Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Hayotga bo‘lgan hurmat

Hayotga bo‘lgan hurmat

NEGA HAYOTNI HURMAT QILISH MUHIM?

Sog‘ligingizga zarar keltiradigan yoki boshqalarga xavf tug‘diradigan ishlar qilganingizda, o‘zingizning va atrofdagilarning hayotini qadrlamayotganingizni ko‘rsatasiz.

  • Tamaki chekish nafaqat saraton kasalligini keltirib chiqaradi, balki organizmning unga qarshi kurashishini qiyinlashtiradi. O‘pka saratonidan o‘lim holatlarining aksariyati insonning o‘zi yoki atrofdagilari tamaki chekkani tufayli yuz bergan.

  • Bir gazetada yozilishicha, maktabda bolalar o‘rtasida zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishi maktablar va jamiyat uchun xavf tug‘diryapti. («Jansatta editorial») Ba’zi mamlakatlarda ommaviy otishmalar tez-tez sodir bo‘lyapti. Bu esa ko‘plarga har yili hissiy jarohat yetkazyapti. AQShdagi Stanford universiteti taqdim etgan bir hisobotda shunday aytilgan: «Tadqiqotga ko‘ra, hatto maktabga qilingan hujumlarda omon qolganlar ham hujumdan keyin ancha yillar davomida hissiy hamda ruhiy jarohatlardan aziyat chekishadi».

  • Spirtli ichimliklarni yoki giyohvand moddalarni iste’mol qilib mast holatda mashina haydaydigan odamlar boshqa haydovchilarga ham, piyodalarga ham xavf tug‘diradi. Odamlar hayotga hurmatsizlik ko‘rsatishganda, beayb insonlar jabr ko‘rishi mumkin.

NIMA QILISHINGIZ MUMKIN?

Sog‘ligingizni asrang. Sigaret va veyplarni chekish, ichkilikbozlik yoki notibbiy maqsadda narkotiklarni iste’mol qilish kabi zararli odatlarni tashlash hech qachon kech emas. Bu kabi odatlar nafaqat sizga zarar keltiradi, balki atrofdagilaringizning, jumladan, oila a’zolaringizning hayotini hurmat qilmayotganingizni ham ko‘rsatadi.

«Tana[ni]... bulg‘aydigan har qanday narsadan o‘zimizni pokla[ylik]». (2 Korinfliklarga 7:1)

Xavfsizlik choralarini ko‘ring. Baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun uyingizni ta’mirlangan holatda saqlang. Transport vositangizni xavfsiz haydang va u doimo soz holatda ekaniga ishonch hosil qiling. Boshqalar sizni qandaydir xavfli narsani qilishga undashsa, ularga quloq solmang.

«Agar yangi uy qursangiz, tomingiz ustiga to‘siq quring. Tag‘in birov tom ustidan yiqilib tushib, xonadoningiz qon to‘kilganlikda aybdor bo‘lib qolmasin». (Qonunlar 22:8) a

Boshqalarga mehribon bo‘ling. Hayotni hurmat qilish, shuningdek, barcha odamlarga, ularning irqi, millati va ijtimoiy kelib chiqishi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, mehribon bo‘lishni ham o‘z ichiga oladi. Nega bu shunchalik muhim? Chunki dunyodagi zo‘ravonlik va urushlar aksar hollarda yuzxotirchilik va nafrat tufayli yuz beradi.

«Har qanday adovat, qahru g‘azab, baqiriq va haqoratli so‘zlarni har qanday yaramaslik bilan birga o‘zingizdan soqit qilinglar. Yaxshisi bir-biringizga mehribon... bo‘linglar». (Efesliklarga 4:31, 32)

YAHOVANING SHOHIDLARI NIMALAR QILISHADI?

Yahovaning Shohidlari boshqalarni sog‘lom hayot kechirishga undashadi. Muqaddas Kitobni tadqiq qilish dasturi va jamoat uchrashuvlari odamlarga tezda jahlga berilish, giyohvand moddalarga qaramlik va sigaret chekish kabi yomon odatlarni yengishga yordam bermoqda.

Qurilish loyihalarimizda xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilamiz. Yig‘ilishlarimiz o‘tadigan va umumjahon ma’rifat ishini qo‘llab-quvvatlash uchun xizmat qiladigan boshqa binolarimizni qurishda yordam beruvchi ixtiyoriy xizmatchilarga baxtsiz hodisalarning oldini olish uchun ta’lim beriladi. Binolarimiz mahalliy xavfsizlik qoidalariga javob berishi uchun ularning holati muntazam tekshiriladi.

Tabiiy ofatdan zarar ko‘rganlarga yordam beramiz. 2022-yili dunyo bo‘ylab sodir bo‘lgan 200 ga yaqin halokatli tabiiy ofat paytida zarar ko‘rganlarga yordam ko‘rsatdik va buning uchun xayr-ehsonlardan deyarli 12 million dollar miqdorida pul ajratdik.

G‘arbiy Afrika (2014-yil) va Kongo Demokratik Respublikasida (2018-yil) xavfli Ebola virusi tarqala boshlaganida, u yanada tarqalib ketmasligi uchun nimalar qilish kerakligini odamlarga o‘rgatdik. Biz o‘z vakillarimizni talafot ko‘rgan hududdagi insonlar bilan «Itoatkorlik odamlarning hayotini saqlab qoladi» mavzusida suhbatlashish uchun yubordik. Shuningdek, topinish joylarimizning kiraverishida qo‘l yuvish jihozlarini qo‘ydik va qo‘l yuvish hamda boshqa xavfsizlik choralariga amal qilish muhimligini tushuntirdik.

Serra-Leonedagi mahalliy radioda Yahovaning Shohidlarini imondoshlariga va qo‘ni-qo‘shnilariga Ebola virusidan himoyalanishga yordam berishgani uchun maqtashdi.

2014-yili Liberiyada Ebola virusi tarqala boshlaganida Yig‘ilish zalining kiraverishida qo‘yilgan qo‘l yuvish jihozi

a Qadimgi Yaqin Sharqda odamlar ushbu talabga amal qilishlari shart edi. Shu yo‘sin ular oila a’zolarining va boshqalarning xavfsizligini o‘ylayotganini ko‘rsatishardi.