Oilaviy hayot va do‘stona munosabatlar
Ko‘pchilikka oilaviy va do‘stona munosabatlarni yaxshi saqlash qiyin kechadi. Keling, boshqalar bilan yaxshi munosabatga ega bo‘lishga ko‘maklashuvchi Muqaddas Kitobdagi ba’zi prinsiplarni ko‘rib chiqamiz.
XUDBIN BO‘LMANG
MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar». (Filippiliklarga 2:4)
BU NIMANI ANGLATADI? Boshqalar bizga nima bera olishiga emas, balki biz ularga nima bera olishimizga e’tibor qaratsak, atrofdagilar bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lamiz. Agar xudbin istaklar bo‘yicha yo‘l tutsangiz, boshqalar bilan munosabatingizga putur yetkazasiz. Masalan, turmush o‘rtoqlar faqat o‘zi haqida o‘ylasa, bu bevafolikka sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, hech kim biror narsasi yoki bilimini ko‘z-ko‘z qiladigan inson bilan do‘st tutinishni istamaydi. Bir kitobda aytilishicha, «xudbinlik ko‘pgina qayg‘uli oqibatlarga olib keladi». («The Road to Sharaster»)
NIMA QILISHINGIZ MUMKIN?
-
Boshqalarga yordamlashing. Yaxshi do‘stlar bir-biriga ishonib, bajonidil yordam beradi. Tadqiqotlarga ko‘ra, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zadigan insonlar depressiyaga kamroq chalinadi va o‘z qadr-qimmatini saqlay oladi.
-
Hamdard bo‘ling. Hamdardlik bu o‘zga insonning dardini yurakdan his qilishdir. Agar hamdardlikni namoyon etsangiz, boshqa insonni atayin xafa qilish maqsadida og‘ir botadigan kesatiq gaplarni aytishdan va kinoya qilishdan qochasiz.
Hamdardlikni namoyon etish, shuningdek, boshqalarga nisbatan sabrli bo‘lishingizga yordam beradi. Boz ustiga hamdardlik yuzxotirchilikdan qochib, kelib chiqishi va madaniyati turlicha bo‘lgan insonlar bilan do‘stlashishga yo‘l ochadi.
-
Boshqalar bilan vaqt o‘tkazing. O‘zgalar bilan qancha ko‘p vaqt o‘tkazsangiz, ularni shuncha ko‘proq bilib olasiz. Boshqalar bilan mazmunli suhbatlar qurish chin do‘stlar orttirishga imkoniyat yaratadi. Shuning uchun yaxshi tinglovchi bo‘ling. Do‘stlaringiz duch kelayotgan muammolarga samimiy qiziqish ko‘rsating. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, «mazmunli suhbatlar tufayli inson o‘zini yanada baxtli his qilar ekan».
DO‘STLARNI DONOLIK ILA TANLANG
MUQADDAS KITOBDAGI PRINSIP: «Yomon odamlar bilan muloqot qilish yaxshi xulqni buzadi». (1 Korinfliklarga 15:33)
BU NIMANI ANGLATADI? Siz birga vaqt o‘tkazadigan insonlar sizga yaxshi yoki yomon ta’sir qilishi mumkin. Jamiyatshunoslarning fikricha, do‘stlar inson hayotining ko‘pgina sohalariga katta ta’sir qilishi mumkin. Masalan, ularning aytishicha, agar siz tamaki chekadigan yoki ajrashgan insonlar orasida bo‘lsangiz, sizda ham tamaki chekishni boshlash yoki ajrashish istagi paydo bo‘lishi hech gap emas.
NIMA QILISHINGIZ MUMKIN? Sizga yoqadigan va siz taqlid qilishni istaydigan fazilatlar-u qadriyatlarga ega insonlar bilan do‘stlashing. Masalan, xushmuomala, boshqalarni hurmat qiladigan, saxiy va mehmondo‘st insonlar bilan muloqot qilishga intiling.
MUQADDAS KITOBDAGI BOSHQA PRINSIPLAR
OG‘IR BOTADIGAN GAPLARNI AYTISHDAN QOCHING.
«O‘ylamay aytilgan gap qilichday jarohatlaydi». (HIKMATLAR 12:18)
SAXIY BO‘LISHGA INTILING.
«Saxiy inson ravnaq topadi». (HIKMATLAR 11:25)
BOSHQALARGA YAXSHI MUNOSABATDA BO‘LING.
«Xullas, odamlar sizlarga qanday munosabatda bo‘lishini xohlasangiz, sizlar ham ularga shunday munosabatda bo‘linglar». (MATTO 7:12)