Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1-TADQIQ MAQOLASI

Xudo Kalomining «asosi haqiqat» ekaniga ishoning

Xudo Kalomining «asosi haqiqat» ekaniga ishoning

2023-YILNING OYATI: Kaloming asosi haqiqatdir. ZAB. 119:160

96-QO‘SHIQ Allohning Kalomi — xazinadir

BU MAQOLADA a

1. Nima uchun bugungi kunda ko‘plar Muqaddas Kitobga ishonmaydi?

 BUGUNGI kunda ko‘plar kimga ishonishni bilmaydi. Ular hurmat qilgan insonlar — siyosatchilar, olimlar va tadbirkorlar doim ham ularning foydasini ko‘zlab yo‘l tutishidan shubhalanishadi. Bundan tashqari, ular xristian olamining din peshvolarini ham hurmat qilishmaydi. Sababi, ular Muqaddas Kitobga amal qilyapmiz, deb faqatgina so‘zda aytishadi. Bu tufayli insonlar Muqaddas Kitobga ishonmay qo‘yishgan.

2. Zabur 119:160 ga ko‘ra, nimaga ishonishimiz lozim?

2 Yahovaning xizmatchilari sifatida U «haqiqat Tangrisi» ekaniga va doim foydamizni ko‘zlab ish tutishiga aminmiz. (Zab. 31:5; Ishayo 48:17) Shuningdek, Muqaddas Kitobda yozilganlarga ishonamiz, sababi uning «asosi haqiqatdir» b. (Zabur 119:160 ni o‘qing.) Bir ilohiyotshunos shunday degan: «Xudo aytgan barcha narsa rost va doim amalga oshadi. Unga xizmat qilayotganlar bunga ishonishi mumkin. Chunki ular o‘sha so‘zlarning Muallifiga — Xudoga ishonishadi». Bunga qo‘shilishimiz shubhasiz.

3. Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Boshqalarga ham Xudoning Kalomiga ishonishga qanday yordam bera olamiz? Keling, nega unga ishonishimiz mumkinligining uchta sababini ko‘rib chiqaylik. Ushbu maqolada Muqaddas Kitobdagi matn aniq ekanini, amalga oshgan bashoratlarni va odamlar uning yordami bilan hayotini o‘zgartirganini muhokama qilamiz.

MUQADDAS KITOBDAGI XABAR O‘ZGARTIRILMAGAN

4. Nima uchun ba’zilar Muqaddas Kitob o‘zgartirilgan, deb hisoblaydi?

4 Tangri Yahova Muqaddas Kitobni yozish uchun taxminan 40 ta sadoqatli xizmatchisidan foydalangan. Biroq asl qo‘lyozmalar bizgacha yetib kelmagani uchun nusxalaridan foydalanamiz. Bu tufayli ba’zilar Muqaddas Kitob o‘zgartirilgan, deb o‘ylaydi. Rostdan ham u aniqmi? Buni qanday bilish mumkinligi haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Ibroniycha yozuvlardan nusxa ko‘chirgan tajribali kotiblar buni sidqidildan qilishga jon kuydirishgan (5- xatboshiga qarang.)

5. Ibroniycha yozuvlarning nusxalari qay yo‘sin yaratilgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

5 Yahova Kalomini saqlab qolish uchun uning nusxalarini yaratishni amr etgan. U Isroil shohlariga Tavrotdan o‘zlari uchun nusxa ko‘chirishni aytgan va levilarni xalqqa bu qonunlarni o‘rgatishga tayinlagan. (Qonun. 17:18; 31:24–26; Naxim. 8:7) Yahudiylar Bobil asirligidan ozod bo‘lganidan keyin bir nechta tajribali kotib Ibroniycha yozuvlarning ko‘plab nusxalarini yaratishni boshlagan. (Ezra 7:6) Ular bu ishga jiddiy yondashgan va nusxa aniq bo‘lishi uchun nafaqat so‘zlarni, balki harflarni sanagan. Ushbu insonlar nomukammal bo‘lgani uchun kichkina xatolarga yo‘l qo‘ygan. Lekin matnning ko‘plab nusxalari bor bo‘lgani uchun, ular yordamida keyinchalik xatoni aniqlash mumkin edi. Qanaqasiga?

6. Nusxalardagi xatolarni qay yo‘sin aniqlash mumkin?

6 Olimlar o‘sha xatolarni aniqlash uchun yaxshi bir usuldan foydalanadi. Aytaylik, 100 ta kotibga bitta sahifaning nusxasini yaratish topshirildi. Ularning bittasi xatoga yo‘l qo‘yadi. Bu nusxani boshqa kotiblarniki bilan solishtirsak xatoni aniqlay olamiz. Shunga o‘xshab, olimlar Muqaddas Kitobning ko‘pgina qo‘lyozmalarini solishtirib xatolarni topishyapti.

7. Odamlar Muqaddas Kitobni ko‘chirishganida qanchalik sinchkov bo‘lishgan?

7 Muqaddas Kitobning qo‘lyozmalarini ko‘chirgan insonlar bunga sinchkovlik bilan yondashgan. Ushbu misolga diqqat qarating: Ibroniycha yozuvlarning eng qadimiy to‘liq nusxasi mil. 1008 yoki 1009-yili yozib tugatilgan. U «Leningrad kodeksi» deb nomlanadi. Lekin so‘nggi yillarda Leningrad kodeksidan taxminan 1 000-yil avval yozilgan Muqaddas Kitobning bir nechta qo‘lyozmalari va parchalari topildi. Ba’zilar bu qo‘lyozmalar 1 000-yildan oshiqroq vaqt mobaynida qayta-qayta nusxalashtirilgani uchun Leningrad kodeksidan farq qiladi, deb o‘ylashi mumkin. Ammo bu unday emas. Olimlar qadimiy va unga qaraganda yangiroq qo‘lyozmalarni solishtirganda ba’zi so‘zlar farq qilishini, lekin ma’no o‘zgarmaganini aniqlashdi.

8. Yunoncha yozuvlarning va qadimgi kitoblarning nusxalari o‘rtasida qanday farq bor?

8 Ilk masihiylar ham Ibroniycha yozuvlardan nusxa ko‘chirishgan. Ular Yunoncha yozuvlardagi 27 ta kitobning nusxasini yaratishga astoydil yondashishgan. Keyinchalik bu nusxalardan yig‘ilishlarda va xizmatda foydalanishgan. Bir olim Yunoncha yozuvlarni o‘sha davrga oid boshqa kitoblar bilan solishtirib, quyidagicha dedi: «Bugungi kunda Yunoncha yozuvlarning qo‘lyozmalari boshqa kitoblarga qaraganda ancha ko‘proq va asosan to‘liq bitkazilgan». Bir kitobda esa: «Hozir mavjud bo‘lgan tarjima [Yunoncha yozuvlar] uni yozgan yozuvchilarnikidan farq qilmasligiga ishonsak bo‘ladi»,— deb aytilgan. («Anatomy of the New Testament»)

9. Ishayo 40:8 ga ko‘ra, Xudoning Kalomi haqida nima deyish mumkin?

9 Asrlar davomida ko‘pgina kotiblar Muqaddas Kitobning nusxalarini ko‘chirish uchun jon kuydirishgan. Shuning uchun, hozir aniq ma’lumotlarni o‘qib, tadqiq qilyapmiz c. Shubhasizki, aynan Yahova Kalomi bizga yetib kelishiga va aniq bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilgan. (Ishayo 40:8 ni o‘qing.) Albatta, ba’zilar Muqaddas Kitobdagi xabar o‘zgarmagani u Xudo tomonidan ilhomlantirilganini isbotlamaydi, deb aytishi hech gap emas. Keling, u Xudodan ekanini tasdiqlovchi ayrim isbotlarga diqqat qarataylik.

MUQADDAS KITOBDAGI BASHORATLAR ISHONCHLI

Chapda: C. Sappa/DeAgostini/Getty Images; o‘ngda: Image © Homo Cosmicos/Shutterstock

Muqaddas Kitobdagi bashoratlar o‘tmishda amalga oshgan, bugun ham bajo bo‘lyapti (10-, 11-xatboshilariga qarang.) e

10. Butrusning so‘zlari rost ekanini ko‘rsatuvchi misol keltiring. (Rasmlarga qarang.)

10 Muqaddas Kitobdagi ko‘plab bashoratlar amalga oshgan. Ulardan ba’zilari yozilganidan yuzlab yillar o‘tib bajo bo‘lgan. Tarix ham buni tasdiqlayapti. Biz bundan hayron qolmaymiz, chunki Muqaddas Kitobdagi bashoratlarning Muallifi Yahovadir. (2 Butrus 1:21 ni o‘qing.) Qadimiy Buyuk Bobilning qulashi haqidagi bashoratlarni eslang. Mil. avv. sakkizinchi asrda Ishayo payg‘ambar ushbu buyuk shahar bosib olinishi haqida bashorat qilgan. U hatto buni Kir ismli shoh qanday qilishini aytgan. (Ishayo 44:27–45:2) Ishayo Bobil butunlay vayron qilinishi va kimsasiz qolishini ham bashorat qilgan. (Ishayo 13:19, 20) Bu rostdan ham yuz bergan. Mil. avv. 539-yili Bobil Midiya va Fors tomonidan zabt etilgan va hozir ushbu buyuk shahar bo‘m-bo‘sh. («Hayotdan toabad zavqlaning!» nomli kitobning elektron shaklidagi 3- dars, 5- paragrafidagi «Muqaddas Kitobda Bobilning qulashi bashorat qilingan» nomli videoga qarang.)

11. Doniyor kitobidagi bashorat bugungi kunda qanday amalga oshyapti? (Doniyor 2:41–43)

11 Muqaddas Kitobdagi bashoratlar nafaqat o‘tmishda amalga oshgan, balki bugungi kunda ham bajo bo‘lyapti. Doniyor payg‘ambarning Angliya-Amerika jahon imperiyasiga oid bashorati buning yaqqol isboti. (Doniyor 2:41–43 ni o‘qing.) Ushbu bashoratga ko‘ra, bu jahon imperiyasi temir kabi «qisman kuchli» va loy kabi «qisman zaif» bo‘ladi. Bunga o‘zimiz guvoh bo‘lishimiz mumkin. Britaniya va Amerika ikkita jahon urushida g‘alaba qozonishda muhim rol o‘ynagan va harbiy kuchini kengaytirib, temir kabi mustahkam ekanini ko‘rsatib kelyapti. Lekin fuqarolarining ish joylarida qo‘zg‘olon ko‘tarishi, o‘z huquqlarini talab qilishi va hukumatlarga qarshi chiqishi ularning kuchini zaiflashtiryapti. Dunyo siyosati bo‘yicha bir mutaxassis shunday fikr bildirdi: «Qo‘shma Shtatlarga o‘xshagan siyosat jihatdan bo‘lingan demokratik mamlakatning o‘zi yo‘q». Oxirgi yillarda Britaniyada ham shunday bo‘lyapti. Fuqarolari Yevropa ittifoqiga kiruvchi mamlakatlar bilan qanday aloqada bo‘lish borasida qarama-qarshi fikrda. Bu bo‘linishga sabab bo‘lyapti. Shu tariqa, Angliya-Amerika jahon imperiyasi o‘zi xohlagan ishni amalga oshira olmayapti.

12. Bashoratlar bizni nimaga ishontiryapti?

12 Muqaddas Kitobdagi ko‘pgina bashoratlar bajo bo‘ldi. Bu bizni kelajakka oid va’dalar ham amalga oshishiga ishontiryapti. O‘zimizni Yahovaga ibodat qilgan sano bastakori kabi his qilyapmiz. U: «Najot berishingga mushtoqman, zero, kalomingga umid bog‘laganman»,— degan. (Zab. 119:81) Alloh Kalomi orqali bizga «porloq kelajakni» va’da qilib, umid beryapti. (Yerm. 29:11) Darhaqiqat, kelajakka bo‘lgan umidimiz xatti-harakatlarimizga emas, Yahovaning va’dalariga bog‘liq. Shunday ekan, keling, bashoratlarni yaxshilab o‘rganish orqali Unga tayanishda davom etaylik.

MUQADDAS KITOBDAGI DONO MASLAHATLAR KO‘PLARGA YORDAM BERYAPTI

13. Muqaddas Kitob ishonchli ekanining yana qanday sababi bor? (Zabur 119:66, 138)

13 Muqaddas Kitob ishonchli ekanining sabablaridan biri u boshqalarga yordam berayotganidadir. Undagi maslahatlarga amal qilayotganlar foyda olishyapti. (Zabur 119:66, 138 ni o‘qing.) Misol uchun, ajrashmoqchi bo‘lgan juftliklar Muqaddas Kitobdagi dono maslahatlarga amal qilishgani uchun hozirda birgalikda baxtli yashashmoqda. Farzandlari esa xudojo‘y ota-onalarining qaramog‘ida o‘zlarini xavfsiz va sevikli his qilishyapti. (Efes. 5:22–29)

14. Qay yo‘sin haqiqat insonning hayotini yaxshilashga yordam beradi? Misol keltiring.

14 Muqaddas Kitobdagi dono maslahatlar hatto ashaddiy jinoyatchilarning ham hayotini o‘zgartirishga yordam bera oladi. Keling, Jek ismli birodarning misolini ko‘rib chiqaylik d. U juda yomon jinoyatlarga qo‘l urgan va o‘lim jazosiga mahkum etilgan. Bir kuni qamoqda u Muqaddas Kitob tadqiqida ishtirok etgan. Birodarlarning mehr ila ta’lim berishi Jekka qattiq ta’sir qilgan va u tadqiqqa rozi bo‘lgan. Kalomdagi maslahatlarni qo‘llagani sayin xulq-atvori va shaxsiyati yaxshi tomonga o‘zgara boshlagan. Vaqt o‘tib, Jek suvga cho‘mmagan va’zgo‘y bo‘lgan va keyinchalik suvga cho‘mgan. U boshqa mahbuslarga Xudoning Shohligi haqida g‘ayrat ila va’z qilgan va hatto ularning to‘rttasi bilan tadqiq o‘tgan. Hukmni ijro etish kuni kelganida Jek o‘zgargan edi. Advokatlaridan biri: «20-yil oldingi Jek umuman boshqacha edi. Hozir uni taniy olmayapman. Yahova Shohidlarining ta’limoti unga o‘zgarishga yordam berdi»,— deb aytdi. Garchi ushbu birodarimiz hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa-da, uning misoli Xudoning Kalomiga ishonishimiz mumkinligini va u yerdagi maslahatlar insonning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam berishini ko‘ryapmiz. (Ishayo 11:6–9)

Muqaddas Kitobdagi maslahatlar kelib chiqishi turlicha bo‘lgan insonlarning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartiryapti (15-xatboshiga qarang.) f

15. Yahovaning xizmatchilari dono maslahatlarga amal qilayotgani boshqalarga qanday ta’sir qilyapti? (Rasmga qarang.)

15 Yahovaning xizmatchilari Muqaddas Kitobdagi maslahatlar bo‘yicha yashayotgani uchun ahil. (Yuhan. 13:35; 1 Kor. 1:10) Oramizda tinchlik borligi va yakdil ekanimiz hozir yaqqol namoyon bo‘lyapti. Chunki bu dunyo siyosat, irq va ijtimoiy jihatdan bo‘linib ketyapti. Jim ismli bir yigit Yahovaning Shohidlari inoq ekanini ko‘rganida hayron qolgan. U Afrikaning bir mamlakatida ulg‘aygan. U yerda fuqarolar urushi boshlaganida, u ham unda qatnashgan. Lekin keyinchalik Jim qo‘shni mamlakatga qochib ketgan va Yahovaning Shohidlari bilan tanishgan. U shunday deb bo‘lishdi: «Haqiqiy din vakillari siyosatga aralashmay, ahil bo‘lishi kerakligini bilib oldim. Ular bir-birini yaxshi ko‘rishi kerak ekan. Avval hayotimni vatanim uchun bag‘ishlagan edim. Ammo Muqaddas Kitobdagi haqiqatni bilib olganimda, hayotimni Yahovaga xizmat qilishga bag‘ishlashga qaror qildim». Shunday qilib, Jim o‘zgardi. U o‘zidan farq qiladigan insonlar bilan kurashishning o‘rniga uchratgan har bir insonga tinchlik xabarini aytyapti. Ha, Muqaddas Kitobdagi maslahatlar kelib chiqishi turlicha bo‘lgan ko‘pchilikka yordam beryapti. Bu Xudoning Kalomiga ishonishimiz mumkinligini tasdiqlayapti.

XUDONING KALOMIDAGI HAQIQATGA ISHONISHDA DAVOM ETING

16. Nega Xudoning Kalomiga bo‘lgan ishonchimizni mustahkamlash muhim?

16 Dunyoning ahvoli tobora yomonlashib borar ekan, haqiqatga bo‘lgan ishonchimiz sinaladi. Odamlar ongimizga shubhalar urug‘ini ekishga urinadi. Ular Muqaddas Kitob aniq ekani yoki Yahova ishonchli va aqlli xizmatkor orqali yo‘l-yo‘riqlar berayotgani to‘g‘risida shubhalar uyg‘otishga harakat qiladi. Lekin Xudoning Kalomi ishonchli ekaniga amin bo‘lsak, bunday hujumlarga qarshi tura olamiz. O‘shanda biz ham: «Doimo, hayotimning oxirigacha qoidalaringga itoat etishga qaror qildim»,— deb ayta olamiz. (Zab. 119:112) Boshqalarga Muqaddas Kitobdagi haqiqatni aytishdan va undagi maslahatlarga amal qilishni o‘rgatishdan hech qachon uyalmaymiz. (Zab. 119:46) Har qanday qiyinchiliklarni, hatto ta’qiblarni ham «quvonch va sabr-toqat bilan» yenga olamiz. (Kolos. 1:11; Zab. 119:143, 157)

17. 2023-yil uchun tanlangan oyat bizga nimani eslatadi?

17 Otajonimiz Yahova bizni haqiqatga jalb qilganidan judayam minnatdormiz. Bu haqiqat bizga tinchlik va ishonch baxsh etib, ushbu ostin-ustun dunyoda qanday yashashimiz kerakligini tushunishga ko‘maklashyapti. Qolaversa, Xudo Shohligining boshqaruvi ostida bo‘ladigan ajoyib kelajakka umid beryapti. Iloyo, 2023-yil uchun tanlangan oyat Xudo Kalomining asosi haqiqat ekaniga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlasin! (Zab. 119:160)

94-QO‘SHIQ Allohning Kalomi uchun minnatdormiz

a 2023-yil uchun «Kaloming asosi haqiqatdir», degan so‘zlar tanlangani imonimizga imon qo‘shyapti. (Zab. 119:160) Siz ham bunga qo‘shilarsiz. Lekin ko‘pchilik Muqaddas Kitobda haqiqat yozilganiga va dono maslahatlar borligiga ishonmaydi. Ushbu maqolada samimiy insonlarga buni tushunishga yordam beradigan uchta sababni ko‘rib chiqamiz.

b IBORA MA’NOSI. «Kaloming asosi haqiqatdir» so‘zlari ibroniychada «butun Kalom haqiqatdir» degan ma’noni anglatadi.

c Ko‘proq ma’lumot olish uchun jw.org saytiga kirib, «Tarix va Muqaddas Kitob» nomli turkumni izlang.

d Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

e RASMGA SHARH. Xudo Buyuk Bobil shahri yo‘q bo‘lishini bashorat qilgan.

f RASMGA SHARH. Birodar jang qilishning o‘rniga Muqaddas Kitob yordamida tinchlikda yashashni o‘rganyapti va boshqalarga ham shunday qilishga ko‘maklashyapti.