3-TADQIQ MAQOLASI
Isoning ko‘zidan yosh oqqanidan qanday saboqlar olsak bo‘ladi?
Isoning ko‘zidan yosh oqdi. YUHAN. 11:35
17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»
BU MAQOLADA *
1–3. Yahovaning xizmatchilari ko‘z yosh to‘kishiga nimalar sabab bo‘lishi mumkin?
QACHON oxirgi marta yig‘lagansiz? Ba’zida quvonchdan ko‘zimizga yosh keladi. Lekin ko‘pincha barchamiz qalbimizdagi og‘riq tufayli yig‘laymiz. Masalan, bunga yaqinimizning o‘limi sabab bo‘lishi mumkin. Qo‘shma Shtatlardagi Lorel ismli imondoshimiz quyidagicha yozdi: «Qizimning o‘limi tufayli ba’zida qalbimdagi og‘riq shunchalik kuchli bo‘lardiki, nazarimda, menga hech narsa tasalli bera olmasdi. O‘sha paytlarda bu qayg‘uni yenga olarmikinman, deb o‘ylab qolardim» *.
2 Boshqa sabablarni deb ham ko‘z yoz to‘kishimiz mumkin. Yaponiyadagi Xiromi ismli kashshof quyidagicha bo‘lishdi: «Men xizmatda uchratadigan odamlar beparvo ekanidan ba’zida ruhim tushadi. Yig‘lab Yahovaga ibodat qilaman va haqiqatni qidirayotgan kishini topishimga yordam berishini so‘rayman».
3 Yuqoridagi his-tuyg‘ular sizga ham tanishmi? Bu ko‘plarimizga tanish. (1 Butr. 5:9) Biz «xursand bo‘lib Yahovaga xizmat qilishni» istaymiz. Lekin g‘am-tashvish, tushkunlik va Xudoga nisbatan sadoqatimiz sinaladigan vaziyatlar tufayli ko‘z yosh bilan xizmat qilayotgandirmiz. (Zab. 6:6; 100:2) Xo‘sh, bunday tuyg‘ular bizni qamrab olsa, nima qila olamiz?
4. Ushbu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?
4 Isoning o‘rnagidan saboq olishimiz mumkin. Ba’zida qalbida qattiq og‘riqni his qilgani uchun uning ko‘zidan yosh oqqan. (Yuhan. 11:35; Luqo 19:41; 22:44; Ibron. 5:7) Keling, Isoning ko‘zlaridan yosh oqishiga sabab bo‘lgan voqealarni ko‘rib chiqamiz. Bu orqali Iso va Yahova haqida nimalarni bilib olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz. Qolaversa, yig‘lashimizga sabab bo‘ladigan qiyinchiliklarni yengish uchun qanday amaliy qadamlar qo‘yishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.
ISO DO‘STLARI UCHUN KO‘Z YOSH TO‘KKAN
5. Yuhanno 11:32–36 ga ko‘ra, Isodan nimani o‘rganyapmiz?
5 Mil. 32-yili qishda Isoning yaqin do‘sti Lazar kasal bo‘lib, o‘lgan. (Yuhan. 11:3, 14) Uning Maryam va Marta ismli opa-singlisi bor edi *. Iso ularning oilasini juda yaxshi ko‘rgan. Ular Lazar o‘lganida qattiq siqilgan edi. Uning o‘limidan keyin Iso Maryam va Marta yashagan Baytaniyaga ketayotgandi. Marta Iso kelayotganini eshitganida, uni kutib olish uchun yugurib borgandi. U: «Hazrat, agar siz bu yerda bo‘lganingizda edi, akam o‘lmasdi»,— deb aytganida, qanchalik siqilganini bir tasavvur qiling. (Yuhan. 11:21) Iso Maryam va boshqalar yig‘layotganini ko‘rgach, uning ham «ko‘zidan yosh oqdi». (Yuhanno 11:32–36 ni o‘qing.)
6. Lazar o‘lganida Iso nega yig‘lagan?
6 Qiziq, Iso nega yig‘lagan? «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasida bunga shunday javob keltirilgan: «Do‘sti Lazarning o‘limi va uning opa-singlisi chekkan qayg‘u tufayli Iso xo‘rsinib ko‘z yosh to‘kkan» *. Iso qadrdon do‘sti Lazar kasal bo‘lgan paytda chekkan azobi haqida o‘ylagan va o‘lishini bilganida ichidan o‘tgan kechinmalarini tasavvur qilgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, u Lazarning o‘limi Marta va Maryamga og‘riq keltirganini ko‘rib yig‘lagan. Yaqin do‘stingiz yoki oila a’zoingiz vafot etgan bo‘lsa, shubhasizki, bunday tuyg‘ular sizga ham tanish. Ushbu voqeadan uchta saboq olishimiz mumkin. Keling, ularni birma-bir ko‘rib chiqaylik.
7. Iso do‘stlari uchun yig‘laganidan Yahova haqida nimani bilib olyapmiz?
7 Yahova nimalarni his qilayotganingizni tushunadi. Iso Otasini «o‘zida aks ettirgan». (Ibron. 1:3) Iso yig‘laganida, Yahovaning tuyg‘ularini namoyon etgan. (Yuhan. 14:9) Siz ham yaqiningizni yo‘qotgan bo‘lsangiz, Yahova nafaqat qayg‘urayotganingizni ko‘rishiga, balki sizga hamdard ekaniga amin bo‘ling. U o‘ksigan qalbingizga malham bo‘lishni istaydi. (Zab. 34:18; 147:3)
8. Nega Iso yaqinlarimizni tiriltirishiga aminmiz?
8 Iso yaqinlaringizni tiriltirishni xohlaydi. Ko‘zidan yosh oqqanidan sal oldin Iso Martaga: «Akangiz tiriladi»,— deb aminlik ila aytgan. U Isoga ishongan. (Yuhan. 11:23–27) Marta Yahovaning sodiq xizmatchisi sifatida o‘tmishda Ilyos va Elishay payg‘ambar ba’zilarni tiriltirganini bilgan. (3 Shoh. 17:17–24; 4 Shoh. 4:32–37) Ehtimol, Marta Iso odamlarni tiriltirgani haqida eshitgandir. (Luqo 7:11–15; 8:41, 42, 49–56) Siz ham hayotdan ko‘z yumgan yaqinlaringizni yana ko‘rasiz. Iso ezilgan do‘stlariga tasalli berganida ko‘zidan yosh oqqan. Bu Iso o‘lgan odamlarni hayotga qaytarish paytini intiqib kutayotganining isbotidir.
9. Qay yo‘sin Iso kabi qayg‘u chekayotganlarni qo‘llab-quvvatlay olamiz? Misol keltiring.
9 Qayg‘u chekayotganlarni qo‘llab-quvvatlay olasiz. Iso Marta va Maryam bilan nafaqat yig‘lagan, balki ularni tinglab, ularga dalda bergan. Biz ham qayg‘u chekayotganlarga shunday munosabat ko‘rsata olamiz. Avstraliyada yashovchi Den ismli oqsoqol shunday deb bo‘lishdi: «Xotinim vafot etganidan keyin yordamga muhtoj edim. Bir nechta juftlik kecha-yu kunduz meni tinglashga tayyor edi. Ularga ichimdagilarni aytib bemalol yig‘lay olardim. Ba’zida qo‘lim ishga bormaganida, ular mashinamni yuvishga, bozor-o‘char qilishga va ovqat tayyorlashga yordam berardi. Qolaversa, ular men bilan birga tez-tez ibodat qilardi. Imondoshlarim chin do‘stligini hamda og‘ir damda menga tayanch ekanini ko‘rsatdi». (Hik. 17:17)
ISO YAQINLARI UCHUN YIG‘LAGAN
10. Luqo 19:36–40 dagi voqeani aytib bering.
10 Mil. 33-yili 9 nisonda Iso Quddusga kelgan. U shaharga kirib borar ekan, odamlar yig‘ilib uni shoh sifatida tan olganini ko‘rsatish uchun kiyimlarini yo‘lga poyandoz qilishardi. Albattaki, bu quvonchli voqea bo‘lgan. (Luqo 19:36–40 ni o‘qing.) Keyin esa shogirdlar kutmagan bir narsa yuz berdi. «Quddusga yaqinlashib qolganda, Iso shaharga qaradi-da, yig‘ladi». Iso ko‘zlarida yosh bilan Quddus aholisini dahshatli voqealar kutayotgani haqida bashorat qildi. (Luqo 19:41–44)
11. Nega Iso Quddusdagi aholi uchun yig‘lagan?
11 Yahudiylar Isoni iliq kutib olgan. Lekin u aksariyat yahudiylar Shohlik haqidagi xabarni qabul qilmasligini bilganidan siqilgan. Buning ustiga, Quddus vayron bo‘lishi va omon qolgan har bir yahudiy asirlikka olib ketilishi kerak edi. (Luqo 21:20–24) Ming afsuski, Iso aytganiday, ko‘pchilik uni Masih sifatida rad etdi. Sizning hududingizda ko‘p odamlar Shohlik haqidagi xabarga qanday munosabat ko‘rsatyapti? Haqiqatni o‘rgatish borasidagi urinishlaringizga kamchilik ijobiy munosabat bildirsa, Iso ko‘z yosh qilganidan qanday saboq olishingiz mumkin? Keling, uchta saboqqa diqqat qarataylik.
12. Iso yaqinlari uchun yig‘laganidan Yahova haqida nimani bilib olyapmiz?
12 Yahova odamlarga befarq emas. Iso yig‘laganidan Yahova odamlar haqida qanchalik ko‘p qayg‘urishini bilib olyapmiz. «U hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butr. 3:9) Bugungi kunda biz ham yaqinimizni sevishimizni ko‘rsata olamiz. Buni xushxabarni va’z qilishda jon kuydirish va ularning qalbini zabt etishda davom etish orqali namoyon eta olamiz. (Mat. 22:39) *
13, 14. Qay yo‘sin Iso odamlarga rahm ko‘rsatgan va bu fazilatni biz qanday namoyon eta olamiz?
13 Iso xizmatda jon kuydirgan. Iso har bir imkoniyatdan foydalanib, odamlarga ta’lim berish orqali ularga bo‘lgan sevgisini ko‘rsatdi. (Luqo 19:47, 48) Xo‘sh, bunday qilishga uni nima undagandi? Uning odamlarga rahmi kelgandi. Ba’zida Isoni tinglashni istaganlar shunchalik ko‘p bo‘lganki, u va shogirdlari hatto «taom ham yeya» olishmagandi. (Mark 3:20) Iso hatto tunda tinglovchilaridan biriga eng qulay bo‘lgan paytda va’z qilishga tayyor edi. (Yuhan. 3:1, 2) Isoni tinglaganlarning aksariyati uning shogirdi bo‘lmadi. Ammo ularning barchasiga keng shohidlik berildi. Hozir barchada xushxabarni tinglash imkoni bo‘lishini istaymiz. (Havor. 10:42) Bu maqsadga erishish uchun va’z qilish usullarimizni o‘zgartirishimiz kerak.
14 Kerakli o‘zgarishlar kiritishga tayyor bo‘ling. Doimo o‘sha-o‘sha vaqtda va’z qilsak, xushxabarni eshitadigan kam odamlarni uchratamiz. Matilda ismli kashshof shunday dedi: «Turmush o‘rtog‘im bilan har xil paytda va’z qilamiz. Ertalab odamlarning ish joylarida shohidlik beramiz. Kunduzi aksariyat odamlar ko‘chada bo‘lganida, adabiyot aravachasidan foydalanib xizmat qilamiz. Kechki payt esa uyma-uy va’z qilib ko‘p odamlarni uylarida uchratamiz». Faqat bizga qulay paytda va’z qilmasligimiz kerak. Va’zgo‘ylik jadvalimizga o‘zgarishlar kiritishga tayyor bo‘lishimiz lozim. Shunda odamlarni uchratish imkoniyatlari ko‘proq bo‘ladi. Bunday yo‘l tutsak, Yahovani mamnun qilamiz.
ISO XUDONING ISMI HAQIDA QAYG‘URGANI TUFAYLI YIG‘LAGAN
15. Iso o‘limidan oldingi kechada nima qilgan? (Luqo 22:39–44)
15 Mil. 33-yil 14 nison oqshomda Iso Getsemaniya bog‘iga borgan. U yerda Yahovaga qalbidagi borini to‘kib solgan. (Luqo 22:39–44 ni o‘qing.) Shunday qiyin onlarda Iso «qattiq faryod va ko‘z yoshlar bilan o‘tinib yolvorgan». (Ibron. 5:7) Qiziq, o‘limidan oldingi kechada Iso nima haqida ibodat qilgan? U Yahovaga sadoqatni saqlash hamda Uning irodasini bajarish uchun kuch so‘ragan. Yahova O‘g‘lining dardli ibodatini eshitgan va unga kuch berish uchun farishtasini jo‘natgan.
16. Iso Getsemaniya bog‘ida ibodat qilayotganida nima uchun qayg‘uga botgan?
16 Iso Getsemaniya bog‘ida ibodat qilayotganida ko‘z yosh to‘kkani shubhasiz. Sababi, odamlar uni Xudoning ismini haqoratlashda ayblashidan qayg‘uga botgan. Qolaversa, u zimmasidagi ulkan mas’uliyati haqida, ya’ni Otasining ismini oqlashi kerakligini bilgan. Siz ham Yahovaga bo‘lgan sadoqatingiz sinalayotgan jiddiy vaziyatga duch kelayotgan bo‘lsangiz, Iso ko‘z yosh to‘kkanidan nimalarni bilib olyapsiz? Bundan qanday uchta saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.
17. Isoning sidqidildan qilgan ibodatlaridan Yahova haqida nimani bilib olyapmiz?
17 Yahova iltijolarimizni eshitadi. U Isoning sidqidildan qilgan ibodatlarini eshitgan. Nima uchun? Boisi, Iso birinchi navbatda Otasiga sodiq bo‘lib qolish va Uning ismini ulug‘lash haqida o‘ylagan. Biz uchun ham Yahovaga sodiq bo‘lib qolish va Uning ismini ulug‘lash muhim bo‘lsa, yordam so‘rab qilgan ibodatlarimizga U javob beradi. (Zab. 145:18, 19)
18. Iso qaysi yo‘llar orqali mehribon va tushunadigan do‘st bo‘lganini ko‘rsatgan?
18 Iso his-tuyg‘ularimizni tushunadi. Tushkunlikka tushganimizda, bizga tasalli beradigan va hamdard bo‘la oladigan do‘stimiz yonimizda bo‘lishini xohlaymiz. Ayniqsa, u biznikiga o‘xshagan qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazgan bo‘lsa, ayni muddao bo‘ladi. Isoni shunday do‘stlar qatoriga qo‘shsak bo‘ladi. U zaiflik va yordamga muhtoj bo‘lish nima ekanini yaxshi tushunadi. U nomukammal ekanimizni tushunadi va yordamga muhtoj bo‘lganimizda, uni o‘z vaqtida olishimizga g‘amxo‘rlik qiladi. (Ibron. 4:15, 16) Getsemaniya bog‘ida Iso farishtadan yordamni qabul qilganiday, biz ham Yahova turli yo‘llar, masalan, adabiyot, video, nutq, daldali tashrif yoki ma’nan yetuk do‘stimiz orqali bergan yordamni bajonidil qabul qilishimiz kerak.
19. Xudoga bo‘lgan sadoqatimiz sinaladigan og‘ir vaziyatda qay yo‘sin kuchga to‘la olamiz? Misol keltiring.
19 Yahova sizga O‘z «tinchligini» beradi. Xo‘sh, qay yo‘sin Xudo sizni mustahkamlaydi? Ibodat qilganingizda, «har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligiga» ega bo‘lasiz. Yahovaning tinchligi tufayli qalbingizda xotirjamlikni his etasiz va teran fikr yurita olasiz. (Filip. 4:6, 7) Luz ismli opamiz mazkur so‘zlar chin ekaniga amin bo‘ldi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Men yolg‘izlik tuyg‘usi bilan kurashaman. Ba’zida bu tufayli Yahova meni sevmaydi, deb o‘ylayman. Shunda Unga ibodat qilib darrov his-tuyg‘ularimni aytaman. Ibodat tufayli tuyg‘ularimni nazorat qila olaman». Opamizning misolidan shuni ko‘ryapmizki, ibodat yordamida xotirjamlikka ega bo‘la olamiz.
20. Isoning ko‘z yosh to‘kkanidan qanday saboqlar oldik?
20 Isoning ko‘z yosh to‘kkanidan tasalli baxsh etadigan va amaliy saboqlar oldik. Yaqini hayotdan ko‘z yumgan do‘stlarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz va Yahova hamda Iso bizga yordam berishiga ishonishimiz kerakligini esladik. Ular rahm shafqat fazilatini namoyon etyapti. Shuning uchun, biz ham rahmdil bo‘lib va’z qilamiz va ta’lim beramiz. Yahova hamda Uning aziz O‘g‘li tuyg‘ularimizni va zaifliklarimizni tushunadi. Ular sabr-bardoshli bo‘lishimizga yordam berishni istaydi. Bu bizga tasalli baxsh etyapti. Yahova ko‘zimizdagi «har qanday yoshni artib olishga» va’da qilyapti. Keling, bu kun kelguniga qadar bilib olganlarimizga amal qilaylik. (Vah. 21:4)
120-QO‘SHIQ Isoning muloyimligiga taqlid qiling
^ 5- x.b. Muqaddas Kitobga ko‘ra, Iso ba’zida yig‘lagan. Mazkur maqolada Iso uchta vaziyatda yig‘laganini va bundan qanday saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.
^ 1- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.
^ 5- x.b. Yuhanno 11:2 dagi izohga qarang.
^ 6- x.b. «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasining «Iisus Xristos», «Glubokie chuvstva i teplota» sarlavhasi ostidagi 2- xatboshiga qarang.
^ 12- x.b. Matto 22:39 dagi yunonchadan tarjima qilingan «yaqiningiz» so‘zi bir-biriga yaqin yashaydigan odamlardan ko‘ra ko‘proq ma’noni anglatadi. Bu so‘z inson duch keladigan har qanday kishiga nisbatan ishlatilishi mumkin.
^ 59- x.b. RASMLARGA SHARH. Iso Maryam bilan Martaga tasalli beryapti. Biz ham yaqini hayotdan ko‘z yumgan insonlarga tasalli bersak bo‘ladi.
^ 61- x.b. RASMLARGA SHARH. Iso tunda Nikodimga ta’lim beryapti. Biz ham odam uchun qulay bo‘lgan vaqtda Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishimiz kerak.
^ 63- x.b. RASMLARGA SHARH. Iso Yahovaga sadoqatli qolish uchun kuch so‘rab ibodat qilyapti. Biz ham sinovga duch kelganimizda shunday qilishimiz lozim.