Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

2-SABOQ

Kamtar bo‘lishni o‘rgating

Kamtar bo‘lishni o‘rgating

KAMTARLIK NIMA DEGANI?

Kamtar kishilarni hurmat qilishadi. Kamtar kishi o‘zini katta tutmaydi, shuningdek, boshqalar unga o‘zgacha munosabat qilishlarini kutmaydi. Aksincha, bunday kishi boshqalarga samimiy qiziqish ko‘rsatadi va ulardan biror narsani o‘rganishga tayyor bo‘ladi.

Ba’zi insonlar kamtarlikni zaiflik deb bilishadi. Aslida esa bu fazilat odamga o‘z kamchiliklarini va imkoniyati chegaralanganini tan olishga turtki beradigan kuchdir.

NEGA KAMTARLIK MUHIM?

  • Kamtarlik o‘zaro munosabatlarga ijobiy ta’sir qiladi. «Ko‘p hollarda kamtar kishilar boshqalar bilan oson til topishadi»,— deyiladi bir kitobda. Shuningdek, u yerda aytilishicha, kamtar kishilar «boshqalar bilan tezda chiqishib ketishadi». («The Narcissism Epidemis»)

  • Kamtarlik bolangizga kelajakda asqatadi. Kamtarlikka o‘rganish bolangizga hozir ham, kelajakda ham, misol uchun, ishga joylashayotganida yordam beradi. «O‘ziga bino qo‘ygan va kamchiliklaridan bexabar yoshlar ishga kirish uchun suhbatdan o‘tishi amrimahol,— deb yozadi psixolog Leonard Saks. — Ammo ish beruvchi uchun nima muhimligi bilan qiziqadigan yoshlarning ishga joylashish imkoniyati ko‘proq bo‘ladi» *.

KAMTARLIKKA QANDAY O‘RGATSA BO‘LADI?

Bolangizga o‘ziga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarda bo‘lishni o‘rgating.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Agar biror kishi hech kim bo‘lmay turib o‘zi haqida yuqori fikrda bo‘lsa, u o‘zini aldagan bo‘ladi». (Galatiyaliklarga 6:3)

  • Bolaning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirmang. Bolangizga: «Barcha orzularing amalga oshadi» yoki «Qo‘lingdan kelmaydigan ishning o‘zi yo‘q»,— deyish ruhlantiruvchi so‘zlarday eshitilsa-da, ko‘pincha ular kundalik hayotda o‘z tasdig‘ini topmaydi. Farzandingiz oldiga oqilona maqsadlar qo‘yib, ularga erishish uchun mehnat qilsa, muvaffaqiyat qozonish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi.

  • Aniq xatti-harakati uchun maqtang. Bolangizga shunchaki «barakalla» deb aytish kamtarlikni rivojlantirishga undamaydi. Uni muayyan harakati uchun maqtang.

  • Bolangiz ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga chegara qo‘ying. Ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda odamlar o‘zini — iste’dodi va erishgan yutuqlarini ko‘z-ko‘z qilib ko‘rsatadi. Bu esa kamtarlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qiladi.

  • Bolangizni darrov kechirim so‘rashga undang. Bolangizga nimani noto‘g‘ri qilganini ko‘rishga va xatosini tan olishga yordamlashing.

Minnatdor bo‘lishni o‘rgating.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Minnatdor ekaningizni ko‘rsatinglar». (Kolosaliklarga 3:15)

  • Xudoning ijodlariga nisbatan minnatdorlikni uyg‘oting. Bolalar tabiatni qadrlashi va hayotimiz unga bog‘liq ekanini tushunishi kerak. Havo bo‘lmasa nafas ololmaymiz, suv va oziq-ovqatsiz yashay olmaymiz. Ushbu misollardan foydalanib, tabiat olamining ajoyibotlarini yaratgan Shaxsga nisbatan ehtirom va minnatdorlik hissini singdirsa bo‘ladi.

  • Odamlarni qadrlashni o‘rgating. Bolangizga boshqalar undan u yoki bu jihatdan ustun ekanini aytib turing. Uni odamlarning qobiliyati-yu mahoratiga hasad qilishning o‘rniga, ularni qadrlashga va ulardan o‘rganishga undang.

  • Minnatdorchilik bildirishni o‘rgating. Bolalaringizga shunchaki «rahmat» aytishni emas, balki chin dildan minnatdor bo‘lishni o‘rgating. Minnatdorlik ruhi kamtarlikning poydevoridir.

Farzandlaringizga boshqalarga yordamlashish muhim ekanini o‘rgating.

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar. Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar». (Filippiliklarga 2:3, 4)

  • Bolangizni uy yumushlarini bajarishga undang. Agar bolangizni uy yumushlaridan ozod qilsangiz, unga: «Sening xohish-istaklaring bu ishlardan muhimroq»,— deganday bo‘lasiz. Ammo birinchi navbatda uy yumushlari, keyin esa o‘yin turishi kerak. Uy yumushlarini bajarish boshqalarga qanday foyda keltirishini va ular bu uchun uni qadrlab, hurmat qilishini ta’kidlang.

  • Boshqalarga xizmat qilish sharaf ekanini tushuntiring. Boshqalarga xizmat qilish yetuklikka erishishning asosiy yo‘lidir. Shunday ekan, farzandingizni yordamga muhtoj bo‘lgan insonlarga e’tibor berishga undang. U bunday insonlarga qanday yordam ko‘rsatishi mumkinligini muhokama qiling. Bolangiz boshqalarga xizmat qilayotganida uni maqtab, qo‘llab-quvvatlang.

^ 8- x.b. «The Collapse of Parenting» nomli kitobdan olingan.