Tirik organizmlar bizga nimani ochib beryapti?
Atrofimizdagi barcha tirik organizmlar o‘sadi, harakatlanadi va ko‘payadi. Ular sayyoramizga o‘zgacha go‘zallik baxsh etadi. Bugungi kunda tirik organizmlar haqida har qachongidan ham ko‘proq ma’lumotga egamiz. Ular bizga hayotning kelib chiqishi haqida nimani ochib beryapti? Quyidagilarni ko‘rib chiqaylik.
Tirik organizmlarning murakkabligi ular yaratilganidan dalolatdir. Barcha tirik organizmlar mittigina hujayralardan iborat. Har bir hujayra tirik organizm yashashi va ko‘payishi uchun ko‘plab murakkab vazifalarni bajaradi. Bunday murakkab jarayon hatto eng oddiy hayot shakllarining ichida ham yuz beradi. Masalan, bir hujayrali organizm bo‘lmish xamir achitqisini olaylik. Inson hujayrasi bilan solishtirganda achitqi hujayrasi juda soddadek ko‘rinishi mumkin. Ammo u nihoyatda murakkab tuzilishga ega. Achitqi hujayralarining yadrosidagi DNK (dezoksiribonuklein kislota) ularning harakatlarini boshqaradi. Hujayralarning ichida mikroskopik mashinalar bor bo‘lib, ular molekulalarni saralaydi, tarqatadi va o‘zgartiradi. Mazkur qadamlar esa hujayralar yashashi uchun muhim. Ozuqa qolmaganida hujayralar asta-sekin o‘z faoliyatini to‘xtatib, xuddi uyqu holatiga o‘tganday bo‘ladi. Bu tufayli achitqini uzoq vaqt davomida oshxonada saqlash mumkin va keyinchalik u non pishirish uchun ishlatilganida yana o‘z faoliyatini boshlaydi.
Olimlar inson hujayralarini yaxshiroq o‘rganish uchun o‘nlab yillar davomida achitqi hujayralari ustidan tadqiqotlar olib borishyapti. Ammo ular bilmaydigan narsalar hali ko‘p. Shvetsiyadagi Chalmers texnologiya universitetining professori Ross King afsus bilan shunday dedi: «Biz achitqi hujayralari qanday ishlashini tushunishni xohlaymiz. Lekin bu sohada tajribalar o‘tkazish uchun biologlar yetishmaydi».
Sizningcha, achitqi hujayrasi o‘z-o‘zidan vujudga kelganmi? Hatto achitqi kabi hayotning oddiy shakli qanchalik murakkab ekani haqida o‘ylaganingizda, nahotki sizga uni kimdir yaratgan, degan fikr kelmasa?!
Hayot faqat hayotdan paydo bo‘ladi. DNK «nukleotidlar» deb atalgan molekulalardan iborat. Insonning har bir hujayrasida 3,2 milliard nukleotid bor. Nukleotidlarning birikmalari maxsus kodni tashkil etadi. Bu kod esa hujayrada fermentlar-u oqsillarni hosil qiladi.
Olimlarning aytishicha, bu nukleotidlar o‘z-o‘zidan milliardlab marotaba qo‘shilgan taqdirda ham, ular faqat bir marta DNK hosil qilishi mumkin. Buning ehtimoli shu qadar kamki, hatto imkonsizdir.
Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, olimlar haligacha jonsiz narsalardan jonli narsalarni yarata olmagan.
Inson hayoti noyob. Boshqa mavjudotlardan farqli o‘laroq, biz insonlar hayotdan to‘la zavqlanib yashash uchun kerakli barcha xususiyatlarga egamiz. Biz ongli ravishda ijod va muloqot qila olamiz hamda tuyg‘ularimiz bor. Shuningdek, ta’m, hid sezamiz, tovushlarni eshitamiz va ranglarni ko‘ra olamiz. Yana kelajakka reja tuzamiz va hayot mazmunini izlaymiz.
Sizningcha, bizda bu xususiyatlar shunchaki mavjud bo‘lishimiz va ko‘payishimiz uchun bormi? Yo ular hayotimiz mehribon Yaratuvchining tuhfasi ekanini isbotlayaptimi?