Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

5-TADQIQ MAQOLASI

«Bizga turtki bergan kuch — Masihning sevgisi»

«Bizga turtki bergan kuch — Masihning sevgisi»

Bizga turtki bergan kuch — Masihning sevgisi... U hammani deb o‘ldi, toki tirik bo‘lganlar endi o‘zlari uchun emas, balki ularni deb o‘lib qayta tirilgan kishi uchun yashasinlar. (2 KOR. 5:14, 15)

13-QO‘SHIQ Masih biz uchun o‘rnakdir

BU MAQOLADA a

1, 2. a) Iso Masihning hayoti va xizmati borasida fikr yuritish bizda qanday tuyg‘ular uyg‘otadi? b) Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz?

 YAQIN insonimizdan ayrilganimizda uni rosa qo‘msaymiz. Boshida uning o‘limidan oldingi kunlarini, ayniqsa, u azob chekkan bo‘lsa, eslash og‘riq keltiradi. Vaqt o‘tgach esa uning aytganlari, qilgan ishlari, dalda bergani va hazillashganini eslaganimizda yuzimizga tabassum yuguradi.

2 Shunga o‘xshab, Iso Masihning azob chekkani va o‘limi to‘g‘risida o‘qish juda qayg‘uli. Qutlug‘ Kechlik mavsumi davomida biz ayniqsa uning qimmatbaho to‘lov qurbonligi ustida fikri yuritishga vaqt ajratamiz. (1 Kor. 11:24, 25) Lekin uning aytgan so‘zlari va qilgan ishlarini eslash juda yoqimli. Shuningdek, u hozir nimalar qilayotgani va kelajakda qanday ishlarni amalga oshirishi borasida mulohaza yuritamiz. Bunday qilish bizni minnatdorchilik ko‘rsatishga undaydi. Ushbu maqolada buni qanday qila olishimizni ko‘rib chiqamiz.

MINNATDORCHILIK ISOGA TINMAY ERGASHISHGA UNDAYDI

3. Nega to‘lov uchun minnatdormiz?

3 Isoning hayoti va o‘limi haqida o‘ylash bizni muayyan harakatlarga undaydi. U yer yuzida bo‘lganida Xudoning Shohligi amalga oshiradigan barakalar to‘g‘risida aytgan. Kalomdagi haqiqatlar uchun juda minnatdormiz. To‘lovni ham qadrlaymiz, chunki bu orqali Yahova hamda Iso bilan do‘stlasha olamiz. Unga ishonganlar abadiy yashashga va o‘lgan yaqinlarini yana ko‘rishga umid qiladi. (Yuhan. 5:28, 29; Rim. 6:23) Bu barakalarga sazovor bo‘lish uchun hech narsa qilmaganmiz va Xudo hamda Iso Masih biz uchun qilganlarini umrimizda qaytara olmaymiz. (Rim. 5:8, 20, 21) Biroq buning uchun chuqur minnatdorchiligimizni ko‘rsata olamiz. Qanday qilib?

Qay yo‘sin magdalalik Maryamning o‘rnagi sizni minnatdorchilik bildirishga undaydi? (4-, 5-xatboshilariga qarang.)

4. Qay yo‘sin magdalalik Maryam Isodan minnatdor ekanini ko‘rsatgan? (Rasmga qarang.)

4 Keling, Yahudiyadan bo‘lgan magdalalik Maryamning misoliga e’tibor qarataylik. Unga yettita jin azob berayotgani uchun ahvoli og‘ir edi. Maryam unga hech kim yordam bera olmaydi, deb o‘ylagandir. Iso uni jinlarning ta’siridan xalos qilganida, u qanchalik minnatdor bo‘lganini bir tasavvur qiling. Minnatdorchilik Maryamni Isoning shogirdi bo‘lishga hamda vaqtini, kuchini va mol-mulkini xizmat uchun sarflashga undagan. (Luqo 8:1–3) Garchi Maryam Iso unga yordam berganini qadrlagan bo‘lsa-da, keyinchalik u yana nimalar qilishini xayoliga ham keltirmagandir. Iso barcha odamlar uchun hayotini fido qilgan, «toki unga ishongan har bir kishi» abadiy hayotga ega bo‘lsin. (Yuhan. 3:16) Maryam Isoga sodiq qolib, minnatdorligini ko‘rsatgan. Iso azob ustunida bo‘lganida u o‘sha atrofda turib, unga va boshqalarga tasalli bergan. (Yuhan. 19:25) Qolaversa, Iso o‘lganidan keyin Maryam va boshqa ikkita ayol uning tanasi uchun xushbo‘y o‘tlarni sotib olishgan. (Mark 16:1, 2) Uning sadoqati mukofotlangan. U tirilgan Isoni ko‘rishdan va u bilan gaplashishdan judayam xursand bo‘lgan. Bu sharafga Isoning hamma shogirdlari ham muyassar bo‘lmagan. (Yuhan. 20:11–18)

5. Yahova hamda Isodan minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

5 Yahova hamda Isodan minnatdor ekanimizni vaqt, kuch va mablag‘imizni Shohlik ishiga sarflab ko‘rsata olamiz. Masalan, tashkilotimizning qurilish va ta’mirlash ishlarida qatnashishimiz mumkin.

YAHOVA VA ISOGA BO‘LGAN SEVGI BIZNI BOSHQALARNI SEVISHGA UNDAYDI

6. To‘lov nega shaxsan har birimiz uchun berilgan deb ayta olamiz?

6 Yahova hamda Iso bizni qattiq yaxshi ko‘rishini ko‘rib chiqish ularga bo‘lgan sevgimizni oshiradi. (1 Yuhan. 4:10, 19) Masalan, Iso Masih shaxsan har birimiz uchun jonini fido qilganini tushunish sevgimizni kuchaytiradi. Havoriy Pavlus buni tushungan va bu uchun minnatdorchilik bildirgan. U galatiyaliklarga yo‘llagan maktubida: «Meni sevgan va men uchun o‘zini fido qilgan Xudoning O‘g‘liga bo‘lgan imon bilan yashayapman»,— deb yozgan. (Galat. 2:20) To‘lov qurbonligi asosida Yahova bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘la olasiz. (Yuhan. 6:44) Xudo qalbingizda yaxshi narsani ko‘rganini va Uning do‘sti bo‘lishingiz uchun eng qimmatbaho to‘lovni berganini bilish qalbingizni quvonchga to‘ldiryaptimi? Bu Yahova hamda Isoga bo‘lgan sevgingizni kuchaytiryaptimi? O‘zingizdan: «Bu sevgi meni nima qilishga undaydi?» — deb so‘rab ko‘ring.

Xudoga hamda Masihga bo‘lgan sevgi bizni har turli odamlarga Shohlik xabarini yetkazishga chorlaydi (7-xatboshiga qarang.)

7. Rasmda ko‘rsatilganiday, Yahova hamda Isoga bo‘lgan sevgini qanday ko‘rsata olamiz? (2 Korinfliklarga 5:14, 15; 6:1, 2)

7 Xudoni va Masihni yaxshi ko‘rishimiz boshqalarga sevgi namoyon etishga chorlaydi. (2 Korinfliklarga 5:14, 15; 6:1, 2 ni o‘qing.) Buning bir yo‘li, va’zgo‘ylikda g‘ayrat ila qatnashishdir. Biz uchratgan har bir insonga xushxabarni aytamiz. Ularning irqi, millati, boy-kambag‘alligi yoki o‘qigan-o‘qimaganiga qarab o‘tirmaymiz. Bu orqali Yahovaning irodasi amalga oshadi, chunki «U har turli odamlar haqiqat to‘g‘risida aniq bilimga ega bo‘lib, najot topishlarini istaydi». (1 Tim. 2:4)

8. Qay yo‘sin imondoshlarga sevgi namoyon eta olamiz?

8 Xudoga va Isoga bo‘lgan sevgini imondoshlarga sevgi ko‘rsatib isbotlaymiz. (1 Yuhan. 4:21) Ular bilan shaxsan qiziqib, qiyinchilik paytida yordam beramiz. Qolaversa, yaqinini yo‘qotganda ularga tasalli beramiz, kasal bo‘lganida ularni yo‘qlab boramiz va ruhi tushganida kayfiyatini ko‘tarishga harakat qilamiz. (2 Kor. 1:3–7; 1 Salon. 5:11, 14) Shuningdek, ular uchun ibodat qilishda davom etamiz, chunki «odil kishining iltijosi kuchli ta’sirga ega» ekanini bilamiz. (Yoqb. 5:16)

9. Imondoshlarni sevishimizni yana qanday ko‘rsata olamiz?

9 Imondoshlar bilan tinchlik saqlab ham ularga sevgi ko‘rsatamiz. Yahovaga o‘xshab ularni kechirishga harakat qilamiz. Xudo O‘g‘li biz uchun o‘lishiga yo‘l qo‘ygan ekan, bizga qarshi gunoh qilgan birodar-u opa-singillarni ham kechirishga tayyor bo‘lishimiz lozim. Ha, Isoning masalidagi yovuz qulga o‘xshashni xohlamaymiz. O‘sha qulning xo‘jayini anchagina qarzini kechgan bo‘lsa ham, u boshqa qulning kichik qarzini kechmagan. (Mat. 18:23–35) Xo‘sh, jamoatda kimdir bilan kelishmovchiligingiz bor bo‘lsa, marosimga borishdan avval u bilan yarasha olasizmi? (Mat. 5:23, 24) Bunday qilish Yahova hamda Isoni qanchalik sevishingizni ko‘rsatadi.

10, 11. Qay yo‘sin oqsoqollar Yahova hamda Isoga bo‘lgan sevgini namoyon etishi mumkin? (1 Butrus 5:1, 2)

10 Qay yo‘sin oqsoqollar Yahova hamda Isoga bo‘lgan sevgini ko‘rsata oladi? Muhim yo‘llardan biri, Isoning qadrli qo‘zichoqlariga g‘amxo‘rlik qilishdir. (1 Butrus 5:1, 2 ni o‘qing.) Butrus bilan bo‘lgan vaziyatdan buni yaqqol ko‘rish mumkin. Butrus Isodan uch marta tonganidan keyin uni qattiq yaxshi ko‘rishini isbotlamoqchi edi. Iso tirilgach, undan: «Yuhanno o‘g‘li Simun, meni yaxshi ko‘rasizmi?» — deb so‘ragan. Shubhasizki, buni isbotlash uchun u har narsaga tayyor bo‘lgan. Iso unga: «Qo‘zilarimga cho‘ponlik qiling»,— deb aytgan. (Yuhan. 21:15–17) Butrus hayotining oxirigacha Masihining qo‘zichoqlariga g‘amxo‘rlik qilib, sevgisini isbotlagan.

11 Qadrdon oqsoqollar, Iso Butrusga aytgan so‘zlar siz uchun muhim ekanini Qutlug‘ Kechlik mavsumida qanday ko‘rsata olasiz? Buni imondoshlarga daldali tashriflar qilish va faoliyatsiz va’zgo‘ylarga Yahovaga qaytishga ko‘maklashish orqali qila olasiz. (Hiz. 34:11, 12) Shuningdek, tadqiq o‘tayotgan va qiziqish bildirayotgan insonlarni marosimga taklif qilsangiz bo‘ladi. Ularni iliq qarshi olishni xohlaymiz, chunki ular ham Isoning izidan yurishni tanlashi mumkin.

ISOGA BO‘LGAN SEVGI BIZNI JASORATLI BO‘LISHGA UNDAYDI

12. Nega Iso o‘limidan oldingi kechada aytgan so‘zlari haqida fikr yuritish bizga jasorat baxsh etadi? (Yuhanno 16:32, 33)

12 O‘limidan oldingi kechada Iso shogirdlariga: «Dunyoda sizlarni qayg‘u-alam kutyapti, ammo dadil bo‘ling! Men dunyoni yengdim»,— deb aytgan. (Yuhanno 16:32, 33 ni o‘qing.) Dushmanlari uni hibsga olishga kelganida, Isoga jasoratli bo‘lishga va o‘limigacha sodiq qolishga nima yordam bergan? U Yahovaga tayangan. Iso uning izdoshlarini ham shu kabi sinovlar kutayotganini bilgani uchun Yahovadan ularga yordam berishini so‘ragan. (Yuhan. 17:11) Nega buni bilish bizga jasorat baxsh etadi? Chunki Yahova bizga qarshi chiqayotgan har qanday dushmandan kuchliroq. (1 Yuhan. 4:4) Uning nazaridan hech narsa chetda qolmaydi. Agar Unga tayansak, qo‘rquvlarimizni yengib, jasoratli bo‘la olamiz.

13. Qanday qilib arimateyalik Yusuf jasoratga to‘lgan?

13 Arimateyalik Yusufning misolini olaylik. U yahudiylar orasida hurmat qozongan kishi bo‘lib, Oliy Kengash a’zosi edi. Iso yer yuzida bo‘lganida Yusufga jasorat yetishmasdi. Yuhanno u: «Yahudiylardan qo‘rqqani uchun Isoning yashirin shogirdi bo‘lgan»,— deb aytgan. (Yuhan. 19:38) Garchi, Yusuf Shohlik xabarini qabul qilgan bo‘lsa ham, buni boshqalardan yashirgan. Hoynahoy, yahudiylar u Isoning shogirdi ekanini bilib qolishsa, uni hurmat qilmay qo‘yishidan qo‘rqqan. Ammo u o‘zgargan. Muqaddas Kitobda aytilishicha, Isoning o‘limidan keyin u «jasoratga to‘lib Pilatning oldiga bordi-da, Isoni dafn etish uchun ruxsat so‘radi». (Mark 15:42, 43) Shunday qilib, u Isoning shogirdi ekanini boshqa yashirmagan.

14. Odamlar oldidagi qo‘rquvni yengish uchun nima qilishingiz lozim?

14 Siz ham Yusuf kabi odamlar nima deb o‘ylashidan qo‘rqqanmisiz? Masalan, maktabda yoki ishda Yahovaning Shohidi ekaningizni boshqalarga aytishdan uyalganmisiz? Yoki boshqalar nima deb o‘ylashidan xavotirlanib, va’z qilishdan yoki suvga cho‘mishdan qo‘rqqanmisiz? Bunday tuyg‘ular to‘g‘ri yo‘l tutishingizga to‘siq bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang. Yahovaga ichingizdagilarni to‘kib soling. Undan irodasini bajarish uchun jasorat so‘rang. Yahova ibodatlaringizga qanday javob berayotganini ko‘rganingizda, imoningiz mustahkamlanib, jasoratga to‘lasiz. (Ishayo 41:10, 13)

QUVONCH XIZMATNI TO‘XTATMASLIKKA YORDAM BERADI

15. Iso shogirdlariga zohir bo‘lgach, quvonch ularni nima qilishga undagan? (Luqo 24:52, 53)

15 Iso o‘lgach, shogirdlari qattiq qayg‘uga botishgan. O‘zingizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Ular nafaqat yaqin do‘stini, balki umidini ham yo‘qotganday bo‘lishgan. (Luqo 24:17–21) Biroq Iso ularga zohir bo‘lgach, Muqaddas Kitobdagi bashoratlar amalga oshishida uning o‘rni qanday ekanini tushunishga yordam bergan va ularga muhim vazifa topshirgan. (Luqo 24:26, 27, 45–48) U yer yuzida 40 kun bo‘lib, osmonga ko‘tarilayotgan paytda shogirdlari boshqa qayg‘urmayotgandi. Iso tirikligini hamda yangi vazifani bajarishga yordam berishini bilish ularni quvontirgan va Yahovaga to‘xtamay xizmat qilishga undagan. (Luqo 24:52, 53 ni o‘qing; Havor. 5:42)

16. Isoning shogirdlaridan qanday o‘rnak olsak bo‘ladi?

16 Isoning shogirdlariga qay yo‘sin taqlid qilishimiz mumkin? Nafaqat Qutlug‘ Kechlik mavsumida, balki butun yil davomida Yahovaga xursandchilik bilan topinamiz. Buning uchun Xudoning Shohligi hayotimizda birinchi o‘rinda bo‘lishi lozim. Masalan, ko‘plar muntazam ravishda xizmat qilish, yig‘ilishlarga borish va oilaviy topinishni o‘tkazish uchun ish jadvaliga o‘zgarishlar kiritadi. Ba’zilar boshqalar zaruriy deb bilgan moddiy narsalardan voz kechishga qaror qiladi. Shu yo‘sin, ular jamoatda ko‘proq ishlar bajaradi yoki va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlarda xizmat qiladi. Yahovaga xizmat qilish uchun sabr-toqatli bo‘lishimiz muhim. Shohlik manfaatlarini hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘ysak, barakalarga ega bo‘lamiz. (Hik. 10:22; Mat. 6:32, 33)

Qutlug‘ Kechlik mavsumida Yahova hamda Iso shaxsan siz uchun qilganlari borasida fikr yuritishga vaqt ajrating (17-xatboshiga qarang.)

17. Qutlug‘ Kechlik mavsumida nima qilish qaroringiz qat’iy? (Rasmga qarang.)

17 4-aprel seshanba kuni Qutlug‘ Kechlik marosimiga borishni intiqib kutyapmiz. Lekin Isoning hayoti, o‘limi va uning hamda Yahovaning bizga bo‘lgan sevgisi ustida mulohaza yuritish uchun bu kun kelishini kutishning hojati yo‘q. Qutlug‘ Kechlik mavsumida bular haqida fikr yuritishga jon kuydiring. Masalan, «Isoning yerdagi hayotining oxirgi haftasi» nomli ramkadagi hodisalarni o‘qib, ular haqida fikr yuriting. Bu ramkani «Yangi dunyo tarjimasi»dagi B12 ilovada topsangiz bo‘ladi. Shu yo‘sin, minnatdorchilik, sevgi, jasorat va quvonchingizni oshirasiz. Shuningdek, qay yo‘sin minnatdorchilik ko‘rsatishingiz mumkinligi borasida ham o‘ylab ko‘ring. Shunga amin bo‘lingki, Qutlug‘ Kechlik mavsumi davomida Iso Masihni eslash uchun qilgan har bir harakatingizni u judayam qadrlaydi. (Vah. 2:19)

17-QO‘SHIQ «Albatta istayman!»

a Qutlug‘ Kechlik mavsumi davomida Iso Masihning hayoti va o‘limi hamda uning va Yahovaning bizga bo‘lgan sevgisi to‘g‘risida chuqur mulohaza yuritamiz. Bu bizni harakatlarga undaydi. Ushbu maqolada qay yo‘sin to‘lov uchun minnatdorchilik hamda Yahova va Isoga bo‘lgan sevgini ko‘rsatishimizni muhokama qilamiz. Shuningdek, qanday qilib imondoshlarga sevgi namoyon etishimiz, jasoratli bo‘lishimiz va xizmatda quvonch topishimiz mumkinligiga e’tibor qaratamiz.