2-TADQIQ MAQOLASI
Isoning ukasidan o‘rganing
Allohning hamda Hazratimiz Iso Masihning quli... Yoqub. YOQB. 1:1
88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni
BU MAQOLADA *
1. Yoqubning oilasini qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?
YOQUB Isoning ukasi bo‘lgan va xudojo‘y oilada ulg‘aygan. Uning ota-onasi Yusuf va Maryam Yahovani qattiq sevgan va Unga xizmat qilish uchun jon kuydirgan. Yoqub yana bir ajoyib barakaga ega edi. Uning akasi va’da qilingan Masih bo‘lgan. Ha, bunday oilaning a’zosi bo‘lish Yoqub uchun katta baraka edi.
2. Yoqub akasining qaysi tomonlarini kuzatgan bo‘lishi mumkin?
2 Yoqubda akasidan o‘rnak olish uchun ko‘p sabablar bo‘lgan. (Mat. 13:55) Masalan, Iso 12 yoshda bo‘lganida, Quddusdagi o‘qimishli muallimlarni lol qoldirgan. (Luqo 2:46, 47) Yoqub u bilan duradgorlik ishini bajargan bo‘lishi mumkin. Shunda, u akasini juda yaxshi bilib olgandir. Neytan Norr birodarimiz tez-tez shunday deb aytardi: «Biron kishi bilan birga ishlasangiz, uni yaxshi bilib olasiz» *. Yoqub Iso o‘sib-ulg‘ayganini va borgan sayin donoligi oshganini hamda «Tangrining va odamlarning nazarida iltifotga sazovor bo‘lganini» ko‘rgandir. (Luqo 2:52) Shuning uchun, u Isoning ilk shogirdlaridan biri bo‘lgandir, deb o‘ylarmiz. Ammo bu unday emas.
3. Iso xizmatini boshlaganida, Yoqub bunga qanday munosabatda bo‘lgan?
3 Iso yer yuzida xizmat qilganida, Yoqub uning shogirdi bo‘lmagan. (Yuhan. 7:3–5) Aksincha, u Isoni «aqldan ozibdi» degan qarindoshlaridan biri bo‘lgandir. (Mark 3:21) Iso azob ustunida o‘layotganida, Yoqub onasi Maryamning yonida bo‘lgani haqida hech bir manbada aytilmagan. (Yuhan. 19:25–27)
4. Ushbu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?
4 Keyinchalik Yoqub Isoga ishongan va masihiylar jamoatida hurmat qozongan oqsoqollardan biri bo‘lgan. Ushbu maqolada quyidagi ikkita sohada Yoqubdan qanday saboq olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz: «1) Nega kamtarin bo‘lib qolishimiz kerak? 2) Qay yo‘sin samarali ta’lim bera olamiz?»
YOQUB KABI KAMTARIN BO‘LIB QOLING
5. Yoqub Isoni tirilganidan keyin ko‘rgach, nimalar qildi?
5 Yoqub qachondan boshlab Isoning sodiq izdoshi bo‘ldi? Iso tirilganidan keyin «Yoqubga, so‘ng esa havoriylarning bariga ko‘rindi». (1 Kor. 15:7) Iso bilan ko‘rishgach, Yoqub uning shogirdlaridan biri bo‘ldi. Havoriylar Quddusda bir uyning boloxonasida muqaddas ruhga to‘lganda, Yoqub ham u yerda edi. (Havor. 1:13, 14) Keyinroq u birinchi asrdagi yetakchi kengash a’zosi bo‘ldi. (Havor. 15:6, 13–22; Galat. 2:9) Mil. 62-yildan oldin Yoqub moylangan masihiylarga ilohiy ilhom ostida maktub yozgandi. Osmonda yoki yerda yashash umidiga egamizmi, bu maktub barchamizga foydali. (Yoqb. 1:1) Birinchi asrdagi tarixchi Iosif Flaviyning so‘zlariga binoan, Yoqub yahudiy oliy ruhoniy Hananiyaning Hanan ismli o‘g‘lining buyrug‘i bilan qatl etildi. U yer yuzidagi hayotining oxirigacha Yahovaga sodiq bo‘lib qoldi.
6. Yoqub va din rahbarlari o‘rtasida qanday farq bo‘lgan?
6 Yoqub kamtarin bo‘lgan. Nega bunday deya olamiz? Yoqub va ko‘p din rahbarlari Isoga qanday munosabatda bo‘lgani o‘rtasidagi farqqa diqqat qarating. U Iso Xudoning O‘g‘li ekanini isbotlovchi dalilni ko‘rganda, buni kamtarlik ila qabul qilgan. Lekin Quddusdagi oliy ruhoniylar bunday yo‘l tutmagan. Masalan, ular Iso Lazarni tiriltirganini tan olmagan. Ular Isoni Yahovaning vakili sifatida tan olishning o‘rniga, uni va Lazarni o‘ldirishga harakat qilgan. (Yuhan. 11:53; 12:9–11) Keyinchalik esa Iso tirilganida, ular bu haqiqatni odamlardan yashirishga uringan. (Mat. 28:11–15) Mag‘rurlik tufayli o‘sha din rahbarlari Masihni rad etgan.
7. Nima uchu mag‘rurlikdan qochishimiz kerak?
7 Biz qanday saboq olyapmiz? Mag‘rurlikdan qochib, Yahovadan o‘rganishga tayyor bo‘ling. Biron kasallik dastidan odamning yuragi noto‘g‘ri ishlagani kabi, mag‘rurlik ramziy qalbimizni jarohatlashi va Yahovaning yo‘l-yo‘riqlariga amal qilmasligimizga sabab bo‘lishi mumkin. Farziylar bilan aynan shunday bo‘ldi. Mag‘rurlik tufayli ular Isoda Xudoning ruhi borligini va u Xudoning O‘g‘li ekanini aniq ko‘rsa-da, buni tan olishni istamadi. (Yuhan. 12:37–40) Farziylarning mag‘rurligi yaxshilikka olib kelmadi. Ular abadiy hayotdan mahrum bo‘ldi. (Mat. 23:13, 33) Ha, Xudoning Kalomi bizni shakllantirishiga va muqaddas ruh fikrlash tarzimiz-u qarorlarimizga ta’sir qilishiga doim yo‘l qo‘yishimiz muhim. (Yoqb. 3:17) Yoqub kamtarin bo‘lgani uchun Yahovadan o‘rganishga tayyor edi. Qolaversa, u kamtarinligi tufayli yaxshi ta’lim bera olgandi. Hozir buni ko‘rib chiqamiz.
YOQUB KABI SAMARALI TA’LIM BERING
8. Yaxshi ta’lim berishimizga nima yordam beradi?
8 Yoqub maxsus ta’lim olmagan. Din rahbarlari uni havoriy Butrus va Yuhanno kabi «o‘qimagan va oddiy odam» deb bilgandir. (Havor. 4:13) Biroq Yoqub yaxshi ta’lim berishga o‘rgangan. Bunga Xudoning Kalomidagi u yozgan kitobni o‘qiganimizda, amin bo‘lishimiz mumkin. Ehtimol, Yoqubga o‘xshab biz ham oliy ma’lumotli emasdirmiz. Ammo muqaddas ruh va tashkilotimiz tomonidan olayotgan bilimlarimiz yordamida biz ham yaxshi ta’lim bera olamiz. Keling, Yoqub qay yo‘sin ta’lim berganiga va bundan qanday saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik.
9. Yoqub qay yo‘sin ta’lim bergan?
9 Yoqub oddiy so‘zlardan foydalanib, fikrlarni sodda qilib tushuntirgan. Natijada, uni tinglaganlar nima qilish va buni qanday bajarish kerakligini bilgan. Misol uchun, Yoqub masihiylar adolatsizlikni qahr-g‘azab bilan emas, balki sabr-bardosh bilan yengishi kerakligini quyidagi oddiy yo‘l orqali tushuntirgan: «Sabr-bardosh qilganlarni biz baxtiyor deb ataymiz. Sizlar Ayub payg‘ambarning bardoshi haqida eshitib, oqibatda Yahova unga qanday baraka berganini ko‘rgansizlar. Zero Yahova mehr-shafqatli, rahmdil Xudo». (Yoqb. 5:11) E’tibor bergan bo‘lsangiz, Yoqub Muqaddas Yozuvlarga asoslanib ta’lim bergan. U Xudoning Kalomidan foydalanib, tinglovchilariga Yahova Ayub kabi sodiq xizmatchilarini doim mukofotlashini tushunishga ko‘maklashgan. Yoqub fikrlarni sodda, shu bilan birga mantiqan to‘g‘ri tushuntirgan. Bu orqali u boshqalarning diqqatini o‘ziga emas, Yahovaga qaratgan.
10. Ta’lim berishda Yoqubga taqlid qilishning yo‘llaridan biri qanday?
10 Biz qanday saboq olyapmiz? Xushxabarni sodda tarzda yetkazing va Xudoning Kalomi asosida ta’lim bering. Maqsadimiz boshqalarni qanchalik ko‘p bilishimiz bilan hayron qoldirish bo‘lmasligi kerak. Aksincha, Yahova qanchalik ko‘p bilishini va ularga g‘amxo‘rlik qilishini ko‘rsatish bo‘lishi lozim. (Rim. 11:33) Ta’lim berganda, gaplarimizni Muqaddas Yozuvlarga asoslasak, bu maqsadga erisha olamiz. Masalan, tadqiq o‘tuvchilarga siz unday yoki bunday qilishingiz kerak, deb aytishning o‘rniga, ularga Muqaddas Kitobdagi misollar ustida mulohaza yuritishga va Yahovaning fikrlari-yu tuyg‘ularini tushunishga yordam berishimiz kerak. Shunda, ular bizni emas, Yahovani mamnun qilishni istaydi.
11. Yoqubning paytida ba’zi masihiylar qaysi muammolarga duch kelgan va u ularga qanday maslahat bergan? (Yoqub 5:13–15)
11 Yoqub imondoshlari qanday qiyinchiliklarga duch kelganini tushungan. Buni uning maktubidan ko‘rsak bo‘ladi. U imondoshlarining qiyinchiliklaridan xabardor bo‘lgan va ularni qanday yengish borasida yo‘l-yo‘riqlar bergan. Masalan, ba’zi masihiylar maslahatlarni amalda qo‘llashni paysalga solgan. (Yoqb. 1:22) Ayrimlar boylarga o‘zgacha munosabat ko‘rsatgan. (Yoqb. 2:1–3) Boshqalar esa tilini nazorat qilishga qiynalgan. (Yoqb. 3:8–10) O‘sha masihiylar jiddiy muammolarga duch kelgan, ammo Yoqub ularning o‘zgarishiga ishongan. U ularga mehr ila, lekin to‘g‘ridan-to‘g‘ri maslahat bergan va ma’nan kasal bo‘lgan masihiylarni oqsoqollardan yordam so‘rashga undagan. (Yoqub 5:13–15 ni o‘qing.)
12. Kalomni o‘rganayotganlarga yordam berayotib, qay yo‘sin ijobiy nuqtai nazarni saqlay olamiz?
12 Biz qanday saboq olyapmiz? Boshqalar duch kelayotgan qiyinchiliklarni tushuning va ularga nisbatan ijobiy nuqtai nazarni saqlang. Muqaddas Kitobni o‘rganayotganlarning ko‘pi uchun undagi maslahatlarga amal qilish oson bo‘lmasligi mumkin. (Yoqb. 4:1–4) Yomon odatlarini ildizi bilan qo‘porib tashlash va masihiylarga xos fazilatlarni rivojlantirish uchun ularga vaqt kerak bo‘lar. Yoqubga taqlid qilgan holda, Kalomni o‘rganayotganlarga hayotining qaysi sohasida yaxshilanishi kerakligini aytish uchun jasoratli bo‘lishimiz lozim. Shuningdek, ijobiy nuqtai nazarni saqlashimiz darkor. Yahova samimiy insonlarni O‘ziga jalb qilishiga va hayotiga o‘zgarish kiritishi uchun ularga kuch berishiga ishonishimiz kerak. (Yoqb. 4:10)
13. Yoqub nimani tan olgan? (Yoqub 3:2)
13 Yoqub doim o‘ziga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lgan. U kelib chiqishi yoki xizmatdagi sharafli vazifalari uni birodar-u opa-singillaridan ajratib turadi yoki ustun qiladi, deb o‘ylamagan. U imondoshlariga «aziz birodarlarim» deb murojaat qilgan. (Yoqb. 1:16, 19; 2:5) Qolaversa, Yoqub boshqalarda go‘yo u mukammalday taassurot qoldirishga intilmagan. Aksincha: «Barchamiz tez-tez xato qilib turamiz»,— deganda, o‘zini ham nazarda tutgan. (Yoqub 3:2 ni o‘qing.)
14. Nega xatolar qilib turishimizni tan olishimiz kerak?
14 Biz qanday saboq olyapmiz? Barchamiz gunohkor ekanimizni yodda tuting. Biz ta’lim berayotgan insonlardan qaysidir jihatdan ustunroqmiz, deb o‘ylamasligimiz kerak. Nega? Tadqiq o‘tuvchi biz haqimizda hech qachon xato qilmaydi deb o‘ylasa, tushkunlikka tushishi mumkin. U Xudoga mukammal tarzda bo‘ysuna olmayman degan fikrga borishi hech gap emas. Lekin biz uchun Muqaddas Yozuvlardagi prinsiplarga amal qilish doim ham oson emasligini rostgo‘ylik ila tan olishimiz kerak. Shuningdek, Yahova ularni yengishimizga qanday yordam berayotganini aytsak, tadqiq o‘tuvchi ham Unga xizmat qilishi mumkin degan xulosaga keladi.
15. Yoqub keltirgan misollarni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz? (Yoqub 3:2–6, 10–12)
15 Yoqub qalbni zabt etadigan misollardan foydalangan. Shubhasizki, unga muqaddas ruh yordam bergan. Lekin shu bilan birga, u akasi Iso keltirgan misollarni o‘rganish orqali qay yo‘sin ta’lim berish borasida ko‘p narsani bilib olgan. Yoqub maktubida keltirgan misollar sodda ekani va ularni amalda qanday qo‘llash kerakligi yaqqol ko‘rinib turadi. (Yoqub 3:2–6, 10–12 ni o‘qing.)
16. Nega samarali misollardan foydalanishimiz kerak?
16 Biz qanday saboq olyapmiz? Samarali misollardan foydalaning. O‘rinli misollarni qo‘llaganda, tinglovchilaringiz nafaqat sizni eshitadi, balki aytayotgan fikrlar ularning ko‘z oldida gavdalanadi. Bu bilan odamlarning xayolida rasm chizganday bo‘lasiz. Bunday rasmlar orqali esa boshqalarga Muqaddas Kitobdagi muhim haqiqatlarni yodda saqlashga yordam berasiz. Iso samarali misollardan foydalanishda mahoratli bo‘lgan. Yoqub esa unga taqlid qilgan. Keling, uning misollaridan birini ko‘rib chiqib, uni nega samarali deb ayta olishimizga diqqat qarataylik.
17. Nima uchun Yoqub 1:22–25 dagi misol juda samarali?
17 Yoqub 1:22–25 ni o‘qing. Yoqubning ko‘zgu haqidagi misoli juda samarali. U muayyan fikrni yetkazmoqchi edi, ya’ni Xudoning Kalomidan foyda olish uchun uni shunchaki o‘qish yetarli emas. Bilib olganlarimizni qo‘llashimiz ham kerak. Yoqub tinglovchilari darrov ilg‘ab olishi mumkin bo‘lgan misol keltirgan. U ko‘zguda yuzini ko‘rgan odam haqida aytgan. Bu misoldan nimani bilib olyapmiz? Agar kimdir ko‘zguga qaraganda, biron kamchiligini ko‘rib qolsa va hech narsa qilmasa, nodonlik bo‘ladi. Shu kabi, Xudoning Kalomini o‘qiganimizda, biron kamchiligimizni o‘zgartirish kerakligini payqasak va hech qanday chora ko‘rmasak, nodonlik bo‘ladi.
18. Biron misol keltirganda, qaysi uchta qadamni qo‘yishimiz kerak?
18 Misollardan foydalanganingizda quyidagi uchta qadamni qo‘yib, Yoqubga taqlid qila olasiz: «1) Tanlagan misolingiz muhokama qilinayotgan mavzuga mos kelsin. 2) Siz keltirgan misol tushunishga oson bo‘lsin. 3) Misolni nega qo‘llayotganingiz aniq ko‘rinsin». Mos keladigan misolni topishga qiynalsangiz, ko‘p tillarda chiqqan «Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati nashrlarining ko‘rsatkichi»dan foydalanishingiz mumkin. U yerda «Misollar» sarlavhasi ostida sizga qo‘l keladigan ko‘plab misollarni topa olasiz. Unutmang, misollar mikrofonga o‘xshaydi. Ular yordamida yetkazmoqchi bo‘lgan asosiy fikrlaringiz yanada ta’sirli chiqadi. Shu bois, muhim fikrlarni yetkazish uchun misollardan foydalaning. Albatta, ta’lim berish qobiliyatimizni yaxshilashni istaymiz. Lekin buni o‘zimizga e’tibor qaratish emas, balki iloji boricha ko‘proq odamlarga Yahovaning baxtli oila a’zosi bo‘lishga yordam berish uchun qilamiz.
19. Imondoshlarimizni qadrlashimizni qanday ko‘rsata olamiz?
19 Mukammal aka bilan katta bo‘lish sharafiga ega emasmiz, ammo Yahovaga umumjahon oilamiz, ya’ni birodar-u opa-singillarimiz bilan xizmat qilish sharafiga egamiz. Imondoshlarimizni sevishimizni ular bilan birga vaqt o‘tkazish, ulardan nimanidir o‘rganish va va’zgo‘ylik hamda ta’lim berish ishida yelkama-yelka sadoqat ila xizmat qilish orqali ko‘rsatamiz. Nuqtai nazarimizda, yurish-turishimizda va ta’lim berishda Yoqubga taqlid qilsak, Yahovaga sharaf keltiramiz. Shuningdek, bu orqali samimiy insonlarga sevuvchi samoviy Otamizga yaqinlashishga yordam beramiz.
114-QO‘SHIQ «Sabr-toqat qiling»
^ 5- x.b. Yoqub Iso bilan birga bitta oilada ulg‘aygan. U Xudoning mukammal O‘g‘lini o‘sha paytdagi ko‘pchilikka qaraganda yaxshiroq bilgan. Bu maqolada uning hayotidan qanday saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz. Shuningdek, u birinchi asrdagi masihiylar jamoatining ustuni bo‘lganidan keyin o‘rgatgan narsalaridan nimalarni bilib olishimiz mumkinligini muhokama qilamiz.
^ 2- x.b. Neytan Norr Yetakchi kengash a’zosi edi. Uning yer yuzidagi hayoti 1977-yili tugagan.
^ 60- x.b. RASMLARGA SHARH. Yoqub olov misolida tildan noto‘g‘ri foydalanish xavfli bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan. Bu juda yaxshi misol, chunki har bir kishi kichik bir olov xavfli ekanini bilgan.