Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

MUAMMO

Xavfsizlikka raxna solinmoqda

Xavfsizlikka raxna solinmoqda

«Hozirgi avlod texnologiya, ilm-fan hamda moliya sohasida misli ko‘rilmagan imkoniyatlardan foydalanmoqda... Ammo shu avlod dunyoni [siyosat, iqtisodiyot va atrof-muhit borasida] halokat ostonasiga olib keladigan birinchi avlod bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas». («The Global Risks Report 2018, World Economic Forum»)

NIMA UCHUN TAFAKKURI KENG AKSAR INSONLAR KELAJAGIMIZ HAMDA SAYYORAMIZ HAQIDA TASHVISHLANMOQDA? KELING, BIZ DUCH KELAYOTGAN AYRIM QIYINCHILIKLARNI KO‘RIB CHIQAYLIK.

  • KIBER-JINOYAT. Hozirgi kunda Internetga kirish har qachondan ham xavfli bo‘lib qolgan. «Internet pedofil, bezori, troll * va xakerlarning makoni bo‘lib qolgan,— deb aytilmoqda «Ostrelian» gazetasida. — Shaxsiyatni o‘g‘irlash dunyoda jadal o‘sib borayotgan jinoyatlardan biri bo‘lib qolgan... Internet yovuzlik va shafqatsizlik kabi illatlar rivojlanishiga turtki bo‘lyapti».

  • IQDISODIY TENGSIZLIK. Oksfam Xalqaro Tashkilotining so‘nggi xabariga ko‘ra, dunyodagi eng boy sakkiz nafar kishining mol-mulki 3,6 milliard kambag‘al aholining mol-mulkiga teng. Bu tashkilot shunday demoqda: «Buzilgan iqtisodiyotimiz aksariyati ayollarni tashkil etadigan jamiyatning quyi tabaqasi hisobiga yuqori tabaqadagi boylarni yanada boyitmoqda». Ba’zilar o‘sib borayotgan iqtisodiy tengsizlik ommaviy noroziliklarga olib kelishidan qo‘rqmoqda.

  • NIZOLAR VA TA’QIBLAR. BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha agentligining 2018-yilgi hisobotida: «Ayni paytda biz aholi ko‘chib ketishi eng yuqori ko‘rsatkichga yetganining guvohi bo‘lmoqdamiz»,— deb aytilgan. 68 milliondan ziyod odamlar asosan nizolar va ta’qiblar dastidan uy-joyini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda. Bu hisobotda, shuningdek: «Har ikki soniyada taxminan 1 kishi noiloj ko‘chib ketyapti»,— deyilgan.

  • ATROF-MUHITNING ZARARLANISHI. «Bioxilma-xillik misli ko‘rilmagan darajada kamayib bormoqda,— deyilgan bir manbada. — Havo va dengizlarning ifloslanishi insoniyat sog‘ligiga katta xavf solmoqda». («The Global Risks Report 2018») Shuningdek, ba’zi mamlakatlarda o‘simliklarni changlatadigan hasharotlarning soni keskin kamayib bormoqda. Olimlarning aytishicha, bu ekologik halokatga olib kelishi mumkin. Marjon riflari ham xavf ostida. Hisobotlarga ko‘ra, o‘tgan 30 yil ichida dunyodagi marjon riflarining deyarli yarmi yo‘qolib ketgan.

Dunyoda ko‘proq xavfsizlikka erishish uchun biron-bir o‘zgarish qilish qo‘limizdan keladimi? Ba’zilarning fikricha, ta’lim qisman bu maqsadga erishishga yordam beradi. Agar shunday bo‘lsa, bu qanday ta’lim ekan? Keyingi maqolalarda mana shu savollar muhokama qilinadi.

^ Odamlarning jahlini chiqarish va bahs-munozaraga chorlash maqsadida yomon va ig‘voli ma’lumotlarni Internetga joylashtiradigan inson troll deb ataladi.