masih siz uchun qilgan barchasini qadrlang» nomli nutq so‘zlanadi. U Yahovaga hamda Isoga bo‘lgan minnatdorchiligimizni oshiradi. Ramzlarni bir-birimizga uzatayotganda, ular Isoning tanasi va qonini bildirishini yodga olamiz. Shuningdek, Yahova yashay olishimiz uchun O‘g‘li bizni deb o‘lishiga yo‘l qo‘ygani borasida fikr yuritamiz. (Mat. 20:28) Samoviy Otamizni va Uning O‘g‘lini yaxshi ko‘radigan har bir inson Qutlug‘ Kechlik marosimiga kelishni xohlaydi.

YAHOVA SIZGA BERGAN UMID UCHUN MINNATDOR BO‘LING

16. Qaysi jihatdan moylanganlar va boshqa qo‘ylar teng?

16 Yahova moylangan masihiylarni va boshqa qo‘ylarni teng ko‘radi. Ikkala guruh ham U uchun juda qimmatbaho. Darhaqiqat, Xudo o‘sha-o‘sha to‘lov, ya’ni suyukli O‘g‘lining hayoti evaziga ham moylanganlarni, ham boshqa qo‘ylarni sotib olgan. Bu ikkita guruh o‘rtasidagi farq, ularning umidi turlicha ekanligidadir. Lekin ikkala guruh ham Allohga va Masihga sadoqatli bo‘lib qolishi kerak. (Zab. 31:23) Unutmangki, Xudoning ruhi hammamizga bir xil ta’sir qiladi. Bu Yahova muqaddas ruhini har bir xizmatchisining ehtiyojiga qarab berishga qodir ekanini bildiradi.

17. Moylangan masihiylarning yer yuzida qolgan qismi nimani orziqib kutyapti?

17 Moylangan masihiylar samoviy umid bilan tug‘ilmagan. Bu umidni Xudo ularning yuragiga solgan. Ular bu umid haqida fikr yuritadi, ibodat qiladi va osmondagi mukofotini olishni intiqib kutadi. Ular osmonda hatto qanday tanaga ega bo‘lishini ham bilmaydi. (Filip. 3:20, 21; 1 Yuhan. 3:2) Biroq Yahova, Iso, farishtalar va moylanganlar bilan ko‘rishishni orziqib kutyapti. Ular Samoviy Shohlikda o‘z o‘rinlarida bo‘lishni juda istaydi.

18. Boshqa qo‘ylar nimani sabrsizlik ila kutyapti?

18 Boshqa qo‘ylar insonlar uchun tabiiy bo‘lgan umidni, ya’ni yer yuzida abadiy yashash imkoniyatini qadrlaydi. (Voiz 3:11) Ular butun sayyoramizni jannatga aylantirishda yordam beradigan paytni sabrsizlik ila kutyapti. Ular o‘z uylarini qurishni, bog‘larini o‘stirishni va sog‘lom bo‘lib bolalarini katta qilishni juda istaydi. (Ishayo 65:21–23) Ular butun yer yuzi bo‘ylab — tog‘lar, o‘rmonlar va dengizlar aro sayohat qilib, Yahovaning ko‘pdan-ko‘p ijodlarini bilmoqchi. Eng muhimi esa, ular Yahova bilan do‘stona munosabatlarini har qachongidan ham yanada qalinroq qila olishini bilishdan xursand.

19. Har birimizga Qutlug‘ Kechlik qanday imkon beradi va bu yili u qachon bo‘ladi?

19 Yahova har bir bag‘ishlangan xizmatchisiga kelajakka nisbatan ajoyib umidni ato etmoqda. (Yerm. 29:11) Masihning o‘limini xotirlash marosimi har birimizga so‘nggi yo‘q hayotdan zavq olib yashash imkonini yaratib bergan Xudoni va Iso Masihni madh etish fursatini bermoqda. Shubhasizki, Qutlug‘ Kechlik Xudoning haqiqiy xizmatchilari har yili boradigan eng muhim marosimdir. U 2021-yili 27-mart, shanba kuni quyosh botgach bo‘ladi. Bu yili ko‘plar ushbu muhim marosimga nisbatan erkinlikda bora oladi. Ba’zilar ta’qiblarga qaramay tashrif buyuradi. Boshqalar esa uni qamoqda o‘tkazadi. Yahova, Iso, farishtalar va moylanganlar kuzatar ekan, har bir jamoat, guruh va hammamiz Qutlug‘ Kechlik marosimini ajoyib tarzda o‘tkazaylik!

150-QO‘SHIQ Rabni izlab, najot toping

^ 5- x.b. 2021-yil 27-mart Yahovaning Shohidlari uchun o‘zgacha kun. O‘sha kuni kechki payt Iso Masihning o‘limini xotirlash uchun Qutlug‘ Kechlik marosimiga boramiz. Bu marosimga keladiganlarning aksariyati Iso «boshqa qo‘ylar» deb atagan guruh a’zolaridir. Qiziq, 1935-yili bu guruh to‘g‘risida qanday o‘zgacha haqiqat oshkor bo‘ldi? Ular buyuk musibatdan so‘ng nimalar bo‘lishini intiqib kutyapti? Qanday qilib ular Qutlug‘ Kechlikda Allohga madh keltirib, Unga va Isoga bo‘lgan sevgisi-yu minnatdorchiligini ko‘rsata oladi?

^ 2- x.b. IBORALAR MA’NOSI. Boshqa qo‘ylar qatoriga oxirgi kunlar davomida yig‘iladigan insonlar kiradi. Ular Masihga ergashib, yer yuzida abadiy yashashga umid qiladi. Boshqa qo‘ylardan iborat bo‘lgan ulkan olomon Iso Masih buyuk musibat paytida odamlarni hukm qilganda tirik bo‘ladi va Armageddondan omon qoladi.