Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Hissiy sog‘liq

Hissiy sog‘liq

Muqaddas Kitob bizni salbiy ta’sir etuvchi his-tuyg‘ularga berilmay, ijobiy ta’sir qiladiganlarini rivojlantirishga undamoqda.

G‘AZAB

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «G‘azabini tiygan qudratli kishidan yaxshiroq». (Hikmatlar 16:32)

BU NIMANI ANGLATADI? His-tuyg‘ularimizni nazorat qilishni o‘rganish bizga foyda keltiradi. Ba’zan jahlimiz chiqishiga asosli sabablarimiz bo‘lsa-da, uni jilovlamaslik ko‘p zarar keltiradi. Zamonaviy tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, ko‘pincha insonlar jahli chiqib turgan paytda aytgan gaplaridan yoki qilgan ishlaridan keyinchalik afsuslanishadi.

NIMA QILISHINGIZ MUMKIN? Jahl sizni boshqarmasidan avval, siz uni boshqarishni o‘rganing. Ayrimlarning fikricha, jahlga erk berish kuchlilik belgisi, aslida esa bu zaiflikdir. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Jahlini tiya olmaydigan odam devori qulagan, devorsiz shahar kabidir». (Hikmatlar 25:28) Jahlni nazorat qilishning eng yaxshi yo‘li — vaziyatga munosabat bildirishdan avval barcha tafsilotlarni bilib olish. Xudoning Kalomida: «Fahm-farosatli jahlini tiya oladi»,— deyilgan. (Hikmatlar 19:11) Masalaga atroflicha yondashib, fahm-farosatni namoyon etsangiz, his-tuyg‘ularingizni jilovlash osonroq bo‘ladi.

MINNATDOR BO‘LISH

MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Minnatdor ekaningizni ko‘rsatinglar». (Kolosaliklarga 3:15)

BU NIMANI ANGLATADI? Minnatdorlik tuyg‘usiga ega kishigina chinakamiga baxtli bo‘lishi mumkin. Hatto hayotida ulkan yo‘qotishlarni boshdan kechirgan insonlar ham bu fikrga qo‘shilishadi. Ularning aytishicha, hissiy muvozanatni saqlashga ularda hali ham bor narsalar uchun minnatdor bo‘lish va yo‘qotgan narsasi haqida hadeb o‘ylayvermaslik yordam bergan.

NIMA QILISHINGIZ MUMKIN? Har kuni minnatdorchilik bildirish mumkin bo‘lgan narsalar haqida o‘ylang yoki ularni yozib qo‘ying. Bu katta narsalar bo‘lishi shart emas. Quyoshning chiroyli chiqishi, yaqinlaringiz bilan qurilgan yoqimli suhbat yoki yana bir yangi kun kabi kichik narsalar haqida ham mulohaza yuriting. Bu kabi ijobiy narsalarga e’tibor berishga vaqt ajratish va ularni qadrlash hissiy salomatligingizni yaxshilaydi.

Oilangiz va do‘stlaringizdan nega minnatdor ekaningiz haqida o‘ylash ham katta foyda keltiradi. Boshqalarni nima uchun qadrlashingizni aniqlagach, ularga bu haqda shaxsan, xat, elektron maktub yoki SMS orqali ayting. Hoynahoy, bu munosabatlaringizni mustahkamlaydi va berishning baxtiyorligini his etishingizga ko‘maklashadi. (Havoriylar 20:35)

MUQADDAS KITOBDAGI BOSHQA PRINSIPLAR

Muqaddas Kitobning audio yozuvlarini siz bilgan tilda yuklab olishingiz mumkin. Mazkur audio yozuvlar jw.org saytida taxminan 40 ta tilda bor

BAHS-MUNOZARADAN UZOQROQ YURING.

«Urishning boshlanishi to‘siqni buzgan toshqindaydir, janjal chiqmasidan avval u yerni tark et». (HIKMATLAR 17:14)

KELAJAK HAQIDA ORTIQCHA TASHVISHLANISHDAN QOCHING.

«Zinhor ertangi kun uchun tashvishlanmanglar, chunki ertangi kunning o‘z tashvishlari bo‘ladi. Har bir kunning o‘ziga yarasha muammolari bor». (MATTO 6:34)

HIS-TUYG‘ULARGA BERILIB QAROR CHIQARMANG, AVVAL YAXSHILAB O‘YLANG.

«Tafakkur seni qo‘riqlab, aql-idrok seni himoya qiladi». (HIKMATLAR 2:11)