Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

SAYYORAMIZ OMON QOLADIMI?

Havo

Havo

BIZ HAVOGA muhtojmiz, lekin faqat nafas olish uchun emas. Havo sayyoramizni quyosh tarqatadigan zararli radiatsiyaning aksar qismidan himoya qiladi. Havosiz dunyo bo‘ylab harorat darajasi nol gradusdan tushib ketardi.

Havoning ifloslanishi

Havoning ifloslanishi yer yuzidagi hayotga jiddiy xavf tug‘diryapti. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, yer yuzi aholisining bor-yo‘g‘i bir foizi toza havodan nafas oladi.

Havo ifloslanishi tufayli nafas yo‘llari kasalliklari, o‘pka saratoni va yurak-tomir sistemasi kasalliklari kelib chiqishi mumkin. Shuningdek, havo ifloslanishi har yili taxminan 7 000 000 odam hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘lyapti.

Sayyoramiz omon qolish uchun yaratilgan

Sayyoramiz yer yuzida yashovchi har bir tirik mavjudotni yetarlicha toza havo bilan ta’minlaydigan qilib yaratilgan. Lekin bunday tabiiy jarayonlar odamlar atrof-muhitni toza saqlagan holdagina o‘z samarasini beradi. Keling, buning bir nechta misolini ko‘rib chiqaylik.

  • O‘rmonlar havodagi karbonat angidridni yutish xususiyatiga ega ekani ko‘plarga ma’lum. Biroq qirg‘oq bo‘yidagi botqoqli yerlarda o‘sadigan mangra daraxtlari buni yaxshiroq qilishini kamchilik biladi. Mangra daraxtlari havoni tozalashda katta ahamiyatga ega, chunki ular tropik o‘rmonlarga qaraganda karbonat angidridni besh karra ko‘proq yutadi.

  • Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ayrim yirik suvo‘tlari, masalan, laminariya nafaqat atmosferadan karbonat angidridni yutadi, balki uni okean tubiga «ko‘mib» ham qo‘yadi. Laminariya uzoq masofaga suzishiga yordam beradigan gazli pufakchalar bilan qoplangan. Laminariya sohildan uzoqda bo‘lganida undagi pufakchalar yoriladi va karbonat angidrid bilan to‘la laminariya okean tubiga tushadi. Aftidan, karbonat angidrid asrlar mobaynida o‘sha yerda saqlanadi.

  • COVID-19 pandemiyasi tufayli joriy etilgan karantin davrida atmosferamiz qattiq ifloslangan havoni tozalash xususiyatiga ega ekani namoyon bo‘ldi. 2020-yili dunyodagi zavod, fabrika va mashinalar atmosferaga zararli moddalarni deyarli chiqarmay qo‘yganida havoning sifati tezda yaxshilandi. Bu borada bir manbada aytilishicha, tadqiqotda qatnashgan aksariyat davlatlarda karantin boshlanganidan ko‘p o‘tmay havo ancha toza bo‘ldi. («2020 World Air Quality Report»)

Ko‘rilayotgan choralar

Velosipeddan foydalanish havo ifloslanishini kamaytirishga yordam beradi

Hukumatlar havo ifloslanishini kamaytirish uchun sanoat korxonalarini choralar ko‘rishga chaqiryapti. Qolaversa, olimlar havoni tozalashning yangi usullarini izlashda davom etishyapti. Masalan, bu usullardan biri havoni ifloslantiruvchi chiqindilarni zaharsiz moddalarga aylantiradigan mikroblar bilan bog‘liq. Bundan tashqari, mutaxassislar odamlarga mashinaning o‘rniga velosipeddan foydalanishni yoki yayov yurishni va uylarida energiyani kamroq ishlatishning yo‘llarini topishni maslahat berishyapti.

Ba’zi mamlakatlar havoning ifloslanish darajasini kamaytirish uchun fuqarolariga zamonaviy pechkalar taqdim etyapti, biroq ko‘pgina davlatlarda buning imkoni yo‘q

Biroq xalqaro tashkilotlarning, jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining va Jahon bankining ma’lumotlari asosida tuzilgan 2022-yilgi hisobotga ko‘ra, bu choralarning o‘zi kamlik qiladi.

Ushbu hisobotda aytilishicha, 2020-yili dunyo aholisining taxminan uchdan bir qismi ovqat pishirish uchun asosan havoni ifloslantiradigan yoqilg‘i va texnologiyalardan foydalangan. Ba’zi mamlakatlar havoning ifloslanish darajasini kamaytirish uchun fuqarolariga zamonaviy pechkalar taqdim etyapti, biroq ko‘pgina davlatlarda buning imkoni yo‘q.

Muqaddas Kitobdagi umid

«Yer yuzida yurganlarga hayot ato etgan, samolarni yaratib,... yerni va undagi ne’matlarni yozgan, odamzodga nafas bergan Buyuk Zot, Haq Tangri Yahova». (Ishayo 42:5)

Xudo biz nafas oladigan havoni va uni tozalovchi tabiiy jarayonlarni yaratgan. U cheksiz kuchga ega va odamzodni yaxshi ko‘radi. Shunday ekan, Xudo havoning ifloslanishini bartaraf eta olishiga ishonish oqilona emasmi?! «Xudo sayyoramiz omon qolishini va’da beryapti» nomli maqolaga qarang.