Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2-TADQIQ MAQOLASI

19-QO‘SHIQ Hazratimizning kechlik taomi

Eng muhim kun uchun tayyormisiz?

Eng muhim kun uchun tayyormisiz?

Buni meni eslab turish uchun qilinglar. (LUQO 22:19)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Nega Qutlug‘ Kechlik marosimi shunchalik muhim ekanini, o‘sha kun uchun qanday tayyorgarlik ko‘rishimiz va boshqalarga qay yo‘sin yordam berishimiz mumkinligini bilib olamiz.

1. Nega Qutlug‘ Kechlik eng muhim kun? (Luqo 22:19, 20)

 YAHOVANING xalqi uchun Qutlug‘ Kechlik bo‘ladigan kun eng muhim deb hisoblanadi. Iso izdoshlariga faqat shu marosimni o‘tkazishni amr etgan. (Luqo 22:19, 20 ni o‘qing.) Qutlug‘ Kechlikni kutayotganimizning bir nechta sababi bor. Keling, ba’zilarini bilib olaylik.

2. Marosimni kutayotganimizning ba’zi sabablari qanday?

2 Ushbu marosim bizga to‘lov juda qadrli ekani borasida fikr yuritishimizga ko‘maklashadi. O‘shanda Isoning qurbonligi uchun bo‘lgan minnatdorchiligimizni namoyon etishimiz mumkin bo‘lgan turli yo‘llarini eslaymiz. (2 Kor. 5:14, 15) Qolaversa, o‘sha kuni imondoshlarimiz bilan yig‘ilib, «bir-birimizning imonimizdan dalda olishimiz» mumkin. (Rim. 1:12) Har yili marosimga ko‘pgina faoliyatsiz bo‘lib qolgan va’zgo‘ylar keladi. Ba’zilari ularni iliq qarshi olishgani uchun hatto Yahovaga qaytgan. Haqiqat bilan qiziqayotgan anchagina insonlar ko‘rgan va eshitgan narsalari sababli hayot yo‘lidan yura boshlagan. Shubhasizki, bularning barchasi tufayli Qutlug‘ Kechlik qalblarimizdan o‘zgacha joy oladi.

3. Marosim umumjahon birodarligimizni qanday birlashtiradi? (Rasmga ham qarang.)

3 Shuningdek, bu marosim butun dunyodagi birodar-u opa-singillarni birlashtirishi haqida o‘ylab ko‘ring. Yahovaning Shohidlari butun dunyo bo‘ylab asta-sekin quyosh botishidan keyin yig‘iladi. Barchamiz to‘lov muhim ekani ta’kidlangan nutqni eshitamiz. Ikkita hamdu sanolar qo‘shig‘ini kuylaymiz, ramzlarni qo‘lma-qo‘l uzatamiz va to‘rt marta ibodat qilingach, sidqidildan «omin» deb aytamiz. Taxminan 24 soat ichida hamma jamoatlarda xuddi shunday qilinadi. Yahova hamda Isoni birgalashib shu tarzda sharaflaganimizda, ular qanchalik suyunishlarini tasavvur qila olasizmi?

Qutlug‘ Kechlik marosimi butun dunyo bo‘ylab imondoshlarni birlashtiradi (3-xatboshiga qarang.) f


4. Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

4 Bu maqolada quyidagi savollarni ko‘rib chiqamiz: «Marosim uchun Qalbimizni qay yo‘sin tayyorlay olamiz? Bu boshqalarga foyda keltirishiga qanday yordam bera olamiz? Faoliyatsiz bo‘lganlarni qanday qo‘llab-quvvatlashimiz mumkin?» Ushbu savollarning javoblari bu o‘zgacha marosimga tayyorlanishimizga ko‘maklashadi.

QALBIMIZNI MAROSIM UCHUN QAY YO‘SIN TAYYORLAY OLAMIZ?

5. a) Nega to‘lovning qadr-qimmati borasida fikr yuritishimiz lozim? (Zabur 49:7, 8) b) «Iso nima uchun o‘lgan?» nomli videodan nimalarni bilib oldingiz?

5 Qalbimizni marosim uchun tayyorlay olishimizning eng muhim yo‘llaridan biri Iso Masihning to‘lov qurbonligining qadr-qimmati ustida fikr yuritishdir. O‘zimizni gunoh va o‘limdan xalos qilish hech birimizning qo‘limizdan kelmaydi. (Zabur 49:7, 8 ni o‘qing; «Iso nima uchun o‘lgan?» nomli videoni ham tomosha qiling.) a Demak, Yahova Iso biz uchun hayotini fido qilishini tashkillashtirgan. Ularning ikkovi ham katta qurbonliklar qilgan. (Rim. 6:23) Yahova hamda Iso biz uchun nimalar qilgani borasida qanchalik ko‘p fikr yuritsak, to‘lovni shunchalik ko‘p qadrlaymiz. Ular uchun bu to‘lov qanchaga tushganining faqat bir nechta tomoniga diqqat qaratamiz. Lekin avval, to‘lov nimani o‘z ichiga olishini bilib olaylik.

6. To‘lov nima degani?

6 To‘lov biron narsani qayta sotib olganda to‘lanadigan haq. Ilk inson, Odamato yaratilganida mukammal edi. Gunoh qilgach, u nafaqat o‘zi, balki hamma bolalari uchun ham abadiy yashash imkoniyatini qo‘ldan boy bergan. U yo‘qotgan narsani qayta sotib olish uchun Iso o‘zining mukammal hayotini qurbonlik sifatida taqdim etgan. U yer yuzidagi butun hayoti davomida «hech qanday gunoh qilmagan, og‘zidan birorta yolg‘on so‘z ham chiqmagan». (1 Butr. 2:22) Iso o‘lganida esa Odamato gunoh qilganidan oldin bo‘lgani kabi mukammal edi. Shu bois o‘z hayotini qurbonlikka keltirib, ilk inson yo‘qotgan hayot uchun u haq to‘lagan. (1 Kor. 15:45; 1 Tim. 2:6)

7. Iso yer yuzida bo‘lganida qanday ba’zi sinovlarga duch kelgan?

7 Iso yer yuzida ko‘p sinovlarga duch kelganiga qaramay samoviy Otasiga itoatli bo‘lib qolgan. Bolaligida u hatto mukammal bo‘lib tug‘ilgan bo‘lsa ham, nomukammal ota-onasiga itoatli bo‘lgan. (Luqo 2:51) O‘smirligida u har qanday bosimga qarshi turishi va bo‘ysunib, sadoqatli qolishi kerak edi. Ulg‘ayganda esa Shayton Iblis uni gunoh qilish vasvasasiga solganda va hatto Xudoga sodiq bo‘lmasligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytganda ham u turib bergan. (Mat. 4:1–11) Iso to‘lovni to‘lay olmasin deb Shayton uni gunohga qo‘l urdirishga bel bog‘lagan.

8. Iso yana qanday qiyinchiliklarni yenggan?

8 Yer yuzidagi xizmati davomida Iso boshqa sinovlarga ham duch kelgan. Uni ta’qib qilishgan va hayoti qil ustida turgan. (Luqo 4:28, 29; 13:31) U izdoshlarining kamchiliklariga bardosh qilgan. (Mark 9:33, 34) Hayotining oxirida uni azoblab, masxara qilishgan. Keyin esa uni qattiq qiynashgan va xo‘rlab qatl etishgan. (Ibron. 12:1–3) Sinovning so‘nggi qismida Yahova Isoni himoya qilmaganda ham, u o‘zi yakka sabr-bardoshni namoyon etgan. (Mat. 27:46) b

9. Isoning qurbonligi borasida qanday fikrdasiz? (1 Butrus 1:8)

9 Shunisi aniqki, to‘lov Isoga qimmatga tushgan. U bizni deb qurbonlik keltirish uchun qanchalik tayyor bo‘lgani ustida fikr yuritganimizda, uni qattiq yaxshi ko‘rishimizni his qilamiz, shunday emasmi?! (1 Butrus 1:8 ni o‘qing.)

10. To‘lov Yahovaga qanchaga tushgan?

10 Yahova haqida nima desa bo‘ladi? Iso to‘lov berishi uchun U qanday qurbonliklarga tayyor bo‘lgan? Yahova hamda Iso xuddi ota bilan o‘g‘il o‘rtasida bo‘lgani kabi yaqin munosabatlarga ega. (Hik. 8:30) Bir o‘ylab ko‘ring, U Iso yerda shu qadar ko‘p sinovlarda bardoshli bo‘lganini ko‘rganda nimalarni his qilgan? Shubhasizki, O‘g‘liga yomon munosabat ko‘rsatishganini, uni rad etishganini va u azob tortganini ko‘rish Yahovaga qattiq dard keltirgan.

11. Iso qatl qilinganida Yahova O‘zini qanday his qilgan bo‘lishi mumkinligini misol yordamida aytib bering.

11 Bolasini yo‘qotgan har bir ota-ona bu qanchalik og‘ir dard ekanini yaxshi biladi. Biz tirilish bo‘lishiga qattiq ishonamiz, lekin yaxshi ko‘rgan yaqinimiz hayotdan ko‘z yumsa, yuragimiz tilka-pora bo‘ladi. Bu misol yordamida Yahova suyukli O‘g‘li mil. 33-yili bahorda, kunlarning birida azob chekib, o‘lganini ko‘rganida nimalarni his qilganini tushuna olamiz. (Mat. 3:17) c

12. Marosimdan oldingi haftalar davomida nima qilishimiz mumkin?

12 Hozirdan boshlab marosimgacha shaxsiy tadqiqda yoki oilaviy topinishda to‘lov haqida ko‘proq izlanish o‘tkaza olasizmi? Agar tilingizda mavjud bo‘lsa, «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma»dan yoki to‘lov borasida ko‘proq tafsilotlar bor bo‘lgan boshqa adabiyotlarimizdan foydalaning d. Shuningdek, «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi» Qutlug‘ Kechlik mavsumida o‘qish uchun keltirilgan jadval bo‘yicha Muqaddas Kitobni o‘qing. Marosim o‘tadigan kuni esa Qutlug‘ Kechlik uchun tayyorlangan ertalabki topinishni tomosha qilishni unutmang. Marosim uchun qalbimizni tayyorlab, boshqalarga ham undan foyda olishga yordam bera olamiz. (Ezra 7:10)

BOSHQALAR FOYDA OLISHIGA KO‘MAKLASHING

13. Boshqalar marosimdan foyda olishi uchun birinchi navbatda nima qila olamiz?

13 Boshqalarga marosimdan foyda olishga qanday yordam bera olamiz? Birinchi qadam — ularni taklif qilish. Va’zgo‘ylikda uchratadigan insonlardan tashqari, marosimga taklif qilish mumkin bo‘lgan kishilarning ro‘yxatini tuzing. Unga qarindoshlarni, hamkasblarni, sinfdoshlarni va boshqa tanishlarni kiriting. Agar chop etilgan taklifnomalar bizda yetarlicha bo‘lmasa ham, elektron nusxasidan foydalaning. Kim bilsin, qancha ko‘p odam keladi?! (Voiz 11:6)

14. Odamlarni shaxsan taklif qilish foydali ekanini ko‘rsatuvchi misol keltiring.

14 Odamlarni shaxsan taklif qilish kuchli ta’sirga ega ekanini unutmang. Bir kuni opamizning imondoshimiz bo‘lmagan eri marosimga borishini aytganda, bu u uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Nega? Boisi o‘tmishda opamiz uni ko‘p marta taklif qilgan, lekin u bormagan. Nega u bu safar xohish bildirgan? U bilan tanish bo‘lgan mahalliy oqsoqol unga taklifnoma bergan. Bu opamizning eri o‘sha yili va qolgan ko‘p yillar davomida Qutlug‘ Kechlikka borgan.

15. Odamlarni marosimga taklif qilganda, nimani yodda tutishni xohlaymiz?

15 Unutmangki, biz taklif qilgan insonlarning, ayniqsa, agar ular birorta yig‘ilishimizga kelmagan bo‘lsa savollari bordir. Shuning uchun ularda tug‘ilishi mumkin bo‘lgan savollar borasida o‘ylab, javoblarni tayyorlab qo‘ysak bo‘ladi. (Kolos. 4:6) Masalan, ba’zilar shunday so‘rar: «Bu marosimda nimalar bo‘ladi? U qancha vaqt davom etadi? U yerga qanday kiyinib borish kerak? Kirish pullimi? Xayr-ehson berishni so‘rashadimi?» Kimnidir marosimga taklif qilganda, shunchaki: «Qandaydir savollaringiz bormi?» — deb so‘rash mumkin, keyin esa unda ehtimol paydo bo‘lgan savollarga javob bering. Shuningdek, yig‘ilishlarimiz qanday o‘tishi borasida tushunishiga ko‘maklashish uchun «Iso Masihning o‘limini xotirlang» va «Yig‘ilish zalida nimalar bo‘ladi?» nomli videolardan foydalansangiz bo‘ladi. «Hayotdan toabad zavqlaning!» nomli kitobning 28-darsida qo‘llashimiz mumkin bo‘lgan anchagina ma’lumotlar bor.

16. Marosimga kelgan insonlarda yana qanday savollar tug‘ilishi mumkin?

16 Marosimdan keyin qiziquvchilarning qo‘shimcha savollari bo‘lar. Masalan, ular nega hech kim ramzlardan tanovul qilmayotgani yoki bir nechta kishi tanovul qilgani borasida so‘rar. Marosimni qanchalik tez-tez o‘tkazishimizni surishtirar. Qolaversa, ularda Yahova Shohidlarining barcha yig‘ilishlari shu tarzda o‘tadimi degan savol paydo bo‘lar. Hatto bu kabi ma’lumotlar marosimda so‘zlanadigan nutqda aytib o‘tilgan bo‘lsa ham, ayrimlar uchun bularni batafsil tushuntirib berish kerakdir. jw.org saytimizdagi «Nega Yahovaning Shohidlari Qutlug‘ Kechlik marosimini boshqacha o‘tkazishadi?» nomli maqola ba’zi savollariga javob berishga qo‘l keladi. Marosimdan oldin, marosim kuni va undan keyin «haqiqatni qabul qilishga moyil bo‘lgan» insonlarga qo‘limizdan kelganicha yordam berishni xohlaymiz. (Havor. 13:48)

FAOLIYATSIZ VA’ZGO‘YLARGA KO‘MAKLASHING

17. Oqsoqollar faoliyatsiz va’zgo‘ylarni qanday qo‘llab-quvvatlashi mumkin? (Hizqiyo 34:12, 16)

17 Qutlug‘ Kechlik mavsumida oqsoqollar faoliyatsiz va’zgo‘ylarga qanday yordam berishi mumkin? Ularga sevgi ila e’tibor bering. (Hizqiyo 34:12, 16 ni o‘qing.) Marosimdan avval imkon boricha ko‘plar bilan bog‘laning. Ularni sevgingizga va qo‘lingizdan kelganicha yordam bermoqchi ekaningizga ishontiring. Qutlug‘ Kechlikka taklif qiling. Ular kelganida, iliq qarshi oling. Marosimdan so‘ng bu qadrdon imondoshlarnikiga borib yoki qo‘ng‘iroq qilib turing va Yahovaga qaytishi uchun kerakli tarzda ma’nan yordam bering. (1 Butr. 2:25)

18. Hammamiz faoliyatsiz va’zgo‘ylarga qanday yordam bera olamiz? (Rimliklarga 12:10)

18 Jamoatdagilarning hammasi faoliyatsiz va’zgo‘ylarga marosimga kelishiga yordam berishi mumkin. Qanday qilib? Buni ularga sevgi, mehr va hurmat ko‘rsatib qilsa bo‘ladi. (Rimliklarga 12:10 ni o‘qing.) Bu aziz qo‘zichoqlar jamoatga qaytishga tortinishi mumkinligini yodda tuting. Balki ular bizni yaxshi kutib olishmaydi deb xavotirdadir e. Shuning uchun ularni xijolat qilishi mumkin bo‘lgan savollar bermang yoki dilini og‘ritadigan gaplar aytmang. (1 Salon. 5:11) Bu birodar-u opa-singillar bizning imondoshlarimizdir. Ular bilan yana birgalashib topinishdan boshimiz ko‘kka yetadi! (Zab. 119:176; Havor. 20:35)

19. Isoning o‘limini xotirlash qanday foyda keltiradi?

19 Iso uning o‘limini har yili xotirlashimiz kerakligini aytganidan minnatdormiz va bu nega shunchalik muhim ekanini tushunyapmiz. Marosimga borganimizda, o‘zimiz va boshqalar ko‘p jihatdan foyda olamiz. (Ishayo 48:17, 18) Yahovaga hamda Isoga bo‘lgan sevgimiz oshadi. Ular biz uchun qilgan narsalarni qanchalik qadrlashimizni ko‘rsatamiz. Imondoshlarimiz bilan bo‘lgan munosabatlarimizni kuchaytiramiz. Qolaversa, boshqalarga ham to‘lov tufayli olishi mumkin bo‘lgan barakalar haqida bilib olishga ko‘maklashamiz. Keling, qo‘limizdan kelganini qilib, eng muhim kun, ya’ni bu yilgi Qutlug‘ Kechlik marosimi uchun tayyor bo‘laylik!

QANDAY QILIB...

  • qalbimizni marosim uchun tayyorlay olamiz?

  • boshqalar marosimdan foyda olishiga ko‘maklasha olamiz?

  • faoliyatsiz va’zgo‘ylarga yordam bera olamiz?

18-QO‘SHIQ To‘lov uchun minnatdormiz

a Bu maqolada tilga olingan maqolalarni va videolarni topish uchun jw.org saytida «Qidirish» funsiyasidan foydalaning.

b «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2021-yil aprel sonidagi «O‘quvchilarning savollari»ga qarang.

d « Izlanish uchun tavsiyalar» ramkasiga qarang.

e Rasmlarga va « Jamoatdagilar o‘zini qanday tutgan?» nomli ramkaga qarang. Faoliyatsiz bo‘lib qolgan birodar Yig‘ilish zaliga kirishga botina olmayapti, lekin u tuyg‘ularini yengdi. Imondoshlar uni iliq qarshi olib, suyunishyapti.

f RASMGA SHARH. Dunyoning bir chetida Yahova xalqining bir qismi marosim o‘tkazayotganda, boshqa chetida qolgan qismi marosimni o‘tkazishga tayyorlanyapti.