Asosiy materiallarga o‘tish

Nega ayollar boshchilikka bo‘ysunishadi?

Nega ayollar boshchilikka bo‘ysunishadi?

Nega ayollar boshchilikka bo‘ysunishadi?

Har bir... xotinning boshlig‘i erkak. 1 KOR. 11:3

1, 2. a) Pavlus Yahova o‘rnatgan boshchilik haqda nima deb yozgan? b) Ushbu maqolada qanday savollar muhokama qilinadi?

 HAVORIY PAVLUS: «Har bir erkakning boshlig‘i Masih... Masihning boshlig‘i esa Xudodir»,— deb aytganida Yahova o‘rnatgan tartibga ishora qilgandi (1 Kor. 11:3). O‘tgan maqolada Iso Masih, Yahovaning boshchiligiga tayyorlik ila bo‘ysungani va xudojo‘y erkaklar ham Masihning boshchiligiga itoat qilishgani to‘g‘risida so‘z yuritilgan edi. Ustozimiz odamlar bilan muomala qilganda judayam mehribon, muloyim va rahmdil inson bo‘lgan. Jamoatdagi erkaklar ham imondoshlariga ayniqsa xotinlariga xuddi shunday munosabatda bo‘lishlari lozim.

2 Xo‘sh, xudotars ayollar kimga bo‘ysunishlari darkor? Pavlus aytganidek, har bir xotinning boshlig‘i erkakdir. Imonli ayollar buni qanday qilib amalda ko‘rsatishlari mumkin? Agar eri imondoshimiz bo‘lmasa, xotini bu me’yorga rioya qilishi kerakmi? Eriga bo‘ysungan ayol o‘z fikrini bildirishga haqqi bormi? Nima uchun Xudodan qo‘rqadigan ayol maqtovga sazovor?

«Unga munosib madadkor yarataman»

3, 4. Nega Xudo o‘rnatgan tartibga rioya qilish er-xotin uchun foydalidir?

3 Oilada boshchilik bo‘lishini Yahova Taoloning O‘zi o‘rnatgan. Alloh Odam Atoni yaratganidan so‘ng: «Odamning yolg‘iz bo‘lishi yaxshi emas, endi unga munosib madadkor yarataman»,— deb aytgan edi. Odam Ato esa xursand bo‘lganidan shunday degandi: «Mana, endi bu suyak mening suyaklarimdan, bu et mening etimdandir» (Ibt. 2:18–24). Shunday qilib, Odam Ato bilan Momo Havo mukammal farzandlarni dunyoga keltirib, yer yuzidagi jannatda abadiy yashashlari mumkin edi.

4 Afsuski, ilk juftlik Xudoga qarshi isyon ko‘tarib, porloq kelajakdan mahrum bo‘lishdi (Rimliklarga 5:12 o‘qing). Biroq Yahova Taolo oilada o‘rnatgan boshchilikni bekor qilmagan. Agar er-xotin Xudo o‘rnatgan tartibga rioya qilsa, nikohlari mustahkam bo‘lib, baxtli hayot kechirishadi. Masalan Iso Masih uchun Yahovaga bo‘ysunish xursandchilik keltirgan. Chunonchi yer yuziga kelishidan oldin, Iso Otasining «qoshida kundan-kunga zavqlanib» yurardi (Hik. 8:30). Biroq erkaklar nomukammal bo‘lgani uchun mukammal darajada boshchilik qila olmaydi. O‘z navbatida ayollar ham mukammal ravishda itoatkorlikni namoyon eta olmaydi. Ammo, agar er-xotin o‘zlari ustidan ishlab, Xudo o‘rnatgan tartibga amal qilishsa, nikohlari quvonch va baxt keltiradi.

5. Nimaga er-xotinlar Rimliklarga 12:10 dagi maslahatga quloq solishlari muhim?

5 Nikoh mustahkam bo‘lishi uchun er-xotinlar quyidagi maslahatga quloq solishlari juda muhimdir: «Bir-biringizni birodarlarcha, samimiy muhabbat bilan sevinglar. Bir-biringizni izzat-hurmat qilishga o‘zishganday harakat qilinglar» (Rim. 12:10). Shuningdek turmush o‘rtoqlar, bir-biriga ko‘ngilchan, mehr-shafqatli va kechirimli bo‘lishlari lozim (Efes. 4:32).

Imondoshimiz bo‘lmagan erlar

6, 7. Xudojo‘y ayolning namunali xulq-atvori qanday natija keltiradi?

6 Ko‘p hollarda xudojo‘y ayollarning erlari Yahovaga xizmat qilmaydi. Bunday paytda ayollar o‘zlarini qanday tutishlari kerak? Muqaddas Kitobda quyidagi javob berilgan: «Masihdan ibrat olib, siz, xotinlar ham o‘z erlaringizga bo‘ysuninglar. Xudo kalomiga ishonmaydigan ba’zi kishilar siz, ayollarning or-nomusli, pokdomon xulq-atvoringizni ko‘rib, imon haqida biron so‘z aytilmasdanoq qoyil qolsinlar» (1 Butr. 3:1).

7 Allohning Kalomiga binoan, xudojo‘y ayol imondoshi bo‘lmagan eriga bo‘ysunishi darkor. Uning yaxshi xulq-atvori turmush o‘rtog‘iga ijobiy ta’sir qilib, xotining e’tiqodiga bo‘lgan nuqtai nazarini o‘zgartirishga yordam beradi. Natijada, u haqiqatni qabul qilishi mumkin.

8, 9. Oila boshi xotinining e’tiqodiga sherik bo‘lishni xohlamasa, u o‘zini qanday tutishi kerak?

8 Biroq oila boshi xotinining e’tiqodiga sherik bo‘lmasa-chi? To‘g‘ri, xudojo‘y ayollarga bunday erlarga doim ham bo‘ysunish oson bo‘lmaydi. Lekin, Allohning O‘zi ilohiy fazilatlarni namoyon etishimizga da’vat etmoqda. Masalan, Injilda: «Sevgi sabrli»,— deb yozilgan (1 Kor. 13:4). Xudotars ayollar qanday vaziyat bo‘lishidan qat’iy nazar «butun kamtarlik va yumshoqlik bilan, muhabbat bilan» ish tutib, sabr-toqatli bo‘lishlari juda muhimdir (Efes. 4:2). Bunday opa-singillarimiz qiyinchiliklarga qaramay, Xudoning muqaddas ruhi yordamida ilohiy fazilatlarni namoyon etishga qodir bo‘lishadi.

9 Havoriy Pavlus ham uni «qo‘llab-quvvatlayotganning» madadi bilan har narsani qilishga qodir bo‘lgani haqida aytib o‘tgandi (Filip. 4:13). Muqaddas ruh er-xotinga odamlarga imkonsiz bo‘lib tuyulgan ishlarni qilishga ko‘maklashadi. Lekin, Xudoning Kalomi barchamizni quyidagicha ogohlantirmoqda: «Yomonlik evaziga yomonlik qaytarmanglar... Zero Tavrotda shunday yozilgan: “Qasos Mening qo‘limda, sazosini Men beraman”,— deydi Xudovand» (Rim. 12:17–19). Shuningdek 1 Salonikaliklarga 5:15- oyatda ham xuddi shunday fikr bor: «Hech kim o‘zgaga yomonlik evaziga yomonlik qilmasin. Aksincha, har doim bir-biringiz, qolaversa, hamma uchun ham yaxshilikni izlanglar». Darhaqiqat, Yahovaning ko‘magi bilan har narsani qilishga qodir bo‘lamiz. Shunday ekan, ibodatda muqaddas ruhni so‘rashni kanda qilmaylik!

10. Ustozimizga qo‘pol munosabatda bo‘lishganida u qanday javob qaytargan?

10 Ustozimiz Iso ham bizga qo‘pol muomala qilishganda, qanday yo‘l tutishimiz kerakligi haqida yaxshi o‘rnak qoldirdi. Bu borada Injilda: «Masih haqorat qilinganda hech kimga haqorat bilan javob qaytarmas edi, azob chekkanda esa hech kimga tahdid qilmas edi. Faqat odilona hukmlovchi Xudoga O‘zini topshirar edi» (1 Butr. 2:23). Shubhasizki, barchamiz Ustozimizdan ibrat olishni istaymiz. Keling, boshqalarning yurish-turishiga qarab jahl qilmaylik. Zero Xudoning xizmatchilari: «Bir-biringizga mehr-shafqatli va kamtar bo‘linglar. Yomonlikka yomonlik, haqoratga haqorat bilan javob qaytarmanglar»,— deb da’vat etilmoqdalar (1 Butr. 3:8, 9).

Ayol o‘z fikrini bildirishga haqlimi?

11. Xudojo‘y ayollarga qanday sharafli vazifalar topshirilgan?

11 Oila boshiga bo‘ysungan ayol qandaydir fikr bildirishga haqlimi? Ayniqsa oilada muayyan qaror qabul qilishida ayol so‘z olish huquqiga egami? Albatta! Yahova Taolo ayollarga ham sharafli vazifalarni ishonib topshirdi. Hatto Iso Masih bilan birga shohlar va ruhoniylar bo‘lib xizmat qiladigan 144 000 moylangan orasida ayollar ham bor! (Galat. 3:26–29). Ustiga-ustak, Tangri Yahovaning tashkilotida ayollarning ham alohida o‘rni bor.

12, 13. Yo‘el payg‘ambarning bashorati qanday amalga oshgan edi?

12 Misol uchun, qadimda yashagan Yo‘el payg‘ambar, hammaga shu qatorda ayollarga ham muqaddas ruh yog‘dirilib, ular bashorat qilishi haqida karomat qilgan edi (Yo‘el 2:28, 29).

13 Milodiy 33- yil Hosil bayramida Quddus shahrida Isoning 120 ta shogirdiga muqaddas ruh yog‘dirilgan. Ularning ichida ayollar ham bor edi. O‘shanda havoriy Butrus shunday degandi: «Bu voqea bilan Yo‘el payg‘ambarning azaldan karomat qilib aytganlari bajo kelmoqda. U aytgan edi: “Mana, oxirgi kunlarda voqe bo‘ladi,— deydi Xudovand — Men butun jonzod uzra O‘z Ruhimni yog‘diraman. Sizning o‘g‘il-qizlaringiz bashorat qiladilar, yigitlaringiz vahiy ko‘radilar... O‘sha kunlarda Men qul-u cho‘rilarim ustiga O‘z Ruhimni yog‘inday yuboraman, ular esa bashorat beradilar”» (Havor. 2:16–18).

14. Birinchi asrdagi imonli ayollar xizmatda nimalar qilishgan?

14 Birinchi asrdagi imonli ayollar voizlik faoliyatida g‘ayrat ko‘rsatishgan. Ular xushxabarni hammaga e’lon qilib, xizmatda zahmat chekishgan (Luqo 8:1–3). Masalan Pavlus, «Kenxreya shahridagi imonlilar jamoatida xizmat ko‘rsatayotgan opamiz Fiva» haqida aytib o‘tgandi. Imondoshlariga duoyi salom yo‘layotib, havoriy shuningdek, ular orasida «Rabbimiz xizmatida zahmat chekkan Trifen bilan Trifosga» salom aytgan. Buning ustiga, xizmatda jon kuydirgan sevikli singlisi Persisni ham unutib qo‘ymagan (Rim. 16:1, 12).

15. Bugungi kunda ayollar voizlik faoliyatiga qanday hissa qo‘shyaptilar?

15 Bugun ham, xushxabarni va’z qilish ishida qatnashayotgan yetti milliondan ziyod Yahovaning Shohidlari orasida turli yoshdagi ayollar ham ko‘p mehnat qilishmoqda (Mat. 24:14). Ulardan ko‘pi, to‘la vaqt xizmat qilishadi yoki to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y va baytilchilardir. Mana nega shoh Dovud: «Rabbano e’lon qilmoqda, mujda keltirayotgan qizlar — ulkan qo‘shin»,— deya aytgan (Zab. 68:11). Ha, bu so‘zlar to‘la ma’noda amalga oshmoqda! Egamiz Yahova, Uning irodasini bajarayotgan ayollarni juda ham qadrlaydi. Xudojo‘y ayollar itoatli bo‘lishsa-da, lekin bu, ular indamay o‘z fikrini bildirishga haqqi yo‘qligini anglatmaydi.

Farosatli ayollar

16, 17. Qanday qilib Soroning misoli ayollar o‘z fikrini bildirishga haqli ekanini ko‘rsatyapti?

16 Qarang, Yahova Taoloning O‘zi ayollarga sharafli vazifalarni ishonib topshirayotgan ekan, erlar rafiqalari bilan maslahatlashishi undan ham muhimroq emasmi? Darhaqiqat, bunday yo‘l tutish oqilonadir. Muqaddas Kitobda ayollar hatto erlardan ruxsat so‘ramay ish qilishganida nima yuz bergani haqida yozilgan. Keling, ikkita misolni ko‘rib chiqaylik.

17 Masalan, Soro cho‘risini o‘g‘li bilan birga haydab yuborishni Ibrohimdan iltimos qilgandi. Nega deganda, ular Soroni hurmat qilmay qo‘ygandi. Ammo «Ibrohim bu gapdan juda xafa bo‘ldi». Lekin Xudovand bunga boshqacha fikrda bo‘lib, Ibrohimga shunday degan edi: «Sen o‘g‘ling va cho‘ring uchun xafa bo‘lma. Soroning aytadigan hamma gapiga quloq sol. Chunki sening nasling Is’hoq orqali ko‘payadi» (Ibt. 21:8–12). Shu tariqa Ibrohim Yahovaga itoat qilib, xotinining aytganiga quloq soldi.

18. Obigayl xavfli vaziyatga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima qildi?

18 Navolning xotini Obigayl ham yaxshi bir misol bo‘la oladi. Dovud shoh Shoulning dastidan qochib, Navolning podasi o‘tlab yurgan joyda yashirinib yurgandi. O‘shanda Navolning podasidan o‘zlariga qo‘y olishning o‘rniga, Dovud odamlari bilan birgalikda katta suruvni himoya qiladi. Ammo Navol «qo‘rs, fe’l-atvori yomon odam» bo‘lgani uchun Dovudning odamlarini «haqorat qildi». Chunki u «shu qadar badjahlki, biror kimsa unga bir og‘iz gap ayta olmasdi». Dovudning odamlari unga hurmat bilan murojaat qilishsa-da, Navol qo‘pol javob qaytardi. Xo‘sh, bu voqeadan xabardor bo‘lgan uning xotini Obigayl nima qildi? U eriga bir og‘iz gapirmay, «ikki yuzta non, ikki mesh sharob, beshta qo‘yning pishirilgan go‘shtini, ikki tog‘ora qovurilgan bug‘doy, yuz hovuch mayiz va ikki yuz hovuch anjir qoqi olib eshaklarga yukladi». Obigayl to‘g‘ri yo‘l tutdimi? Ha, chunki keyin sodir bo‘lgan ba’zi voqealardan, u oqilona ish tutganligi ko‘rinyapti. Tavrotga binoan, Yahova ko‘p o‘tmay Navolni o‘limga mubtalo qildi. Shundan so‘ng esa, Dovud Obigaylni xotinlikka oldi (1 Shoh. 25:3, 14–19, 23–25, 38–42).

Maqtovga sazovor ayollar

19, 20. Qanday ayollar maqtovga sazovor?

19 Muqaddas Kitobda Yahovaning irodasini bajarayotgan ayollar haqda maqtab yozilgan. Hikmatlar kitobida «farosatli xotin» to‘g‘risida shunday deyilgan: «Uning bahosi gavhardan ham baland. Eri unga yurakdan ishonadi, hech narsaga muhtoj bo‘lmaydi. U eriga yomonlik emas, bir umr yaxshilik qiladi. Donolik bilan so‘zlaydi, mehr bilan nasihat qiladi. Uy ahliga yaxshi qaraydi, dangasalik qilmaydi. Bolalari turib duo qiladi, eri ham maqtaydi» (Hik. 31:10–12, 26–28).

20 Yana qanday ayollarni maqtasa arziydi? Hikmatlar 31:30 da bu haqda mana nima deyilgan: «Joziba aldamchi, chiroy esa o‘tkinchidir, ammo Xudodan qo‘rqadigan ayol ko‘kka ko‘tariladi». Bunday xudotars ayollar Xudo o‘rnatgan boshchilikka tayyorlik ila bo‘ysunishadi. Chunonchi, «har bir erkakning boshlig‘i Masih, xotinning boshlig‘i erkak, Masihning boshlig‘i esa Xudodir» (1 Kor. 11:3).

Xudoning hadyasi uchun minnatdor bo‘ling

21, 22. a) Turmush o‘rtoqlar Xudoning hadyasiga minnatdor bo‘lishlariga qanaqa sabablar bor? b) Nega Yahova tashkil etgan boshchilikka bo‘ysunishimiz kerak? (17- sahifadagi ramkaga q.)

21 Turmush qurgan Xudoning xizmatchilarida Yahovaga minnatdor bo‘lishning ko‘pgina sabablari bor. Ular birga bo‘lib, nikohda baxtli hayot kechirishlari mumkin. Darhaqiqat, nikoh er-xotinning hayotini yanada mazmunli qilib, Yahovaga yaqinlashishga imkon beradi. Albatta ular bu uchun Allohdan minnatdor bo‘lishadi (Rut 1:9; Mixo 6:8). Xudovand Yahova oila Asoschisi ekan, mustahkam va baxtli nikoh uchun nima kerakligini yaxshiroq biladi. Garchi bugun og‘ir vaqtlarda yashasak-da, Allohning irodasini bajarib cheksiz quvonch topmoqdamiz (Naxim. 8:10).

22 Oila boshi o‘zini o‘zi sevganday xotinini yaxshi ko‘rsa, xushmuomala va yumshoq bo‘lishga tirishadi. O‘z navbatida rafiqasi ham xushfe’l hamda doim yordam berishga tayyor bo‘lib, erini chuqur hurmat qiladi. Eng asosiysi bunday nikoh, saxiy Otamiz Yahovaga shon-sharaflar keltiradi.

Iltimos javob bering

• Yahova o‘rnatgan tartibda boshchilik qanday o‘ringa ega?

• Nima uchun er-xotinlar bir-birini hurmat qilishlari kerak?

• Er xotinining e’tiqodiga sherik bo‘lmasa, ayol qanday yo‘l tutadi?

• Nimaga er xotini bilan maslahatlashishi darkor?

[Tadqiq uchun savollar]

[17- sahifadagi ramka]

Nima uchun Xudo o‘rnatgan boshchilikka bo‘ysunish muhim?

Yahova Taolo barcha ongli mavjudotlar orasida tartib-intizom bo‘lishi uchun boshchilikni o‘rnatgan edi. Shubhasizki, farishtalar va insonlarga bu katta foyda keltiradi. Xudo o‘rnatgan boshchilik, shuningdek, hamjihatlikda Tangri Taologa xizmat qilib, iroda erkinligi uchun minnatdorchilik bildirishga imkon yaratadi (Zab. 133:1).

Moylangan masihchilar ham, Iso Masihning boshchiligini tan olishadi (Efes. 1:22, 23). Chunki Yahovaning O‘zi Isoga boshchilik qilish huquqini bergan edi. Injilda bu haqda shunday yozilgan: «Hamma narsa Unga tobe bo‘lgandan keyingina O‘g‘il ham O‘ziga hamma narsani tobe qildirgan Otaga tobe bo‘ladi, toki Xudo hammaning hammasi bo‘lsin» (1 Kor. 15:27, 28). Shunday ekan, barchamiz jamoatda va oilada Xudo o‘rnatgan boshchilikka bo‘ysunishimiz undan ham muhimroq emasmi?! (1 Kor. 11:3; Ibron. 13:17). Shu tariqa, biz Yahovaning ko‘nglini mamnun qilib, mo‘l-ko‘l qut-barakalarga ega bo‘lamiz (Ishayo 48:17).

[13- sahifadagi rasm]

Ibodatlar orqali ayol yaxshi xislatlarni rivoflantirishi mumkin

[15- sahifadagi rasmlar]

Yahova, Uning irodasini bajarayotgan ayollarni o‘ta qadrlaydi