1-TADQIQ MAQOLASI
Xotirjam bo‘lib, Yahovaga tayaning
2021-YILNING OYATI: Xotirjam bo‘lib Menga tayansangiz, kuchli bo‘lasiz. ISHAYO 30:15
3-QO‘SHIQ. Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing
BU MAQOLADA *
1. Ba’zilarimiz shoh Dovud kabi nima deb so‘rashimiz mumkin?
BARCHAMIZ betashvish va bexavotir yashashni xohlaymiz. Axir xavotir tuyg‘usi hech kimga quvonch keltirmaydi. Biroq gohida haddan ortiq tashvishlanishimiz mumkin. Shu bois, Xudoning ba’zi xizmatchilari shoh Dovud kabi Yahovadan quyidagicha so‘rar: «Tokaygacha men tashvishlanib, har kuni qalbimda qayg‘u-alam chekib yuraman?» (Zab. 13:2)
2. Mazkur maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?
2 Tashvishlanish hissidan butkul xalos bo‘la olmasak-da, muayyan ishlarni qilib ularni nazorat qilishimiz mumkin. Mazkur maqolani ko‘rib chiqar ekanmiz, avvaliga, tinchligimiz yo‘qolishiga sabab bo‘ladigan ba’zi narsalarni aniqlaymiz. So‘ng muammolar bilan kurashganda, xotirjamlikni saqlashga ko‘maklashadigan oltita amaliy qadam haqida gap yuritamiz.
TASHVISHLANISHIMIZGA NIMA SABAB BO‘LISHI MUMKIN?
3. Qanday bosimlarga duch kelamiz va ularni qanchalik nazorat qila olamiz?
3 Ehtimol, bizni ko‘p narsalar tashvishlantirar va ularning ba’zilari ro‘y berishiga to‘sqinlik qila olmasmiz. Masalan, har yili oziq-ovqat, kiyim-kechak va uy-joy narxi o‘sishini nazorat qilolmaymiz. Shuningdek, ishdagi hamkorlarimiz yo sinfdoshlarimiz bizni qanchalik tez-tez noto‘g‘ri yo‘lga boshlashi yoki jinsiy axloqsizlik qilishga undashini boshqarolmaymiz. Hududimizdagi Mat. 13:22; 1 Yuhan. 5:19) Shu bois, dunyo qiyinchiliklarga to‘lib-toshganidan hayron qolmaymiz.
jinoyatchilikni to‘xtatish ham bizning ixtiyorimizda emas. Aksariyat odamlarning fikrlash tarzi Muqaddas Kitob prinsiplariga asoslanmagani tufayli bu qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Buning yana bir sababi bu dunyoning hukmdori Shayton ekanidadir. U «zamonaning tashvishlari»ga berilib, Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatishimizni istaydi. (4. Muttasil bosimlar nimaga olib kelishi mumkin?
4 Muttasil bosimlar dastidan tashvishlar girdobiga g‘arq bo‘lishimiz mumkin. Masalan, ehtiyojlarimizni qondirish uchun yetarlicha pul topolmayman yoki kasal bo‘lib ishga borolmayman yo hatto ishsiz qolaman, deb tashvishlanarmiz. Qolaversa, Xudoning qonunini buzish vasvasasiga duch kelganimizda sadoqatsizlik qilaman, deya xavotirlanarmiz. Yaqinda Shayton ta’siri ostidagilar Xudoning xalqiga hujum qiladi. Shu bois, o‘shanda qanday yo‘l tutaman, deb bosh qotirarmiz. «Bular borasida tashvishlanishim noto‘g‘rimi?» — deb o‘ylanib qolarmiz.
5. «Tashvishlanmanglar»,— deganda, Iso nimani nazarda tutgan?
5 Iso izdoshlariga: «Tashvishlanmanglar»,— deganini bilamiz. (Mat. 6:25) Bu bilan Iso biz hech narsadan tashvishlanmasligimiz kerakligini nazarda tutganmi? Yo‘q albatta! Masalan, qadimda Yahovaning ba’zi sadoqatli xizmatchilari tashvishlanganini bir eslang. Shunga qaramay, U ulardan mamnun bo‘lgan *. (3 Shoh. 19:4; Zab. 6:3) Iso bu bilan bizga dalda bermoqchi edi. U hayotning yugur-yugurlari dastidan tashvishlarga berilib, bu xizmatimizga salbiy ta’sir qilishini istamagan. Xo‘sh, tashvishlanganda nima qila olamiz? (« Buni qanday qilsa bo‘ladi?» nomli ramkaga qarang.)
XOTIRJAMLIKNI SAQLASHGA KO‘MAKLASHADIGAN OLTITA QADAM
6. Filippiliklarga 4:6, 7 ga ko‘ra, o‘zimizni xotirjam his qilishga nima ko‘maklashadi?
6 (1) Tinmay ibodat qiling. Masihiy bosim ostida bo‘lsa, Yahovaga sidqidildan ibodat qilib tasalli topa oladi. (1 Butr. 5:7) U «har qanday [insonning] o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan» O‘z tinchligini ato etib, ibodatlaringizga javob beradi. (Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing.) Yahova tashvishli o‘y-fikrlarimizni qudratli muqaddas ruhi orqali tinchlantiradi. (Galat. 5:22)
7. Xudoga ibodat qilar ekanmiz, nimani yodda tutishimiz darkor?
7 Yahovaga ibodat qilganda qalbingizdagilarni Unga to‘kib soling. Aniq biron nima haqida ibodat qiling. Muammo nimada ekanini va bu borada nimalarni his qilayotganingizni aytib bering. Agar muammoning yechimi borday ko‘rinsa, uni topish uchun donolik hamda amalda qo‘llash uchun kuch so‘rang. Muammoni hal qilish sizga bog‘liq bo‘lmasa, haddan ortiq tashvishlanmaslik uchun Yahovadan yordam so‘rang. Ibodatlaringizda aniq narsalar haqida so‘rasangiz, vaqt o‘tib Yahova ularga qanday javob berayotganini yanada yaxshiroq ko‘ra boshlaysiz. Bir necha bor ibodat qilganingizdan keyin ham, darhol javob olmasangiz taslim bo‘lmang. Yahova nafaqat aniq narsalar haqida so‘rashingizni, balki qayta-qayta ibodat qilishingizni istaydi. (Luqo 11:8–10)
8. Ibodatlarimizda yana nimalar haqida aytib o‘tishimiz kerak?
8 Barcha g‘am-tashvishlaringizni ibodatda Yahovaga tashlar ekansiz, minnatdorchilik 2 Sol. 18:31; Rim. 8:26)
bildirishni ham unutmang. Hatto ko‘pgina muammolarimiz bo‘lsa ham, ega bo‘lgan barakalar ustida mulohaza yuritish bizga foyda keltiradi. Ba’zida kuchli his-tuyg‘ularingizni qaysi so‘zlar orqali yetkazishni bilmasangiz, shunchaki: «Iltimos, yordam ber!» — deb ibodat qilganingizda ham Yahova javob berishini yodda tuting. (9. Qo‘rquvni his qilganimizda nima qilishimiz lozim?
9 (2) O‘zingizning emas, Yahovaning donoligiga tayaning. Ishayo payg‘ambar yashagan davrda Yahudo xalqi ossuriyaliklar ularga hujum qilishidan qo‘rqqan. Yahudo xalqi ossuriyaliklar ularni bosib olishini istamagan, shu bois, ular butparast misrliklardan yordam so‘ragan. (Ishayo 30:1, 2) Yahova ularning bu harakati halokatga olib kelishi haqida ogohlantirgan. (Ishayo 30:7, 12, 13) U Ishayo orqali xalq qay yo‘sin panoh topishi mumkinligini aytgan. Payg‘ambar shunday degan: «Xotirjam bo‘lib Menga [Yahovaga] tayansangiz, kuchli bo‘lasiz». (Ishayo 30:15b)
10. Qaysi vaziyatlarda Yahovaga tayanayotganimizni ko‘rsata olamiz?
10 Yahovaga tayanayotganimizni qanday ko‘rsatishimiz mumkin? Ba’zi misollar ustida mulohaza yuritaylik. Tasavvur qiling, sizga yaxshiroq maosh to‘lanadigan ish taklif qilishdi. Biroq bu uchun siz ko‘p vaqt ishlashingiz va ma’naviy ishlaringizni qoldirishingiz kerak. Yo bo‘lmasa, ish joyingizdagi o‘zga jinsdagi kishi sizga e’tibor qarata boshladi, biroq u Xudoning xizmatchisi emas. Yoki siz uchun qadrli bo‘lgan oila a’zoingiz: «Meni yoki Xudoyingni tanla»,— deb shart qo‘ydi. Keltirilgan vaziyatlarda qaror chiqarish oson emas, lekin ularning har birida Yahova sizga kerakli yo‘l-yo‘riqni beradi. (Mat. 6:33; 10:37; 1 Kor. 7:39) Xo‘sh, Yahovaga ishonib, Uning yo‘l-yo‘rig‘iga quloq solasizmi?
11. Qarshiliklarda ham xotirjamlikni saqlash uchun Muqaddas Kitobdagi qaysi misollarni ko‘rib chiqishimiz mumkin?
11 (3) Yaxshi va yomon misollardan saboq oling. Muqaddas Kitobda xotirjamlikni saqlab, Yahovaga tayanishning muhimligini ko‘rsatuvchi ko‘pgina misollar keltirilgan. Ularni ko‘rib chiqar ekansiz, qarshiliklarga qaramay Xudoning xizmatchilariga xotirjamlikni saqlashiga nima yordam berganiga nazar soling. Masalan, yahudiylarning oliy mahkamasi tomonidan havoriylarga va’z qilish taqiqlangan bo‘lsa-da, ular bundan qo‘rqmagan. Aksincha, ular jasorat ila: «Biz odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunishimiz kerak»,— deb aytgan. (Havor. 5:29) Hatto do‘pposlanishdan keyin ham, havoriylar vahimaga tushmadi. Nega? Sababi havoriylar Yahova ular tomonida ekanini bilgan. Yahova ulardan mamnun edi. Shu sababdan, ular xushxabarni va’z qilishda davom etdi. (Havor. 5:40–42) Qolaversa, Stefan ismli shogird o‘limga yuz tutganda shunchalik xotirjam ediki, hatto «uning yuzi xuddi farishtaning yuziga o‘xshab qolgan edi». (Havor. 6:12–15) Nega deganda, u Yahova undan rozi ekaniga amin edi.
12. Butrusning birinchi maktubi 3:14 va 4:14 ga binoan, nega ta’qiblarda ham baxtiyor bo‘la olamiz?
12 Havoriylarda Yahova ular bilan ekanini ko‘rsatuvchi yaqqol dalil bor edi. U havoriylarga mo‘jizalar ko‘rsatish kuchini bergandi. (Havor. 5:12–16; 6:8) To‘g‘ri, bugungi kunda biz bilan bunday bo‘lmaydi. Shunday taqdirda ham, odillik yo‘lida azob chekkanimizda Yahova sevgi ila Kalomi orqali bizga dalda beradi. Ha, U bizdan mamnun ekani va muqaddas ruhini berayotgani uchun baxtiyormiz. (1 Butrus 3:14; 4:14 ni o‘qing.) Shu bois, kelajakda duch keladigan ta’qiblarda nima qilishimiz haqida tashvishlanmasligimiz kerak. Aksincha, Yahova bizni qo‘llab-quvvatlashi hamda hayotimizni saqlashiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlashda jon kuydirishimiz lozim. Ilk shogirdlar kabi biz ham Isoning quyidagi va’dasiga ishonishimiz darkor: «Men sizlarga shunday donolik beramanki, sizlar nima deyish kerakligini bilasizlar». Darhaqiqat, Iso: «Sabr-bardosh qilib joningizni qutqarasizlar»,— deb va’da bergan. (Luqo 21:12–19) Shuni unutmangki, Yahova sadoqatni saqlab hayotdan ko‘z yumgan xizmatchilari haqidagi eng mayda tafsilotlarni ham esida saqlaydi. Bularni bilgani uchun U sadoqatli xizmatchilarini tiriltiradi.
13. Xotirjamlikni saqlay olmagan va Yahovaga tayanmagan kishilarning misollari ustida mulohaza yuritib, qanday saboq olsak bo‘ladi?
13 Qolaversa, xotirjamlikni saqlay olmagan va Yahovaga tayanmagan kishilarning misollaridan saboq olsak bo‘ladi. Salbiy misollarni ko‘rib chiqish bizga o‘sha-o‘sha xatolarni takrorlamaslikka ko‘maklashadi. Masalan, Habashistonning ulkan qo‘shini Yahudo shohi bo‘lmish Osoning ustiga yopirilib kelganida, u Yahovaga tayanadi. Yahova esa uni g‘alabaga erishtiradi. (2 Sol. 14:9–12) Keyinroq Isroil shohi Basho o‘zining ancha kamroq lashkari bilan Osoga qarshi chiqqanida, u avvalgiday Yahovaga ko‘z tikishning o‘rniga, Suriyaning harbiy qo‘shinidan madad olish uchun ularga haq to‘laydi. (2 Sol. 16:1–3) Hayotining so‘nggi kunlarida Oso qattiq kasal bo‘lib qoladi. Shunda ham u Yahovaning ko‘magiga tayanmaydi. (2 Sol. 16:12)
14. Osoning xatolaridan qanday saboq olishimiz mumkin?
14 Boshida Oso muammolarga duch kelganida Yahovaga ko‘z tikkan. Ammo keyinroq Yahovadan yordam so‘ramay, o‘zbilarmonlarcha yo‘l tutadigan bo‘ldi. Chetdan qaraganda, Osoning Isroilga qarshi kurashishda Suriyadan yordam so‘rash rejasi dono qarorday ko‘ringandir. Lekin uning muvaffaqiyati uzoqqa cho‘zilmadi. Yahova payg‘ambari orqali unga quyidagilarni aytdi: «Xudoyingiz Yahovaga tayanmay, Suriya shohiga tayanganingiz uchun, Suriya shohining qo‘shini qo‘lingizdan qutulib qoldi». (2 Sol. 16:7) Yahovaning Kalomi orqali yo‘l-yo‘riq izlamasdan ham muammolarimni o‘zim hal qila olaman, degan fikrga borishdan ehtiyot bo‘lishimiz darkor. Hatto shoshilinch qaror chiqarishimiz kerak bo‘lganida ham, xotirjamlik ila Yahovaga tayanishimiz kerak va U to‘g‘ri qaror chiqarishimizga ko‘maklashadi.
15. Muqaddas Kitobni o‘qiyotib nima qilishimiz mumkin?
15 (4) Muqaddas Kitob oyatlarini yodlang. Xotirjamlikni saqlashga va Yahovaga tayanishga ko‘maklashadigan Muqaddas Kitob bayonotlarini o‘qiganingizda, bir nechta asosiy oyatlarni yodlashga harakat qiling. Ularni ovoz chiqarib o‘qish, yozib olish yoki tez-tez takrorlash foydadan holi bo‘lmasdi. Yoshuaga donolik ila yo‘l tutishi uchun Tavrot kitobini muntazam ravishda past ovozda o‘qish buyurilgan edi. Shuningdek, ushbu eslatmalar unga qo‘rqmaslikka hamda Xudoning xalqini jasorat ila boshqarishiga ko‘maklashardi. (Yoshua 1:8, 9) Odatda tashvishlanishingizga yoki qo‘rqishingizga sabab bo‘ladigan vaziyatlarda Xudoning Kalomidagi oyatlar xotirjamlikni his qilishingizga ko‘maklashadi. (Zab. 27:1–3; Hik. 3:25, 26)
16. Qay yo‘sin Yahova imondoshlarimizdan foydalanib, bizga xotirjamlikni saqlashga va Unga tayanishimizga yordamlashadi?
16 (5) Xudoning xalqi bilan vaqt o‘tkazing. Yahova birodar-u opa-singillarimizdan foydalanib, bizga doim xotirjamlikni saqlashga va Unga tayanishimizga yordamlashadi. Yig‘ilishlarda birodarlarimiz sahnadan turib bergan Ibron. 10:24, 25) Qolaversa, jamoatdagi ishonchli do‘stlarimiz bilan his-tuyg‘ularimizni bo‘lishganda ham ko‘nglimiz ancha ko‘tariladi. Do‘stimiz aytgan «yaxshi so‘z» kamroq tashvishlanishimizga ko‘maklashishi mumkin. (Hik. 12:25)
yo‘l-yo‘riqlardan, imondoshlarimizning sharhlaridan va ular bilan qurgan daldali suhbatlardan foyda olamiz. (17. Ibroniylarga 6:19 ga ko‘ra, qanday qilib Shohlikka bo‘lgan umidimiz qiyin vaziyatlarimizga qaramay, tik turishimizga ko‘maklashadi?
17 (6) Umidingizni tirik saqlang. Shohlikka bo‘lgan umidimiz «jonimiz uchun langardek» bo‘lib, qiyin vaziyatlarimizga yoki tashvishli o‘y-fikrlarimizga qaramay, tik turishimizga ko‘maklashadi. (Ibroniylarga 6:19 ni o‘qing.) Yahovaning kelajak borasidagi va’dalari ustida mulohaza yuritsangiz, salbiy fikrlar sizni tark etadi. (Ishayo 65:17) O‘zingizni tinchlik hukm suradigan va tashvishlardan holi bo‘lgan yangi dunyoda tasavvur qiling. (Mixo 4:4) Umidingiz to‘g‘risida boshqalar bilan bo‘lishsangiz, u yanada mustahkamlanadi. Va’z qilish va shogird tayyorlash ishida jon kuydiring. Bunday qilib «umidingiz ro‘yobga chiqishiga oxirigacha qattiq» ishona olasiz. (Ibron. 6:11)
18. Kelajakda qanday qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazishimiz mumkin va qay yo‘sin ularni muvaffaqiyat ila yenga olamiz?
18 Bu zamonaning oxiri yaqinlashar ekan, tashvishga soluvchi xayollarni yanada ko‘p boshdan o‘tkazamiz. 2021-yil uchun tanlangan oyat o‘z kuchimiz bilan emas, balki Yahovaga tayanish orqali qiyinchiliklarni boshdan kechirib xotirjamlikni saqlashga yordam beradi. Keling, 2021-yil davomida xatti-harakatlarimiz bilan Yahovaning quyidagi va’dasiga ishonayotganimizni ko‘rsataylik: «Xotirjam bo‘lib Menga tayansangiz, kuchli bo‘lasiz». (Ishayo 30:15)
8-QO‘SHIQ Yahova — Boshpanamdir
^ 5- x.b. Hozirda va kelajakda qiyinchiliklar bilan kurashar ekanmiz, 2021-yil uchun tanlangan oyatdan Yahovaga tayanish nechog‘lik muhim ekanini bilib olamiz. Ushbu maqolada yillik oyatda keltirilgan maslahatga rioya qila olishimiz uchun ba’zi amaliy yo‘llarni ko‘rib chiqamiz.
^ 5- x.b. Ba’zi birodar-u opa-singillarimiz haddan ortiq tashvishlanadi yoki vahimaga tushadi. Bunday jiddiy sog‘liq muammosini Iso aytgan tashvishlanish bilan adashtirmasligimiz kerak.
^ 63- x.b. RASMGA SHARH. (1) Bir imondoshimiz kun davomida o‘z tashvishlari haqida ibodat qilyapti.
^ 65- x.b. RASMGA SHARH. (2) Tushlik paytida donolikka ega bo‘lish uchun Xudoning Kalomini o‘qiyapti.
^ 67- x.b. RASMGA SHARH. (3) Muqaddas Kitobdagi yaxshi va yomon misollar ustida mulohaza yurityapti.
^ 69- x.b. RASMGA SHARH. (4) Sovitkichga yodlay olishi uchun daldali oyatni yopishtiryapti.
^ 71- x.b. RASMGA SHARH. (5) Xizmatda do‘stlari bilan hamkorlik qilishdan quvonyapti.
^ 73- x.b. RASMGA SHARH. (6) Kelajak haqida mulohaza yuritib umidini tirik saqlayapti.