Asosiy materiallarga o‘tish

Hayotimizni nega Yahovaga bag‘ishlashimiz muhim?

Hayotimizni nega Yahovaga bag‘ishlashimiz muhim?

Hayotimizni nega Yahovaga bag‘ishlashimiz muhim?

Men Unga [Xudoga] mansub. HAVOR. 27:23

1. Suvga cho‘mmoqchi bo‘lganlar qanday qadamlar bosishgan va bu borada qanaqa savollar yuzaga kelyapti?

 «ISO MASIHNING qurbonligi asosida gunohlaringizdan tavba qilib, Allohning irodasini bajarish uchun, o‘zingizni Unga bag‘ishladingizmi?» Bu, ikkita savollardan biri bo‘lib, suvga cho‘mmoqchi bo‘lganlarga qaratilgan nutqda beriladi. Masihchilar nima uchun hayotini Xudoga bag‘ishlashi zarur? Bu qanday foyda keltiradi? Egamizga ma’qul tarzda topinish uchun, nega Unga hayotimizni bag‘ishlashimiz muhim? Ushbu savollarga javob berishdan avval, bag‘ishlanish o‘zi nima ekanini bilib olish lozim.

2. Xudoga o‘zini bag‘ishlash nimani anglatadi?

2 Xudoga o‘zini bag‘ishlash nimani anglatadi? Masalan, havoriy Pavlus, Xudo bilan bo‘lgan munosabatini qanday ta’riflaganiga diqqat qaratish mumkin. Cho‘kayotgan kemada ko‘pchilik oldida u, Tangri Yahovaga mansubligini aytgan (Havoriylar 27:22–24 o‘qing). Shu kabi, Xudoning xalqi Unga tegishlidir. Bundan farqli ravishda, «butun dunyo yovuz shaytonning hukmidadir» (1 Yuhan. 5:19). Masihchilar ibodatda o‘zlarini Tangri Yahovaga bag‘ishlagandan so‘ng, Unga tegishli bo‘lib qolishadi. Darhaqiqat, bag‘ishlanish — har bir kishining shaxsiy qaroridir. Bundan keyingina suvga cho‘mish mumkin.

3. Isoning suvga cho‘mishi nimaning ramzi edi va uning izdoshlari undan qanaqa ibrat olishlari mumkin?

3 Hazratimiz Iso, Allohning irodasini bajarish payidan bo‘lib, bizga zo‘r ibrat ko‘rsatgan. Gap shundaki, u tug‘ilganidanoq Yahovaga bag‘ishlangan Isroil xalqiga tegishli edi. Lekin, suvga cho‘mishi bilan Iso, Tavrotda talab etilganlardan ham muhimroq bir ish qilgan. Bu bilan, u quyidagini e’lon qilgan desa bo‘ladi: «Xohishingni ado etmoq-chun keldim, ey Xudoyim» (Ibron. 10:7; Luqo 3:21). Demak, Isoning suvga cho‘mgani u hayotini Otasining irodasini bajarishga taqdim etganining ramzi edi. Isoning izdoshlari suvga cho‘mish qaroriga kelib, unga ergashishni istayotganlarini ko‘rsatishadi. Biroq, ularning farqi shundaki, suvga cho‘mish bilan ular shaxsiy ibodatda o‘zlarini Xudoga bag‘ishlashganini hammaning oldida yaqqol ko‘rsatadilar.

Bag‘ishlanishning bizga qanday foydasi bor?

4. Dovud va Yo‘natan orasidagi do‘stona munosabatlarni hisobga olib, qanday xulosaga kelish mumkin?

4 Tangri Yahovaga bag‘ishlanish — judayam muhim qadamdir. Bu, bo‘ynimizga olgan har qanday mas’uliyatdan ham afzalroq. Xo‘sh, bag‘ishlanish bizga qanaqa foyda keltiradi? Buni tushunish uchun, keling, odamlar orasidagi munosabatlarda mas’uliyatning borligi qanday foyda keltirishini ko‘rib chiqaylik. Masalan do‘stona munosabatlarda, o‘zimizga muayyan mas’uliyatni olishga tayyor bo‘lishimiz darkor. Negaki, bu munosabatlar kishiga mas’uliyat yuklaydi, ya’ni yaqiniga g‘amxo‘rlik qilish hissi paydo bo‘ladi. Ma’lumki, Muqaddas Kitobda do‘stlik borasida talaygina misollar mavjud. Masalan, Dovud va Yo‘natan shunchalik qalin do‘st bo‘lishganki, bu haqda hatto ahd tuzib, o‘zaro qasam ichishgan (1 Shohlar 17:57; 18:1, 3 o‘qing). Garchi, shu kabi vafodorlikni kamdan-kam uchratsak-da, aksariyat kishilarning orasidagi inoqlik baribir mustahkamlanadi. Sababi, ular bir-biriga nisbatan mas’uliyatli ekanini tushunishadi (Hik. 17:17; 18:24).

5. Qulning mehribon xo‘jayinga tegishli bo‘lgani, unga qanday foyda keltirgan?

5 Tavrotda, odamlarga foyda keltiradigan boshqa munosabatlar haqida ham bayon etilgan. Agar, qul mehribon xo‘jayinga tegishli bo‘lib, uning himoyasi ostida yashashni istasa, u bilan o‘zaro kelishib olishi lozim edi. Tavrotda shunday deyilgan: «Qul: “Men xo‘jayinimni, xotinimni va bolalarimni yaxshi ko‘raman, ozod bo‘lib chiqib ketmayman”,— deb aytsa, xo‘jayini uni hakamlar huzuriga olib kelsin. Xo‘jayin uning qulog‘ini eshikka yoki eshik romiga qo‘yib bigiz bilan teshsin. O‘shanda bu odam umrining oxirigacha xo‘jayiniga qul bo‘lib qoladi» (Chiq. 21:5, 6).

6, 7. a) Shartnoma tuzishning qanday foydasi bor? b) Yahova bilan bo‘lgan munosabatimizga buni qanday qo‘llash mumkin?

6 Turmush qurganda ham, inson o‘ziga jiddiy mas’uliyatni yuklagan bo‘ladi. Zero, bu qanaqadir shartnoma tuzilishdan emas, odamga mas’uliyat yuklanishidan dalolatdir. Mabodo, ikki kishi nikohda bo‘lmay birga yashayotgan bo‘lsa, na ularning o‘zlari, na bola-chaqasi hech qachon himoyani his etishmaydi. Nikohini rasmiylashtirgan insonlarda esa, Muqaddas Kitobga asoslangan muhim sababi bo‘lib, yuzaga kelgan muammolarni sevgi ila hal qilishga chorlaydi (Mat. 19:5, 6; 1 Kor. 13:7, 8; Ibron. 13:4).

7 Qadimda, ishga kirishdan oldin va qandaydir ishlarga tegishli masalalarida odamlar shartnoma tuzishardi (Mat. 20:1, 2, 8). Bugungi kunda ham, biron-bir ishga kirishdan avval shartnoma tuzish oqilonadir. Qarang, do‘stona munosabatlarda, nikohda va ish masalalarida mas’uliyat tufayli munosabatlar mahkam bo‘lar ekan. Unda, Yahovaga o‘zimizni to‘lalicha bag‘ishlasak, U bilan bo‘lgan munosabatimiz yanada mustahkamlanadi! Yahovaga bag‘ishlanish insonlarga qadimda qanaqa foyda keltirganini va nega bu shunchaki mas’uliyat emasligini hozir ko‘rib chiqamiz.

Xudoga bag‘ishlangan xalq

8. Allohga bag‘ishlangan xalq bo‘lish isroilliklar uchun nimani anglatardi?

8 Isroilliklar Yahova bilan ahd tuzishgandan so‘ng, Unga bag‘ishlangan xalq bo‘lib qolishgan. Egamiz ularni Sinay tog‘i oldida yig‘ib, shunday degan: «Mening amrlarimga chin dildan itoat etsangiz, ahdimga rioya qilsangiz, sizlar Mening xalqim, boshqa xalqlar orasida xazinam bo‘lasizlar». Xalq bir ovozdan: «Egamizning hamma aytganlarini bajaramiz»,— deb javob bergan (Chiq. 19:4–8). Isroilliklar uchun Allohga bag‘ishlangan bo‘lish, bo‘yniga biror mas’uliyat olishdan ham muhimroq edi. Bu, ularning Yahovaga tegishli ekanini anglatgan. Shuning uchun ham, Tangrimiz ularni «xazina» deb bilgan.

9. Xudoga bag‘ishlangan bo‘lish isroilliklarga qanaqa foyda keltirardi?

9 Xudoga bag‘ishlangan xalq bo‘lib, isroilliklar juda ko‘p foyda olishgan. Jumladan, Yahova ularga nisbatan sadoqatli va g‘amxo‘r Ota sifatida bo‘lib, ularning g‘amini yerdi. Tangri Taolo Isroilga: «Nahotki xotin o‘z emizikli chaqalog‘ini unutsa va o‘z tuqqan o‘g‘liga achinmasa? Hatto u ham unutsa, Men seni aslo unutmayman»,— degan (Ishayo 49:15, YADT). Yahova, yo‘l-yo‘riq sifatida ularga qonun-qoidalarni ato etib, dalda va himoya uchun payg‘ambarlar bilan farishtalarni yuborardi. Sano bastakori quyidagilarni aytgan: «U O‘z kalomini Yoqubga bildirgan, qonun-qoidalarini Isroilga bergan. U [Xudo] boshqa xalqqa buni ravo ko‘rmagan» (Zab. 147:19, 20; Zabur 34:7, 19; 48:14 o‘qing). Ha, Yahova Unga mansub xalqqa o‘tmishda qandoq g‘amxo‘rlik qilgan bo‘lsa, xuddi shunday bugun ham Unga bag‘ishlanayotgan kishilarga g‘amxo‘rlik qiladi.

Hayotimizni nega Xudoga bag‘ishlashimiz darkor?

10, 11. Xudoning hamjihat oilasida tug‘ilyapmizmi? Tushuntirib bering.

10 Kimdir Xudoga bag‘ishlanib, suvga cho‘mishi kerakmikin deb mulohaza yuritayotganda, shunday o‘ylanib qolishi mumkin: «Allohga topinish uchun, nimaga Unga bag‘ishlanishim kerak?» O‘zingiz o‘ylab ko‘ring-chi, biz Xudoning nazarida qanday o‘ringa egamiz? Ha, Odam Atoning gunohi dastidan, odamlar ramziy ma’noda Egamizning oilasida tug‘ilmayapti (Rim. 3:23; 5:12). Xullas, Xudoga bag‘ishlanish — Uning birlashgan oilasiga qabul qilinishning muhim talabidir. Nega deysizmi? Keling, buni bilib olaylik.

11 Ma’lumki, hech bir kishining mukammal hayotni beradigan otasi yo‘q (1 Tim. 6:19). Biz Xudoning o‘g‘illari bo‘lib tug‘ilmaganmiz, chunki ilk juftlikning gunohidan keyin, odamzod mehribon Ota va Yaratuvchidan uzoqlashtirilgan (Amrlar 32:5 solishtiring). O‘shandan beri, insonlar Allohga begona bo‘lib, hamjihat oilasiga yotdir.

12. a) Nomukammal kishilar qanday qilib Xudoning oila a’zolari bo‘lishlari mumkin? b) Suvga cho‘mishdan oldin qanday harakatlar talab etiladi?

12 Nima bo‘lsa ham, sodiq xizmatchilardan iborat bo‘lgan Xudoning oilasiga qabul qilinishni har kim Undan so‘rashi mumkin a. Qiziq, gunohkor bandalar uchun buning qanday iloji bor? Havoriy Pavlus shunday degan: «Xudoning dushmanlari ekanmiz, U O‘z O‘g‘lining o‘limi tufayli bizni O‘zi bilan yarashtirib qo‘ydi» (Rim. 5:10). Suvga cho‘mishimiz bilan, Allohga ma’qul kelish uchun, Undan pok vijdonni so‘ragan bo‘lamiz (1 Butr. 3:21). Biroq, suvga cho‘mishdan avval bir qancha muayyan harakat talab etiladi. Ya’ni, Xudoni tanib-bilish, Unga ishonish, gunohlardan tavba qilish va to‘g‘ri yo‘lga turishga jon kuydirishimiz kerak (Yuhan. 17:3; Havor. 3:19; Ibron. 11:6). Tangri Taoloning oilasiga qabul qilinishimiz uchun bizdan yana bir narsa kutiladi. Xo‘sh, bu nima ekan?

13. Egamizning oilasiga tegishli bo‘lmoqchi kishi nega Yahovaga va’da berib, Unga bag‘ishlanishi darkor?

13 Egamizning oilasiga tegishli bo‘lmoqchi kishilar, Unga muhim va’da berishlari darkor. Bu, nima uchun shunchalik zarur ekanini tushunishga bitta misol ko‘maklashadi. Aytaylik, yaxshi obro‘li kishi yetim qolgan o‘smirga mehr qo‘yib, uni o‘g‘il qilib olmoqchi. Biroq, u bolani oilasiga olishdan avval, va’da berishini undan so‘raydi. O‘sha kishi shunday deydi: «Seni o‘g‘illikka olishdan oldin, sen meni yaxshi ko‘rib, o‘z otangdek hurmat qilishingda amin bo‘lishim kerak». Bola shunga va’da bergandagina, erkak kishi uni o‘z oilasiga oladi. Bu juda ham oqilonadir. Shunday emasmi? Shu singari Yahova ham, va’da berishga tayyor bo‘lgan va Unga bag‘ishlangan kishilarni O‘z oilasiga qabul qiladi. Injilda quyidagicha yozilgan: «Xudoga oqilona xizmat qila olishingiz uchun vujudingizni tirik, muqaddas, Xudoga manzur bo‘ladigan qurbon qilib bag‘ishlanglar» (Rim. 12:1).

Sevgi va imondan dalolat beradigan qadam

14. Qaysi ma’noda bag‘ishlanish sevgi namoyon etish bilan bog‘liq?

14 Xudoga o‘zimizni bag‘ishlab, Unga va’da berayotganimizda, Yahovaga chin sevgimizni namoyon etamiz. Buni qaysidir ma’noda, kelin-kuyov bir-biriga bergan va’dasi bilan solishtirsa bo‘ladi. Kuyov qallig‘iga sadoqatli bo‘lib qolish va’dasini berayotib, o‘z sevgisini ko‘rsatadi. Shuni aytish joizki, bu shunchaki u uchun biror narsa qilish va’dasi emas, balki insonga vafodor qolish va’dasidir. Ular nikoh qurib, bunday va’da bermasdan avval, er va xotin bo‘la olmasliklarini masihchi yaxshi tushunadi. Biz ham va’da berib, Xudoga bag‘ishlanmasak, Uning oila a’zolari bahra olayotgan narsalardan to‘la-to‘kis foydalana olmaymiz. Darhaqiqat, gunohkor bo‘lsak-da, o‘zimizni Allohga bag‘ishlashimizning maqsadi, Unga mansub bo‘lish va nima bo‘lganda ham sodiq qolish istagidadir (Mat. 22:37).

15. Xudoga bag‘ishlanish nima uchun imon borligini isbotlaydi?

15 Xudoga bag‘ishlanish shuningdek, imondan darak beradi. Boisi, imonimiz tufayli Egamizga yaqinlashish biz uchun foydali ekaniga amin bo‘lamiz (Zab. 73:28). «Bu dunyo odamlari orasida» yashayapmiz ekan, har doim ham Xudoga xizmat qilish oson bo‘lmasligini bilamiz. Lekin, Otajonimiz Yahova bizni qo‘llab-quvvatlashida hecham shubhalanmaymiz (Filip. 2:15; 4:13). To‘g‘ri biz nomukammalmiz, ammo xatolarga yo‘l qo‘yganimizda ham, Yahova bizga nisbatan mehr-inoyatli qolishiga aminmiz (Zabur 103:13, 14; Rimliklarga 7:21–24 o‘qing).

Allohga bag‘ishlanish baxt keltiradi

16, 17. Xudoga bag‘ishlanish nega baxtiyor qiladi?

16 Yahovaga bag‘ishlanish baxt keltiradi, chunki bu, o‘z kuchimizni ayamay xizmat qilish demakdir. Ustozimiz Iso: «Olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta»,— deb bejiz aytmagan (Havor. 20:35). Yer yuzidagi xizmati davomida Iso Masih berishning baxtiyorligi katta ekanida o‘zi amin bo‘lgan. Zero, kerak bo‘lganda dam olishdan, yegulikdan va qulayliklardan ham voz kechishga u tayyor edi. Shu yo‘sin, u boshqalarga to‘g‘ri yo‘lni tanlashga ko‘maklashardi (Yuhan. 4:34). Otasining qalbini quvontirganidan Isoning boshi ko‘kka yetgan. U shunday deb aytgan: «Men har doim Unga ma’qul bo‘lgan ishlarni qilaman» (Yuhan. 8:29; Hik. 27:11).

17 Iso: «Agar kim Menga ergashishni istasa, o‘zidan kechsin»,— deganda, shogirdlariga mamnuniyat baxsh etadigan hayot yo‘lini ko‘rsatgan (Mat. 16:24). Shunday qilib, biz Yahovaga yanada yaqinroq bo‘lamiz. Nahotki, Undan g‘amxo‘r va mehribonroq shaxs bor bo‘lib, unga o‘z hayotimizni topshira olsak?!

18. Bag‘ishlanishimizga muvofiq yashash nega Yahovani quvontiradi?

18 Agar, Yahovaga bag‘ishlanib va shunga muvofiq yashab Uning irodasini bajarayotgan bo‘lsak, bu chinakam baxt keltiradi. Axir, o‘zingiz bir o‘ylab ko‘ring, boshqa kimsaga yoki nimagadir hayotimizni bag‘ishlab, bundan ham baxt-saodatli bo‘lish mumkinmi?! Darhaqiqat, Tangri Yahovaga o‘zini bag‘ishlayotgan kishilar haqiqiy baxtga erishmoqdalar (Mat. 6:24). Qolaversa, «Xudoning xizmatdoshlari» bo‘lishning o‘zi, ularga to‘la qoniqish hissini ato qiladi. Zotan, ular o‘zini qandaydir ishga emas, minnatdor Allohga bag‘ishlamoqdalar (1 Kor. 3:9). Xudoyimiz ularning fidoyiligini nihoyatda qadrlaydi. Bundan tashqari, sadoqatli bo‘lib qolganlar abadiy yashashlari uchun, Egamiz ularni yoshlik davriga qaytarishga ishontiryapti (Ayub 33:25; Ibroniylarga 6:10 o‘qing).

19. Yahovaga bag‘ishlanish qanaqa barakalar baxsh etadi?

19 Tangri Yahovaga o‘zimizni bag‘ishlasak, U bilan qalin do‘st bo‘lishimiz turgan gap. Zero, Injilda: «Xudoga yaqinlashinglar, shunda U sizlarga yaqinlashadi», degan so‘zlarni o‘qiymiz (Yoqb. 4:8; Zab. 25:14). Yahovaga qarashli bo‘lish, nega to‘g‘ri deb aytishimiz mumkin? Buni keyingi maqoladan bilib olamiz.

[Izoh]

a Ming yillik boshqaruv tugaganidan so‘ng, Isoning «boshqa qo‘ylari» Xudoning o‘g‘illari bo‘lishadi. Ular o‘zini Allohga bag‘ishlashgan ekan, Uni «Ota» deyishga va Unga topinayotgan kishilardan iborat bo‘lgan oila a’zosi bo‘lishga haqlidirlar (Yuhan. 10:16; Ishayo 64:8; Mat. 6:9; Vah. 20:5).

Tushuntiring:

• Xudoga bag‘ishlanish nima degani?

• Egamizga bag‘ishlanishning qanday foydasi bor?

• Nega masihchilar Yahovaga bag‘ishlangan bo‘lishi kerak?

[Tadqiq uchun savollar]

[6- sahifadagi rasm]

Bag‘ishlanishga muvofiq yashash, chinakam baxt keltiradi