Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Boshqalarga bo‘lgan hurmat

Boshqalarga bo‘lgan hurmat

NEGA BOSHQALARNI HURMAT QILISH MUHIM?

Boshqalarni hurmat qilsak, tarang vaziyatni yumshatamiz va u yomonlashib ketishining oldini olamiz.

  • Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Muloyim javob g‘azabni qaytaradi, qattiq so‘z esa jahlni chiqaradi». (Hikmatlar 15:1) Hurmatsizlikni namoyon etuvchi so‘zlar va xatti-harakatlarimiz bilan olovga moy quygandek bo‘lamiz, bu esa ko‘pincha halokatli oqibatlarga olib keladi.

  • Iso shunday degan: «Odamning dilida nima bo‘lsa, tili shuni... [gapiradi]». (Matto 12:34) Irqi, qabilasi, millati yoki ijtimoiy kelib chiqishi biznikidan farq qiladigan odamlarga nisbatan hurmatsiz munosabatda bo‘lsak, bu jiddiy muammodan darak berishi, ya’ni biz aslida bunday insonlar haqida salbiy fikrda ekanimizni ko‘rsatishi mumkin.

    Yaqinda o‘tkazilgan bir so‘rovda 28 ta mamlakatdan 32 000 dan ziyod odam qatnashgan. Ularning yarmidan ko‘pi odamlar orasida hurmatsizlik bunchalik avj olganini hali hech qachon ko‘rmaganini ta’kidladi. («2023 Edelman Trust Barometer»)

NIMA QILISHINGIZ MUMKIN?

Siz muloqot qiladigan odamlarning barchasiga, hatto ularning fikriga qo‘shilmasangiz ham, hurmat ko‘rsating. Qaysi fikrlarga qo‘shila olishingizni aniqlang. Bu boshqalarni tanqid va hukm qilmasligingizga yordam beradi.

«Boshqalarni hukm qilishni bas qilinglar, shunda hukmga duchor bo‘lmaysizlar». (Matto 7:1)

Boshqalar sizga qanday muomala qilishini istasangiz, siz ham ularga shunday muomala qiling. Agar boshqalarga nisbatan mehribon va adolatli bo‘lsangiz, ular ham sizga shunday muomala qilishga moyilroq bo‘lishadi.

«Odamlar sizlarga qanday muomala qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga shunday muomala qiling». (Luqo 6:31)

Kechirimli bo‘ling. Agar kimdir sizni so‘zlari yoki xatti-harakatlari bilan ranjitsa, u buni atayin qilmaganiga o‘zingizni ishontiring. Bu sizga o‘sha insonni kechirishga yordam beradi.

«Fahm-farosatli jahlini tiya oladi, xatolarni kechirish insonni bezaydi». (Hikmatlar 19:11)

YAHOVANING SHOHIDLARI NIMALAR QILISHADI?

Yahovaning Shohidlari hamma odamlarga hurmat ko‘rsatishadi va ularni ham bunday qilishga undashadi.

Biz barcha odamlarga Muqaddas Kitob asosida bepul ta’lim olishni taklif qilamiz, lekin ularga o‘z e’tiqodimizni yoki nuqtai nazarimizni uqtirmaymiz. Aksincha, ularga xushxabarni «muloyimlik va kamoli ehtirom bilan» aytib, Muqaddas Kitobdagi maslahatga amal qilishga intilamiz. (1 Butrus 3:15; 2 Timo‘tiyga 2:24)

Biz odam ajratmaymiz va Muqaddas Kitob ta’limotlarini bilib olishni xohlagan har bir insonni, uning kelib chiqishi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, jamoat uchrashuvlarimizga taklif qilamiz. Biz «har turli insonlarni hurmat qili[shga]» intilamiz va ularda tanlash huquqi borligini tan olamiz. (1 Butrus 2:17)

Qayerda yashashimizdan qat’i nazar, hukmron hokimiyatga hurmat ko‘rsatamiz. (Rimliklarga 13:1) Biz qonunlarga bo‘ysunamiz va soliqlarni to‘laymiz. Garchi siyosiy masalalarda betaraf bo‘lsak-da, boshqalar bu masalalarda shaxsiy qaror chiqarishga haqli ekanini tushunamiz va ularning bu huquqini hurmat qilamiz.