Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1-TADQIQ MAQOLASI

«Yahovani izlaydiganlar yaxshilikdan quruq qolmaydi»

«Yahovani izlaydiganlar yaxshilikdan quruq qolmaydi»

2022-YILNING OYATI: Yahovani izlaydiganlar yaxshilikdan quruq qolmaydi. ZAB. 34:10

4-QO‘SHIQ «Yahova mening Cho‘ponimdir»

BU MAQOLADA *

Dovud hatto qiyin paytlarda o‘zini «yaxshilikdan quruq qolganday» his qilmagan (1–3-xatboshilariga qarang.) *

1. Dovud qanday vaziyatga tushib qolgan?

 BIR kishi Dovudni o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Bu Isroilning qudratli shohi Shoul edi. Dovudga oziq-ovqat kerak bo‘lgani uchun u Nav shahriga borib, Oximalekdan bor-yo‘g‘i beshta non so‘ragan. (1 Shoh. 21:1, 3) Keyinchalik u odamlari bilan g‘orda panoh joy topgan. (1 Shoh. 22:1) Qiziq, nega Dovud bunday vaziyatga tushib qolgan?

2. Qay yo‘sin shoh Shoul o‘ziga choh qazigan? (1 Shohlar 23:16, 17)

2 Dovud mashhur bo‘lgan va ko‘p harbiy yurishlarda muvaffaqiyat qozongan. Shu sababli, Shoul unga hasad qilgan. Qolaversa, Shoul itoatsizligi tufayli Yahova uni shoh sifatida rad etganini va uning o‘rniga taxtga Dovudni o‘tqazishini bilgan. (1 Shohlar 23:16, 17 ni o‘qing.) Lekin Isroilning shohi sifatida Shoul ulkan qo‘shinga va ko‘pgina tarafdorlarga ega bo‘lgan. Shu bois, Dovud tirik qolish uchun undan qochishiga to‘g‘ri kelgan. Qiziq, Shoul Xudoga to‘sqinlik qilib, Dovudni shoh qilishdan to‘xtataman, deb o‘ylaganmi? (Ishayo 55:11) Muqaddas Kitobda bu haqida aytilmagan. Lekin ishonchimiz komilki, Shoul o‘ziga choh qazigan. Xudoga qarshi chiqqanlarning bari doim mag‘lubiyatga uchraydi!

3. Dovud og‘ir vaziyatda bo‘lishiga qaramay, nimalarni his qilgan?

3 Dovud kamtarin edi. U Isroilning shohi bo‘lishni tanlamadi. Yahovaning O‘zi unga bu vazifani topshirdi. (1 Shoh. 16:1, 12, 13) Shoul esa Dovudga ashaddiy dushmandek qaray boshladi. Lekin Dovud xavf ostida bo‘lgani uchun Yahovani ayblamadi yoki oziq-ovqat yetishmaganidan va g‘orda boshpana topishiga to‘g‘ri kelganidan nolimadi. Aksincha, aynan qochib yurganida, u go‘zal hamd-u sanoni yozgan bo‘lishi mumkin. Ochqich oyatdagi quyidagi so‘zlar o‘sha hamd-u sanodan olingan: «Yahovani izlaydiganlar yaxshilikdan quruq qolmaydi». (Zab. 34:10)

4. Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz va nega ular muhim?

4 Yahovaning ko‘pgina xizmatchilarida ba’zida oziq-ovqat yoki yashash uchun kerakli narsalar yetishmaydi *. Bu ayniqsa hozirgi pandemiyada yuz beryapti. «Buyuk musibat» yaqinlashgani sayin bunday qiyinchiliklar ko‘payib boradi. (Mat. 24:21) Buni yodda tutgan holda, keling, quyidagi to‘rtta savolni ko‘rib chiqaylik: «Qaysi ma’noda Dovud yaxshilikdan quruq qolmagan? Nima uchun qanoat qilishga o‘rganishimiz kerak? Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilishiga nega amin bo‘lishimiz darkor? Kelajakka qanday tayyorlana olamiz?»

«HECH NARSADA MUHTOJLIK KO‘RMAYMAN»

5, 6. Qay yo‘sin Zabur 23:1–6 yordamida Xudoning xizmatchisi «yaxshilikdan quruq qolmaydi» degan so‘zlarni tushuna olamiz?

5 Dovud Yahovaning xizmatchilari hech narsada muhtojlik ko‘rmasligini aytganida, nimani nazarda tutgan? Zaburning 23- sanosida shunga o‘xshash so‘zlar keltirilgan. Uni ko‘rib chiqish bu savolning javobini topishga yordam beradi. (Zabur 23:1–6 ni o‘qing.) Dovud bu sanoni quyidagi so‘zlar bilan boshlagan: «Yahova mening Cho‘ponimdir. Hech narsada muhtojlik ko‘rmayman». Davomida Dovud cheksiz qadr-qimmatga ega narsalar — Yahovani Cho‘poni sifatida bilgani uchun olgan ma’naviy barakalari haqida aytib o‘tgan. Yahova uni «adolat so‘qmoqlari bo‘ylab yetaklagan». Shuningdek, U Dovudni ham yaxshi, ham yomon kunida sadoqat ila qo‘llab-quvvatlagan. Dovud Yahovaning «yam-yashil yaylovlarida» ham muammolar bo‘lib turishini tushungan. Ba’zida u tushkunlikka tushgan bo‘lishi mumkin. Chunki u «tim qorong‘i vodiyda» yurganday edi va uning dushmanlari ham bo‘lgan. Lekin Dovud Yahova uning Cho‘poni bo‘lgani tufayli «xavf-xatardan» qo‘rqmagan.

6 Qaysi ma’noda Dovud «yaxshilikdan quruq qolmagan»? Hozir buning javobini topamiz. Ma’naviy til bilan aytganda, Dovudning kerakli barcha narsasi bo‘lgan. Uning quvonchi moddiy narsalar bilan bog‘liq bo‘lmagan. Aksincha, u Yahova nimaiki bersa, barchasiga qanoat qilgan. Dovud uchun eng muhimi Yahovaning barakasi va himoyasi bo‘lgan.

7. Yahudiyadagi ba’zi masihiylar qanday qiyinchiliklarga duch kelgan? (Luqo 21:20–24)

7 Dovudning so‘zlaridan moddiy narsalarga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishimiz muhim ekanini ko‘rsak bo‘ladi. Albatta biz ega bo‘lgan moddiy narsalardan zavq olamiz. Biroq ular hayotimizda birinchi o‘rinda bo‘lib qolmasligi lozim. Ushbu muhim haqiqatni birinchi asrda Yahudiyada yashagan masihiylar tushunishi kerak edi. (Luqo 21:20–24 ni o‘qing.) Iso ularni «harbiylar Quddus atrofida qarorgoh» quradigan vaqt kelishi haqida ogohlantirgan. Bu yuz berganida ulardan tog‘larga qochish kutilardi. Agar ular shaharni tark etsa omon qolardi. Lekin ko‘p narsasini ortda qoldirishi kerak edi. Bir necha yil oldin «Qo‘riqchi minorasi»da shunday deb yozilgan: «Ular dala, uy va hatto bor-budini tashlab ketgan. O‘sha masihiylar Yahova ularni himoya qilishiga va yordam berishiga ishongan. Ular Yahovaga bo‘lgan topinishni muhimday tuyulgan har qanday narsadan ustun qo‘ygan».

8. Birinchi asrda Yahudiyadagi masihiylar bilan yuz bergan voqeadan qanday saboq olyapmiz?

8 Birinchi asrda Yahudiyadagi masihiylar bilan yuz bergan voqeadan qanday saboq olyapmiz? O‘sha «Qo‘riqchi minorasi»da quyidagicha aytilgan: «Kelajakdagi sinovlar moddiy narsalarga nuqtai nazarimiz qanday ekanini ko‘rsatishi mumkin. Biz uchun moddiy narsalar birinchi o‘rindami yoki Xudoga sodiq qolib najotga erishishimiz muhimroqmi? Qochishimizga to‘g‘ri kelsa, muayyan qiyinchiliklarga duch kelishimiz va nimanidir yo‘qotishimiz hech gap emas. Birinchi asrda Yahudiyadagi masihiylar qochgani kabi biz ham kerak bo‘lsa, barchasidan voz kechishga tayyormizmi?» *

9. Qanday qilib Pavlusning ibroniylarga bergan maslahati sizga dalda beryapti?

9 Ushbu masihiylar uchun hammasini tashlab ketish va boshqa joyda yangi hayotni boshlash qanchalik qiyin bo‘lganini bir tasavvur qiling. Ular Yahova asosiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishiga ishonishi kerak edi. Biroq ular yordamsiz qoldirilmagandi. Rimliklar Quddusni qurshab olganidan besh yil avval havoriy Pavlus ibroniylarga quyidagi ba’zi maslahatlarni bergan: «Pulparastlikdan xoli kun kechiringlar. Boriga shukur qilinglar, chunki Xudoning O‘zi: “Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman”,— degan. Shu sababli, biz jasoratga to‘lib, shunday deyapmiz: “Yahova mening yordamchim, men qo‘rqmayman. Inson menga nima ham qila olardi?!”» (Ibron. 13:5, 6) Shubhasizki, Pavlusning maslahatiga amal qilganlar uchun sodda hayotga moslashish osonroq edi. Ular Yahova asosiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishiga amin edi. Pavlusning so‘zlari biz ham bunday ishonchga ega bo‘lishimiz mumkinligi ko‘rsatyapti.

«SHULAR BILAN QANOAT QILAYLIK»

10. Pavlusning «siri» nima edi?

10 Pavlus Timo‘tiyga shunga o‘xshash maslahat bergan. U bizga ham tegishli. Pavlus: «Xullas, yegulik, kiyim va boshpanamiz bo‘lsa, shular bilan qanoat qilaylik»,— deb aytgan. (1 Tim. 6:8) Xo‘sh, bu mazali ovqat yeyish, chiroyli uyda yashash yoki vaqti-vaqti bilan kiyim-kechak sotib olish noto‘g‘ri deganimi? Pavlus buni nazarda tutmagan. U o‘zimizda nimaiki bo‘lsa, shular bilan qanoat qilishimiz kerakligini aytmoqchi bo‘lgan. (Filip. 4:12) Bu Pavlusning «siri» edi. Axir moddiy narsalarimiz emas, balki Xudo bilan munosabatlarimiz eng qimmatbaho boyligimizdir. (Xab. 3:17, 18)

Isroilliklar sahroda 40-yil davomida «yaxshilikdan quruq qolmagan». Hozir o‘zimizda boriga qanoat qilyapmizmi? (11-xatboshiga qarang.) *

11. Muso Isroil xalqiga aytgan so‘zlaridan qanoat qilish borasida qanday saboq olyapmiz?

11 Kerakli narsalar borasidagi nuqtai nazarimiz Yahovanikidan farq qilishi mumkin. Muso payg‘ambar Isroil xalqi sahroda 40-yil kezib yurganidan so‘ng shunday degan: «Tangringiz Yahova qilgan barcha ishlaringizga baraka berdi. Ulkan sahro bo‘ylab yurganingizda U sizlarni kuzatib turdi. Mana shu 40-yil mobaynida Xudoyingiz Yahova sizlar bilan birga bo‘ldi va sizlar hech narsaga muhtoj emas edingiz». (Qonun. 2:7) O‘sha 40-yil davomida Yahova isroilliklarga yeyish uchun manna bergan. Ularning kiyimi Misrdan chiqqanidan beri yirtilib ketmagan. (Qonun. 8:3, 4) Ba’zilar uchun bu yetarli bo‘lmagandir. Ammo Muso isroilliklar kerakli barcha narsalarga ega ekanini ularga eslatgan. Biz ham qanoat qilishni o‘rgansak, Yahovani mamnun qilamiz. Yahova bizga berayotgan hatto kichik narsalar uchun minnatdor bo‘lishimizni va ularni Uning sovg‘asi, deb bilishimizni xohlaydi.

YAHOVA SIZGA G‘AMXO‘RLIK QILISHIGA ISHONING

12. Dovud o‘ziga emas, Yahovaga tayanganini qayerdan bilamiz?

12 Dovud Yahova sodiq ekanini va Uni yaxshi ko‘radigan insonlarga g‘amxo‘rlik qilishini bilgan. U Zaburning 34- sanosini yozganida hayoti xavf ostida bo‘lgan. Shunga qaramay, imon ko‘zlari bilan «Yahovaning farishtasi uning atrofida qarorgoh qurishini» ko‘rgan. (Zab. 34:7) Ehtimol, Dovud Yahovaning farishtasini dushmanning hujumidan ogoh bo‘lib turadigan askarga o‘xshatgandir. Jasoratli askar va Yahova u shoh bo‘lishini va’da qilgan bo‘lsa ham dushmanni palaxmon yoki qilichdan foydalanib yengaman, deb o‘ylamagan. (1 Shoh. 16:13; 24:12) Dovud Xudoga tayanib, Uning farishtasi «Undan qo‘rqadigan» insonlarni qutqarishiga to‘liq amin edi. Albatta, hozirgi kunda Xudo bizni mo‘jizaviy tarzda himoya qilishini kutmaymiz. Lekin Yahovaga tayangan inson abadulabad azob chekmasligini bilamiz.

Buyuk musibatda Mago‘g yurtidagi Go‘g uylarimizga hujum qilishga harakat qilar. Ammo Iso Masih va farishtalar buni ko‘rib, bizni himoya qiladi (13-xatboshiga qarang.)

13. Mago‘g yurtidagi Go‘g hujum qilganida nega himoyasizday ko‘rinamiz, lekin qo‘rqmasligimiz uchun qanday asos bor? (Muqovadagi rasmga qarang.)

13 Yaqin kelajakda Yahova bizni himoya qilishiga bo‘lgan ishonchimiz sinaladi. Mago‘g yurtidagi Go‘g, ya’ni xalqlar ittifoqi Xudoning xalqiga hujum qilganida hayotimiz go‘yoki xavf ostida qolganday ko‘rinadi. Biroq Yahova bizni himoya qila olishiga va shunday ham qilishiga ishonchimiz komil bo‘lishi darkor. Biz xalqlarning nazarida hech kimi yo‘q himoyasiz qo‘ylarday bo‘lamiz. (Hiz. 38:10–12) Chunki jang qilishga o‘rganmaganmiz va qo‘limizga qurol olmaymiz. Xalqlar bizga tayyor o‘ljadek qaraydi. Sababi, ular Xudoning xalqi atrofida qarorgoh qurgan va bizni himoya qilishga tayyor farishtalarni ko‘ra olmaydi. Axir ular biz kabi imon ko‘zlari bilan qaramaydi. Samoviy qo‘shin biz uchun jang qilganida, ular esankirab qoladi. (Vah. 19:11, 14, 15)

KELAJAKKA HOZIRDAN TAYYORLANING

14. Qay yo‘sin kelajakka hozirdan tayyorgarlik ko‘ra olamiz?

14 Xo‘sh, qay yo‘sin kelajakka hozirdan tayyorlana olamiz? Avvalo moddiy narsalarga to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishni o‘rganishimiz kerak. Bir kun kelib, ulardan voz kechishimizga to‘g‘ri kelishini tushunamiz. Biz boriga shukur qilishimiz va Yahova bilan munosabatlarga ega ekanimizdan ulkan quvonch topishimiz lozim. Xudoyimizni yaxshiroq bilganimiz sayin Mago‘g yurtidagi Go‘g hujum qilganida, U bizni himoya qila olishiga bo‘lgan ishonchimiz oshadi.

15. Dovud bilan yoshligida yuz bergan qaysi voqealar Yahova unga yordam berishiga ishontirgan?

15 Dovudga yana nima yordam berganini va bu sinovlarga tayyorlanishimizga qanday qo‘l kelishini ko‘rib chiqaylik. Dovud shunday degan: «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan, Unda panoh topgan inson baxtlidir». (Zab. 34:8) Bu so‘zlardan nega Dovud Yahovaning ko‘magiga ishonganini bilib olyapmiz. Dovud ko‘pincha Yahovaga tayangan. Yahova uni hech qachon tashlab qo‘ymagan. U yosh bo‘lganida bahaybat, qudratli filistimlik jangchi Go‘liyotga qarshi chiqib: «Bugunning o‘zida Yahova seni qo‘limga topshiradi»,— deb aytgan. (1 Shoh. 17:46) Keyinchalik shoh Dovud Shoulga xizmat qilganida, Shoul uni ko‘p marta o‘ldirmoqchi bo‘lgan. Ammo «Yahova Dovud bilan birga bo‘lgan». (1 Shoh. 18:12) Dovud oldinlari Yahovaning yordamini his qilgani uchun keyinchalik ham U uni tashlab qo‘ymasligiga amin edi.

16. Qaysi yo‘llar orqali Yahova yaxshi ekanini «totib» ko‘ra olamiz?

16 Hozirdanoq qancha ko‘p Yahovaning yo‘l-yo‘riqlarini izlasak, kelajakda U bizni qutqarishiga bo‘lgan ishonchimiz shuncha ko‘p mustahkam bo‘ladi. Ba’zida anjumanlarga borish, yig‘ilishlarni qoldirmaslik va xizmatda ko‘proq ishtirok etish uchun boshlig‘imizdan ruxsat so‘rashimizga to‘g‘ri keladi. Deylik, boshlig‘ingiz iltimosingizni rad etdi va ishingizni yo‘qotdingiz. Shunda, Yahova sizni hecham tashlab ketmasligiga va asosiy ehtiyojlaringizga doim g‘amxo‘rlik qilishiga ishonasizmi? (Ibron. 13:5) To‘la vaqtli xizmatda ishtirok etayotgan imondoshlarimizning so‘zlaridan eng kerakli paytda Yahova ularga g‘amxo‘rlik qilganini ko‘rsak bo‘ladi. Darhaqiqat, Yahova sadoqatli Xudo.

17. 2022-yil uchun qaysi oyat tanlandi va nega bu o‘rinli?

17 Yahova biz tomonda ekan, oldinda bo‘ladigan voqealardan qo‘rqishimizga hojat yo‘q. Ma’naviy ishlarni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘yar ekanmiz, Yahova doim yonimizda bo‘ladi. Kelajakdagi og‘ir kunlarga hozirdanoq tayyorlanishimiz va Yahova bizni aslo tashlab qo‘ymasligiga ishonishimiz kerakligini eslatib turish niyatida Yetakchi kengash 2022-yil uchun yillik oyat sifatida Zabur 34:10 dagi so‘zlarni tanladi: «Yahovani izlaydiganlar yaxshilikdan quruq qolmaydi».

38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi

^ 5- x.b. 2022-yil uchun yillik oyat sifatida Zabur 34:10 dagi «Yahovani izlaydiganlar yaxshilikdan quruq qolmaydi» degan so‘zlar tanlandi. Yahovaning ko‘p sadoqatli xizmatchilari moddiy tarafdan kam narsaga ega. Unda qanaqasiga ular «yaxshilikdan quruq qolmaydi», deb ayta olamiz? Bundan tashqari, mazkur oyatni tushunish orqali oldinda bizni kutayotgan qiyin paytlarga qay yo‘sin tayyorlana olamiz?

^ 4- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2014-yil 15-sentabr sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.

^ 54- x.b. RASMLARGA SHARH. Dovud shoh Shouldan g‘orda yashiringanida ham, Yahova unga berayotgan narsalar uchun minnatdor edi.

^ 56- x.b. RASMLARGA SHARH. Isroilliklar Misrdan ketgach, Yahova ularga yeyish uchun manna bergan va kiyimlari yirtilmasligiga g‘amxo‘rlik qilgan.