Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Adan bog‘i chindan ham mavjud bo‘lganmi?

Adan bog‘i chindan ham mavjud bo‘lganmi?

Adan bog‘i chindan ham mavjud bo‘lganmi?

ADAN BOG‘I va Odamato bilan Momohavo haqidagi voqea sizga tanishmi? Bu hikoya ommabop bo‘lib ketgan. Ehtimol, uni o‘zingiz bir o‘qib chiqarsiz? Mazkur voqea Tavrotning Ibtido kitobi 1- bob, 26- oyatdan, to 3- bob, 24- oyatiga qadar yozilgan. Hozir esa uning qisqacha mazmunini ko‘rib chiqaylik:

Yahova Taolo a tuproqdan odamni yaratib, unga Odamato deb ism beradi va uni Adan bog‘iga joylashtiradi. Xudoning O‘zi ushbu bog‘ni barpo qilgan. Bog‘da suv serob bo‘lib, chiroyli va mevali daraxtlar juda ko‘p edi. Bog‘ning o‘rtasida esa «yaxshilik bilan yomonlikni bilish daraxti» bo‘lgan. Xudovand Odamatoga bu daraxtning mevasidan yeyishni man qiladi. Mabodo mevadan yegudek bo‘lsa, uni o‘lim kutardi. O‘sha vaqtda Tangri Yahova Odamatoga yordamchini, ya’ni uning qovurg‘asidan Momohavoni ham yaratgan edi. Xudovand ularga bog‘ni parvarish qilish hamda ko‘payib, yer yuzini to‘lg‘azish vazifasini beradi.

Momohavo yolg‘iz qolganida, ilon unga gapirib, taqiqlangan mevadan yeyishga undaydi. Ilon, bu mevadan yeganlar Xudo kabi yaxshi va yomonni biladigan bo‘ladi, deb yolg‘on gapirdi. Shunda Momohavo taqiqlangan mevani o‘zi yedi. Keyinchalik esa Odamato ham bu mevadan yeb, Xudoga qarshi chiqdi. Bunga javoban, Yahova Taolo O‘z hukmlarini Odamato, Momohavo va ilonga e’lon qildi. So‘ng, Xudo birinchi odamlarni, Adan bog‘idan haydab chiqardi va unga kirish yo‘lini farishtalarga qo‘riqlashni buyurdi.

Muqaddas Kitobning Adan bog‘i haqidagi hikoya haqiqat hamda tarixiy voqea ekanini olimlar, ziyoli odamlar hamda tarixchilar qachonlardir tan olishgan. Bugunga kelib esa, tanqidchilar bu mavzuga shubha bilan qarashga odatlanib qolishgan. Biroq, Odamato bilan Momohavo va Adan bog‘i borasida shubhalanishga asos bormi? Keling, bunga tegishli to‘rtta fikrni ko‘rib chiqaylik.

1. Adan bog‘i chindan ham bo‘lganmi?

O‘zi nima uchun bu mavzuga shubha bilan qarashadi? Bunda, faylasuflarning ham ahamiyati katta. Asrlar mobaynida, ilohiyotshunoslar Adan bog‘i qayerdadir bo‘lgan, degan fikrni bildirishgan. Lekin yunon faylasuflari Platon va Aristotelning fikricha, yer yuzidagi hech bir narsa mukammal bo‘lishi mumkin emas. Faqatgina osmon mukammal bo‘lishi mumkin ekan. Shuning uchun ham ilohiyotshunoslar jannatni samoga yaqin bir joyda bo‘lishi kerak, deb bilishni boshladilar b. Ba’zilar, bu bog‘ odam oyoq bosmagan baland bir tog‘ cho‘qqisida, ayrimlari Shimoliy yoki Janubiy qutbda; yana boshqalari esa oyda yoki unga yaqin joylarda deb ta’kidlashardi. Shunday ekan, Adan bog‘i haqidagi hikoya sirli bo‘lib ko‘rinishi ajablanarli emas. Hozirgi kunga kelsak, olimlar Adan bog‘i jug‘rofiy hududga ega emas va shu sababli, u hech qachon mavjud bo‘lmagan, deb aytishmoqda.

Lekin Muqaddas Kitobda Adan bog‘i umuman boshqacha tasvirlangan. Ibtido kitobining 2- bob, 8–14- oyatlarida bu bog‘ning tafsilotlari haqida o‘qishimiz mumkin. Bog‘ sharqiy hududda joylashgan bo‘lib, Adan deb nomlangan edi. Bu yerlarda, keyinchalik to‘rtta irmoqqa bo‘lingan daryo suvlari oqardi. Har bir irmoqning nomi va qaysi yerlardan oqib o‘tishi haqida qisqacha aytib o‘tilgan. Bunday tafsilotlar olimlarga bosh og‘riq keltirardi. Sababi bu oyatlar Adan bog‘i chindan ham mavjud bo‘lgan joy ekanini isbotlab turibdi-yu, ammo olimlar bu hudud qayerda joylashganini aniqlay olishmayapti. Xo‘sh, ushbu so‘zlardan, Adan bog‘i va uning daryolari shunchaki afsona yoki uydirma degan xulosaga kelish to‘g‘ri bo‘larmidi?

Adan bog‘i haqidagi voqea taxminan 6 000-yil muqaddam yuz bergan edi. Muso payg‘ambar esa bu voqea haqida Tavrotda yozib qoldirgan. Bu hikoya ungacha og‘zaki yoki hatto yozma ravishda yetib borishi, ehtimoldan yiroq emas. Demak, bu voqea sodir bo‘lganidan taxminan 2 500-yil o‘tgach, Muso uni qalamga olgan. Chindan ham Adan bog‘i — uzoq o‘tmish tarixidir. Shuncha asrlar o‘tgach, daryolari mavjud bu hudud o‘zgarib ketishi nahotki mumkin emas? Axir, yer qatlamining harakatlanishi dastidan yer sathida ham doim ko‘chishlar sodir bo‘ladi-ku! Adan bog‘ining hududi, shu jumladan yer yuzining taxminan 17 foizi ham shunday siljishlar natijasida o‘z ko‘rinishini o‘zgartirgan. Bunday jarayonlar sodir bo‘lishi tabiatda oddiy holdir. Boz ustiga, Nuh payg‘ambar davridagi To‘fondan keyin, o‘sha hududlarning jug‘rofiy o‘zgarishi tufayli, bugungi kunda bu yerlar qayerda joylashganini bilmaymiz c.

Lekin Ibtido kitobida aniq hududga ega bo‘lgan Adan bog‘i haqida yozilganiga aminmiz. Ushbu hikoyadagi to‘rtta daryolardan ikkitasi, ya’ni Furot va Dajla bugungi kunda ham mavjud bo‘lib, hatto ularning ba’zi irmoqlari bir-biriga tutashib ketadi. Bu hikoyada daryolar qaysi yerlardan oqib o‘tishi va o‘sha joylarning nomi aytib o‘tilgan. Demak bu hududlar o‘zining tabiiy resurslariga ega ekanini aniq ko‘rsatyapti. Qadimgi Isroil xalqi uchun bunday tafsilot foydali ma’lumot bergan.

Axir afsona va ertaklar bunday tarzda hikoya qilinishini hech eshitganmisiz? Afsona va ertaklarda tafsilotlarni atayin tushirib qoldirishmaydimi? Masalan ertaklarni: «Bor ekan-u yo‘q ekan. Uzoq-uzoq yerlarda...»,— deb boshlashadi. Faqat tarixiy voqealarda tafsilotlarning muhim o‘rni bor. Demak, Adan bog‘i tarixiy ahamiyatga ega.

2. Parvardigori Olam, Momohavoni Odamatoning qovurg‘asidan barpo qilganiga ishonish mumkinmi?

Zamonaviy ilm-fan tomonidan tasdiqlanishicha, inson tanasining tarkibida yerdagi elementlar, ya’ni vodorod, kislorod va uglerod bor ekan. Biroq qanday qilib bu elementlar tirik jonda birlashishi mumkin?

Ko‘p olimlar, hayot o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, ya’ni oddiy zarra million yillar o‘tgach murakkablashib boravergan. Lekin «oddiy» iborasi, barcha tirik organizmlar paydo bo‘lishining sababini tushuntirib berishning o‘rniga adashtiradi xolos. Hatto mikroskopik bir hujayrali organizmlar juda murakkab tuzilgan. Shu bois, har qanday hayot shakllari o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yoki paydo bo‘lishi mumkin degan nazariyaning hech qanday asosi yo‘q. Aksincha barcha tirik mavjudotlar, yuqori donolik manbai tomonidan yaratilganini yaqqol ko‘rsatmoqda (Rimliklarga 1:20).

Faraz qiling, siz mumtoz musiqani maroq bilan tinglayapsiz yoki benazir chizilgan rasmni tomosha qilyapsiz. Sizga bularning bari o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgan, deb aytishganida ishonarmidingiz? Yo‘q, albatta! Hatto bunday san’at asarlari murakkab, ajoyib hamda mahorat bilan yaratilgan inson tanasining tuzilishiga teng kela olmaydi! Unda odamning Yaratuvchisi borligini inkor etish oqilonami? Boz ustiga, Ibtido kitobida aytilganidek, yer yuzidagi barcha mavjudotlar orasidan faqatgina inson Xudoning suratiga ko‘ra yaratilgan (Ibtido 1:26). Shu sababli odamlarning go‘zal kuy bastalashi, rasm chizishi va hokazo narsalarni yaratishi, Xudoning yaratish qobiliyatiga taqlid qilayotganidan dalolatdir. Parvardigori Olam yaratishda insonlardan ancha ustun turishi hech ajablanarli emas.

Birinchi ayol, erkak kishining qovurg‘asidan barpo qilinganini esa qanday tushunsa bo‘ladi d? Xudovand ayolni boshqacha tarzda ham yaratishi mumkin edi, lekin Uning bunday harakati juda chuqur ma’noga ega. U erkak va ayol «bir tan» bo‘lib, oila qurishlarini xohlagan (Ibtido 2:24). Axir, erkak va ayol bir-birini to‘ldirib, mustahkam sevgi rishtalari bilan bog‘langani mehribon va dono Yaratuvchi borligidan dalolat bermayaptimi?

Ustiga-ustak, zamonaviy genetika, barcha odamlar bitta erkak va ayoldan tarqalganini isbotladi. Xo‘sh, Ibtidodagi hikoyadan haliyam shubhalanyapsizmi?

3. Yaxshi va yomonni bilish hamda hayot ato etuvchi daraxtlar afsonami?

Adan bog‘ida chindan ham bu daraxtlar bo‘lgan, biroq ular qandaydir mo‘jizakor kuchga ega emasdi. Yahova bu daraxtlarga ishora qilib gapirganda, Uning so‘zlari ramziy ma’noga ega edi.

Bugungi kunda ham, odamlar majoziy tushunchalardan foydalanishadi. Masalan, sud zalida kimdir sudga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatadigan bo‘lsa, sudya ogohlantirishi mumkin. O‘shanda, sudya sud binosiga nisbatan emas, balki adolat tuzumiga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatilganini nazarda tutadi-ku! Qadimda shohlarning ham qo‘lida saltanat hassasi bo‘lar edi. O‘sha hassa ramziy ma’noga ega bo‘lib, shoh hokimiyatga ega ekanini anglatardi.

Xo‘sh, unda ushbu ikkita daraxt nimaning ramzi bo‘lgan? Ko‘pchilik o‘zining turli nuqtai nazarini bildirishga usta. Aslida esa, buning javobi sodda bo‘lgani bilan, o‘ziga yarasha chuqur ma’noga ega. Yaxshilik bilan yomonlikni bilish daraxti, Alloh Yahova mutlaq hokimlikka ega ekanining ramzi edi. Ya’ni, nima yaxshi va nima yomon ekanini faqatgina U belgilashga haqlidir (Yeremiyo 10:23). Shuning uchun ham, bu daraxtdan meva o‘g‘irlash jinoyat hisoblangan. Hayot daraxti haqida nima desa bo‘ladi? U, faqatgina Yahova Taolo abadiy hayot berishga qodir ekanining anglatar edi (Rimliklarga 6:23).

4. Ilon gapirishi mumkinmidi?

Ibtidodagi hikoyaning mana shu parchasini yaxshiroq tushunish uchun Muqaddas Kitobning boshqa qismlarini e’tiborga olishimiz kerak. Sababi, u yerda sirli voqealar asta-sekin oydinlashtirib beriladi.

Ilon orqali kim gapirgan? Qadimgi Isroil xalqi bu hikoyada ilon qanday ahamiyatga ega bo‘lganini yaxshi bilgan. Garchi hayvonlar gapirmasa-da, ruhiy shaxs jonivorlardan foydalanishi mumkinligi haqida ularning xabari bor edi. Masalan, Xudovand farishtasini yuborib, Balom payg‘ambarning eshagi orqali gapirgani haqida Muso payg‘ambar yozgan edi (Sahroda 22:26–31; 2 Butrus 2:15, 16).

Boshqa ruhiy mavjudotlar, masalan Xudoning dushmanlari bo‘lgan jinlar ham mo‘jizalar yaratishga qodirmi? Muso payg‘ambar fir’avn va uning sehrgarlari oldida, tayoqni ilonga aylantirib, Xudoning mo‘jizalarini ko‘rsatganda, ular ham xuddi shunday qila olishgan. Shubhasizki, ularning bunday mo‘jizalar yaratishida yovuz ruhlar yordam bergan (Chiqish 7:8–12).

Muso Ayub kitobini ham yozgan. Mazkur kitobdan Xudoning ashaddiy dushmani bo‘lmish Shayton, Yahova xizmatchilarining sadoqatini shubha ostiga qo‘ygani haqida bilib olsak bo‘ladi (Ayub 1:6–11; 2:4, 5). Demak, ilon orqali aynan Shayton gapirib, Momohavoni Xudodan yuz o‘girishga undaganini Isroil xalqi bilardi.

Ilon orqali yolg‘onni Shayton gapirganini Hazrati Iso ham tasdiqlagan. Chunki u, Shaytonni «yolg‘onchi va yolg‘onning otasi» deb atagan (Yuhanno 8:44). Shayton «yolg‘onning otasi» deb nomlangan ekan, birinchi yolg‘onning muallifi ham u emasmi? Ha, ilk yolg‘onni ilonning Momohavoga aytgan so‘zlaridan ko‘rish mumkin. Taqiqlangan daraxt mevasidan yeyish aniq o‘limga mahkum etilishini bila turib, ilon Xudoning ogohlantirishiga qarshi chiqib: «Yo‘q, o‘lmaysizlar»,— degan (Ibtido 3:4). Shubhasizki, Shayton ilonni xuddi qo‘g‘irchoqday boshqarganini Iso yaxshi bilgan. Shuning uchun u, pir Yuhannoga bergan vahiy orqali Shayton Iblisni «almisoq ilon» deb atagan (Vahiy 1:1; 12:9).

Axir qudratli ruhiy shaxs ilondan foydalanib gapirishi mumkinligi mantiqqa zid emas-ku! Hatto ruhiy shaxslardan kuchsizroq bo‘lgan odamlar ham televizor ekrani orqali aql bovar qilmaydigan turli sahnalarni yaratishmoqda.

Eng ishonchli dalil

Xo‘sh, tanqidchilarning mazkur hikoya borasidagi shubha va gumonlari qanchalik asosli? Boshqa tarafdan, bu hikoya chindan ham bo‘lganini tasdiqlovchi isbotlar bor.

Masalan, Iso Masih, «ishonchli va haqiqiy shohid» deb atalgan (Vahiy 3:14). U, mukammal inson bo‘lib, hech qachon yolg‘on gapirmas edi. Iso, yer yuziga kelishi u yoqda tursin, hatto «dunyo yaratilishidan avval» Alloh Yahovaning huzurida bosh farishta bo‘lgan (Yuhanno 17:5). Ha, yer yuzida hayot boshlanishidan oldin u mavjud bo‘lgan. Nahotki undan-da ishonchliroq shohid topilsa?

Odamato bilan Momohavo haqiqatan ham yashaganini Isoning o‘zi tasdiqlab bergan. U Yahovaning nikohga bo‘lgan nuqtai nazarini tushuntirib berayotganda, ilk juftlikka ishora qilgan (Matto 19:3–6). Agar ilk odamlar hamda Adan bog‘i hech qachon mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, demak Iso g‘irt yolg‘onchi ekan-da?! Axir bunday bo‘lishi mumkin emas-ku! Chunki Iso, Adan bog‘ida sodir bo‘lgan bu fojiani osmondan kuzatib turgan. Bundan ortiq yana qanday dalil kerak?

Ibtidodagi voqeani chindan ham bo‘lganini tan olmasak, Alloh tayin etgan «ishonchli va haqiqiy shohid» bo‘lgan Isoga ishonmaslik bilan barobar. Bunday shubhalar dastidan Muqaddas Kitobning asosiy mavzusi hamda undagi va’dalarni tushunmay qolishimiz mumkin. Qanday qilib deysizmi? Buni keyingi maqoladan bilib olamiz.

[Izohlar]

a Muqaddas Kitobning asl nusxasiga binoan, Xudoning shaxsiy ismi bor. Va o‘zbek tilida u — Yahova deb ishlatiladi.

b Ushbu fikr Muqaddas Kitobga zid. Zero Xudoning Kalomiga binoan, Tangri Taoloning barcha ishlari mukammaldir. Nuqson va kamchilik esa boshqa manbadan kelib chiqqan (Amrlar 32:4, 5). Xudovand Yahova, yer yuzini va undagi mavjudotlarni yaratib bo‘lgach, hamma ishlari «ajoyib» ekanini aytgan edi (Ibtido 1:31).

c Xudoning jazosi bo‘lmish To‘fon yuz bergandan so‘ng, Adan bog‘idan asar ham qolmadi. Masalan, Muqaddas Kitobning Hizqiyo qismi 31- bob, 18- oyatda Adan bog‘i yo‘q bo‘lib ketgani haqida o‘qishimiz mumkin. Bu kitob esa, mil. avv. 7- asrda yozilgan. Demak, insonlarning Adan bog‘ini topmoqchi bo‘lgan barcha urinishlari puchga chiqqan edi.

d Zamonaviy tibbiyotda aniqlanishicha, qovurg‘a o‘z-o‘zidan tiklanish xususiyatiga ega. Boshqa suyaklardan farqli ravishda, agar qovurg‘a olingan joyning boylami shikastlanmagan bo‘lsa, qayta o‘sib chiqar ekan.