6 Yordam beradimi?
«IBODAT qilsak bundan foyda ko‘ramizmi?» — degan savolga Muqaddas Kitobdan ijobiy javob topamiz. Chunki unda keltirilgan Xudoga sadoqatli odamlarning misollari buni tasdiqlamoqda (Luqo 22:40; Yoqub 5:13). Ha, ibodat qilinganidan juda ko‘p barakalar, jumladan ma’naviy, hissiy va hatto jismoniy foyda bor. Qanday qilib deysizmi?
Bunga bir misol keltirish mumkin. Aytaylik farzandingizga biron-bir sovg‘a berildi. U sovg‘a uchun shunchaki minnatdorlik his qilishini istarmidingiz yoki uni izhor etishinimi? Axir hissiyotlar so‘zlar bilan ifoda etilsa, ular yanada qadrliroq bo‘ladi. Shunday ekan, nahotki biz ham Allohga hissiyotlarimizni ochib, bundan o‘zimiz ham xursand bo‘lmasak?! Albatta. Keling, buning tasdig‘ini bilaylik.
Minnatdorchilik. Yaxshi hadyalar uchun samoviy Otamizga minnatdorchilik bildirsak, o‘zimiz ko‘pdan-ko‘p barakalarga ega bo‘lamiz. Sababi, o‘zimizni yanada baxtliroq his etib, ijobiy nuqtai nazarni saqlaymiz (Filippiliklarga 4:6).
Misol. Ibodatini eshitgani va javob qaytargani uchun Hazrati Iso samoviy Otasiga minnatdorchilik izhor etgan (Yuhanno 11:41).
Tavba. Gunohlarimiz uchun Xudodan kechirim so‘rasak, qilmishimizdan qanchalik pushaymon ekanimizni ko‘rsatib, vijdonimizni toza saqlaymiz. Bu esa o‘zimizni ancha yengil his qilishimizga hissa qo‘shadi.
Misol. Hazrati Dovud gunohlaridan tavba qilib, kechirim so‘ragan (Zabur 51- sano).
Yo‘l-yo‘riq va donolik. Allohimiz Yahovadan yo‘l-yo‘riq va donolik so‘raganimizda, o‘zimizni past tutib, naqadar yordamga muhtoj ekanimizni ko‘rsatamiz. Shunda qobiliyatlarimiz cheklanganini yodda tutib, samoviy Otamizga tayanamiz (Hikmatlar 3:5, 6).
Misol. Hazrati Sulaymon Xudoning xalqini boshqarish uchun, kamtarlik ila yo‘l-yo‘riq va aql-idrok so‘ragandi (3 Shohlar 3:5–12).
Qiyin vaziyatlarda. Tushkunlikka tushgan paytda yuragimizni Xudoga ochsak, o‘zimizni xotirjam his qilib, Yahovaga tayanganimizni ko‘rsatgan bo‘lamiz (Zabur 62:8).
Misol. Shoh Oso, dushman hujum qilganida Xudovandga ibodat qilgan (2 Solnomalar 14:11).
Boshqalarning g‘amini yeyish. Bunday ibodat, o‘zimizdagi xudbinlikni yengishga va hamdardlik fazilatini rivojlantirishimizga ko‘maklashadi.
Misol. Iso alayhissalom shogirdlari uchun ibodat qilgandi (Yuhanno 17:9–17).
Madhlar aytish. Agar, Tangri Yahovaning ajoyib ishlari-yu fazilatlari uchun madhlar aytsak, Unga nisbatan hurmat va mehrimiz ortib boradi. Shu tariqa, samoviy Otamiz bo‘lmish Allohga yanada yaqinlashamiz.
Misol. Parvardigorning yaratgan ijodlari uchun, shoh Dovud Xudovandga madhlar aytgan (Zabur 8- sano).
Ibodatlar orqali keladigan barakalardan yana biri — «Xudo bergan tinchlik»dir (Filippiliklarga 4:7). Ha, bugungi notinch dunyoda ham xotirjamlikka ega bo‘lib, hatto jismonan foyda ko‘rish mumkin (Hikmatlar 14:30). Biroq bunday barakalarga shunchaki o‘zimizning harakatlarimiz bilan erisha olamizmi? Bu savolga javob olish uchun, ushbu turkumdagi oxirgi maqolaga nazar tashlaylik.
Ibodatning juda ko‘p barakalari, jumladan hissiy, jismoniy va eng asosiysi ma’naviy foydasi bor