Asosiy materiallarga o‘tish

«Har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim»

«Har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim»

«Har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim»

«Har birimiz o‘zimiz haqimizda Xudoga hisobot beramiz» (RIMLIKLARGA 14:12).

1. Uch ibroniy yigit qanday javobgarlikni o‘z zimmalariga olishdi?

 BOBILDA yashovchi uch ibroniy yigit oldida hayot-mamot masalasi tug‘ildi. O‘sha davlatning qonuni bo‘yicha ular ulkan haykalga sajda qilishlari kerak edi. Agar ular bunday qilishmasa, olovli chuqurlikka tashlanishardi. Shadrax, Meshax va Abednaxuning biror kishi bilan maslahatlashishga vaqti yo‘q edi, bu kerak emas ham edi. Ular ikkilanmasdan shohga: «Bilib qo‘yingki, ey, shoh hazratlari, biz hech qachon xudolaringizga sig‘inmaymiz, siz o‘rnatgan oltin haykalga ham sajda qilmaymiz»,— deyishdi (Doniyor 3:1-18). Uch ibroniy yigit javobgarlikni o‘z zimmalariga olishdi.

2. Iso Masihga nisbatan, Pilatning o‘rniga aslida kim qaror chiqardi va bu, hokimni mas’uliyatdan holi etdimi?

2 Bu voqeadan qariyb olti asr o‘tgach, mahkamada bir ish ko‘rib chiqildi. Ayblovchiga qarshi aytilgan hamma ayblarni tinglab va ishni o‘rganib chiqib, hokim u aybsiz degan qarorga keldi. Biroq xaloyiq uning qatl etilishini talab qildi. Hokim bu ishda mas’uliyatli bo‘lishni istamay, ularning talabiga ko‘ngisi kelmadi, ammo xaloyiqning ta’siri ustun keldi. U suv olib, qo‘llarini chayib: «Men bu solih Odamning qoni to‘kilayotganidan begunohman»,— dedi. So‘ng bu odamni qatl qilish uchun topshirdi. Mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, Iso Masihga nisbatan o‘zi qaror chiqarish o‘rniga, Po‘ntiy Pilat boshqalar u uchun hal qilishiga yo‘l qo‘ydi. U qo‘lini qancha chaymasin, Isoga bunday adolatsiz hukm chiqarganining gunohini yuva olmaydi (Matto 27:11-26; Luqo 23:13-25).

3. Nima uchun boshqalar biz uchun qaror qabul qilishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak?

3 Biz-chi? Biror qaror qabul qilishimizga to‘g‘ri kelganda, uch ibroniy yigit kabi yo‘l tutamizmi yoki boshqalar biz uchun qaror qabul qiladimi? Qaror qabul qilish oson ish emas. To‘g‘ri xulosa chiqarish uchun, inson yetarlicha yetuk bo‘lmog‘i lozim. Masalan, kichik farzandlari uchun ota-onalar qaror qabul qilishadi. Ayniqsa og‘ir ahvolga tushib qolganda, qaror chiqarish qiyin kechadi. Biroq, «ruh amri bilan yashayotgan birodarlarimiz» og‘irliklarimizni zimmasiga olayotganiga qaraganda, bizning qaror chiqarish mas’uliyatimiz ularnikidan yengilroqdir (Galatiyaliklarga 6:1, 2). Shunga qaramay, «har birimiz o‘zimiz haqimizda Xudoga hisobot beramiz» (Rimliklarga 14:12). Muqaddas Kitobda: «Har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim»,— deyilgan (Galatiyaliklarga 6:5). Unda qanday qilib hayotimizda dono qarorlar chiqarishimiz mumkin? Avvalo, biz o‘z kamchiliklarimizni va imkoniyatlarimizni tan olib, ularni qanday bartaraf etishni bilib olishimiz lozim.

Asosiy talablar

4. Odam Ato bilan Momo Havoning itoatsizligi misolidan, qaror qabul qilishga nisbatan nimani o‘rganamiz?

4 Insoniyat tarixining boshlanishida, Odam Ato bilan Momo Havoning qabul qilgan qarori halokatli oqibatlarga olib keldi. Ular yaxshi va yomonni bilish daraxtidan yeyishni afzal ko‘rishdi (Ibtido 2:16, 17). Ular nimaga asoslanib bunday qaror chiqarishdi? Tavrotda aytilishicha: «Xotin ko‘rsaki, daraxtning mevasi yemoqqa yaxshi, ko‘zga yoqimli... ekan. U daraxtning mevasidan olib, yedi. So‘ng eriga ham berdi, eri ham yedi» (Ibtido 3:6). Momo Havo xudbinlikka berilganligi uchun shunday qaror chiqardi. Odam Ato ham u singari yo‘l tutdi. Oqibatda gunoh va o‘lim «butun insonlarga o‘tdi» (Rimliklarga 5:12). Odam Ato bilan Momo Havoning itoatsizligi, insonning imkoniyati cheklanganligidan dalolatdir: agar inson Xudoning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilmasa, noto‘g‘ri qarorlar chiqarishga moyil bo‘ladi.

5. Yahova Xudo bizga qanday yo‘l-yo‘riq havola etgan, va bu bizga foyda keltirishi uchun nima qilishimiz kerak?

5 Yahova Taolo bizga yo‘l-yo‘riq berganidan biz g‘oyat xursandmiz! Muqaddas Kitob bizga bunday dalda bermoqda: «Mabodo chap yoki o‘ng tomonga og‘ib ketsangiz, quloqlaringiz orqadan: “Mana yo‘l, shu yo‘ldan yuringlar”,— degan so‘zlarni eshitadi» (Ishayo 30:21, YADT). Yahova Xudo bizga ilhomlantirgan Kalomi bo‘lmish, Muqaddas Kitob orqali gapirmoqda. Shu sababli biz Muqaddas Kitobni tadqiq qilib, U haqidagi bilimlarimizni kengaytirishimiz kerak. To‘g‘ri qarorlar chiqara olishimiz uchun, kamolotga yetkazuvchi «qattiq oziq»dan tanovul qilmog‘imiz lozim. Bu bilimlarni tatbiq etish orqali ‘tuyg‘ularimizni yaxshi va yomonni farq etishga’ o‘rgatamiz (Ibroniylarga 5:14). Xudoning Kalomidan bilib olganlarimizni hayotda qo‘llab, zehnimizni o‘tkirlaymiz.

6. Sof vijdonli bo‘lish uchun, nima zarur?

6 Qaror qabul qilishda, bizga vijdon ato etilganligi muhim ahamiyatga ega. U tufayli biz ahvolimizga baho berib, o‘zimizni «goh qoralab, goh oqlashimiz» mumkin (Rimliklarga 2:14, 15). Sof vijdonli bo‘lishimiz uchun, Muqaddas Kitob asosida bilim olib, uni hayotda qo‘llash orqali vijdonimizni sezgir qilishimiz mumkin. Bunday qilmasak, vijdonimiz mahalliy urf-odatlar va atrofimizdagi odamlarning ta’siriga berilib, bizga pand berib qo‘yishi mumkin. Agar vijdonimiz qiynashiga qaramay Xudoning me’yorlarini buzsak, vijdonimizga nima bo‘ladi? Vaqti bilan vijdonimiz «go‘yo qizigan temir bilan dog‘» qoldirgandek, dog‘ bo‘lgan joyi sezmaydigan bo‘lib qoladi (1 Timo‘tiyga 4:2). Biroq, Muqaddas Kitob asosida tarbiyalangan vijdon ishonchli yo‘lboshchidir.

7. Dono qaror chiqarishning talabi qanday?

7 Dono qaror chiqarishning asosiy talabi, Muqaddas Kitobdan aniq bilimga ega bo‘lib, uni amalda qo‘llashdir. Biror qaror qabul qilishda shoshma-shosharlik qilmasligimiz kerak. Balki Muqaddas Kitobdan mos keluvchi yo‘l-yo‘riqni topib, mulohazalilik bilan qo‘llashga vaqt ajratishimiz lozim. Agar vijdonimiz, Xudoning Kalomidagi aniq bilimlar asosida tarbiyalangan bo‘lsa, zudlik bilan qaror qabul qilish talab qilingan taqdirda ham, Shadrax, Meshax va Abednaxu kabi bunga tayyor bo‘lamiz. Keling, to‘g‘ri qaror qabul qilishda ma’naviy yetuklik qanday yordam berishini, hayotimizning ikkita sohasi asosida ko‘rib chiqaylik.

Kimlar bilan muloqot qilamiz?

8, 9. a) Yomon odamlar to‘dasidan qochishimiz kerakligini ko‘rsatadigan qanday qonun-qoidalar bor? b) Yomon odamlar to‘dasi deganda, faqat yengiltak odamlar nazarda tutiladimi? Tushuntirib bering.

8 «Adashmanglar,— deb yozgan edi havoriy Pavlus,— yomon odamlar to‘dasi yaxshi axloqni buzar ekan» (1 Korinfliklarga 15:33). Iso Masih shogirdlariga: «Sizlar bu dunyoniki emassizlar»,— degan edi (Yuhanno 15:19). Bu me’yorlar haqida bilib, fohisha, zinokor, o‘g‘ri va ichkilikboz kabi insonlar bilan yaqin munosabatda bo‘lmaslik kerakligini tushundik (1 Korinfliklarga 6:9, 10). Muqaddas Kitobdan bilimlarimiz ortib borgani sayin, kino, teledastur, kompyuter va kitoblar orqali bunday odamlar bilan muloqotda bo‘lish qanchalik xavfli ekanini anglab yetamiz. Internet orqali «hiylagarlar birlan» muloqot qilish ham shular qatoridadir (Zabur 25:4).

9 Axloqli hayot kechiradigan, ammo Haq Xudoga topinmaydigan insonlar bilan yaqin muloqot qilishimiz mumkinmi? Injilda: «Butun dunyo esa yovuz shaytonning hukmidadir»,— deb aytilgan (1 Yuhanno 5:19). Bundan ko‘rinib turibdiki, yomon odamlar to‘dasi, faqat yengiltak yoki axloqsiz kishilar bilan cheklanmaydi. Shunday ekan, faqat Yahovani sevuvchilar bilan do‘stlashsak, oqilona yo‘l tutgan bo‘lamiz.

10. Bu dunyodagi odamlarning hurmatini joyiga qo‘yish bilan birgalikda, qanday qilib to‘g‘ri qarorlar chiqarishimiz mumkin?

10 Bu dunyodagi odamlar bilan umuman muloqot qilmaslikning iloji yo‘q, bu talab ham qilinmaydi (Yuhanno 17:15). Va’z qilganimizda, maktabda, ishda, xullas hamma yoqda imondoshimiz bo‘lmagan kishilarni uchratamiz. Turmush o‘rtog‘i imondoshimiz bo‘lmagan birodar yoki singlimiz, bu dunyo bilan yanada yaqinroq aloqada bo‘ladi. Biroq zehni o‘tkirlik, majburiyat yuzasidan dunyo bilan muloqotda bo‘lishning, dunyo bilan do‘stlashish o‘rtasidagi farqni tushunishda yordam beradi (Yoqub 4:4). Bu haqda fikr yuritib, turli masalalarda to‘g‘ri qaror chiqarishimiz mumkin. Misol uchun, darsdan keyin maktabdagi tadbirlarda, masalan, sport musobaqalari yoki raqslarga qatnashish mumkinmi? Yoki biror korxona ishchilar uchun uyushtirilgan bazmlarga borsa bo‘ladimi?

Ish tanlashda

11. Ish tanlashda, birinchi navbatda nimani aniqlab olish kerak?

11 Muqaddas Kitob qonun-qoidalarini donolik ila qo‘llasak, ‘oila a’zolarimiz haqida g‘amxo‘rlik qilish’ vazifasini bajarishga tegishli qarorlar chiqarish oson bo‘ladi (1 Timo‘tiyga 5:8). Birinchi navbatda, ish qaysi maqsadlarga xizmat qilishini aniqlab olish lozim. Xudo qoralaydigan narsalarni qo‘llab-quvvatlovchi ishni tanlash, albatta noto‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun masihchilar, butparastlik, o‘g‘irlik, qondan noto‘g‘ri foydalanish va shu kabi Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan narsalar bilan bog‘langan ishni tanlashmaydi. Shuningdek, agar boshliq aldashni yoki yolg‘on gapirishni talab qilgan taqdirda ham, ular bunday qilishmaydi (Havoriylar 15:29; Vahiy 21:8).

12, 13. Ish tanlashda yana qanday omillarni e’tiborga olish kerak?

12 Agar ishimiz Xudoning talablariga zid bo‘lmasa-chi? Haqiqat haqidagi bilimimiz oshib borgani sayin, zehnimiz o‘tkirlashib, boshqa omillarni ham e’tiborga olish zarurligini tushuna boshlaymiz. Agar ishimiz, masalan, qimorxonada telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berish kabi, Muqaddas Kitobda ochiq-oydin aytilmagan narsalar qatoriga kirsa-chi? Bundan tashqari, bizga kim tomonidan maosh to‘lanishi yoki qayerda ishlayotganimizni ham e’tiborga olish lozim. Masalan, masihchi xususiy tadbirkor sifatida, soxta dinga tegishli biror-bir binoni tuzatish uchun o‘z xizmatini taklif etsa, bu bilan soxta dinni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lmaydimi? (2 Korinfliklarga 6:14-16).

13 Agar xo‘jayin, soxta dinga tegishli binoni jihozlab berishga kelishib qo‘ygan bo‘lsa-chi? Bunday paytda biz bir necha omillarni e’tiborga olishimiz kerak: bu ishda men qanday vazifaga egaman va unda men qanday ishni bajarishim kerak? Muqaddas Kitobga zid bo‘lmagan xizmatni bajarishga nisbatan, masalan aholi yashaydigan barcha joylarga, shu qatorda nopok ishlar qilinadigan joylarga ham xat-xabar yetkazib berish-chi? Bunday holda Matto 5:45da yozilgan qoidani qo‘llagan bo‘lmaymizmi? Biroq, bu ish kundan-kunga vijdonga qanday ta’sir etishini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak (Ibroniylarga 13:18). Chindan ham, ish tanlashda mas’uliyat va donolik ila qaror chiqarish uchun, biz zehnimizni o‘tkirlashimiz va Xudo ato etgan vijdonni tarbiyalashimiz lozim.

«Har ishingda Egamizni e’tirof et»

14. Biror xulosa chiqarishda, nimani ko‘rib chiqishimiz kerak?

14 Tahsil olish va davolanish masalasida qaror chiqarish haqida nima deyish mumkin? Biror xulosa chiqarishda, bunga tegishli Muqaddas Kitob me’yorlarini aniqlab, mulohazalilik ila ularni tatbiq etishimiz kerak. Dono shoh Sulaymon: «O‘z aql-idrokingga suyanma, butun qalbing bilan Egamizga ishon. Har ishingda Egamizni e’tirof et, shunda U yo‘llaringni to‘g‘rilaydi»,— degan edi (Hikmatlar 3:5, 6).

15. Qaror qabul qilishda ilk masihchilardan nimani o‘rganamiz?

15 Chiqargan qarorlarimiz ko‘pincha boshqalarga ham taalluqli bo‘lgani sababli, bunga ham diqqat qilish kerak. Masalan, І asrda yashagan masihchilar, oziq-ovqat haqida Tavrotda yozilgan amrga rioya qilishlari kerak emas edi. Ular, Tavrotda harom hisoblangan hayvonlarning go‘shtini yeyishlari mumkin edi. Biroq havoriy Pavlus, butlarga atab so‘yilgan hayvonlarning go‘shti haqida: «Agar yeyayotgan ovqatim birodarimning vasvasaga tushishiga sabab bo‘ladigan bo‘lsa, men uni vasvasaga solmaslik uchun umrbod go‘sht yemayman»,— deb yozdi (1 Korinfliklarga 8:11-13). Bu bilan Pavlus, boshqalarni qoqintirmaslik uchun, ularning vijdonini e’tiborga olish kerakligiga undadi. Bizning chiqargan qarorlarimiz ham boshqalarning qoqinishiga sabab bo‘lmasligi lozim (1 Korinfliklarga 10:29, 32).

Ilohiy donolik payidan bo‘ling

16. Qaror qabul qilishda ibodat qanday yordam beradi?

16 Ibodat, qaror qabul qilishda bebaho yordam ko‘rsatadi. «Agar sizlardan biror kishining hikmati kamlik qilsa, hammaga samimiyat bilan, ta’na qilmasdan beruvchi Xudodan so‘rasin, Xudo unga beradi» (Yoqub 1:5). Biz qaror qabul qilishda donolik so‘rab, Xudoga ishonch bilan ibodat orqali murojaat qilishimiz mumkin. Haq Xudoga o‘z tashvishlarimiz haqida aytib, Undan yo‘l-yo‘riq so‘rasak, ilohiy ruh bizga Muqaddas Kitobdagi fikrlarni yaxshiroq tushunishimizga yordam beradi va nazarimizdan chetda qolgan narsalarni yodimizga soladi.

17. Qaror qabul qilishimizda o‘zgalar qanday yordam berishi mumkin?

17 Qaror qabul qilishimizda o‘zgalar yordam berishi mumkinmi? Ha, jamoatda ma’nan yetuk imondoshlarimiz bor (Efesliklarga 4:11, 12). Ayniqsa muhim masalalarda, ulardan maslahat so‘rashimiz mumkin. Ma’nan yetuk, tajribali imondoshlarimiz, bizning masalamizga tegishli bo‘lgan qo‘shimcha Muqaddas Kitob me’yorlariga e’tiborimizni qaratib, «yuqori qadriyatlar» payidan bo‘lishimizga yordam berishlari mumkin (Filippiliklarga 1:9, 10). Birgina ogohlantirish: boshqalar biz uchun qaror qabul qilishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz darkor. Har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi lozim.

Chiqargan qarorimiz doim ham yaxshi samara beradimi?

18. To‘g‘ri chiqarilgan qarorlarning samaralari haqida nima deyish mumkin?

18 Muqaddas Kitob me’yorlari asosida hamda sof vijdon ila chiqargan qarorlarimiz, har doim ham yaxshi samara beradimi? Oxir oqibatda albatta shunday bo‘ladi. Lekin avvaliga ko‘ngilsizlik keltirishi mumkin. Shadrax, Meshax va Abednaxu, ulkan haykalga sajda qilishdan voz kechishsa, o‘limga hukm etilishlarini bilishardi (Doniyor 3:16-19). Shu kabi, havoriylar yahudiy Oliy Kengashiga, odamlardan ko‘ra Xudoga ko‘proq itoat qilish kerak deyishganda, avval ularni kaltaklab, shundan keyingina qo‘yib yuborishdi (Havoriylar 5:27-29, 40). Ustiga-ustak, chiqargan qarorimiz ko‘ngilsiz samara berishiga «fursat va tasodif» sabab bo‘lishi mumkin (Voiz 9:11, YADT). To‘g‘ri qaror chiqargan bo‘lishimizga qaramay, biror baxtsizlikka yo‘liqsak, Yahova Taolo hammasiga dosh berishimizga yordam berib, kelajakda qut-baraka yog‘dirishiga amin bo‘lishimiz mumkin (2 Korinfliklarga 4:7).

19. Qanday qilib qaror chiqarishda, jasurlik ila mas’uliyatni o‘z zimmamizga olishimiz mumkin?

19 Xullas, qaror qabul qilayotganda, Muqaddas Kitob me’yorlarini aniqlab olib, mulohazalilik ila tatbiq etmog‘imiz lozim. Yahova bizga oliy qudrati va ma’nan yetuk imondoshlarimiz orqali yordam berayotganidan naqadar minnatdormiz! Bunday yordam va yo‘l-yo‘riqqa ega ekanmiz, keling, ilohiy donolikni qo‘llab, qaror chiqarishda, jasurlik ila mas’uliyatni o‘z zimmamizga olaylik.

Siz nimani bilib oldingiz?

• Qaror qabul qilishda asosiy talab nimadan iborat?

• Ma’naviy yetuklikka intilish, do‘st tanlashga qanday ta’sir qiladi?

• Ish tanlashda, qanday muhim omillarni e’tiborga olish lozim?

• Qaror chiqarishda qanday yordamga egamiz?

[Tadqiq uchun savollar]

17—23-APREL Qo‘shiqlar: 214, 108.