Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5-TADQIQ MAQOLASI

«Har fursatdan unumli foydalaninglar»

«Har fursatdan unumli foydalaninglar»

Qanday yo‘l tutayotganingizga o‘ta diqqatli bo‘lib, nodonlar kabi emas, donolar kabi yo‘l tutinglar. Har fursatdan unumli foydalaninglar. EFES. 5:15, 16

8-QO‘SHIQ Yahova — Boshpanamdir

BU MAQOLADA *

1. Qay yo‘sin Yahova bilan vaqt o‘tkaza olamiz?

 BIZ o‘zimiz yaxshi ko‘radigan odamlar bilan birga vaqt o‘tkazishni yoqtiramiz. Masalan, turmush o‘rtoqlar birgalikda vaqt o‘tkazishdan zavq oladi. Yoshlar ham yaqin do‘stlari davrasida bo‘lishdan quvonchga to‘ladi. Qolaversa, barchamiz imondoshlar bilan birga vaqt o‘tkazishni yoqtiramiz. Lekin eng asosiysi, Xudoyimiz bilan vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘ramiz. Masalan, Yahovaga ibodat qilish, Kalomini o‘qish va Uning niyati-yu go‘zal fazilatlari ustida mulohaza yuritish orqali U bilan vaqt o‘tkaza olamiz. Ha, Yahova bilan o‘tkazgan vaqt biz uchun qadrlidir. (Zab. 139:17)

2. Qanday qiyinchilikka duch kelishimiz mumkin?

2 Yahova bilan vaqt o‘tkazish bizga yoqsa-da, bunday qilish oson bo‘lmas. Sababi, hayotning yugur-yugurlari dastidan ma’naviy narsalarga vaqt ajratish qiyin bo‘lishi mumkin. Masalan, dunyoviy ishimiz, oiladagi mas’uliyatlarimiz yoki qilishimiz kerak bo‘lgan boshqa ko‘p yumushlarimiz bor. Bu esa ibodat, tadqiq yoki mulohaza qilishga ketadigan vaqtimizni o‘g‘irlashi mumkin.

3. Vaqtimizni yana nima o‘g‘irlashi mumkin?

3 Yana bir narsaga vaqtimiz ketib qolishi mumkin. Ehtiyot bo‘lmasak, aslida noto‘g‘ri deb hisoblanmaydigan ishlar ham Yahovaga yanada yaqinlashishimizga ajratadigan vaqtimizni o‘g‘irlashi hech gap emas. Misol uchun, dam olish sohasiga e’tibor beraylik. Hammamiz onda-sonda dam olib turishimiz o‘ta muhim. Lekin hatto bezarar o‘yin-kulgi turlari tufayli ma’naviy ishlarga juda kam vaqtimiz qolishi mumkin. Ular hayotimizda o‘z o‘rnida bo‘lishi kerak. (Hik. 25:27; 1 Tim. 4:8)

4. Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

4 Bu maqolada nega hayotimizda nima ustuvor ekanini aniqlashimiz kerakligini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, Yahova bilan o‘tkazadigan vaqtimizdan qay yo‘sin unumli foydalanishimizga hamda bu bizga qanday foyda keltirishiga e’tibor qaratamiz.

DONO QARORLAR CHIQARIB, NIMA MUHIMROQ EKANINI ANIQLAB OLING

5. Efesliklarga 5:15–17- oyatlar ustida mulohaza yuritish yoshlarga qanday yordam beradi?

5 Eng to‘g‘ri hayot yo‘lini tanlang. Yoshlar ko‘pincha hayotini nimaga bag‘ishlash to‘g‘risida o‘ylaydi. Bir tomondan, maktabdagi o‘qituvchilar va imondosh bo‘lmagan oila a’zolari ularni oliy ma’lumotli bo‘lishga undaydi. Sababi, bu orqali ular yaxshi hayot kechirishini aytadi. Lekin bu yoshlarning ko‘p vaqtini oladi. Boshqa tomondan, jamoatdagi ota-onalar va do‘stlar ularni hayotini Yahovaga xizmat qilishga bag‘ishlashga undaydi. Xo‘sh, Yahovani sevadigan yoshlarga dono qaror chiqarishga nima yordam beradi? Efesliklarga 5:15–17- oyatlarni (o‘qing) o‘qish va ular ustida mulohaza yuritish yoshlarga foyda keltiradi. Bu oyatlarni o‘qigach, yoshlar o‘zidan: «Yahovaning irodasi o‘zi qanday? Chiqaradigan qarorim Uni mamnun qiladimi? Tanlayotgan yo‘lim har fursatdan unumli foydalanishga yordam beradimi?» — deb so‘rasa bo‘ladi. Shuni yodda tutingki, «biz yomon kunlarda yashayapmiz» va Shayton boshqarayotgan dunyo yaqinda o‘z nihoyasiga yetadi. Shunday ekan, Yahovani mamnun qiladigan hayot tarzini tanlasak donolikdan bo‘ladi.

6. Maryam nimani tanladi va nega bu dono qaror edi?

6 Nima muhimroq ekanini aniqlang. Gohida vaqtdan unumli foydalanish uchun aslida noto‘g‘ri bo‘lmagan ikkita narsadan birini tanlashimizga to‘g‘ri kelar. Buni Iso Maryam bilan Martanikiga borganida yuz bergan voqeadan ko‘rishimiz mumkin. Marta Iso ularnikiga mehmonga kelganidan xursand bo‘lib mazali taom tayyorladi. Maryam esa Isoning oldida o‘tirib, uni tingladi. Martaning harakatlari noto‘g‘ri emas edi. Ammo Iso Maryam «eng yaxshisini tanlaganini» aytdi. (Luqo 10:38–42) Vaqt o‘tib, Maryam qanday taom yeganini unutgandir, lekin aminmizki, Isodan eshitgan barchasini hech qachon unutmagan. Maryam Iso bilan birga vaqt o‘tkazish imkonini qadrlagani kabi biz ham Yahova bilan o‘tkazadigan vaqtni juda qadrlaymiz. Bu vaqtdan qanday qilib unumli foydalana olamiz?

YAHOVA BILAN VAQT O‘TKAZISH UCHUN HAR BIR FURSATDAN UNUMLI FOYDALANING

7. Ibodat, tadqiq va mulohazaga vaqt ajratishimiz nega arziydi?

7 Ibodat, tadqiq va mulohaza topinishimizning muhim qismi ekanini yodda tuting. Ibodat qilganimizda, bizni qattiq sevadigan samoviy Otamizga gapirgan bo‘lamiz. (Zab. 5:7) Muqaddas Kitobni tadqiq qilganimizda, donolik Manbai bo‘lmish «Xudo haqida bilimga» ega bo‘lamiz. (Hik. 2:1–5) Mulohaza yuritganimizda, Yahovaning ajoyib shaxsiyatini bilib olamiz va U hamma insonlar hamda biz uchun nimalar qilmoqchi ekanini yodda saqlaymiz. Bu vaqtimizdan unumli foydalanishning yo‘llaridan biridir. Lekin bunda bizga nima yordam beradi?

Shaxsiy tadqiqni o‘tkazish uchun tinch joy topa olyapsizmi? (8-, 9-xatboshilariga qarang.)

8. Iso 40 kun sahroda bo‘lganidan qanday saboq olyapmiz?

8 Iloji bo‘lsa, tinch joy toping. Isoning misoliga diqqat qarating. Iso yer yuzidagi xizmatini boshlashdan avval 40 kun sahroda bo‘lgan. (Luqo 4:1, 2) O‘sha tinch joyda u Yahovaga ibodat qilgan va Otasining unga nisbatan niyati haqida mulohaza yuritgan. Bu tufayli u oldinda uni kutayotgan sinovlarga tayyorlana olgan. Isoning o‘rnagidan qanday saboq olyapsiz? Bordi-yu, katta oilada yashasangiz, tinch joy topish doim ham oson bo‘lmasligi mumkin. Bunday vaziyatlarda, ehtimol tashqariga chiqarsiz. Juliya ismli imondoshimiz Yahovaga gapirmoqchi bo‘lganida aynan shunday qiladi. U turmush o‘rtog‘i bilan Fransiyada kichkinagina uyda yashaydi va hech kim xalaqit qilmaydigan tinch joy topish oson emas. Juliya shunday dedi: «Men har kuni xiyobonda sayr qilaman, u yerda yolg‘iz qolishim, fikrlarimni bir joyga jamlashim va bemalol Yahovaga ibodat qilishim mumkin».

9. Iso band bo‘lishiga qaramay, Yahova bilan munosabatlarini qadrlaganini qanday ko‘rsatgan?

9 Iso juda band edi. Yer yuzida xizmat qilganida ko‘p odamlar uning ortidan ergashib yurardi va ularning hammasi u bilan vaqt o‘tkazishni xohlardi. Bir safar uni ko‘rish uchun «butun shahar aholisi eshik oldiga yig‘ildi». Shunday bo‘lsa ham, Iso Yahovaga ibodat qilish uchun vaqt ajratardi. Quyosh botishidan avval u «xilvat joyni» topib, Otasi bilan vaqt o‘tkazardi. (Mark 1:32–35)

10, 11. Iso Getsemaniya bog‘ida bo‘lganida, shogirdlariga qanday maslahat berdi va keyin nima bo‘ldi? (Matto 26:40, 41)

10 O‘limidan oldingi kechada xizmatining oxirida Iso mulohaza va ibodat qilish uchun tinch joyni qidirgan. U bunday joyni Getsemaniya bog‘idan topgan. (Mat. 26:36) Iso o‘sha yerda shogirdlariga ibodat to‘g‘risida muhim maslahat bergan.

11 Keyin nima bo‘lganiga e’tibor bering. Ular Getsemaniya bog‘iga kelganida kech tushgandi. Ehtimol, yarim tundan o‘tgandi. Iso shogirdlarini «hushyor turishga» undab, o‘zi «ibodat qilishga» ketdi. (Mat. 26:37–39) U ibodat qilayotganida shogirdlari uxlab qoldi. Iso qaytganida shogirdlari uxlayotganini ko‘rdi va ularni «hushyor turib, doim ibodat qilishga» undadi. (Matto 26:40, 41 ni o‘qing.) U shogirdlari ancha stress olganini va charchaganini tushungan. Bundan tashqari, Isoning ularga rahmi kelgan va «tana... zaif» ekanini bilgan. U yana ikki marta ibodat qilishga ketgan va har safar qaytganida shogirdlari uxlab yotgandi. (Mat. 26:42–45)

Qattiq charchamagan paytda ibodat qilish uchun vaqt ajrata olyapsizmi? (12-xatboshiga qarang.)

12. Gohida qattiq tashvishlangandan yoki ruhimiz tushganidan ibodat qila olmayotgan bo‘lsak nima qilishimiz lozim?

12 To‘g‘ri payt tanlang. Gohida qattiq tashvishlanganimiz yoki juda charchaganimiz uchun ibodat qilmasmiz. Agar siz ham bunga duch kelayotgan bo‘lsangiz, yolg‘iz emassiz. Xo‘sh, nima qila olasiz? Odatda Yahovaga kunning oxirida ibodat qilgan ba’zilar vaqtini o‘zgartiradi. Masalan, ular kamroq charchaganda, kechki paytgacha cho‘zmay ibodat qiladi. Yana boshqalar muayyan holatda, misol uchun, o‘tirib yoki tiz cho‘kib ibodat qilganda diqqatini jamlay oladi. Bordi-yu, tashvish yoki tushkunlik dastidan ibodat qila olmayotgan bo‘lsangiz-chi? Nimalarni his qilayotganingizni Yahovaga aytib bering. Rahm-shafqatli Otamiz sizni tushunadi. (Zab. 139:4)

Yig‘ilish paytida elektron qurilmalaringizga kelgan xabarlarga javob berishdan o‘zingizni tiya olyapsizmi? (13-, 14-xatboshilariga qarang.)

13. Elektron qurilmalar bizni ma’naviy narsalardan qay yo‘sin chalg‘itishi mumkin?

13 Tadqiq qilayotganingizda hech narsa sizga xalaqit bermasin. Yahova bilan bo‘lgan munosabatimizni faqatgina ibodat orqali mustahkamlay olmaymiz. Xudoning Kalomini o‘qish va yig‘ilishlarni qoldirmaslik ham Unga yaqinlashishimizga yordam beradi. Tadqiq va jamoat uchrashuvlaridan ko‘proq foyda olish uchun nima qila olasiz? O‘zingizdan shunday so‘rasangiz bo‘ladi: «Jamoat uchrashuvlari yoki tadqiq paytida diqqatimni jamlashimga nima to‘sqinlik qilyapti? Bu telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron xatlar, SMSlar yo boshqa elektron qurilmalarmi?» Bugungi kunda milliardlab insonlar elektron qurilmalardan foydalanadi. Ba’zi tadqiqotchilarning aytishicha, diqqatimizni jamlashga harakat qilganimizda, mobil telefonimiz yonimizda bo‘lsa, bu bizni chalg‘itadi. Psixologiya bo‘yicha bir professor shunday bo‘lishdi: «Elektron qurilmalar diqqatingizni kerakli narsalarga qaratishingizga xalaqit beradi. Ular sizni xayolparast qilib qo‘yadi». Anjumanlardan oldin ko‘pincha elektron qurilmalarimizni boshqalarga xalaqit bermaydigan holatga o‘tkazish so‘raladi. Yolg‘iz qolganimizda, elektron qurilmalarimiz bizni ma’naviy narsalardan chalg‘itmasligi uchun bunday yo‘l tuta olamizmi?

14. Yahova diqqatingizni jamlashga qay yo‘sin yordam bera oladi? (Filippiliklarga 4:6, 7)

14 Yahovadan diqqatingizni jamlashga yordam berishini so‘rang. Tadqiq paytida yoki yig‘ilishda xayolingiz boshqa joyda ekanini payqasangiz, Yahovadan sizga yordam berishini so‘rang. Nimadir sizni bezovta qilayotgan bo‘lsa, xavotirlaringizni chetga surib qo‘yish oson bo‘lmas. Lekin bunday qilish muhimdir. Yahovadan nafaqat qalbingizga tinchlik berishini, balki «ongingizni» himoya qilishini so‘rang. (Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing.)

YAHOVA BILAN O‘TKAZADIGAN VAQT BIZGA FOYDA KELTIRADI

15. Yahova bilan vaqt o‘tkazish qanday foyda keltirishi mumkin?

15 Yahovaga murojaat qilish, quloq solish va U haqida mulohaza yuritish uchun vaqt ajratsangiz ko‘p foyda olasiz. Qanaqasiga? Birinchidan, yaxshiroq qarorlar chiqara olasiz. Muqaddas Kitobda aytilganiday, «dono bilan yurgan dono bo‘ladi». (Hik. 13:20) Shunday ekan, donolik Manbai Yahova bilan vaqt o‘tkazsangiz yanada donoroq bo‘lasiz. Shuningdek, Uni qay yo‘sin mamnun qilishingiz va Uni ranjitadigan ishlardan qanday qochishingiz mumkinligini yaxshiroq tushunasiz.

16. Yahova bilan vaqt o‘tkazish ta’lim berishda yaxshilanishimizga qay yo‘sin yordam beradi?

16 Ikkinchidan, yaxshiroq ta’lim bera olasiz. Biror kishi bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotgan bo‘lsangiz, unga Yahova bilan do‘stlashishga yordam berish asosiy maqsadlaringizdan biridir. Yahovaga ibodat qilib, U haqda ko‘proq bilib olsangiz, Unga nisbatan sevgingiz yanada oshadi. Shunda tadqiq o‘tuvchiga ham Xudoni sevishga ko‘proq yordam bera olasiz. Bu borada Iso ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan. U samoviy Otasi to‘g‘risida shogirdlariga iliq so‘zlarni aytgan. Bu esa ularga Yahovani sevishga yordam bergan. (Yuhan. 17:25, 26)

17. Qay yo‘sin ibodat va shaxsiy tadqiq yordamida imoningizni mustahkamlay olasiz?

17 Uchinchidan, imoningiz mustahkamlanadi. Yahovadan yo‘l-yo‘riq, tasalli yoki yordam so‘rab ibodat qilganingizda, qanday natijaga erishishingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Har safar Xudo bu kabi ibodatlaringizga javob berganida, Unga bo‘lgan imoningiz kuchayadi. (1 Yuhan. 5:15) Nima yordamida imoningizni mustahkamlay olasiz? Albattaki shaxsiy tadqiq bunda qo‘l keladi. Axir «kalomni eshitgach imon paydo bo‘ladi». (Rim. 10:17) Lekin mustahkam imonga ega bo‘lish uchun shunchaki bilim olishning o‘zi yetarli emas. Xo‘sh, yana nima qilishimiz kerak?

18. Nima uchun mulohaza yuritish kerakligini tushuntiring.

18 Bilib olganlarimiz ustida mulohaza yuritishimiz kerak. Zaburning 77- sanosini yozgan sano bastakori bilan nima yuz berganiga diqqat qarating. U o‘zi va isroilliklar Yahovaga ma’qul kelmayotganini his etgani uchun tushkunlikka tushdi. Bu haqida qayg‘u chekkanidan u hatto kechasi uxlay olmadi. (2–8- oyatlar) Xo‘sh, u nima qildi? U Yahovaga: «Barcha amallaring haqida o‘ylayman, ishlaring borasida fikr yuritaman»,— dedi. (12- oyat) Albatta sano bastakori Yahova O‘z xalqi uchun qadimda nimalar qilganini bilardi. Lekin: «Alloh marhamat ko‘rsatishni unutdimi? Yoki g‘azabi rahm-shafqatini to‘sib qo‘ydimi?» — deb tashvishlangandi. (9- oyat) Sano bastakori Yahovaning ishlari va o‘tmishda xalqiga rahm-shafqat ko‘rsatgani haqida fikr yuritgandi. (11- oyat) Natijada nima bo‘ldi? Sano bastakori Yahova O‘z xalqini tashlab qo‘ymasligiga amin bo‘ldi. (15- oyat) Shu singari, Yahova xalqi va shaxsan siz uchun nimalar qilgani haqida fikr yuritsangiz, imoningizga imon qo‘shiladi.

19. Yahova bilan vaqt o‘tkazishdan yana qanday foyda olishimiz mumkin?

19 To‘rtinchidan, eng muhimi, Yahovaga bo‘lgan sevgingiz kuchayadi. Sevgi boshqa har qanday fazilatga qaraganda, Yahovaga itoat etishga, Uni mamnun qilish uchun fidoyiliklar qilishga va har qanday qiyinchiliklarda sabr-bardoshli bo‘lishga yordam beradi. (Mat. 22:37–39; 1 Kor. 13:4, 7; 1 Yuhan. 5:3) Yahova bilan yaqin do‘stlikka hech narsa teng kela olmaydi. (Zab. 63:1–8)

20. Yahova bilan vaqt o‘tkazish uchun nima qilmoqchisiz?

20 Unutmang, ibodat, mulohaza yuritish topinishimizning bir qismidir. Yahova bilan birga vaqt o‘tkazish uchun Iso singari tinch joy izlang. Sizni chalg‘itadigan muhim bo‘lmagan ishlardan qoching. Ma’naviy ishlar bilan shug‘ullanganingizda, Yahovadan xayolingizni bir joyga jamlashga yordam berishini so‘rang. Agar hozir vaqtingizdan unumli foydalansangiz, Yahova yangi dunyoda sizni abadiy hayot bilan mukofotlaydi. (Mark 4:24)

28-QO‘SHIQ Yahova, kim do‘sting erur?

^ 5- x.b. Tangri Yahova eng yaqin Do‘stimiz. U bilan munosabatlarimizni juda qadrlaymiz. Xudoni ko‘proq tanib-bilishni istaymiz. Odatda biron kishini yaxshiroq bilib olish uchun vaqt ajratishimiz kerak bo‘ladi. Yahova bilan ham yaqinroq do‘stlashmoqchi bo‘lsak, shunday qilishimiz lozim. Hozirgi kunda barchamiz juda bandmiz. Shu bois, samoviy Otamizga yanada yaqinroq bo‘lish uchun qay yo‘sin vaqt ajrata olamiz? Nega bunday qilish bizga foyda keltiradi?