Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

3-TADQIQ MAQOLASI

124-QO‘SHIQ Vafodormiz

Yahova og‘ir damlarda sizga ko‘maklashadi

Yahova og‘ir damlarda sizga ko‘maklashadi

[Yahova] sening davringda barqarorlik o‘rnatadi. (ISHAYO 33:6)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Og‘ir damlarda Yahovaning yordamidan foyda olish uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.

1, 2. Yahovaning sadoqatli xizmatchilari qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin?

 FOJIALI voqea hayotimizni bir kechaning o‘zida o‘zgartirishi hech gap emas. Masalan, Luis a ismli sadoqatli birodar juda kam uchraydigan saraton turiga chalingan. Shifokor unga yashashiga bir necha oy qolganini aytgan. Monika va uning eri ma’naviy ishlar bilan band bo‘lishgan. Bir kuni Monika oqsoqol bo‘lgan eri ikki xil hayot kechirayotganini bilib qolgan. Turmush qurmagan Oliviya opamiz kuchli bo‘ron bo‘lish arafasida uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Qaytib kelganida esa bo‘ron dastidan uyi vayron bo‘lganini ko‘rgan. Bu imondoshlarning hayoti birpasda tubdan o‘zgargan. Siz bilan ham shunday bo‘lganmi? Hayotingizni bir zumda ostin-ustun qilib yuborgan vaziyatga duch kelganmisiz?

2 Yahovaning sodiq xizmatchilari sifatida barcha insonlar kabi qiyinchiliklarga duchor bo‘lib, kasalliklarga yo‘liqyapmiz. Shuningdek, Xudoning xalqidan nafratlanadiganlar tomonidan qarshiliklarga yoki ta’qiblarga duch kelayotgandirmiz. Garchi Yahova bu kabi qiyinchiliklar boshimizga tushmasligining oldini olmasa ham, bizga yordam qo‘lini cho‘zishga va’da beryapti. (Ishayo 41:10) Uning ko‘magi bilan quvonchni yo‘qotmasligimiz, yaxshi qarorlar chiqarishimiz va hatto eng murakkab paytlarda Xudoga sadoqatli bo‘lib qolishimiz mumkin. Bu maqolada Yahova hayotimizning qorong‘i lavhalarida yordam berayotganining to‘rtta yo‘liga diqqat qaratamiz. Qolaversa, U bizga taqdim etayotgan yordamdan foyda olishimiz uchun nima qilishimiz kerakligi borasida so‘z yuritamiz.

YAHOVA SIZNI HIMOYA QILADI

3. Fojia yuz berganida, nima qilish biz uchun qiyin bo‘lishi mumkin?

3 Qiyinchilik. Fojia yuz berganida, aniq-ravshan fikr yuritishga va qaror chiqarishga qiynalarmiz. Nima uchun? Qalbimiz tilka-pora bo‘lar, haddan tashqari xavotirlanarmiz. Quyuq tuman ichida qaysi tomonga borishni bilmaganday bo‘larmiz. Yuqorida tilga olingan ikkita opamiz qiyinchiliklar paytida o‘zini qanday his qilganiga diqqat qarating. Oliviya shunday bo‘lishdi: «Bo‘ron dastidan uyim vayron bo‘lgach, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim va butunlayin qayg‘uga botdim». Monika erining xiyonati haqida shunday dedi: «Ko‘nglim qoldi. Ich-ichimdan meni barbod qilgan kuchli og‘riqni his qildim. Qanday yashashni umuman bilmay qoldim. Men bilan bu yuz beradi deb hech o‘ylamagandim». Qayg‘u-alam chekkanimizda, Yahova bizga qay yo‘sin yordam berishni va’da qilyapti?

4. Filippiliklarga 4:6, 7 ga binoan, Yahova biz uchun nima qilishni va’da beryapti?

4 Yahova qay yo‘sin ko‘maklashyapti? U bizga Kalomda «Xudoning tinchligi» deb ataladigan tinchlikni berishni va’da qilyapti. (Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing.) Bunday tinchlik faqat Yahova bilan yaqin do‘st bo‘lganimiz uchun ongimizda-yu qalbimizda xotirjamlikka ega bo‘lishni anglatadi. Bu tinchlik «har qanday o‘y-fikrdan ustun» bo‘lib, tasavvur qilganimizdan ham ko‘prog‘ini his qilishimiz mumkinligini bildiradi. Yahovaga ibodat qilgach, o‘zingizni nihoyatda xotirjam his qilgan paytlaringiz bo‘lganmi? Unday bo‘lsa, o‘shanda siz «Xudoning tinchligini» his qilgansiz.

5. Qanday qilib Xudoning tinchligi qalbimizni-yu ongimizni himoya qilyapti?

5 Filippiliklarga 4:7 da bu tinchlik «qalbingizni va ongingizni... himoya qiladi» deb yozilgan. Asl nusxaga ko‘ra, «himoya» so‘zi askarlar shaharni qo‘riqlab, uni hujumdan mudofaa qilishni bildiradi. Qo‘riqlangan shaharning aholisi xotirjam bo‘lib uxlaydi, chunki askarlar ularni himoya qilishayotganini biladi. Shu kabi, Xudoning tinchligi qalbimizni-yu ongimizni himoya qilganda, xavfsizlikda ekanimizni bilganimiz uchun o‘zimizni xotirjam his qilamiz. (Zab. 4:8) Xanna bilan bo‘lganiday, hatto vaziyatimiz darhol o‘zgarmasa ham, muayyan darajada xotirjamlik his qilishimiz mumkin. (1 Shoh. 1:16–18) Tinchlik his qilganimizda esa ko‘p hollarda aniq-ravshan fikr yuritib, dono qarorlar chiqarish osonroq bo‘ladi.

«Xudoning tinchligi qalbingizni va ongingizni» himoya qilmaguncha ibodat qiling (4–6-xatboshilariga qarang.)


6. Xudoning tinchligidan foyda olish uchun nima qilsak bo‘ladi? (Rasmga ham qarang.)

6 Nima qilishimiz lozim? Qiyinchilik girdobida «himoya»ni tilab oling. Qanaqasiga? Xudoning tinchligini his qilmaguningizcha ibodat qiling. (Luqo 11:9; 1 Salon. 5:17) Boya tilga olingan Luis xotini Anya bilan uning yashashiga bor-yo‘g‘i bir necha oy qolganini eshitishganda, buni yengishga nima yordam berganini tushuntirdi. Luis shunday dedi: «Bunga o‘xshash paytlarda sog‘lik va boshqa masalalarda qarorlar chiqarish nihoyatda qiyin. Lekin o‘sha paytda xotirjam bo‘lib qolish uchun ibodat qilmay yashash ilojsiz edi». Bu juftlik doim tinmay ibodat qilib, Yahova ong-u qalbida tinchlik-xotirjamlik saqlashga ko‘maklashishini va qarorlar chiqarish uchun donolik berishini so‘rardi. Ular Uning yordamini his qilishgan. Siz ham qiyinchilikka duch kelgan bo‘lsangiz, doimo ibodat qiling. Shunda Yahovaning tinchligi qalbingiz-u ongingizni himoya qilishini sezasiz. (Rim. 12:12)

YAHOVA SIZNI BARQAROR QILADI

7. Qiyin paytda o‘zimizni qanday his qilishimiz mumkin?

7 Qiyinchilik. Og‘ir damlarda his-tuyg‘ularimiz, o‘ylarimiz-u xatti-harakatlarimiz odatdagidan farq qilishi mumkin. Hissiyotlarimiz junbishga kelishi hech gap emas. Yuqorida tilga olingan Anya erining o‘limidan keyin o‘zini turlicha his qilganini aytdi. U quyidagicha dedi: «Bo‘shliq his qilgan paytlarda o‘zimga-o‘zim achinib ketardim. Erim hayotdan ko‘z yumganidan jahlim ham chiqardi». Gohida esa Anya o‘zini yolg‘iz his qilardi va Luis mas’ul bo‘lgan ishlarni u kabi yaxshi eplay olmaganidan hafsalasi pir bo‘lardi. Ba’zan u o‘zini xuddi bo‘ron bo‘layotgan dengizga tushib qolgandek his qilardi. Shu kabi tuyg‘ular girdobida Yahova bizga qanday yordam beradi?

8. Ishayo 33:6 da aytilganiday, Yahova bizni nimada ishontiryapti?

8 Yahova qay yo‘sin ko‘maklashyapti? U bizni barqaror qilishga va’da beryapti. (Ishayo 33:6 ni o‘qing.) Kema bo‘ronga uchraganda, har xil tomonga chayqalishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun ko‘p kemalarning suv ostidagi qismining har tomonida stabilizatorlar o‘rnatiladi. Ularning yordamida kema kamroq chayqalishi va bu tufayli u yerdagi yo‘lovchilar o‘zini xavfsiz hamda yaxshiroq his qilishi mumkin. Biroq bu stabilizatorlar kema olg‘a qarab harakatlanganda yaxshiroq ishlaydi. Shunga o‘xshab, Yahova qiyin paytda sadoqat ila olg‘a qarab harakatlansak, bizni barqaror qiladi.

Izlanish olib borish uchun mo‘ljallangan asboblar yordamida muvozanatni saqlang (8-, 9-xatboshilariga qarang.)


9. Izlanish uchun mo‘ljallangan asboblarimiz muvozanatli bo‘lishimizga qanday yordam berishi mumkin? (Rasmga ham qarang.)

9 Nima qilishimiz lozim? His-tuyg‘ular junbishga kelganda, ma’naviy ishlar bilan band bo‘lish uchun jon kuydiring. Albatta, oldinlari qila olganingizday, hozir uncha ko‘p qila olmassiz, lekin Yahova mulohazakor ekanini yodda tuting. (Luqo 21:1–4 ni solishtiring.) Shuningdek, shaxsiy tadqiq va mulohaza yuritish uchun vaqt ajrating. Nega? Yahova tashkilotimiz orqali Kalomga asoslangan zo‘r ma’lumotlarni taqdim etyapti va ular yordamida muvozanatli bo‘la olamiz. Sizga kerakli ma’lumotni tilingizda mavjud bo‘lgan asboblardan, masalan, JW Library ilovasi, «Qo‘riqchi Minorasi Jamiyati nashrlarining ko‘rsatkichi» va «Yahovaning Shohidlari izlanish olib borishi uchun qo‘llanma»dan izlasangiz bo‘ladi. Boya tilga olingan Monika og‘riqli hissiyotlari avjiga chiqayotganini his qilganida, bu asboblardan foydalanishni boshlashini aytdi. Misol uchun, u ba’zan u yerda «g‘azab» yoki «xiyonat», «sadoqat» so‘zlarini izlardi. Keyin esa o‘zini yaxshiroq his qilmaguncha topgan ma’lumotni o‘qirdi. U shunday dedi: «G‘azab bilan kompyuter tugmachalariga bosish Yahova meni quchog‘iga olishiga yetaklardi. Ma’lumotlarni o‘qiyotganda, U barcha tuyg‘ularimni tushunayotganini va menga yordam berayotganini anglardim». Yahovaning bunday ko‘magi xuddi bo‘ron paytida suvlar tinchlanmaguncha muvozanatli bo‘lishingizga ham yordam berishi mumkin. (Zab. 119:143, 144)

YAHOVA SIZNI QO‘LLAB-QUVVATLAYDI

10. Fojia yuz berganda o‘zimizni qanday his qilishimiz mumkin?

10 Qiyinchilik. Biz bilan biron fojia yuz bersa, o‘zimizni jismonan va hissan juda zaif his qiladigan kunlar bo‘ladi. O‘zimizni xuddi oldinlari tez yuguradigan, endi esa jarohat dastidan oqsab yuradigan sportchi kabi his qilarmiz. Oldinlari osonlikcha qila olgan vazifalarni endi qilishga qiynalarmiz yoki qachondir bizga yoqqan ishni endi uncha xush ko‘rmasmiz. Ilyos kabi o‘rnimizdan turishga juda qiynalayotgandirmiz. Shunchaki uxlashni xohlayotgandirmiz. (3 Shoh. 19:5–7) O‘zimizni zaif his qilganimizda Yahova nima qilishga va’da beryapti?

11. Yahova bizga yana qay yo‘sin yordam beryapti? (Zabur 94:18)

11 Yahova qay yo‘sin ko‘maklashyapti? U bizni qo‘llab-quvvatlashni va’da qilyapti. (Zabur 94:18 ni o‘qing.) Jarohat olgan sportchi harakatlanish uchun yordamga muhtoj bo‘lganiday, biz ham xizmatda faol bo‘lish uchun yordamga muhtoj bo‘larmiz. Bunday paytlarda Yahova bizni quyidagicha ishontiryapti: «Men, Tangring Yahova, o‘ng qo‘lingdan ushlab: “Qo‘rqma! Senga yordam beraman”,— deyapman». (Ishayo 41:13) Shoh Dovud buni his qilgan. Qiyinchiliklarga duch kelganida va dushmanlar qarshisida u Yahovaga: «O‘ng qo‘ling meni qo‘llab-quvvatlaydi»,— deb aytgan. (Zab. 18:35) Biroq Yahova bizni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlayapti?

Oilangiz, do‘stlaringiz va oqsoqollarning yordamini qabul qiling (11–13-xatboshilariga qarang.)


12. Zaif bo‘lganimizda yordam berish uchun Yahova kimdan foydalanishi mumkin?

12 Yahova ko‘p hollarda boshqalarni bizga yordam berishga undash orqali bizni qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, bir safar Dovud siqilganda, do‘sti Yo‘natan uni hissan qo‘llab-quvvatlab, daldali so‘zlarni aytish uchun oldiga borgan. (1 Shoh. 23:16, 17) Shu singari, Yahova Ilyosga amaliy yordam berish uchun Elishayni tanlagan. (3 Shoh. 19:16, 21; 4 Shoh. 2:2) Hozirgi kunda Xudo bizni qo‘llab-quvvatlash uchun oila a’zolarimiz, do‘stlarimiz yoki oqsoqollardan foydalanishi mumkin. Ammo siqilganimizda, boshqalarga qo‘shilishni istamasmiz. Yolg‘iz qolishni xohlarmiz. Bu tabiiy. Xo‘sh, Yahova bizni qo‘llab-quvvatlashini istasak, nima qilsak bo‘ladi?

13. Yahova bizni qo‘llab-quvvatlayotganidan foyda olish uchun nima qilishimiz lozim? (Rasmga ham qarang.)

13 Nima qilishimiz lozim? O‘zingizni boshqalardan olib qochish tuyg‘usi bilan kurashing. O‘zimizni yakkalab qo‘ysak, odatda diqqatimiz torayishi va nuqul o‘zimiz hamda muammolarimiz ustida bosh qotirishimiz hech gap emas. Bunday fikrlash tarzi qarorlarimizga ta’sir qilishi mumkin. (Hik. 18:1) Albatta, ayniqsa, hayotimizda fojia yuz berganida yolg‘iz bo‘lishni xohlagan paytlarimiz bo‘ladi. Biroq uzoq payt o‘zimizni boshqalardan olib qochsak, Yahova bizni qo‘llab-quvvatlash uchun foydalanayotgan insonlarning yordamini rad etishimiz mumkin. Shunday ekan, og‘ir damlarni boshdan kechirayotganda oila a’zolaringiz, do‘stlaringiz va oqsoqollarning ko‘magini qabul qiling. Ularni Yahova sizni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘llayotgan odamlar deb biling. (Hik. 17:17; Ishayo 32:1, 2)

YAHOVA SIZGA TASALLI BERADI

14. Nimalar dastidan qo‘rquv his qilishimiz mumkin?

14 Qiyinchilik. Qo‘rquv his qiladigan paytlarimiz bo‘lishi mumkin. Muqaddas Kitobdan Xudoning sodiq xizmatchilari dushmanlar yoki boshqa bosimlar dastidan o‘zini yomon his qilganini va qayg‘urgan paytlar bo‘lganini ko‘ryapmiz. (Zab. 18:4; 55:1, 5) Shu kabi maktabda, ishda, oila a’zolar yoki hukumat tomonidan qarshiliklarga duch kelishimiz mumkin. Sog‘lik muammolari tufayli hayotdan ko‘z yumishdan qo‘rqarmiz. Bunday damlarda o‘zimizni kichik boladay yordamsiz his qilishimiz mumkin. Bu kabi paytlarda Yahova bizga qanday yordam beradi?

15. Zabur 94:19 ga ko‘ra, Yahova biz uchun nima qilyapti?

15 Yahova qay yo‘sin ko‘maklashyapti? U bizga tasalli berib, ko‘nglimizni ko‘taradi. (Zabur 94:19 ni o‘qing.) Bu oyatni o‘qiganimizda, momaqaldiroq dastidan qo‘rqib, uxlay olmayotgan kichkina qizaloq xayolimizga kelar. Uning otasi kelib, uni qo‘liga olishini va uxlab qolmagunicha bag‘riga bosib o‘tirganini tasavvur qiling. Garchi momaqaldiroq haliyam gumburlayotgan bo‘lsa-da, otasi tasalli berib quchoqlagani tufayli u tinchlanadi. Qo‘rqinchli muammolarga duch kelganimizda, samoviy Otamiz o‘zimizni xotirjam his qilmagunimizcha quchog‘ida olib turadi. Qanday qilib Yahovadan tasalli olsak bo‘ladi?

Samoviy Otamiz Kalomi orqali sizni yupatishiga yo‘l qo‘ying (15-, 16-xatboshilariga qarang.)


16. Yahova bizga berayotgan tasallidan foyda olish uchun nima qilsak bo‘ladi? (Rasmga ham qarang.)

16 Nima qilishimiz lozim? Muntazam ravishda Yahova bilan vaqt o‘tkazing — ibodat qiling va Kalomini o‘qing. (Zab. 77:1, 12–14) Keyin esa muammo paydo bo‘lganda, hoynahoy, avvalo samoviy Otamizga murojaat qilarsiz. Yahovaga qo‘rquvlaringiz-u tashvishlaringizni aytib bering. U sizga Kalomi orqali gapirishiga va tasalli berishiga yo‘l qo‘ying. (Zab. 119:28) Sizni qo‘rquv qamraganida, tasalli topish uchun Muqaddas Yozuvlardan muayyan parchalarni izlarsiz. Masalan, Ayub, Zabur va Hikmatlar kitoblarini, jumladan, Isoning Matto 6-bobdagi so‘zlarini o‘qib dalda olishingiz mumkin. Ha, Yahovaga ibodat qilish va Kalomini o‘qish orqali tasalli olasiz.

17. Nimada amin bo‘lishimiz mumkin?

17 Yahova qora kunlarimizda bizni tashlab qo‘ymasligiga amin bo‘lishimiz mumkin. Biz hecham yolg‘iz qolmaymiz. (Zab. 23:4; 94:14) U himoya qilishni, mustahkamlashni, qo‘llab-quvvatlashni va tasalli berishni sizga va’da qilyapti. Ishayo 26:3 da Yahova haqida shunday yozilgan: «Senga to‘liq tayanganlarni himoya qilasan, ularga bitmas-tuganmas tinchlik berasan. Zero, ular Senga tayanadi». Shunday ekan, Xudoga umid bog‘lang va U sizga yordam berish uchun taqdim etayotgan barcha narsadan foyda oling. Bunday yo‘l tutib, hatto og‘ir damlarda qayta kuchga to‘la olasiz.

QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Yahovaning yordamiga ayniqsa qachon muhtoj bo‘lishimiz mumkin?

  • Og‘ir damlarda Yahova bizga qaysi to‘rtta yo‘l orqali ko‘maklashadi?

  • Yahovaning yordamidan foyda olish uchun nima qilishimiz mumkin?

12-QO‘SHIQ Buyuk Alloh Yahova

a Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.