1-TADQIQ MAQOLASI
38-QO‘SHIQ U sizni mustahkamlaydi
Yahovaga umid bog‘lash orqali qo‘rquvni yenging
2024-YILNING OYATI: Qo‘rquv meni qamrab olganda, Senga umid bog‘layman. (ZAB. 56:3)
NIMANI BILIB OLAMIZ?
Yahovaga qanday qilib yanada ko‘proq umid bog‘lashimiz va qo‘rquvlarimizni yengishimiz mumkinligini bilib olamiz.
1. Nega gohida qo‘rqishimiz mumkin?
HAR BIR INSON gohida qo‘rquv his qiladi. Albatta, Muqaddas Kitobni tadqiq qilganimiz tufayli o‘limdan, jinlardan yoki kelajakda nima yuz berishini bilmay qo‘rqish hissidan qutuldik. Lekin haliyam urush, jinoyat va kasalliklar kabi «qo‘rqinchli narsalar» yuz berayotgan og‘ir pallada yashayapmiz. (Luqo 21:11) Qolaversa, odamlardan, jumladan, bizni ta’qib qilayotgan hukumatlardan yoki hatto haq topinishga qarshi bo‘lgan oila a’zolarimizdan qo‘rqishimiz hech gap emas. Ayrimlar hozirning o‘zida duchor bo‘layotgan yoki duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni yenga olmaslikdan xavotirlanadi.
2. Dovud Gatda bo‘lganida vaziyat qanday bo‘lganini aytib bering.
2 Gap shundaki, Dovud ham qo‘rquv his qilgan paytlar bo‘lgan. Masalan, shoh Shoul uni o‘ldirmoqchi bo‘lib orqasidan quvib yurganda, u filistimliklarning Gat shahriga qochishga qaror qilgan. Gat shohi Oxish keyinchalik Dovud qudratli jangchi ekanini va «o‘n minglab dushmanlarni» o‘ldirganini bilib qolgan. O‘shanda Dovud «juda qo‘rqib ketdi». (1 Shoh. 21:10–12) U shoh unga nisbatan qanday chora ko‘rishidan xavotirlangan. Xo‘sh, u qanday qilib qo‘rquvni yenggan?
3. Dovud qo‘rquvlarini qanday yenga olgan? (Zabur 56:1–3, 11)
3 Zabur 56 da Dovud Gatda bo‘lganida his qilgan tuyg‘ulari borasida yozilgan. Bu sanoda u nega qo‘rqqanini aniq tushuntiribgina qolmay, bu qo‘rquvni qanday yenganini ham aytgan. U qo‘rqqanida Yahovaga umid bog‘lagan. (Zabur 56:1–3, 11 ni o‘qing.) Dovud umid bog‘lashi uchun ko‘p sabablarga ega bo‘lgan. Yahovaning qut-barakasi bilan u g‘alati narsalarni ham qilgan. U o‘zini telbaday tuta boshlagan va bu ish bergan. Oxish uni o‘ldirishning o‘rniga, qo‘yib yuborgan. Shunda Dovud omon qolgan. (1 Shoh. 21:13–22:1)
4. Qay yo‘sin Yahovaga ko‘proq umid bog‘lay olamiz? Misol keltiring.
4 Biz ham Yahovaga umid bog‘lash orqali qo‘rquvni yenga olishimiz mumkin. Biroq qanday qilib, ayniqsa, qo‘rqqanimizda Yahovaga ko‘proq umid bog‘lay olamiz? Bir misolni ko‘rib chiqaylik. Agar kasal ekaningizni bilib qolsangiz, avvaliga qo‘rqishingiz mumkin. Lekin shifokoringizga umid bog‘lasangiz anchagina tinchlanasiz. Ehtimol, u ko‘p bemorlarni siznikiga o‘xshash kasallikdan xalos qilgandir. U sizni diqqat bilan tinglar va bu tufayli u his-tuyg‘ularingizni chindan ham tushunayotganiga amin bo‘lasiz. Shuningdek, u boshqalarga yordam bergan davolanish muolajani sizga taklif qilar. Shunga o‘xshab, Yahova amalga oshirgan, hozir qilayotgan va biz uchun yana qiladigan narsalar haqida o‘ylash orqali Unga ko‘proq umid bog‘lay olamiz. Dovud ham shunday qilgan. Zaburning 56-sanosidagi ilohiy ilhom ostida yozgan ba’zi so‘zlarni ko‘rib chiqayotganimizda, qanday qilib Yahovaga yanada ko‘proq umid bog‘lay olishingiz va qo‘rquvlaringizni yenga olishingiz ustida fikr yuriting.
YAHOVA NIMALARNI AMALGA OSHIRGAN?
5. Qo‘rquvlarini yengish uchun Dovud nima haqida fikr yuritgan? (Zabur 56:12, 13)
5 Dovudning hayoti xavf ostida bo‘lganda ham, u Yahova amalga oshirgan narsalarga diqqat qaratgan. (Zabur 56:12, 13 ni o‘qing.) U butun hayoti davomida bunday yo‘l tutgan. Masalan, gohida u Yahovaning ijodlari borasida mulohaza yuritgan va shu yo‘sin Uning kuch-qudrati-yu insonlarga nisbatan samimiy qiziqishini esga olardi. (Zab. 65:6–9) Shuningdek, u Yahova boshqalar uchun nimalar qilgani borasida o‘ylardi. (Zab. 31:19; 37:25, 26) Dovud Yahova shaxsan u uchun nimalar qilgani haqida ayniqsa fikr yuritardi. U Dovudni chaqaloqligidan qo‘llab-quvvatlab, himoya qilgan. (Zab. 22:9, 10) Bu kabi mulohazalar Dovudga Xudoga yanada ko‘proq umid bog‘lashiga ko‘maklashganini bir tasavvur qiling!
6. Bizni qo‘rquv qamraganda, Yahovaga umid bog‘lashga nima yordam beradi?
6 Qo‘rquv his qilganingizda, o‘zingizdan: «Yahova nimalarni amalga oshirdi?» — deb so‘rang. U yaratgan narsalar ustida fikr yuriting. Misol uchun, Yahova O‘ziga monand qilib yaratmagan va Unga topina olmaydigan qushlar-u gullarga qanchalik g‘amxo‘rlik qilayotganini «diqqat bilan» kuzatganimizda, U bizga ham g‘amxo‘rlik qilayotganiga bo‘lgan ishonchimiz mustahkamlanadi. (Mat. 6:25–32) Qolaversa, Yahova xizmatchilari uchun nimalar qilgani haqida o‘ylang. Kuchli imon namoyon etgan insonlar to‘g‘risida Muqaddas Kitob asosida izlanish o‘tkazsangiz bo‘ladi yoki hozirgi zamonda Unga xizmat qilayotganlarning hayoti to‘g‘risida o‘qishingiz mumkin a. Bundan tashqari, Yahova sizga qanday g‘amxo‘rlik qilgani haqida o‘ylang. U sizni haqiqatga qay yo‘sin jalb qilgan? (Yuhan. 6:44) U ibodatlaringizga qanday javob beryapti? (1 Yuhan. 5:14) Sevikli O‘g‘lini qurbon qilgani har kuni sizga qanday foyda keltiryapti? (Efes. 1:7; Ibron. 4:14–16)
7. Doniyor payg‘ambarning misoli Vanessaga qo‘rquvini yengishga qanday yordam bergan?
7 Gaitidagi Vanessa b opamiz qo‘rqinchli vaziyatga duch keldi. Qo‘shnisi unga har kuni qo‘ng‘iroq qilib, xabarlar yuborgan va u bilan jinsiy aloqa qilishga bosim o‘tkazgan. Opamiz aniq-ravshan rad javobini bergan. Biroq u g‘azabga minib, hatto unga ziyon yetkazmoqchi bo‘lgan. Vanessa shunday dedi: «Men juda qo‘rqardim». Xo‘sh, u qo‘rquvini qanday yengdi? U o‘zini himoya qilish uchun amaliy qadamlar qo‘ydi. Bitta oqsoqol unga hukumat xodimlari bilan bog‘lanishga ko‘maklashdi. Vanessa Yahova xizmatchilarini o‘tmishda qanday himoyalagani haqida ham fikr yuritdi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Birinchi bo‘lib Doniyor payg‘ambar to‘g‘risida o‘yladim. U hatto aybsiz bo‘lsa ham uni och sherlarning uyasiga tashlashgan. Lekin Yahova unga g‘amxo‘rlik qilgan. U mening ham vaziyatimni butunlay nazorati ostiga olishini so‘radim. Bundan so‘ng qo‘rqmaydigan bo‘ldim». (Don. 6:12–22)
YAHOVA HOZIR NIMALAR QILYAPTI?
8. Dovud nimada amin edi? (Zabur 56:8)
8 Dovud Gatda bo‘lganida hayoti qil ustida bo‘lganida ham vahimaga tushmadi. Aksincha, Dovud Yahova o‘sha paytda u uchun nimalar qilgani borasida mulohaza yuritdi. U Yahova yo‘l-yo‘riq berayotganini, uni himoya qilayotganini va tuyg‘ularini tushunayotganini ko‘ra bilgan. (Zabur 56:8 ni o‘qing.) Dovudning Yo‘natan va oliy ruhoniy Oximalek kabi do‘stlari ham bo‘lgan. Ular uni sadoqat ila qo‘llab-quvvatlashardi hamda unga amaliy yordam ko‘rsatishardi. (1 Shoh. 20:41, 42; 21:6, 8, 9) Hatto shoh Shoul uni o‘ldirmoqchi bo‘lganida ham u omon qolgan. Dovud Xudo uning qiyinchiligini va bu tufayli u o‘zini qanday his qilayotganini bilganidan shubhalanmagan.
9. Yahova har birimiz haqimizda nimalarni biladi?
9 Siz ham qo‘rqishingizga sabab bo‘layotgan qiyinchilikka duch kelayotgan bo‘lsangiz, Yahova bu qiyinchilik va uning dastidan nimalarni his qilayotganingiz borasida xabardor ekanini unutmang. Masalan, Xudo nafaqat isroilliklar Misrda yomon munosabatga ro‘baro‘ kelayotganini, balki «qanchalik azob tortayotganini» ham yaxshi bilgan. (Chiq. 3:7) Dovud Yahova uning «azob-uqubati» va «qattiq qayg‘u chekayotgani» haqida xabardor ekani borasida kuylagan. (Zab. 31:7) Xudoning xalqi hatto ahmoqona yo‘l tutgani dastidan azob chekkanida, «U ham azob chek»kan. (Ishayo 63:9) Siz ham qo‘rqqaningizda, Yahova tuyg‘ularingizni biladi va qo‘rquvlaringizni yengishga yordam berishni juda istaydi.
10. Yahova sizga g‘amxo‘rlik qilayotganiga va har qanday qiyinchilikni yengishingizga yordam berishiga nega aminsiz?
10 Biroq qo‘rqinchli qiyinchilikka duch kelganingizda, Yahova sizni qanday qo‘llab-quvvatlayotgani borasida o‘ylayotgandirsiz. Shuning uchun Undan ko‘magini ko‘rishingizga yordam berishini so‘rang. (4 Shoh. 6:15–17) So‘ng jamoatda eshitgan nutq yoki sharh sizni mustahkamladimi deb o‘ylab ko‘ring. Biron adabiyot, video yoki taronalarimiz sizga dalda berdimi? Kimdir daldali fikr yoki oyatni siz bilan bo‘lishdimi? Mehrga to‘la birodarligimiz va ma’naviy ozuqa qanchalik daldali ekanini unutish juda oson. Darhaqiqat, bularning bari Yahovaning sovg‘alari. (Ishayo 65:13; Mark 10:29, 30) Ular Yahova sizga g‘amxo‘rlik qilayotganining isbotidir. (Ishayo 49:14–16) Ha, bunday sovg‘alar shuni ko‘rsatyaptiki, Unga umid bog‘lash arziydi.
11. Aidaga qo‘rquvlarini yengishga nima yordam bergan?
11 Senegalda yashaydigan Aida Yahova uni muammo paydo bo‘lganida qanday qo‘llab-quvvatlaganiga diqqat qaratgan. U katta farzand bo‘lgani uchun ota-onasi ham o‘ziga, ham ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun undan pul ishlab topishini kutishgan. Lekin u kashshof bo‘lish uchun hayotini soddalashtirgach, moddiy jihatdan qiynalib qolgan. Oilasidagilarning jahli chiqib, uni koyishardi. Aida shunday dedi: «Ota-onamga g‘amxo‘rlik qila olmaslikdan va hamma mendan yuz o‘girishidan qo‘rqardim. Men hatto Yahovani bunda ayblardim». Keyin u yig‘ilishda nutq tinglagan. Aida quyidagicha bo‘lishdi: «Ma’ruzachi bizga qalbimizdagi har qanday og‘riq Yahovaga ma’lum ekanini eslatdi. Asta-sekin oqsoqollar va boshqalarning maslahati yordamida Yahovaning sevgisiga bo‘lgan ishonchim oshdi. Yangilangan ishonch bilan Yahovaga ibodat qila boshladim va U menga berayotgan javoblarini ko‘rib, xotirjamlik his qila boshladim». Vaqt o‘tgach, Aida nafaqat kashshoflik qilishga, balki ota-onasini va boshqalarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga asqatadigan ish topdi. U: «Yahovaga to‘liq umid bog‘lashni o‘rgandim. Hozir ibodat qilgach, qo‘rquvlarim odatda o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi»,— dedi.
YAHOVA YANA NIMALAR QILADI?
12. Zabur 56:9 ga ko‘ra, Dovud nimada amin bo‘lgan?
12 Zabur 56:9 ni o‘qing. Ushbu oyat Dovud qo‘rquvlarini yenganining boshqa qirrasini ochib beryapti. Uning hayoti hatto xavf ostida bo‘lganda ham Yahova u uchun yana nimalar qilishi haqida fikr yuritgan. Dovud Yahova kerakli paytda uni qutqarishini bilgan. Buning ustiga, U Dovud Isroilda keyingi shoh bo‘lishini bildirgan. (1 Shoh. 16:1, 13) U Yahova va’da qilgan hamma narsani amalga oshirishiga yuz foiz amin bo‘lgan.
13. Yahova nima qilishidan shubhalanmasak bo‘ladi?
13 Yahova siz uchun nimalarni amalga oshirishni va’da qilyapti? U bizni barcha muammolardan xalos qilishini kutmaymiz c. Shunday bo‘lsa-da, bu dunyoda qanday qiyinchilikka duch kelishingizdan qat’i nazar, Yahova ularni yangi dunyoda bartaraf qiladi. (Ishayo 25:7–9) Parvardigorimiz o‘lganlarni tiriltirishga, bizni kasalliklardan forig‘ qilishga va barcha dushmanlarni yo‘q qilishga qodir. (1 Yuhan. 4:4)
14. Nimalar ustida fikr yuritsak bo‘ladi?
14 Qo‘rqqaningizda, Yahova kelajakda nimalar qilishi haqida o‘ylang. Shayton yo‘q bo‘lganida, yovuz insonlarning o‘rniga odil kishilar yashaganida va har kuni asta-sekin nomukammallik bartaraf etilganida hayot qanday bo‘lishi borasida fikr yuriting. 2014-yilgi hududiy anjumandagi bir namoyishda umidimiz haqida qanday mulohaza qilishimiz mumkinligi ko‘rsatilgandi. Bir ota oila a’zolari bilan 2 Timo‘tiyga 3:1–5 ni muhokama qilib, agar u yerdagilar aksi bo‘lganida jannatda yashash boshqacha bo‘lishini aytgan. U shunday degan: «Yangi dunyoda nihoyatda baxtli vaqtlar keladi. Sababi, o‘sha paytda odamlar o‘zgalarni sevadigan, ma’naviy boylikka intiladigan, kamtarin, Xudoni ulug‘laydigan, ota-onaga itoatli, minnatdor, sadoqatli, mehribon, murosali, boshqalar haqida doim yaxshi gapiradigan, o‘zini tuta biladigan, rahm-shafqatga to‘la, himmatni yaxshi ko‘radigan, ishonchli, muloyim, aysh-ishratdan ko‘ra Allohni ko‘proq sevadigan bo‘ladilar. So‘zda ham, amalda ham Xudoni sevadilar. Bundaylarga qo‘shil». Siz ham oila a’zo yoki imondoshingiz bilan yangi dunyoda hayot qanday bo‘lishi haqida suhbatlashib turasizmi?
15. Tanya qo‘rquv his qilgan bo‘lsa ham, uni yengishga nima ko‘maklashgan?
15 Shimoliy Makedoniyadagi Tanya opamiz bo‘lajak barakalar borasida fikr yuritib qo‘rquvlarini yenggan. Uning ota-onasi Muqaddas Kitobni tadqiq qilishiga juda ham qarshi edi. Tanya shunday dedi: «Men qo‘rqqan ba’zi narsalar hatto yuz bermadi. Onam har bir yig‘ilishdan keyin meni do‘pposlardi. Ota-onam: “Yahovaning Shohidi bo‘lsang, seni o‘ldiramiz”,— deb qo‘rqitgan». Oxiri, ular uni uydan haydashgan. U nima qilgan? «Benuqson qolishni tanlaganimdan butun umrim davomida juda baxtiyor bo‘lishimga diqqat qaratardim. Qolaversa, bu dunyoda yo‘qotgan hammasi uchun Yahova meni yangi dunyoda qanday mukofotlashi va barcha yomonliklar unutilib ketishi haqida o‘ylardim»,— deb aytdi u. Ha, Tanya benuqsonlikni saqlay oldi. Yahovaning yordami bilan yashash uchun joy topdi. Hozir u sadoqatli birodarning umr yo‘ldoshi va ular birgalashib to‘la vaqtli xizmatda qatnashishyapti.
YAHOVAGA BO‘LGAN UMIDINGIZNI KUCHAYTIRING
16. Luqo 21:26–28 da bashorat qilingan hodisalar amalga oshayotganini ko‘rganimizda, jasoratli bo‘lishimizga nima yordam beradi?
16 Buyuk musibatda umuman olganda, odamlar «qo‘rquvdan ado bo‘lishadi». Ammo Xudoning xalqi barqaror va jasoratli bo‘lib qoladi. (Luqo 21:26–28 ni o‘qing.) Nega biz qo‘rquvga berilmaymiz? Sababi Yahovaga umid bog‘lashga o‘rgangan bo‘lamiz. Yuqorida tilga olingan Tanyaning aytishicha, o‘tmishidagi hodisalar boshqa mushkul vaziyatlarga duch kelganida unga ko‘maklashgan ekan. «Yahova uchun yaxshi tomonga aylantira olmaydigan vaziyatning o‘zi yo‘qligini tushundim. Ba’zan boshqalar barchasini nazorat qilayotganday tuyulishi mumkin, biroq aslida ular faqat Yahova ularga yo‘l qo‘yayotgan darajada nazorat qila olishadi. Biroq muammo og‘ir bo‘lsa ham, u baribir o‘z yakuniga yetadi»,— dedi Tanya.
17. 2024-yilning oyati bizga qanday yordam beradi? (Muqovadagi rasmga qarang.)
17 Bugungi kunda qo‘rqish oddiy hol. Lekin Dovud kabi biz ham qo‘rquv tuzog‘iga tushib qolishdan o‘zimizni asrashimiz mumkin. 2024-yilning oyatida Dovudning ibodati yozilgan: «Qo‘rquv meni qamrab olganda, Senga umid bog‘layman». (Zab. 56:3) Bir kitobda bu oyat to‘g‘risida shunday yozilgan: «Dovud qo‘rquvini oziqlantirib, uni muammoga aylantirmagan, aksincha, uni qutqarishga qodir Xaloskorga ko‘z tikkan». 2024-yil uchun tanlangan oyat haqida kelgusi oylar mobaynida va, ayniqsa, qo‘rqinchli vaziyatlarga duch kelganingizda fikr yuriting. Yahovaning o‘tmishdagi, hozirgi va kelajakdagi harakatlari haqida mulohaza qiling. So‘ng Dovud kabi siz ham: «Xudodan umid qilaman, aslo qo‘rqmayman»,— deb ayta olasiz. (Zab. 56:4)
YODINGIZDAMI?
-
Yahova nimalarni amalga oshirdi?
-
Yahova hozir nimalar qilyapti?
-
Yahova yana nimalar qiladi?
33-QO‘SHIQ G‘am-tashvishingni Yahovaga tashla
a Imoningizni mustahkamlaydigan ma’lumotlarni topish uchun jw.org saytida «Izlash» satriga «imonlariga ergashinglar» yoki «hikoyalar» so‘zlarini yozing. JW Library® ilovasida «Imonlariga ergashinglar» yoki «Yahova Shohidlarining tarjimai holi» nomli maqolalar turkumiga qarang.
b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.
c «Yahova Taologa yaqinlashing» nomli (rus) kitobning 7-bobidagi 13–22-xatboshilariga qarang.
d RASMGA SHARH. Dovud Yahovaning yordami bilan ayiqni yenggani, Oximalek orqali amaliy yordam olgani va shoh etib tayinlanishi ustida fikr yurityapti.
e RASMGA SHARH. Imoni uchun qamoqda o‘tirgan birodar Yahovaning ko‘magi bilan chekishni rad etgani, yaqinlaridan kelgan xatlar orqali dalda olgani va jannatda abadiy hayot bilan mukofotlanishi haqida mulohaza yurityapti.