Bilasizmi?
Filip va’z qilgan habashistonlik amaldor nimada ketayotgandi?
«YANGI DUNYO TARJIMASI»da «arava» deb tarjima qilingan so‘z asl nusxada turli aravalarni bildirishi mumkin. (Havor. 8:28, 29, 38) Lekin habashistonlik amaldor ketayotgan arava, hoynahoy, jang yoki musobaqalar uchun mo‘ljallangan aravalardan ancha kattaroq bo‘lgan. Bunday xulosaning ayrim sabablariga nazar solaylik.
Uzoq masofani bosib kelayotgan habashistonlik kishi yuqori mavqega ega bo‘lgan edi. U «habashistonlik malika huzurida yuqori mavqega ega bo‘lgan kishi, uning butun xazinalari mudiri» edi. (Havor. 8:27) Qadimda Habashistonga hozirgi Sudan va Misrning janubiy qismi kirardi. Garchi amaldor butun safari davomida, hoynahoy, bitta aravada ketmagan bo‘lsa-da, uzoq safarda kerak bo‘lgan ko‘pgina narsalari bo‘lganga o‘xshaydi. Mil. birinchi asrdagi ba’zi aravalarning usti va yonlari yopiq bo‘lib, to‘rt g‘ildirakli yengil edi. Bir kitobga binoan, «bunday aravaga ko‘proq yuk sig‘ishi mumkin edi. Qolaversa, u tufayli safar qulayroq bo‘lib, ehtimol, odamlar undan foydalanib uzoqroq joylarga bora olardi». («Acts—An Exegetical Commentary»)
Filip habashistonlik amaldorga murojaat qilganida, u o‘qib ketayotgandi. Bayonotda yozilishicha, Filip «arava yonida chopib ketayotganda, o‘tirgan kishi Ishayo payg‘ambarning kitobini ovoz chiqarib o‘qiyotgan» edi. (Havor. 8:30) Safar uchun foydalanilgan aravalar tez yurish uchun mo‘ljallanmagandi. Bunday aravalar sekinroq harakatlangani tufayli amaldor nafaqat bemalol o‘qiy olardi, balki Filip ham unga chiqib o‘tirishi mumkin edi.
Habashistonlik amaldor «Filipdan aravaga chiqib o‘tirishini» iltimos qilgan. (Havor. 8:31) Musobaqalar uchun mo‘ljallangan aravada haydovchi tik turib ketardi. Safar uchun mo‘ljallangan aravada esa amaldor va Filipning o‘tirishi uchun o‘rindiqlar bo‘lgan.
Havoriylar 8-bobda ilohiy ilhom ostida yozilgan bayonotlarga va tarixiy dalillarga ko‘ra, adabiyotlarimizda so‘nggi paytlarda amaldor jang yoki musobaqalar uchun mo‘ljallangan kichik aravada emas, kattaroq aravada ketayotgani tasvirlangan.