Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

4-TADQIQ MAQOLASI

30-QO‘SHIQ Do‘stim, Otam va Rabbim

Yahova sizni qattiq yaxshi ko‘radi

Yahova sizni qattiq yaxshi ko‘radi

Yahova mehr-shafqatli. (YOQB. 5:11)

NIMANI BILIB OLAMIZ?

Qanday qilib Yahovaning sevgisi tufayli Unga yaqinlashishimiz va o‘zimizni xavfsiz his qilishimiz, bizga nisbatan g‘amxo‘rligini sezib, tasalli olishimiz mumkinligini bilib olamiz.

1. Yahova haqida o‘ylaganda, xayolingizga nimalar keladi?

 YAHOVA qanday Xudo ekanini hech tasavvur qilganmisiz? Unga ibodat qilganda, xayolingizga nima keladi? Garchi Yahovani ko‘ra olmasak-da, Muqaddas Kitobda U turli yo‘llar orqali tasvirlangan. Yahova «quyoshimiz va qalqonimiz» hamda «yamlamay yutadigan otash» deya atalgan. (Zab. 84:11; Ibron. 12:29) Hizqiyo vahiyda Uni porlayotgan metallga o‘xshashini va sapfir taxtda o‘tirib, har tomonida kamalak taralib turganday tasvirlagan. (Hiz. 1:26–28) Yahova haqidagi bu ba’zi ma’lumotlar bizni hayratga solayotgandir yoki hatto qo‘rqitayotgandir.

2. Nima tufayli Yahovaga yaqinlashish qiyin bo‘lishi mumkin?

2 Xudoni ko‘ra olmas ekanmiz, U bizni sevishiga ishonishimiz qiyin bo‘lishi mumkin. Ayrimlar o‘tmishi dastidan Yahova ularni hech qachon yaxshi ko‘ra olmaydi degan fikrda. Ehtimol, ularni sevgan tom ma’nodagi otasi bo‘lmagandir. Yahova bunday tuyg‘ularni va ular bizga qanday ta’sir qilishini tushunadi. Bizga yordam berish uchun U Kalomida ajoyib shaxsiyatini ochib beryapti.

3. Nega Yahovaning sevgisiga ahamiyat berishimiz kerak?

3 Yahovani tasvirlaydigan eng a’lo so‘z — sevgi. (1 Yuhan. 4:8) Ha, Uning O‘zi sevgidir. Bu qilayotgan har bir ishiga ta’sir qilyapti. Uning sevgisi qaynoq va kuchli. Yahova sevgisini hatto Uni yaxshi ko‘rmaydigan insonlarga nisbatan ham namoyon etadi. (Mat. 5:44, 45) Bu maqolada Yahova hamda sevgisi borasida so‘z yuritamiz. Tangrimiz haqida qancha ko‘p bilsak, Unga bo‘lgan sevgimiz ham shuncha ko‘p oshadi.

YAHOVA BIZNI QATTIQ YAXSHI KO‘RADI

4. Yahovaning mehr-shafqati sizda qanday tuyg‘ularni uyg‘otyapti? (Rasmga ham qarang.)

4 «Yahova mehr-shafqatli». (Yoqb. 5:11) Muqaddas Kitobda U O‘zini mehribon ona bilan solishtiryapti. (Ishayo 66:12, 13) Chaqalog‘iga sevgi ila g‘amxo‘rlik qiladigan onani ko‘z oldingizga keltiring. U bolajonini mehr ila quchoqlab, tizzasiga o‘tkazadi va u bilan ohista, mayin ohangda gaplashadi. Bola yig‘lasa yoki biron joyi og‘risa, onasi uni nima bezovta qilayotganini tushunishga intiladi. Biz ham ezilganimizda, Yahova bizni sevishidan shubhalanmasak bo‘ladi. Sano bastakori shunday yozgan: «Tashvishlar girdobida qolganimda, menga tasalli berib, ko‘nglimni ko‘tarding». (Zab. 94:19)

«Ona o‘g‘lini yupatgani kabi, Men ham sizlarni yupataman» (4-xatboshiga qarang.)


5. Yahovaning mehr-sadoqati siz uchun nima degani?

5 Yahova sadoqatli. (Zab. 103:8) Noto‘g‘ri yo‘l tutganimizda, U bizni sevishda davom etadi. Isroil xalqi Uni qayta-qayta ranjitgan bo‘lsa ham, U so‘nmas sevgisini tavba qilgan xizmatchilariga quyidagi so‘zlar bilan izhor etgan: «Sen Men uchun qadrlisan, seni hurmatga loyiq topdim, seni sevdim». (Ishayo 43:4, 5) Xudoning sevgisi o‘zgarmaydi. Unga doim umid bog‘lasak arziydi. Hatto jiddiy gunoh qilganimizda, Yahova bizni tashlab qo‘ymaydi. Tavba qilib, Unga qaytsak, U hali ham bizni sevishini ko‘ramiz. U «sidqidildan» kechirishni va’da qilyapti. (Ishayo 55:7) Muqaddas Kitobga ko‘ra, Yahova kechirganida «O‘zi tetiklik baxsh etadigan vaqtni» keltiradi. (Havor. 3:19)

6. Zakariyo 2:8 dan Yahova haqida nimani bilib olyapmiz?

6 Zakariyo 2:8 ni o‘qing. Xudo bizni sevar ekan, his-tuyg‘ularimizdan xabardor va bizni himoya qilishga tayyor. Qayg‘urganimizda, U ham qayg‘uradi. Shu bois: «Ko‘zing qorachig‘iday meni avayla»,— deb bemalol ibodat qilsak bo‘ladi. (Zab. 17:8) Ko‘zni oladigan bo‘lsak, u juda nozik va bebaho tana a’zosi hisoblanadi. Shunday ekan, Yahova bizni ko‘zining qorachig‘i bilan solishtiryapti. U shunday deb aytayotganday bo‘lyapti: «Ey xalqim, sizlarga zarar yetkazayotgan har kim, Men uchun qimmatbaho bo‘lgan insonga zarar yetkazayotanday bo‘lyapti».

7. Yahovaning sevgisiga bo‘lgan ishonchimizni nega mustahkamlashimiz kerak?

7 Yahova U sizni yaxshi ko‘rishiga amin bo‘lishingizni xohlaydi. Lekin o‘tmishimiz sababli U bizni yaxshi ko‘rarmikan, deb o‘ylashimiz mumkinligini biladi. Yoki aynan hozir Yahovaning sevgisi borasidagi ishonchimiz sinalayotgan vaziyatlarga duch kelayotgandirmiz. Xo‘sh, ishonchimizni qanday mustahkamlay olamiz? Buning uchun Yahova sevgisini Isoga, moylanganlarga va barchamizga qanday ko‘rsatayotganini bilib olishimiz darkor.

YAHOVA SEVGISINI QANDAY NAMOYON ETYAPTI?

8. Nega Iso Otasining sevgisiga amin edi?

8 Qadim zamonlardan beri Yahovani hamda Uning suyukli O‘g‘lini qattiq sevgi va mehr-shafqat bog‘lab turadi. Ularning rishtalarini koinotdagi eng qadimiy desa bo‘ladi. Matto 17:5 da Yahova Isoga bo‘lgan sevgisini bildirgani haqida o‘qiyapmiz. U shunchaki: «Undan mamnunman»,— deb aytib qo‘yishi mumkin edi. Lekin U Isoni qanchalik yaxshi ko‘rishini bilishimizni xohlagan. Shu bois «Bu Mening sevikli O‘g‘lim» degan. Yahova Isodan, ayniqsa, u o‘z hayotini berishga tayyor bo‘lgani uchun faxrlangan. (Efes. 1:7) Iso ham Otasining sevgisidan shubhalanmagani aniq. Ha, Iso Yahova uni sevishiga yuz foiz amin edi. U Otasi uni sevishiga ishonayotganini qayta-qayta takrorlagan. (Yuhan. 3:35; 10:17; 17:24)

9. Qaysi so‘z Yahova moylanganlarni sevishini ko‘rsatyapti? Tushuntiring. (Rimliklarga 5:5)

9 Yahova moylanganlarni ham sevishini ko‘rsatgan. (Rimliklarga 5:5 ni o‘qing.) «To‘ldiradi» so‘ziga nazar soling. Bir lug‘atda aytilganday, bu so‘z «bizga xuddi daryoday oqib keladi» degan ma’noni bildiradi. Bu Yahova moylanganlarni qattiq sevishini ta’kidlovchi naqadar ta’sirli so‘zlar! Moylangan masihiylar Xudoning sevgisini his qilishadi. (Yahd. 1) Havoriy Yuhanno quyidagicha yozganda, o‘z tuyg‘ularini oshkor qilgan: «Qaranglar, Allohning bolalari deya nomlanishimiz uchun Ota bizga qanday sevgi namoyon etgan va biz chindan ham Uning farzandlarimiz». (1 Yuhan. 3:1) Qiziq, U faqat moylanganlarni yaxshi ko‘radimi? Yo‘q. Alloh hammamizni sevishini isbotlagan.

10. Yahova sizni sevishining eng kuchli dalili qanday?

10 Yahovaning sevgisini tasdiqlaydigan eng kuchli isbot qaysi? Bu to‘lov. U sevgi izhorining koinotdagi eng ta’sirli dalili! (Yuhan. 3:16; Rim. 5:8) Yahova aziz O‘g‘lini berdi va u hamma insonlar uchun o‘lishiga yo‘l qo‘ydi. Shu yo‘sin, gunohlarimiz kechirilishi va Xudoning do‘sti bo‘lishimiz mumkin. (1 Yuhan. 4:10) Yahova hamda Iso to‘lagan haq ustida qanchalik ko‘p fikr yuritsak, ular har birimizni sevishini shunchalik yaxshi tushuna olamiz. (Galat. 2:20) To‘lov shunchaki Yahova adolatli bo‘lgani uchun berilmagan. U sevgi ila berilgan sovg‘adir. Yahova bizga nisbatan sevgisini U uchun eng aziz bo‘lgan Isoni qurbonlikka keltirish orqali isbotladi. Xudo O‘g‘li bizni deb azob chekishiga va o‘lishiga yo‘l qo‘ydi.

11. Yeremiyo 31:3 dan nimani bilib olyapmiz?

11 Ko‘rib chiqqanimizday, Yahova nafaqat bizni sevadi, balki O‘z sevgisini bizga mehr ila namoyon etyapti. (Yeremiyo 31:3 ni o‘qing.) Xudo bizni yaxshi ko‘rgani uchun O‘ziga jalb qilyapti. (Qonunlar 7:7, 8 ni solishtiring.) Hech nima va hech kim bizni bu sevgidan judo qila olmaydi. (Rim. 8:38, 39) Uning sevgisi tufayli o‘zingizni qanday his qilyapsiz? Zaburning 23-sanosini o‘qing va Xudoning sevgisi-yu mehri Dovudga qanday ta’sir qilganiga hamda barchamizga qanday ta’sir qilishiga diqqat qarating.

YAHOVANING SEVGISI TUFAYLI NIMA HIS QILYAPSIZ?

12. Zaburning 23-sanosi haqida nima degan bo‘lardingiz?

12 Zabur 23:1–6 ni o‘qing. Zabur 23 Yahovaning sevgisi-yu mehriga nisbatan ishonch bildirilgan sanodir. Uni bastalagan Dovud Cho‘poni bo‘lmish Yahova bilan o‘rtasidagi rishtalar qanchalik mustahkam ekanini bildirgan. U Yahova uni yetaklayotganini va butunlayin Unga bog‘liq ekanini his qilgan. Dovud Xudoning sevgisi umri bo‘yi unga hamroh bo‘lishini bilgan. Nega u shunchalik amin bo‘lgan?

13. Nega Dovud Yahova g‘amxo‘rlik qilishiga amin bo‘lgan?

13 «Hech narsada muhtojlik ko‘rmayman». Dovud Yahova unga doim barcha kerakli narsalarni bergani uchun mehrini his qilardi. Qolaversa, U Xudo bilan do‘stona munosabatlarga ega bo‘lganidan va undan mamnun ekanidan baxtiyor edi. Shuning uchun ham, kelajakda nima bo‘lishidan qat’i nazar u Yahova barcha ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishda davom etishiga amin bo‘lgan. Dovud Xudo uni mehr ila sevishiga umid bog‘lagani unga tashvishlanmaslikka, baxtli va mamnun bo‘lishga ko‘maklashgan. (Zab. 16:11)

14. Qanday qilib Yahova biz uchun sevgi ila g‘amxo‘rlik qilishi mumkin?

14 Yahova bizga ham, ayniqsa, hayotimizda yomon voqealar yuz berganida sevgi ila g‘amxo‘rlik qilyapti. Baytilda 20 yildan ziyod xizmat qilayotgan Kler a oila a’zolari birin-ketin qiyinchiliklarga duch kelganida o‘zini baxtsiz his qilgan. Otasi insultga yo‘liqqandi, singlisi jamoatdan chetlatilgandi va oilasidagilar moddiy qiyinchilikka duch kelib, uysiz qolishgandi. Xo‘sh, Yahova ularga sevgi ila g‘amxo‘rlik qilayotganini qanday ko‘rsatdi? Kler shunday bo‘lishdi: «Oilamdagilar har kuni nimada muhtoj ekanini Yahova doim ko‘rib turardi. Ko‘p marta U bizga keragidan ham ko‘prog‘ini bergan. Xudo menga mehr ila sevgisini ko‘rsatgan paytlar borasida ko‘p o‘ylayman. Bunday xotiralar juda qadrli bo‘lib, qiyinchiliklarni yengishimga ko‘maklashadi».

15. Nega Dovud kuchga to‘lganini his qilgan? (Rasmga ham qarang.)

15 «U menga kuch baxsh etadi». Gohida Dovud barcha muammolar va qiyinchiliklar dastidan tushkunlikka tushgan. (Zab. 18:4–6) Shunda ham Xudoning mehr ila sevgisi va g‘amxo‘rligi unga tasalli berib, uni «yam-yashil yaylovlar»ga hamda «sersuv, rohatbaxsh joylarga» boshlab borgan. Natijada, Dovud yana kuchga to‘lib, Yahovaga quvonch ila xizmat qila olgan. (Zab. 18:28–32)

Dovud hatto tushkun ahvolda Yahovaning mehr ila sevgisini his qilib, g‘amxo‘rlik qilganidan tasalli topgan (15-xatboshiga qarang.)


16. Qanday qilib Yahovaning sevgisi sizga kuch ato etyapti?

16 Bugun ham muammolar va qiyinchiliklarga duchor bo‘lganimizda, «Yahovaning mehr-sadoqati tufayli biz yo‘q bo‘lib» ketmaymiz. (Marsiya 3:22; Kolos. 1:11) Reychelning misolini olaylik. Uning eri COVID-19 pandemiyasi paytida uni va Yahovani tashlab ketdi. Xo‘sh, Yahova Reychel uchun nima qildi? U shunday dedi: «Yahova o‘zimni sevikli his qilishimga g‘amxo‘rlik qilgan. U doim yonimda do‘stlarim bo‘lishiga ko‘maklashgan. Ular men bilan vaqt o‘tkazishgan, oziq-ovqat olib kelishgan, mehrga to‘la xabarlar va oyatlar yuborishgan, hazil-huzul qilishgan hamda Yahova menga g‘amxo‘rlik qilishini yodimga solishgan. Otajonimiz Yahova sevgiga boy katta oilani bergani uchun Unga doim minnatdorchilik bildiraman».

17. Nega Dovud qo‘rqmagan?

17 «Xavf-xatardan qo‘rqmayman. Chunki Sen men bilansan». Dovudning hayoti ko‘p hollarda xavf ostida bo‘lgan va uning ko‘pgina qudratli dushmanlari bor edi. Biroq u Yahovaning sevgisi tufayli o‘zini xavfsiz va himoya ostida his qilgan. Dovud Xudo u bilan har bir vaziyatda birga ekanini his qilgan va bu unga ko‘maklashgan. Shu bois u: «[Yahova] barcha qo‘rquvlarimdan meni xalos etdi»,— deb kuylagan. (Zab. 34:4) Dovud gohida qattiq qo‘rqqan bo‘lsa ham, Yahova uni yaxshi ko‘rishini bilgani uchun qo‘rquv hissini yenga olgan.

18. Qo‘rquv his qilganingizda, Yahovaning sevgisi sizni qanday mustahkamlashi mumkin?

18 Qo‘rqinchli vaziyatlarga duch kelganimizda, Yahova bizni sevishini bilish qanday mustahkamlaydi? Syuzi ismli kashshofning o‘g‘li o‘zi xohlaganday yashashni tanlagan. U va eri o‘zini qanday his qilgani haqida shunday dedi: «Kutilmagan fojia juda jarohatlaydi va ko‘ngilni tilka-pora qilib, zaiflashtiradi. Ammo Yahovaning mehr-shafqati tufayli biz o‘zimizni xavfsiz va himoya ostida his qilamiz». Boya tilga olingan Reychel quyidagilarni eslaydi: «Kechalarning birida ich-ichimdan siqilib, xavotir va qo‘rquv his qildim. Men yig‘i-sig‘i qilib, ovoz chiqarib ibodat qildim. Shu ondayoq xuddi ona bolasini yupatganiday, Yahova dardimga shifo berib, meni yupatdi va men uxlab qoldim. Buni hech qachon unutmayman». Tasos ismli oqsoqol qurolli kuchlarga qo‘shilmagani uchun to‘rt yil qamoqda o‘tirdi. U Yahovaning sevgisi-yu g‘amxo‘rligini qanday his qildi? U shunday bo‘lishdi: «Yahova barcha ehtiyojlarimga g‘amxo‘rlik qilib, keragidan ko‘prog‘ini berdi. Bu tufayli Unga butunlayin tayanishim mumkinligiga bo‘lgan ishonchim kuchaydi. Shuningdek, U muqaddas ruhi orqali hatto o‘sha zimziyo joyda menga xursandchilik ato etdi. Bu meni qancha ko‘p Otajonim bilan hamkorlik qilsam, Uning xayrixohligidan shuncha ko‘p foyda olishimga ishontirdi. Shunday qilib qamoqda doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilishni boshladim».

MEHRIBON TANGRINGIZGA YAQINLASHING

19. a) Xudo bizni sevishini bilish ibodatlarimizga qanday ta’sir qiladi? b) Yahovaning sevgisi haqidagi qaysi so‘zlar sizga ayniqsa yoqadi? (« Yahovaning qaynoq sevgisini his qilishingizga ko‘maklashadigan so‘zlar» nomli ramkaga qarang.)

19 Tilga olingan vaziyatlarning bari Yahova, «sevgi... Xudosi» biz bilan ekanining dalilidir! (2 Kor. 13:11) U shaxsan har birimizga qiziqish bildiryapti. «Uning mehr-sadoqati» bizni o‘rab turishiga ishonchimiz komil. (Zab. 32:10) Yahova bizga sevgi namoyon etayotgani ustida fikr yuritganimiz sayin, U biz uchun mavjud Shaxsga aylanadi va biz Unga ko‘proq yaqinlashamiz. Allohga bemalol murojaat qilib, Uning sevgisiga qanchalik ko‘p muhtoj ekanimizni aytsak bo‘ladi. Unga bor dardimizni aytib berishimiz va U bizni tushunishiga hamda yordam berishga tayyor ekaniga ishonishimiz mumkin. (Zab. 145:18, 19)

20. Qanday qilib Yahovaning sevgisi sizni Unga jalb qilyapti?

20 Izg‘irin sovuq kunda issiqqina gulxan bizni o‘ziga jalb qilganiday, Yahovaning qaynoq sevgisi ham bizni Unga jalb qiladi. Uning sevgisi kuchli hamda mehrga boy. Shunday ekan, Yahovaning qaynoq sevgisiga eshik oching. Shunday qilib Uning sevgisiga javoban: «Yahovani yaxshi ko‘raman»,— deb ayta olasiz. (Zab. 116:1)

QANDAY JAVOB BERARDINGIZ?

  • Yahovaning sevgisini qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?

  • Nega Yahova sizni qattiq yaxshi ko‘rishiga amin bo‘lishingiz mumkin?

  • Yahovaning sevgisi sizda qanday tuyg‘ularni uyg‘otyapti?

108-QO‘SHIQ Allohning mehr-sadoqati

a Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.