Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Ota-onalar o‘z o‘rnagi bilan farzandlariga sevgi fazilatini rivojlantirishga ko‘maklashadi

QIYINCHILIKNI YENGISHGA QADAM

Axloqiy ta’lim-tarbiya

Axloqiy ta’lim-tarbiya

Maktab tomonidan uyushtirilgan sayohatlarning birida o‘smir o‘g‘il bolalar o‘quvchi bir bolani zo‘rlashda ayblanishgan. Ularning hammasi Kanadaning nufuzli xususiy maktab o‘quvchilari bo‘lgan. Bu noxush voqeani Leonard Stern «Ottava citizen» gazetasida shunday deb sharhlagan: «Zukko, o‘qimishli yoki jamiyatning muayyan tabaqasiga tegishli bo‘lish yoshlarni yomon xulq-atvorga qarshi kurashishga undamayapti».

Stern yana shunday qo‘shib qo‘ydi: «Siz “Farzandlarga axloqiy ta’lim-tarbiya berish birinchi navbatda ota-onaning zimmasida” deb o‘ylashingiz tabiiy. Ammo haqiqat shundaki, aksariyat ota-onalar farzandi oliy ma’lumotli bo‘lishi, katta maoshli ishga kirishi haqida ko‘proq qayg‘uradi».

To‘g‘ri, tahsil olish muhim. Ammo eng oliy o‘quv yurtlarida o‘qish insonga yomon istak va moyilliklarga qarshi kurashishga yordam bermaydi. Unda qayerdan bu sohalarga tegishli ta’limni — axloqiy yo‘l-yo‘riqni olishimiz mumkin?

MA’NAVIY-AXLOQIY TARBIYA

Muqaddas Kitob ko‘zguga o‘xshaydi. Unga diqqat bilan qarasak, kamchilik va nuqsonlarimizni yaxshiroq ko‘ramiz. (Yoqub 1:23–25) Ammo Muqaddas Kitob bundan-da ko‘prog‘iga qodir. U zaruriy o‘zgarishlarni qilishimizga, tinchlik va yakdillikka hissa qo‘shadigan fazilatlarni rivojlantirishga yordam beradi. Bu fazilatlarga, shuningdek, himmat, mehribonlik, sabr-toqat, o‘zini tuta bilish hamda sevgi kiradi. Sevgi esa «insonlarni yetuk darajada birlashtiradi». (Kolosaliklarga 3:14) Nima uchun sevgiga o‘zgacha urg‘u berilgan? Muqaddas Kitobda bu fazilat haqida nimalar yozilganiga e’tibor bering.

  • «Sevgi sabr-toqatli va mehribondir. Sevgi rashk qilmaydi, maqtanmaydi, kekkaymaydi, odobsizlik qilmaydi, o‘z manfaatini ko‘zlamaydi, achchiqlanmaydi, xafagarchiliklarni hisoblab yurmaydi, adolatsizlikka [yomonlikka] sevinmaydi, balki haqiqat ila quvonadi. Sevgi har narsani ko‘taradi,.. hamma narsaga chidaydi. Sevgi hech qachon tugamaydi». (1 Korinfliklarga 13:4–8)

  • «Sevgi o‘z yaqiniga ziyon yetkazmaydi». (Rimliklarga 13:10)

  • «Eng avvalo, bir-biringizni samimiyat bilan sevinglar, chunki sevgi ko‘pgina gunohlarni qoplaydi». (1 Butrus 4:8)

Sizni sevuvchi insonlarning orasida bo‘lganingizda o‘zingizni qanday his qilasiz? Albatta xavfsiz, tinch va erkin his qilasiz. Chunki bu insonlar sizga doim yaxshilik tilaydi, ular hech qachon sizga atayin zarar yetkazmaydi.

Sevgi, shuningdek, qurbonliklarga borishga, boshqalarning manfaati uchun hatto hayot tarzini o‘zgartirishga undaydi. Bir kishi, deylik uning ismi Jorj, o‘g‘il nevarali bo‘ldi, u nevarasi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni juda istardi. Ammo bitta muammo bor edi: Jorj ko‘p tamaki chekardi. Uning kuyovi esa u chaqaloq yonida tamaki chekishini xohlamasdi. Xo‘sh, Jorj nima qildi? Garchi u 50 yil davomida tamaki chekkan bo‘lsa-da, nevarasining foydasi uchun bu odatini tashladi. Ha, sevgi mana shunday kuchga ega!

Muqaddas Kitob himmat, mehribonlik va ayniqsa sevgi kabi ko‘pgina yaxshi fazilatlarni rivojlantirishimizga yordam beradi

Sevgi fazilatini rivojlantirishimiz kerak. Bolalarida bu fazilatni rivojlantirishda ota-onaning o‘rni muhim. Ota-ona farzandlarini boqadi, himoya qiladi, ular jarohatlansa yoki kasal bo‘lsa yordamga keladi. Yaxshi ota-ona bolalari bilan suhbatlashadi va ularga ta’lim beradi. Shuningdek, ular farzandlariga nima yaxshi va nima yomon ekanini o‘rgatib, ularni tarbiyalaydi. Bundan tashqari, yaxshi ota-ona bu borada bolalariga yaxshi o‘rnak ko‘rsatadi.

Afsuski, ba’zi ota-onalar zimmasidagi vazifani bajarmayapti. Bu ularning farzandlari yaxshi inson bo‘lib ulg‘aymasligini anglatadimi? Yo‘q, albatta! Hatto ko‘pgina katta yoshli insonlar, shu jumladan, notinch va noqobil oilalarda o‘sgan kishilar hayotini tubdan o‘zgartirib, g‘amxo‘r va ishonchli bo‘la olishdi. Keyingi maqolada o‘zgarishiga umid yo‘qdek tuyulgan insonlar yaxshi tomonga o‘zgargani haqida bilib olamiz.