Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4-TADQIQ MAQOLASI

Yahova marosimga borish uchun qilgan urinishlarimizga baraka beradi

Yahova marosimga borish uchun qilgan urinishlarimizga baraka beradi

Buni meni eslab turish uchun qilinglar. LUQO 22:19

19-QO‘SHIQ Hazratimizning kechlik taomi

BU MAQOLADA a

1, 2. Nega har yili Qutlug‘ Kechlik marosimiga boramiz?

 TAXMINAN 2 000-yil avval Iso o‘z jonini fido qilib, bizga abadiy hayotga ega bo‘lish imkonini bergan. O‘limidan oldingi kechada u shogirdlarini uning qurbonligini eslab, oddiy marosim o‘tkazishga undagan. Bu marosimda non va sharob bo‘ladi. (1 Kor. 11:23–26)

2 Iso Masihni qattiq yaxshi ko‘rganimiz uchun bu amriga quloq solamiz. (Yuhan. 14:15) Har yili Qutlug‘ Kechlik mavsumida minnatdorchiligimizni ko‘rsatamiz. Masalan, Iso biz uchun qilganlari ustida fikr yuritib, ibodat qilamiz. Ushbu marosimga imkon qadar ko‘proq insonlarni ham taklif etamiz. Qolaversa, u yerga borishimizga nimadir xalaqit berishiga yo‘l qo‘ymaymiz.

3. Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Ushbu maqolada Yahovaning xizmatchilari Isoning o‘limini xotirlash uchun qiladigan harakatlarni ko‘rib chiqamiz: 1) marosimni Iso aytganday o‘tkazish, 2) u yerga boshqalarni taklif qilish va 3) qiyinchiliklarga qaramay uni o‘tkazish.

MAROSIMNI ISO AYTGANDAY O‘TKAZISH

4. Har yili Qutlug‘ Kechlikda nimalarni bilib olamiz va nega unga oid haqiqatlar muhim ekanini yodda tutishimiz kerak? (Luqo 22:19, 20)

4 Har yili Qutlug‘ Kechlik marosimida Muqaddas Kitobga asoslangan nutqdan ko‘pgina savollarimizga javob olamiz. Masalan, insoniyat nega to‘lovga muhtoj ekani va bitta insonning o‘limi qay yo‘sin hammaning gunohini qoplashi mumkinligi haqida so‘z yuritiladi. Shuningdek, non va sharob nimani anglatishi hamda ulardan kimlar iste’mol qilishi borasida eslatmalar olamiz. (Luqo 22:19, 20 ni o‘qing.) Yer yuzida yashashga umid qilayotganlarni qanday barakalar kutayotgani to‘g‘risida ham mulohaza yuritamiz. (Ishayo 35:5, 6; 65:17, 21–23) Bu haqiqatlarni oddiy holdek qabul qilmasligimiz kerak. Milliardlab insonlar bularni va Isoning qurbonligi qanchalik qimmatbaho ekanini bilishmaydi. Shu bilan birga ular marosimni Iso aytganday o‘tkazmaydi. Nima sababdan?

5. Aksariyat havoriylarning o‘limidan keyin nima yuz berdi?

5 Aksariyat havoriylarning vafotidan ko‘p o‘tmay soxta masihiylar jamoatlarga suqilib kirishgan. (Mat. 13:24–27, 37–39) Ular shogirdlarni ortidan ergashtirish uchun «noto‘g‘ri ta’limotlarni tarqatishgan». (Havor. 20:29, 30) Misol uchun, ular Muqaddas Kitobda yozilganiday, Iso Masihning tanasi «ko‘plarning gunohlarini olib ketish uchun» bir marta emas, balki qayta-qayta qurbonlikka keltirilishi kerak, deb o‘rgatishgan. (Ibron. 9:27, 28) Bugungi kunda ko‘p samimiy insonlar bunga ishonadi. Ular cherkovlarda muntazam ravishda, hatto har kuni yig‘ilib, marosim o‘tkazadi. Ushbu marosimda non va sharob tom ma’noda Isoning tanasiga va qoniga aylanishiga ishonadi. Ularning o‘ylashicha, inson har safar ushbu marosimda ishtirok etganida Isoning tanasi va qoni qurbonlikka keltiriladi. Xristian olamining boshqa cherkovlarida bu marosim kamroq o‘tkazilsa-da, ularning a’zolari Iso Masihning to‘lov qurbonligi o‘zi nimani anglatishini tushunmaydi. Ayrimlar: «Chindan ham Isoning to‘lovi asosida gunohlarim kechiriladimi?» — deb o‘ylaydi. Nega bunday savol tug‘iladi? Ba’zi hollarda ularga bundan shubhalanadigan insonlar kuchli ta’sir o‘tkazadi. Qiziq, Isoning haqiqiy izdoshlari qanday yo‘l tutadi?

6. 1872-yilga kelib Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari nimani tushunishgan?

6 19 asrning oxirida Charlz Teyz Rassell birodarning boshchiligida Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari Xudoning Kalomini puxta tadqiq qilishgan. Ular to‘lovning asl ma’nosini va marosim qanday o‘tkazilishini bilmoqchi bo‘lishgan. 1872-yilga kelib ular Iso barcha insonlar uchun to‘lov keltirganini tushunishgan va buni yashirishmagan. Ular kitob, gazeta va jurnallar orqali buni hammaga bildirishgan. Ko‘p o‘tmay, ilk masihiylar kabi ular ham marosimni yiliga bir marta o‘tkazadigan bo‘lishgan.

7. Muqaddas Kitob Tadqiqotchilarining izlanishlaridan qanday foyda olyapmiz?

7 Muqaddas Kitob Tadqiqotchilarining izlanishlaridan biz foyda olyapmiz. Masalan, Yahovaning yordami bilan Isoning qurbonligi qanday ma’noga ega ekanini va butun insoniyat undan qanday foyda olishi mumkinligini bilib oldik. (1 Yuhan. 2:1, 2) Shuningdek, ba’zilar osmonda, qolgan millionlab odamlar esa yer yuzida abadiy yashashini tushundik. Agar Isoning qurbonligi shaxsan bizga qanday foyda keltirishi hamda Yahovaning bizga bo‘lgan sevgisi haqida mulohaza yuritsak Unga yanada yaqinlashamiz. (1 Butr. 3:18; 1 Yuhan. 4:9) O‘tmishdagi sadoqatli birodarlar kabi biz ham boshqalarni Qutlug‘ Kechlikka taklif qilamiz.

BOSHQALARNI QUTLUG‘ KECHLIKKA TAKLIF QILISH

Qutlug‘ Kechlik kampaniyasida to‘liq ishtirok etish uchun nima qila olasiz? (8–10-xatboshilariga qarang.) d

8. Yahovaning xizmatchilari boshqalarni Qutlug‘ Kechlikka taklif qilish uchun nima qilishgan? (Rasmga qarang.)

8 Tarixga nazar solib Yahovaning xizmatchilari boshqalarni ham Qutlug‘ Kechlikka taklif qilganini ko‘rishimiz mumkin. 1881-yilning boshida AQShdagi imondoshlar Allegeynidagi (Pensilvaniya) bir birodarning uyida yig‘ilib, bu muhim tadbirni o‘tkazishga taklif qilingandi. Keyinchalik, ushbu marosimni har bir jamoat alohida o‘tkazadigan bo‘ldi. 1940-yili martda samimiy qiziqish ko‘rsatgan insonlarni ham Qutlug‘ Kechlikka taklif etishga ruxsat berildi. 1960-yili esa birinchi marta Baytil tomonidan jamoatlarga taklifnomalar taqdim etildi. O‘shandan beri taklifnomaning milliardlab nusxalari tarqatilyapti. Nega boshqalarni marosimga taklif qilishga vaqt va kuchimizni sarflaymiz?

9, 10. Yana kimlarni Qutlug‘ Kechlikka taklif qilishimiz mumkin? (Yuhanno 3:16)

9 Marosimga ilk bor kelgan insonlar Yahova hamda Iso barchamiz uchun nimalar qilganini bilishini istaymiz. (Yuhanno 3:16 ni o‘qing.) Bu ularni Yahovaga xizmat qilishga undaydi degan umiddamiz. Bu marosim boshqalarga ham foyda keltiradi.

10 Shuningdek, faoliyatsiz va’zgo‘ylarni ham Qutlug‘ Kechlikka taklif qilamiz. Yahova ularni haligacha yaxshi ko‘rishini bilishlarini istaymiz. Ko‘plar taklifimizni qabul qiladi va ularni marosimda ko‘rganimizda xursand bo‘lamiz. U yerga borish ular Yahovaga xizmat qilganida qanchalik baxtiyor bo‘lganini yodiga soladi. Monikaning b misoliga diqqat qarataylik. U COVID-19 pandemiyasi paytida yana va’z qilishni boshladi. 2021-yilgi Qutlug‘ Kechlikka borgach, u shunday dedi: «Bu Qutlug‘ Kechlik men uchun juda o‘zgacha bo‘ldi. Chunki 20-yildan beri ilk bor va’z qildim va odamlarni marosimga taklif qildim. Bu ishga sidqidildan yondashdim. Chunki Yahova hamda Iso men uchun qilgan ishlaridan juda minnatdorman». (Zab. 103:1–4) Odamlar taklifimizga ijobiy munosabat bildiradimi yoki yo‘qmi, boshqalarni Qutlug‘ Kechlikka taklif qilishda davom etamiz. Chunki Yahova harakatlarimizni qadrlashini bilamiz.

11. Yahova harakatlarimizga baraka berayotgani nimadan ko‘rinyapti? (Xaggey 2:7)

11 Tangri Yahova harakatlarimizga baraka berayotgani yaqqol ko‘rinyapti. 2021-yili COVID-19 pandemiyasiga oid cheklovlarga qaramay, Qutlug‘ Kechlik marosimida 21 367 603 kishi bo‘ldi. Bunaqasi hali bo‘lmagan! Bu dunyo bo‘ylab Yahova Shohidlarining sonidan ikki yarim baravar ko‘proq. To‘g‘ri, Yahovani faqat insonlarning soni qiziqtirmaydi. U har bir kishiga alohida yondashadi. (Luqo 15:7; 1 Tim. 2:3, 4) Otajonimiz taklif qilish ishi orqali samimiy insonlarni topishga yordam berayotganiga aminmiz. (Xaggey 2:7 ni o‘qing.)

QIYIN VAZIYATLARGA QARAMAY MAROSIMGA BORISH

Qutlug‘ Kechlikka borish uchun qilayotgan harakatlarimizga Yahova baraka beryapti (12-xatboshiga qarang.) e

12. Qaysi vaziyatlar marosimga borishimizga to‘sqinlik qilishi mumkin? (Rasmga qarang.)

12 Iso oxirzamonda turli qiyinchiliklarga duch kelishimizni bashorat qilgan. Bu oila a’zolarning qarshiligi, ta’qiblar, urushlar, o‘latlar va hokazolar. (Mat. 10:36; Mark 13:9; Luqo 21:10, 11) Gohida bunday qiyinchiliklar tufayli Isoning o‘limini xotirlash qiyin bo‘lar. Xo‘sh, imondoshlarimiz bularni qay yo‘sin yengyapti va Yahova ularga qanday yordam beryapti?

13. Yahova Artyomning harakatlariga qanday baraka berdi?

13 Qamoq jazosi. Imondoshlarimiz e’tiqodi tufayli qamoqda bo‘lishiga qaramay Isoning o‘limini xotirlash uchun qo‘lidan kelganini qiladi. Artyomning vaziyatiga e’tibor qarating. 2020-yilgi Qutlug‘ Kechlik mavsumida uni 17 kvadrat metrli kameraga joylashtirishgan. U yerda yana to‘rtta yoki beshta mahbus bo‘lgan. U ba’zi narsalardan Qutlug‘ Kechlikda ramzlar sifatida foydalanishni va nutq aytishni rejalashtirgan. Lekin u yerdagi mahbuslar ko‘p chekishgan va so‘kinishgan. Shunda u nima qilgan? Artyom ulardan atigi bir soat davomida bunday qilmaslikni so‘ragan. Buni qarangki, ular rozi bo‘lishgan. Artyom ularga Qutlug‘ Kechlik haqida aytib berishni taklif qilgan. Ular bunga qiziqish bildirmagan bo‘lsa-da, u marosimni o‘tkazgach, bu borada savollar berishgan.

14. COVID-19 pandemiyasiga qaramay Qutlug‘ Kechlikni o‘tkazish uchun qanday choralar ko‘rildi?

14 COVID-19 pandemiyasi. Ushbu pandemiya tufayli Yahovaning xizmatchilari marosimda yuzma-yuz ko‘risha olmadi. Lekin ular marosimni o‘tkazishning boshqa yo‘lini topdi c. Masalan, ba’zi jamoatlarda Interneti bor va’zgo‘ylar videokonferensiya orqali ulandi. Ammo Interneti yo‘q boshqa millionlab imondoshlar haqida nima desa bo‘ladi? Ayrim mamlakatlarda Qutlug‘ Kechlik nutqi televidenie yoki radio orqali uzatildi. Qolaversa, filiallar bu nutqni 500 dan ortiq tilda yozib olishdi va mas’uliyatli birodarlar uni olis hududdagi imondoshlarga yetkazib berishdi.

15. Syuning misolidan qanday saboq oldingiz?

15 Oila a’zolarning qarshiligi. Qutlug‘ Kechlikka borishga oila a’zolar qarshi bo‘lishi eng og‘ir qiyinchiliklardan biri hisoblanadi. Syu ismli bir ayol Muqaddas Kitobni tadqiq qilgan. 2021-yili marosimdan bir kun oldin uydagilarining qarshiligi tufayli u marosimda qatnasha olmasligini aytdi. U bilan tadqiq o‘tkazgan opamiz Luqo 22:44 ni o‘qib berdi. Keyin unga biron qiyinchilikka duch kelganimizda Isoday yo‘l tutishimiz kerakligini tushuntirdi. Bunda esa Xudoga ibodat qilish va Unga to‘liq tayanish yordam berishini aytdi. Kelasi kuni Syu ramzlarni tayyorlab, jw.org saytidagi marosim uchun tayyorlangan ertalabki topinishni tomosha qildi. Syu u bilan tadqiq o‘tkazgan opamizga quyidagicha yozdi: «Meni undaganingiz uchun katta rahmat! Marosimda qatnashish uchun qo‘limdan kelganini qildim. Yahova menga yordam berdi. Undan qanchalik minnatdor ekanimni aytishga til ojiz». Xudo sizga ham shu kabi vaziyatda yordam bera oladimi?

16. Nega Qutlug‘ Kechlikka borish uchun qilgan harakatlarimizga Yahova baraka berishiga aminmiz? (Rimliklarga 8:31, 32)

16 Isoning o‘limini xotirlash uchun qo‘limizdan kelganini qilganimizda, Yahova buni juda qadrlaydi. U biz uchun qilgan ishlardan minnatdor ekanimizni ko‘rganida bizga baraka beradi. (Rimliklarga 8:31, 32 ni o‘qing.) Keling, bu yilgi Qutlug‘ Kechlikka borish hamda ushbu marosim mavsumida Yahova uchun ko‘prog‘ini qilish qarorimiz qat’iy bo‘lsin.

18-QO‘SHIQ To‘lov uchun minnatdormiz

a 2023-yil 4-aprel seshanba kuni dunyo bo‘ylab millionlab insonlar Iso Masihning o‘limini xotirlaydi. Bu marosimga ko‘plar ilk bor keladi. Yahovaga xizmat qilmay qo‘ygan boshqa insonlar ham u yerga boradi. Ba’zilar bu marosimga kelish uchun ko‘p qiyinchiliklarga duch keladi. Vaziyatingiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar Yahova harakatlaringizni ko‘rib quvonadi.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

c Shuningdek, jw.org saytidagi «2021-yilgi Qutlug‘ Kechlik marosimi» nomli maqolalar turkumiga qarang.

d RASMGA SHARH. 1960-yildan beri Qutlug‘ Kechlik uchun taklifnomalar yaxshilanib boryapti va hozir ular bosma hamda elektron shaklda mavjud.

e RASMGA SHARH. Birodar-u opa-singillar fuqarolik tartibsizliklari paytida Qutlug‘ Kechlikni o‘tkazishyapti.