SAYYORAMIZ OMON QOLADIMI?
Chuchuk suv
SUVSIZ, ayniqsa, chuchuk suvsiz sayyoramizda hayot mavjud bo‘lmasdi. Barcha tirik mavjudotlar asosan suvdan iborat. Ko‘llar, daryolar, botqoqliklar-u yer osti suvlari insonlar va hayvonlarni ichimlik suv bilan ta’minlaydi hamda dalalarimizni sug‘orish imkonini beradi.
Chuchuk suv tanqisligi
Sayyoramizning aksar qismi suv bilan qoplangan. Lekin Jahon meteorologiya tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, «Yerdagi suvning atigi 0,5% iste’molga yaroqli». Bu kamday ko‘rinsa-da, aslida yer yuzida hayot davom etishi uchun yetarli bo‘lishi kerak. Biroq chuchuk suvning aksar qismi unga talab oshgani va iqlim o‘zgargani dastidan yo ifloslanib boryapti, yo iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolyapti. Mutaxassislarning taxmin qilishicha, 30 yil ichida besh milliard odam ichimlik suv tanqisligidan aziyat chekishi mumkin.
Sayyoramiz omon qolish uchun yaratilgan
Yerda suv zaxirasi yo‘q bo‘lib ketishining oldini oluvchi tabiiy jarayonlar kechadi. Shuningdek, tuproq, suvda yashovchi organizmlar va hatto quyosh nuri birgalikda suvimizni tozalashda qatnashadi. Keling, sayyoramiz omon qolish uchun yaratilganini ko‘rsatuvchi ayrim dalillarga diqqat qarataylik.
-
Tuproq suvdan ko‘plab zaharli narsalarni bartaraf qilishga yordam berishi mumkin. Ayrim botqoq o‘simliklari suvni azot, fosfor va pestitsidlardan tozalaydi.
-
Olimlar tabiatda suvni zararli organik moddalardan tozalaydigan fizik va biologik jarayonlarni aniqlashdi. Zararli moddalar oqar suvda eriydi va keyin mikroorganizmlar ularni parchalaydi.
-
Chuchuk suv midiyalari va mollyuskalari bor-yo‘g‘i bir necha kun ichida suvni ba’zi zararli kimyoviy moddalardan tozalay oladi. Ular buni suv tozalash inshootlaridan ham samaraliroq qilishi mumkin.
-
Suv aylanish jarayoni tufayli sayyoramizda suv zaxirasi tugab qolmaydi. Bu va boshqa tabiiy jarayonlar suv atmosferamizni tark etishining yoki boshqa yo‘llar bilan yo‘q bo‘lib ketishining oldini oladi.
Ko‘rilayotgan choralar
Mutaxassislar suvni imkon boricha isrof qilmaslikni tavsiya etishyapti. Ular suvning ifloslanishini kamaytirish maqsadida transport vositamizdan moy oqishining oldini olishni, ishlatilmagan dori-darmonlarni unitazga tashlamaslikni yoki zaharli moddalarni kanalizatsiyaga oqizmaslikni maslahat berishyapti.
Injenerlar dengiz suvini tuzsizlantirishning yangi usullarini o‘ylab topishyapti. Ular buni ichishga yaroqli suvni ko‘paytirish uchun qilishyapti.
Lekin bu yetarli emas. Tuzsizlantirish chorasi ko‘p pul va energiyani talab qilgani uchun yaxshi yechim bo‘la olmaydi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2021-yilgi ichimlik suvni qanday asrash to‘g‘risidagi hisobotida aytilishicha, «dunyo miqyosida hozirgacha erishilgan natijalarni ikki karra ko‘paytirish lozim».
Muqaddas Kitobdagi umid
«Alloh... suv tomchilarini yuqoriga ko‘taradi, ular bug‘lanib ketib, so‘ng yomg‘irga aylanadi. Bulutlar ularni yerga to‘kib, odamzod ustiga sharros quyadi». (Ayub 36:26–28)
Xudo yer yuzida doim suv bo‘lishi uchun tabiiy jarayonlarni yaratgan. (Voiz 1:7)
O‘ylab ko‘ring: Yaratuvchimiz chuchuk suvni tozalaydigan jarayonlarga asos solgan ekan, demak, inson suvga yetkazgan zararni bartaraf etish uchun Unda ham istak, ham kuch borligiga ishonish oqilona emasmi?! 15-sahifadagi «Xudo sayyoramiz omon qolishini va’da beryapti» nomli maqolaga qarang.