Asosiy materiallarga o‘tish

TARJIMAI HOL

Ilk muhabbatimni yodda saqlash, chidamli bo‘lishimga ko‘maklashdi

Ilk muhabbatimni yodda saqlash, chidamli bo‘lishimga ko‘maklashdi

BU, 1970-yili yozning ilk kunlari edi. Men, Foniksvill shahridagi Valli-Forj harbiylar kasalxonasida (Pensilvaniya, Qo‘shma Shtatlar) karavotimda yotgan edim. Shifokor yordamchisi har yarim soatda qon bosimimni o‘lchayotgandi. O‘shanda men 20 yoshli askar bo‘lib, jiddiy yuqumli kasallikka chalingan edim. Mendan bir necha yosh katta bo‘lgan bu kishi bezovta ko‘rinayotgandi. Qon bosimim borgan sari tushayotgandi, men undan: «O‘layotgan odamni ilgari ko‘rmagan bo‘lsangiz kerak-a?» — deb so‘radim. Uning rangi o‘chib, javoban: «Yo‘q, ko‘rmaganman»,— dedi.

O‘sha paytda kelajagim zim-ziyo bo‘lib ko‘rinardi. Biroq qanday qilib men kasalxonaga tushib qolganim haqida qiziqayotgandirsiz? Keling, hayotimdagi ba’zi voqealarni aytib beray.

URUSH HAQIDAGI XOTIRALARIM

Gap shundaki, 1969-yili iyulda meni Vetnamga yuborishgandi. O‘sha yerda, jarrohlik xonasida yordamchi xodim sifatida ishlab, afsuski kasal bo‘lib qoldim. O‘zi maqsadim jarroh bo‘lish edi va kasal hamda yaralanganlarga yordam berishdan mamnun edim. Hamma yangi kelganlarga o‘xshab, menga ham jaziramaga va soatga ko‘nikishim uchun bir hafta ajratilgandi.

Bu muhlat tugagach, Mekong deltasidagi (Dong-Tan) uchinchi jarrohlik kasalxonasida ishlashimdan xabar topdim. U yerga, jarohatlanganlarga to‘la son-sanoqsiz vertolyotlar uchib kelardi. Men juda vatanparvar bo‘lib, ishimni yaxshi ko‘rardim. Shuning uchun o‘sha zahotiyoq ishga kirishib ketmoqchi edim. O‘shanda, havo almashib turadigan metall konteynerlar jarrohlik xonalari sifatida xizmat qilardi. Yaradorlarni tayyorlab, u yerga tezda olib kirishardi. O‘sha kichik va tiqilinch xonada jarroh, anesteziolog va ikkita yordamchi xodim bemorlarning hayotini saqlab qolish uchun kurashishardi. Vertolyotlardagi katta qora qoplarning ba’zilari tushirilmayotganini ko‘rardim. Keyinroq bilishimcha, bu qoplarga jangda parchalanib ketgan askarlarning tana qismlari solingan ekan. Shu yo‘sin, urush nimaligini tushunganman.

XUDONI IZLAGANIM

Yoshligimda, haqiqatni oz-moz bilardim

Yoshligimda, Yahova Shohidlarining ta’limotlari bilan oz-moz tanish edim. Aziz onajonim Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq o‘tardi, ammo suvga cho‘mish uchun qadamlar qo‘ymadi. Tadqiqlar paytida onamning yonida o‘tirish menga rosa yoqardi. Bir kuni o‘gay otam bilan Yig‘ilish Zali yonidan o‘tayotib: «Bu qanday joy?» — deb so‘raganman. U shunday javob bergan: «Bu odamlarning yaqiniga ham yo‘lama!» O‘gay otamni yaxshi ko‘rganim va unga ishonganim bois gapiga quloq soldim. Shunday qilib, Yahovaning Shohidlari bilan aloqam uzilib qoldi.

Vetnamdan qaytganimdan so‘ng, Xudo haqida ko‘proq bilish istagi paydo bo‘ldi. Azobli xotiralar dilimni vayron qilardi. Nazarimda, Vetnamda nimalar yuz berayotganini hech kim oxirigacha tushunmayotgandek edi. Urushda aybsiz bolalar o‘ldirilayotganidan xabar topgan odamlar, norozilik namoyishlari bilan chiqib, Qo‘shma Shtatlar harbiylarini bolalar qotillari, deb atashgani esimda.

Ma’naviy chanqog‘imni bosish niyatida turli cherkovlardagi uchrashuvlarga qatnay boshladim. Tangri Taoloni doim sevganman, ammo cherkovda ko‘rganlarim menda uncha taassurot qoldirmagan. Oxir-oqibat, 1971-yilning fevral oyida yakshanba kuni, Yahova Shohidlarining Delrey-Bichdagi (Florida) Yig‘ilish Zaliga bordim.

U yerga kirganimda ommaviy nutq tugayotgandi, shu bois undan keyin bo‘ladigan «Qo‘riqchi minorasi» muhokamasida qoldim. O‘shanda qanday mavzu muhokama qilinganini eslay olmayman, ammo bolalar kerakli oyatlarni topish uchun Muqaddas Kitobni varaqlashgani yodimda. Bu menga qattiq ta’sir qildi! Men jimgina tinglab, bo‘layotganlarni kuzatdim. Yig‘ilish Zalidan ketayotganimda esa, Jeyms Gardner ismli 80 yoshlardagi mehribon akamiz yonimga keldi. U, «Abadiy hayotga yetaklaydigan haqiqat» nomli kitobni uzatib: «Mana buni sizga bermoqchi edim»,— dedi. Biz, payshanba kuni ertalab ilk bor Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishga kelishib oldik.

O‘sha yakshanba kuni kechasi ishlashim kerak edi. Men, Boka-Ratondagi (Florida) xususiy kasalxonaning tez tibbiy yordam bo‘limida ishlardim. Navbatchiligim kechqurun soat 11 dan ertalab 7 gacha davom etardi. Tun tinch o‘tgani uchun menga berilgan «Haqiqat» kitobini o‘qish imkoni paydo bo‘ldi. Bosh hamshira yonimga kelib, kitobni tortib oldi-da, muqovasiga qarab, kinoya bilan: «Har holda, ulardan biri bo‘lmoqchi emasdirsiz?» — deb so‘radi. Kitobimni qaytib olgach, shunday javob berdim: «Uning faqatgina yarmini o‘qidim, ammo bu ketishda Yahovaning Shohidi bo‘lishim tayin!» U ketdi va men o‘sha tunning o‘zida kitobni oxirigacha o‘qib chiqdim.

Rassellni shaxsan bilgan, Jeyms Gardner ismli moylangan akamiz men bilan tadqiq o‘tgan

Gardner birodarimiz bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshlaganimizda, men: «Endi, nimani o‘rganamiz?» — deganimda, u: «Sizga bergan kitobni-da»,— deya aytdi. «Axir, uni allaqachon o‘qib chiqdim-ku»,— desam, Gardner akamiz muloyimlik ila shunday javob berdi: «Juda soz, keling, birgalikda birinchi bobini muhokama qilaylik». Qanchalik ko‘p narsalarni nazardan chetda qoldirganimni ko‘rib, hayron bo‘ldim. U o‘zimdagi Muqaddas Kitobdan ko‘p oyatlarni ko‘rsatdi. Nihoyat, Haq Tangri Yahova haqida bilim ola boshladim. Men u birodarni Jeyms emas, balki mehr ila Jim deb atardim. O‘sha kunning o‘zida biz «Haqiqat» kitobidan uchta bobni muhokama qilgandik. Shundan keyin har payshanba ertalab, uchta bobni tadqiq qiladigan bo‘ldik. Tadqiqlar juda huzurbaxsh edi. Charlz Teyz Rassellni shaxsan biladigan, moylangan birodardan ta’lim olish men uchun katta sharaf bo‘lgan!

Bir necha haftadan so‘ng, men va’zgo‘y bo‘ldim. Jim anchagina muammolarimni, jumladan uyma-uy xizmatimga oid qiyinchilikni yengishimga yordam berdi (Havor. 20:20). U bilan hamkorlik qilganimda, voizlik ishidan quvonchga to‘lardim. Hozir ham xizmatni katta sharaf deb bilaman. Tangrining xizmatdoshi bo‘lish naqadar ajoyib! (1 Kor. 3:9).

YAHOVAGA ILK MUHABBATIM

Endi, menga juda aziz bo‘lgan masala, Yahovaga ilk muhabbatim haqida aytib bermoqchiman (Vah. 2:4). Ushbu muhabbat, urushdan qolgan azobli xotiralar hamda boshqa ko‘p qiyinchiliklarni bartaraf etishimga yordam berdi (Ishayo 65:17).

Yahovaga bo‘lgan sevgim, urushdan qolgan azobli xotiralar va boshqa ko‘p qiyinchiliklarni bartaraf etishimga yordam berdi

1971-yili iyulda, Yanki o‘yingohida o‘tkazilgan «Ilohiy ism» nomli viloyat anjumanida suvga cho‘mganman

1971-yil bahor kunlarining biri hali-hanuz yodimda. Shunda meni ota-onamga tegishli bo‘lgan uydan ko‘chaga chiqazib yuborishgandi. Sababi, o‘gay otam Yahovaning Shohidi uning uyida yashashini istamas edi. O‘sha paytda pulim ko‘p emasdi. Kasalxonada ikki haftada bir maosh to‘lansa-da, xizmatda Yahovaga munosib tarzda ishtirok etish uchun pulimni asosan kiyim-kechakka sarflardim. Biroz pul to‘plagandim, biroq ular men katta bo‘lgan Michigan shtatidagi bankda edi. Shu bois, bir necha kun mashinamda yashab turishimga to‘g‘ri keldi. Zapravkaning hojatxonasida esa, soqolimni olib, yuvinardim.

Mashinada yashab yurganimda, bir safar Yig‘ilish Zaliga va’zgo‘ylik xizmati uchrashuvi boshlanishidan ikki soat oldin keldim. Kasalxonadagi navbatchiligim endigina tugagandi. Yig‘ilish Zalining orqasida meni hech kim ko‘rmaydigan joyda o‘tirganimda, Vetnamdagi xotiralar, jumladan inson tanasining kuygan hidi va ivigan qon haqidagi xayollar meni qamrab oldi. Go‘yoki, yosh yigitlar menga: «Men o‘lmayman-a? Men yashayman-a?» — deya yolvorayotganini eshitib, ko‘rib turganday edim. Ular o‘lishini bilardim, ammo buni chehram bilan bildirmasdan imkon qadar ularni yupatishga harakat qilardim. Bunday tasavvurlardan etlarim jimirlab ketgandi.

Ayniqsa sinovlar va qiyin damlarda Yahovaga bo‘lgan ilk muhabbatimni yo‘qotmaslik uchun jon kuydiraman

Men ibodat qildim va ko‘zimdan duv-duv yoshlar oqdi (Zab. 56:9). Tirilishga bo‘lgan umid to‘g‘risida chuqur o‘ylay boshladim. Quyidagilar menga behad ta’sir qildi: Xudovand Yahova tirilish orqali, men va boshqalar ko‘rgan dahshatli urush-u iztiroblarni yo‘qqa chiqaradi. Tangri Taolo o‘sha yigitlarni hayotga qaytaradi va ularda U to‘g‘risida haqiqatni bilish imkoni bo‘ladi (Havor. 24:15). Bular tufayli Yahovaga bo‘lgan sevgim yanada oshib, qalbimda o‘chmas iz qoldirdi. Bu kun men uchun o‘zgacha bo‘lib qolmoqda. Shundan beri, ayniqsa sinovlar va qiyin damlarda Yahovaga bo‘lgan ilk muhabbatimni yo‘qotmaslik uchun jon kuydiraman.

YAHOVANING YAXSHILIKLARI

Urushda odamlar mudhish ishlar qilishgan, men ham ulardan mustasno emasman. Lekin menga yoqadigan ikkita oyat ustida mulohaza yuritish yordam beradi. Birinchisi, Vahiy 12:10, 11. U yerda, Iblis nafaqat biz e’lon qilayotgan xabar yordamida, balki Qo‘zining qoni bilan ham yengiladi deyilgan. Ikkinchisi, Galatiyaliklarga 2:20 bo‘lib, ushbu oyatdan Iso Masih «men uchun» o‘lganini bilaman. Yahova menga Isoning qoni asosida qarab, qilmishlarimni kechiradi. Buni bilish, menga pok vijdon ato etdi va qo‘limdan kelgancha, boshqalarga rahmdil Xudovand Yahova haqidagi bilimni yetkazishga undaydi (Ibron. 9:14).

Ortga qarab, Yahova menga doimo g‘amxo‘rlik qilganidan minnatdorman. Masalan, mashinada yashayotganimni bilib qolgan Jim birodarimiz, xonalarni ijaraga beradigan opamiz bilan meni9 tanishtirdi. Shunday qilib, boshpanali bo‘ldim. Yahova Jim akamizdan va qadrli opamizdan foydalangani turgan gap. Ha, Yahova judayam mehribondir! U sodiq xizmatchilarining g‘amini yeydi.

G‘AYRATLI, AMMO MULOYIM BO‘LISHNI O‘RGANISHIM

1971-yili may oyida, ba’zi ishlarni yo‘lga qo‘yish uchun Michiganga borishim kerak bo‘lib qoldi. Floridadagi Delrey-Bich jamoatidan ketishdan avval, mashinamning bagajnigini adabiyotlar bilan to‘ldirib, asosiy yo‘ldan shimolga otlandim. 1 500 kilometrdan oshiq yo‘lning deyarli 400 kilometrini bosib o‘tganimdayoq, bagajnigim bo‘m-bo‘sh edi. Yo‘l-yo‘lakay, turli joylarda Shohlik haqidagi xushxabarni g‘ayrat ila va’z qilgandim. Qamoqxonalar yonida to‘xtab, shohidlik bergandim va dam olish maskanlarining hatto hojatxonalarida ham odamlarga buklamalar tarqatgandim. O‘shanda, ekilgan urug‘larning birontasi o‘sib chiqarmikin deya tashvishlangandim (1 Kor. 3:6, 7).

Shuni tan olishim kerakki, haqiqatni endi bilganimda, ayniqsa oila a’zolarim bilan suhbatlashganda unchalik muloyim emas edim. Yahovaga bo‘lgan sevgim ichimda jo‘sh urgani bois, men dadil va dangal va’z qilardim. Jon hamda Ron akalarimni juda yaxshi ko‘raman. Ularga ham bosim o‘tkazib, haqiqat bilan bo‘lishganman. Keyinchalik, o‘zimni bunday tutganim uchun kechirim so‘raganman. Ular haqiqatni qabul qilishi uchun tinmay ibodat qilaman. Darhaqiqat, Yahovaning tarbiyasi tufayli men va’z qilib, ta’lim berayotganimda muloyimlikni ko‘proq namoyon etyapman (Kolos. 4:6).

SEVGAN INSONLARIM

Albatta, Yahovaga bo‘lgan muhabbatim bilan birga, hayotimdagi boshqa rishtalarni ham unutmaganman. Masalan, jonajon rafiqam Syuzenga tuyg‘ularim qanday uyg‘onganini aytib beray. Shohlik ishini bajarishda, menga yordam beradigan hamkor kerakligini bilardim. Syuzen chidamli va xudotars ayol. Uchrashib yurgan paytimizda, bir kuni uni ko‘rishga borganimni eslayman. U ota-onasi uyining eshigi oldida «Qo‘riqchi minorasi»ni o‘qib o‘tirganida, yonida Muqaddas Kitob ham bor edi. Menga yoqqani, u jurnaldagi qo‘shimcha maqolani o‘qiyotib, oyatlarni ham ochayotgandi. Men buni ko‘rib: «U ma’nan yetuk ekan!» — deb o‘yladim. Biz 1971-yili dekabrda turmush qurdik. O‘sha kundan beri xotinim yonimda turib, qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorman. Meni yaxshi ko‘rsa-da, Yahovani yanada ko‘proq sevishini o‘ta qadrlayman.

Rafiqam Syuzen, o‘g‘illarim Jessi va Pol bilan birga

Yahova bizga ikki o‘g‘il Jessi va Polni ato etib, barakasini yog‘dirdi. O‘g‘illarim ulg‘aygani sayin Yahova ular bilan birga bo‘ldi (1 Shoh. 3:19). Jessi va Pol haqiqatni o‘zlashtirgani tufayli Syuzen ikkimizning yuzimiz yorug‘ bo‘ldi. Ular Yahovaga bo‘lgan ilk muhabbatini doimo yodda tutishgani bois, Unga hozir ham xizmat qilishyapti. Ularning har biri 20-yildan oshiq to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etyapti. Shuningdek, go‘zal kelinlarim Stefani bilan Rakelni o‘z qizlarimday ko‘raman va ulardan faxrlanaman. Ikkita o‘g‘lim ham, Yahovani jon-u dili bilan sevadigan ma’nan yetuk ayollarga uylangan (Efes. 6:6).

Kamdan-kam va’z qilinadigan hududda xizmat qilishdan quvonch topardik

Suvga cho‘mgach, 16-yil davomida Rod-Aylendda xizmat qilib, yaqin do‘stlar orttirdim. Jonkuyar oqsoqollar bilan hamkorlik qilib, mo‘l-ko‘l ajoyib xotiralarga ega bo‘ldim. Qolaversa, menga yaxshi ta’sir qilgan ko‘plab ko‘chma nozirlardan minnatdorman. Yahovaga bo‘lgan ilk muhabbatini saqlab qolgan kishilar bilan yelkama-yelka mehnat qilish ulkan sharaf! 1987-yili, ehtiyoj katta bo‘lgan Shimoliy Karolinaga xizmat qilish maqsadida ko‘chdik, u yerda ham qadrdon do‘stlarimiz paydo bo‘ldi a.

Ko‘chma nozir bo‘lgan paytimda, voizlik xizmat uchrashuvini o‘tkazyapman

2002-yili avgustda, Syuzen va men Pattersondagi (Qo‘shma Shtatlar) Baytilda xizmat qilish taklifiga rozi bo‘ldik. Men Xizmat bo‘limida, rafiqam esa kirxonada ishlardik. Syuzen, u yerda ishlashni yaxshi ko‘rardi. Keyinchalik, 2005-yili avgustda Yetakchi kengash a’zosi sifatida xizmat qilish sharafiga muyassar bo‘ldim. Bu tufayli nihoyatda hayajonga to‘ldim. Azizam Syuzen ham zimmamizga yuklangan mas’uliyat, ish va sayohatlar haqida o‘ylab hayratlangandi. Xotinim uchishni sira ham yoqtirmasa-da, ko‘p marotaba parvoz qilishimizga to‘g‘ri keladi. Syuzenning aytishicha, Yetakchi kengash a’zolarining xotinlari unga mehr ila bergan maslahatlari, meni iloji boricha qo‘llab-quvvatlashiga yordam beryapti. Albatta, Syuzen buni uddalayapti va men uni bu uchun sevaman.

Ofisimda, qalbimga yaqin bo‘lgan ko‘plab rasmlar meni qurshab turadi. Ular menga hayotim qanchalik quvonchli ekanini eslatib turadi. Yahovaga bo‘lgan ilk muhabbatimni yodda tutishga intilganim bois, juda ko‘p ajoyib mukofotlarga ega bo‘ldim!

Oilam bilan vaqt o‘tkazishdan juda baxtiyorman

a Morris birodarimizning to‘la vaqtli xizmati haqidagi tafsilotlarni «Qo‘riqchi minorasi»ning (rus) 2006-yil 15-mart sonidagi 26- sahifadan topishingiz mumkin.