Muqaddas Kitobdagi amrlarga doim muhtojmisiz?
Muqaddas Kitobdagi amrlarga doim muhtojmisiz?
BOLALIGINGIZDA ota-onangiz siz uchun qoidalar o‘rnatgan. Katta bo‘lganingizdan keyin ular sizning manfaatingizni ko‘zlaganini tushunib yetasiz. Mustaqil hayot kechirishni boshlaganingizdan keyin ham ular sizga payvand qilgan me’yorlar bo‘yicha yashashda davom etasiz.
Samoviy Otamiz Yahova Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob orqali bizga bir qator amrlar bergan. Misol uchun, U butparastlik, zino va o‘g‘rilikni taqiqlagan. (Chiqish 20:1–17; Havoriylar 15:28, 29) Ma’nan o‘sganimiz sayin Yahova bizning manfaatimizni ko‘zlashini va Uning amrlari bizning erkinligimizni cheklamasligini tushunib yetamiz. (Efesliklarga 4:15; Ishayo 48:17, 18; 54:13)
Ammo Muqaddas Kitobda har bir vaziyatga tegishli aniq yo‘l-yo‘riq yo‘q. Shu bois, ba’zilar «Muqaddas Kitobda aniq qonun yo‘q ekan, istaganimizcha yo‘l tutsak bo‘ladi» deb o‘ylashadi. Ularning fikricha, «agar Xudo buni muhim deb bilganida, aniq yo‘l-yo‘riq bergan bo‘lardi».
Bunday o‘ylaydigan insonlar ko‘pincha noto‘g‘ri qarorlar chiqarishadi va keyinchalik afsuslanishadi. Ular Muqaddas Kitobda nafaqat qonunlar, balki Xudoning nuqtai nazarini tushunishimizga ko‘maklashuvchi yo‘l-yo‘riqlar borligini nazardan chetda qoldirishadi. Muqaddas Kitobni o‘rganganimizda hamda Yahova turli masalalarga qanday qarashini bilganimizda, vijdonimizni Muqaddas Kitob asosida tarbiyalaymiz. Shuningdek, Uning nuqtai nazarini aks ettiruvchi tanlovlar qilishni o‘rganamiz. Bunday yo‘l tutib, Uning qalbini quvontiramiz va oqilona qarorlarimizning foydasini ko‘ramiz. (Efesliklarga 5:1)
Muqaddas Kitobdagi diqqatga sazovor misollar
Xudoning qadimda yashagan ba’zi xizmatchilari haqidagi voqealarni o‘qiganimizda, hatto aniq qonun bo‘lmaganda ham, ular Xudoga ma’qul bo‘lgan qarorlar chiqarishganini ko‘rsak bo‘ladi. Keling, Yusufning misolini olaylik. Po‘tifarning xotini Yusufni jinsiy aloqa qilishga undaganida Xudo hali zinoga oid qonun bermagan edi. Garchi zino borasida aniq qonun bo‘lmasa-da, Yusuf zino nafaqat vijdoniga, balki Xudoga qarshi gunoh ekanini tushungan. (Ibtido 39:9) Aftidan, Yusuf zino Xudoning fikrlash tarziga hamda Uning Adan bog‘ida aytgan so‘zlariga zid ekanini anglagan. (Ibtido 2:24)
Boshqa bir misolga diqqat qarataylik. Havoriylar 16:3 dan Pavlus Timo‘tiy bilan birga va’zgo‘ylik safariga chiqishdan oldin, uni sunnat qilgani haqida bilib olyapmiz. Havoriylar 16:4 da esa «shaharma-shahar yurib, ular Quddusdagi havoriylar-u oqsoqollar chiqargan qarorlarni yetkazishgani» to‘g‘risida o‘qiymiz. O‘sha qarorlarning biriga ko‘ra, masihiylar endi sunnat qilinishga majbur emasdi. (Havoriylar 15:5, 6, 28, 29) Xo‘sh, unda nega Pavlus Timo‘tiyni sunnat qilishni o‘rinli deb bilgan? «O‘sha joylarda yahudiylar bo‘lgani sababli uni sunnat qildi. Chunki Timo‘tiyning otasi yunon ekanini hamma bilardi». Pavlus boshqalarni qoqintirishni istamagan. U masihiylar «Xudoning nazarida har bir insonning vijdoni uchun» o‘zlarini o‘rnak qilib ko‘rsatishlarini istagan. (2 Korinfliklarga 4:2; 1 Korinfliklarga 9:19–23)
Pavlus va Timo‘tiy uchun bunday fikrlash tarzi odatiy hol edi. Rimliklarga 14:15, 20, 21 hamda 1 Korinfliklarga 8:9–13; 10:23–33 ni o‘qiganimizda Pavlus boshqalarni qoqintirmaslik uchun hatto aslida noto‘g‘ri bo‘lmagan ishlarni qilmaslikka tayyor bo‘lganini ko‘ramiz. Shuningdek, Pavlus quyidagilarni ham Timo‘tiyga yozgan: «Chunki u kabi fe’l-atvorga ega bo‘lgan, sizlar uchun chin dildan g‘am cheka oladigan boshqa hech kimim yo‘q. Boshqalar Iso Masihga nima ma’qul kelishini emas, o‘z manfaatlarini ko‘zlaydilar. Ammo Timo‘tiy o‘zini munosib qilib ko‘rsatgani, otasiga yordam bergan bola singari xushxabar yoyilishida men bilan birgalikda xizmat qilgani sizlarga ma’lum». (Filippiliklarga 2:20–22) Hozirgi masihiylar uchun qanday ajoyib o‘rnak, shunday emasmi?! Xudodan kelgan aniq yo‘l-yo‘riq bo‘lmaganida ham, ular o‘z xohishlari va qulayliklarini birinchi o‘ringa qo‘yishmagan. Aksincha, Yahova hamda Uning O‘g‘li ko‘rsatgan sevgiga taqlid qilib, boshqalarning ma’naviyligi haqida qayg‘urishgan.
Biz uchun eng a’lo o‘rnak ko‘rsatgan Iso Masihning misoliga diqqat qarataylik. Tog‘dagi va’zida u Xudo qonunlarining mag‘zini tushungan odam aniq amr bo‘lmaganida ham qanday yo‘l tutishni bilishi haqida aytib o‘tgan. (Matto 5:21, 22, 27, 28) Iso, Pavlus, Timo‘tiy hamda Yusuf aniq ilohiy yo‘l-yo‘riq bo‘lmaganida, «odam istaganicha yo‘l tutishi mumkin» degan nuqtai nazarda bo‘lishmagan. Ular ikkita eng muhim amr: Xudoni va yaqinimizni sevish ekanini bilishgan. Shu bois, qarorlar chiqarishganida, mazkur amrlarga itoat qilayotganini ko‘rsatishgan. (Matto 22:36–40)
Bugungi kundagi masihiylar haqida nima deyish mumkin?
Yuridik hujjatlarda, masalan, shartnomalarda inson nima qilishi, nima qilmasligi batafsil yozilgan bo‘ladi. Lekin Muqaddas Kitob yuridik hujjat emas. Unda har bir majburiyatimiz yozilmagan. Hatto muayyan qonun-qoida bo‘lmasa ham Yahova istaganidek yo‘l tutsak, Uning qalbini quvontirgan bo‘lamiz. Boshqacha aytganda, har doim aniq yo‘l-yo‘riq kutishning o‘rniga Xudoning irodasi qanday ekanini anglashga harakat qilishimiz mumkin. (Efesliklarga 5:17; Rimliklarga 12:2) Nega bu Yahovaning qalbini quvontiradi? Chunki shunday yo‘l tutib, o‘zimizni emas, Yahovani xursand qilmoqchi ekanimizni ko‘rsatgan bo‘lamiz. Bu, shuningdek, Uning sevgisi uchun minnatdor ekanimizni hamda shu kabi sevgini boshqa insonlarga ko‘rsatmoqchi ekanimizni namoyon etadi. (Hikmatlar 23:15; 27:11) Qolaversa, Yahovaning xohish-irodasini tushunish maqsadida Muqaddas Kitobdan foydalansak, U bilan qalin munosabatlarga ega bo‘lamiz va bu salomatligimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Keling, bu prinsipni shaxsiy masalalarda qanday qo‘llashni ko‘rib chiqaylik.
O‘yin-kulgi masalalarida
Deylik, bir yigit muayyan musiqa albomini sotib olmoqchi. Unga albomdagi ba’zi qo‘shiqlar yoqqandi, lekin albomning orqasidagi muqovasi uni xavotirga soladi. Chunki muqovasidan qo‘shiqlarda axloqsizlik hamda yomon so‘zlar borligini o‘qib qoladi. Shuningdek, bu xonandaning aksar qo‘shiqlari qahr-g‘azabga to‘la ekanini va zo‘ravonlikka undashini tushunadi. Ammo bu yigit Yahovani yaxshi ko‘rgani uchun bu masalada Uning nuqtai nazarini bilgisi keladi. Xo‘sh, bu yigit qay yo‘sin Yahovaning irodasini anglab olishi mumkin?
Galatiyaliklarga yo‘llagan maktubida Pavlus muqaddas ruh samarasini va tana ishlarini sanab o‘tgan. Ehtimol, muqaddas ruh samarasiga nimalar kirishini bilsangiz kerak. Bu quyidagi fazilatlar: sevgi, sevinch, tinchlik, sabr-toqat, mehribonlik, himmat, imon, muloyimlik va o‘zini tuta bilish. Xo‘sh, tana ishlariga-chi, nimalar kiradi? Pavlus shunday deb yozgan: «Tana ishlari aniq-ravshandir: zino, ifloslik, axloqsiz xulq, butparastlik, sehr-jodu, adovat, janjalkashlik, rashk, darg‘azab bo‘lish, talash-tortish, bo‘linishlar, mazhablar yaratish, hasad, ichkilikbozlik, aysh-ishrat va shularga o‘xshagan ishlar. Ilgari ogohlantirganimday, yana ogohlantiryapman: bunday ishlarni qiluvchilar Xudoning Shohligini meros qilib olishmaydi». (Galatiyaliklarga 5:19–23)
Pavlus keltirgan ro‘yxatdagi «shularga o‘xshagan ishlar» degan eng oxirgi iboraga e’tibor qarating. Pavlus barcha tana ishlarini aytib o‘tmagan. Pavlusning maktubini o‘qigan inson «bu ro‘yxatda keltirilmagan ishlar bilan bemalol shug‘ullana olaman» deb o‘ylay olmasdi. O‘quvchilar mulohazakorlikni ishga solib, «shularga o‘xshagan ishlar» iborasi ostida qanday ishlar nazarda tutilganini o‘zlari fahmlab olishlari kerak edi. Ro‘yxatda keltirilmagan, lekin «shularga o‘xshagan ishlar» bilan shug‘ullangan insonlar Xudoning Shohligini meros qilib olishmaydi.
Shunday ekan, Yahovaning nazarida nima ma’qul yoki noma’qul ekanini anglab olishimiz zarur. Buni qilish qiyinmi? Deylik, shifokor sizga ko‘proq meva va sabzavotlar yeyishni, ammo pishiriqlar, muzqaymoq va shu kabilarni yemaslikni maslahat qiladi. Tort qaysi toifaga kirishini aniqlashga qiynalgan bo‘larmidingiz? Keling, yana bir bor muqaddas ruh samarasiga hamda tana ishlariga nima kirishini eslaylik. Yuqorida tilga olingan musiqa albomi qaysi toifadagi ro‘yxatga kiradi? Mazkur albomning sevgi, himmat, o‘zini tuta bilish va muqaddas ruh samarasi bilan bog‘liq boshqa fazilatlarga hech qanday aloqasi yo‘q. Ko‘rinib turganidek, mazkur toifadagi musiqa Xudoning fikrlash tarziga zid ekanini tushunish uchun muayyan qonun shart emas. Mazkur prinsipni kitob, film, teledasturlar, kompyuter o‘yinlari, veb-saytlar hamda boshqa narsalarni tanlayotib qo‘llasa bo‘ladi.
Xudoga ma’qul keladigan tashqi ko‘rinish
Muqaddas Kitobda kiyinish va pardoz masalasiga tegishli prinsiplar keltirilgan. Ular yordamida har bir masihiy o‘rinli va chiroyli kiyina oladi. Yahovani sevadigan odam o‘z xohish-istagida turib olmaydi, balki kiyinish tarzi bilan samoviy Otasini xursand qilishni xohlaydi. Ko‘rib chiqqanimizday, Yahova qaysidir masalaga tegishli aniq yo‘l-yo‘riq bermasa, U xalqi nima qilishi bilan qiziqmasligini anglatmaydi. Kiyinish uslublari hamma joyda har xil va vaqt o‘tib ular o‘zgarib turadi. Ammo Muqaddas Kitobdagi prinsiplar bizga har doim va har joyda qo‘l keladi.
Masalan, 1 Timo‘tiyga 2:9, 10 da quyidagilarni o‘qiymiz: «Xuddi shunday, ayollar ham o‘zlarini turli xil o‘rilgan sochlar, oltin, marvaridlar va qimmatbaho liboslar bilan emas, balki munosib kiyim, or-nomus va fahm-farosat bilan, xudotars ayollarga munosib ravishda, xayrli ishlari bilan bezashlarini istayman». Shunday qilib, birodar-u opa-singillar ular yashaydigan hududdagi insonlarning kiyinish borasidagi fikrini inobatga olishlari lozim. Bu nihoyatda muhim. Sababi kiyinish tarzimiz odamlarning Muqaddas Kitobga nisbatan nuqtai nazarini o‘zgartirishi mumkin. (2 Korinfliklarga 6:3) Namunali masihiy faqatgina o‘z xohish-istaklari va huquqlarida turib olmaydi va haddan ortiq boshqalarning e’tiborini tortadigan yoki qoqintiradigan tarzda kiyinmaydi. (Matto 18:6; Filippiliklarga 1:10)
Bordi-yu, masihiy kiyinish uslubi bilan boshqalarni ranjitayotganini yoki qoqintirayotganini tushunsa, havoriy Pavlusga taqlid qilgan holda, boshqalarning manfaatini shaxsiy istaklaridan ustun qo‘yishi kerak. Havoriy Pavlus: «Men Masihga taqlid qilayotganimday, sizlar ham menga taqlid qilinglar»,— deb aytgan. (1 Korinfliklarga 11:1) Masih haqida esa Pavlus shunday degan: «Axir Masih ham o‘ziga ma’qul bo‘lgan ishlarni qilmagan». Xullas, u masihiylarga quyidagi yo‘l-yo‘riqni bergan: «Imonda mustahkam turgan bizlar, imoni zaif bo‘lganlarning ojizligini ko‘tarishimiz kerak. Faqat o‘z manfaatimizni o‘ylamasdan, har birimiz o‘z yaqinimizning foydasini ko‘zlab, uning mustahkamlanishi uchun ko‘nglini topaylik». (Rimliklarga 15:1–3)
Aqlimizni charxlash
Yahova bizga muayyan qonun-qoida bermagan bo‘lsa, Unga yoqish maqsadida qay yo‘sin aqlimizni ishga solishimiz mumkin? Muqaddas Kitobni har kuni o‘qiganimizda, uni tushunishga harakat qilganimizda hamda uning ustida mulohaza yuritganimizda, Xudoga nima ko‘proq yoqishini bilib olamiz va yaxshiroq qarorlar chiqaramiz. Bunday yo‘l tutishni o‘rganish uchun muayyan vaqt talab etiladi. Bola asta-sekin katta bo‘lgani kabi Yahova bilan qalin munosabatlarga ega bo‘lish va yaxshi qarorlar chiqarish uchun vaqt kerak. Shuning uchun, sabrli bo‘lishimiz lozim va o‘zgarishlar tezda yuz bermasa, ko‘nglimiz cho‘kmasligi kerak. Shunchaki vaqt o‘tgani bilan aqlimiz charxlanib qolmaydi. Yuqorida ta’kidlanganidek, bu vaqt davomida Xudoning Kalomi ustida mulohaza yuritishimiz va undan o‘rganganlarimizni hayotimizda qo‘llashimiz lozim. (Ibroniylarga 5:14)
Xudoning qonunlari itoatkorligimizni sinasa, prinsiplar ma’naviyligimizni va Uni mamnun qilish istagimiz qanchalik kuchli ekanini sinaydi. Ma’nan o‘sar ekanmiz, Yahova hamda Uning O‘g‘liga taqlid qilishni istaymiz. Muqaddas Kitob yordamida Xudoga ma’qul keladigan qarorlar chiqarishni istaymiz. Samoviy Otamizni xursand qilar ekanmiz, quvonchimizga quvonch qo‘shilganini ko‘ramiz.
[23- sahifadagi rasmlar]
Har bir hududning o‘z kiyinish uslubi bor, ammo qaror chiqarganimizda Muqaddas Kitob prinsiplariga asoslanishimiz kerak