Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi
Bir nechta xotini bo‘lgan va Yahovaning Shohidlarini ta’qib qilgan kishi nima uchun o‘zi ham Yahovaning Shohidi bo‘ldi? Oldin pyatidesyatniklar cherkovining ruhoniysi bo‘lgan kishini e’tiqodini o‘zgartirishga nima undadi? Bolaligi og‘ir o‘tgan ayolga o‘ziga bo‘lgan past nuqtai nazarni yengishga va Xudoga yaqinlashishga nima yordam berdi? Musiqaning og‘ir rok janri bilan shug‘ullangan bir kishiga Xudoning xizmatchisi bo‘lishga nima turtki bo‘ldi? Quyida keltirilgan hikoyalarni o‘qib, mazkur savollarning javoblarini topasiz.
«Men yaxshi er bo‘ldim» RIGOBERT UETO
TUG‘ILGAN YILI: 1941
MAMLAKATI: BENIN
O‘TMISHDA: BIR NECHTA XOTINI BO‘LGAN, YAHOVANING SHOHIDLARINI TA’QIB QILGAN
OLDINLARI.
Men Beninning yirik shaharlaridan biri Kotonuda tug‘ilganman. Men katoliklar oilasida katta bo‘lganman, lekin cherkovga muntazam qatnamasdim. O‘shanda ko‘p xotinlilik rasman ruxsat etilgani uchun, aksariyat katoliklarning bir nechta xotini bo‘lgan. Shuning uchun mening ham to‘rtta xotinim bor edi.
1970-yillarda harbiy inqilob yuz berdi. «Bu mamlakatimga foyda keltiradi» deb o‘ylardim. Shu bois, uni butunlayin qo‘llab-quvvatladim va siyosat bilan shug‘ullana boshladim. Inqilobchilar Yahovaning Shohidlarini yoqtirishmasdi. Chunki ular siyosatda betaraflikni saqlashardi. Men Shohidlarni ta’qib qilganlar orasida edim. 1976-yili Yahova Shohidlarining to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylari mamlakatdan haydalganida, ular bu yerga boshqa qaytib kelmasligiga amin edim.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.
Inqilob 1990-yilda barham topdi. Maxsus va’zgo‘ylar yana qaytib kelishgani meni hayron qoldirdi. Shunda «Xudo bu insonlar bilan birga bo‘lsa kerak» deb o‘ylab qoldim. O‘sha paytda ish joyimni o‘zgartirdim. Hamkorlarimdan biri Yahovaning Shohidi edi va u vaqtidan unumli foydalanib, menga e’tiqodi haqida aytib berardi. U Muqaddas Kitobdagi oyatlardan Tangri Yahova sevgi va adolatga to‘la Shaxs ekanini aytardi. (Qonunlar 32:4; 1 Yuhanno 4:8) Bu fazilatlar menga juda yoqardi. Yahova haqida ko‘proq bilishni istaganim uchun Muqaddas Kitob tadqiqiga rozi bo‘ldim.
Ko‘p o‘tmay, Yahova Shohidlarining uchrashuvlariga qatnay boshladim. Ularning orasidagi samimiy sevgini ko‘rib lol qoldim. Ular orasida irqchilik yo‘q edi. Shuningdek, ular insonga jamiyatdagi o‘rniga qarab muomala qilishmasdi. Shohidlar bilan muloqot qilganim sayin, ular Isoning chinakam izdoshlari ekaniga amin bo‘lardim. (Yuhanno 13:35)
Yahovaga xizmat qilishni istasam, katolik cherkovidan ketishim kerakligini tushundim. Bunday qilish oson bo‘lmadi. Chunki odamlar men haqimda qanday fikrga borishidan qo‘rqardim. Bunga ancha vaqt kerak bo‘ldi. Ammo Yahovaning yordami bilan jasoratga to‘lib, cherkovni tark etdim.
Lekin men yana bir katta o‘zgarish qilishim kerak edi. Muqaddas Kitobdan Xudo ko‘p nikohlilikni ma’qullamasligini bilib oldim. (Ibtido 2:18–24; Matto 19:4–6) Uning nazarida faqat birinchi nikohim qonuniy edi. Shuning uchun, birinchi xotinim bilan munosabatlarimizni qonuniylashtirib, qolgan xotinlarim bilan orani ochiq qildim, ammo ularga moddiy tomonlama yordam berdim. Vaqt o‘tib, sobiq xotinlarimdan ikkitasi Yahovaning Shohidi bo‘ldi.
QANDAY FOYDA OLDIM?
Garchi xotini katolik diniga e’tiqod qilsa-da, Yahovaga xizmat qilish qarorimni hurmat qiladi. Ikkalamiz ham yaxshi tomonga o‘zgarganimni his qildik.
«Ilgari siyosatda ishtirok etib, insonlarning hayotini yaxshilash mumkin» deb o‘ylaganman. Lekin bu harakatlarim behuda bo‘lib chiqdi. Hozir esa insoniyat muammolarini faqatgina Xudoning Shohligi hal qila olishini tushunyapman. (Matto 6:9, 10) Yahova menga baxtli hayot tarzini kechirishga yordam bergani uchun minnatdorman.
«O‘zgarishlar qilish oson bo‘lmadi» ALEKS LIMOS SILVA
TUG‘ILAN YILI: 1977
MAMLAKATI: BRAZILIYA
O‘TMISHDA: PYATIDESYATNIKLAR CHERKOVINING RUHONIYSI
OLDINLARI.
Men San-Paulo shtatining Itu shahrida ulg‘ayganman. Bu yerda jinoyatchilik keng tarqalgandi.
Men o‘ta zo‘ravon va axloqsiz edim. Buning ustiga, giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanardim. Ammo vaqt o‘tib shuni tushundimki, bunday hayot tarzi meni yo qamoqqa, yo go‘rga yetaklaydi. Shu bois, bu ishlarimni tashlab pyatidesyatniklar cherkoviga boradigan bo‘ldim. Vaqt o‘tib, u yerda ruhoniy bo‘ldim.
«Cherkovda xizmat qilib odamlarga yordam bera olaman» deb o‘ylardim. Hatto mahalliy radioda diniy dasturni olib borardim va taniqli inson bo‘lib ketdim. Lekin vaqt o‘tib, Xudoni ulug‘lash u yog‘da tursin, cherkov o‘z qavmining manfaatini umuman o‘ylamasligini ko‘rdim. Cherkovni faqatgina pul undirish qiziqtirishini anglab yetdim. Shuning uchun, undan ketishga qaror qildim.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.
Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq boshlaganimda, ular boshqa din vakillaridan keskin farq qilishini ko‘rdim. Meni ikkita narsa jalb qildi. Birinchisi, ular Xudoga va yaqiniga bo‘lgan sevgisini nafaqat so‘zlari, balki ishlari bilan ko‘rsatishadi. Ikkinchisi, ular siyosatga aralashishmaydi hamda urushda ishtirok etishmaydi. (Ishayo 2:4) Bu ikkita narsa men haqiqiy dinni, ya’ni abadiy hayotga olib boradigan tor yo‘lni topganimga ishontirdi. (Matto 7:13, 14)
Shuni tushundimki, Xudoni mamnun qilishni istasam, hayotimga ba’zi o‘zgarishlar kiritishim kerak edi. Masalan, oilamga ko‘proq e’tibor qaratishim kutilardi. Bundan tashqari, kamtarlikka o‘rganishim kerak edi. O‘zgarishlar qilish oson bo‘lmadi. Lekin Yahovaning yordami bilan buning uddasidan chiqdim. Bu turmush o‘rtog‘imga kuchli ta’sir qildi. U mendan oldin tadqiq boshlagandi. Ammo endi mendagi o‘zgarishlarni ko‘rib, ma’nan yanada tez o‘sa boshladi. Ko‘p o‘tmay, ikkalamiz ham Yahovaning Shohidi bo‘lishga qaror qildik va bir kunda suvga cho‘mdik.
QANDAY FOYDA OLDIM?
Xotinim ikkovimiz uch nafar farzandimizga Yahova bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga ko‘maklashyapmiz. Biz baxtiyor oilamiz. Yahova menga Kalomidagi haqiqatni ochib bergani uchun minnatdorman. Bu haqiqat chindan ham odamlarning hayotini yaxshi tarafga o‘zgartiradi va men buning tirik misoliman.
«Endi o‘tmishdagi gunohlarim tufayli vijdonim qiynalmayapti» VIKTORIYA TONG
TUG‘ILGAN YILI: 1957
MAMLAKATI: AVSTRALIYA
O‘TMISHDA: BAXTSIZ BOLALIK
OLDINLARI.
Men Yangi Janubiy Uels shtatining Nyu-Kastl shahrida tug‘ilganman. Men oilada yetti farzandning kattasiman. Otam piyonista va zo‘ravon edi, onam esa shafqatsiz edi. Onam meni ham do‘pposlardi, ham so‘kardi. U menga tez-tez: «Sen yomon qizsan, do‘zaxda yonasan»,— deb aytardi. Bunday so‘zlar meni dahshatga solardi.
Onam yetkazgan jarohatlar dastidan maktabni tez-tez qoldirishimga to‘g‘ri kelardi. 11 yoshimda hukumat meni ota-onamdan olib, dastlab mehribonlik uyiga, keyin esa monastirga topshirdi. 14 yoshga kirganimda monastirdan qochib ketdim. Uyimga qaytishni istamasdim. Shu bois, Sidneyning Kings-Kross ko‘chalarida yashay boshladim.
Ko‘chalarda yashar ekanman, giyohvand moddalari va ichkilikka qaram bo‘lib qoldim. Pornografiya tomosha qilib, fohishalik bilan shug‘ullana boshladim. Bir safar men bilan dahshatli voqea yuz berdi. O‘shanda men tungi klub egasining kvartirasida yashardim. Bir kuni oqshom payti unikiga ikki kishi keldi va u mendan yotoqxonada o‘tirib turishni so‘radi. Lekin men ularning suhbatini eshitib qoldim. Klubning egasi meni bu ikki kishiga sotib yubormoqchi edi. Ular meni yuk kemasida Yaponiyaga jo‘natib, barlarda ishlashimni xohlashardi. Shunda qo‘rqqanimdan balkondan sakrab tushdim va qochib ketdim.
Sidneyga vaqtinchalik kelgan bir kishini uchratdim. U menga oz-moz pul beradi degan umidda vaziyatimni tushuntirdim. U esa biron nima yeb olishim va dush qabul qilishim uchun o‘z uyiga taklif qildi. Shunday bo‘lib qoldiki, men u bilan bir umrga qoldim. Bir yil o‘tib, turmush qurdik.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.
Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq boshlaganimda o‘zaro qarama-qarshi tuyg‘ularni boshdan kechirdim. Bir tarafdan, yovuzlikning sababchisi Shayton ekanini bilganimda, jahlim chiqdi. Boisi, menga doim azob chekishimizga Xudo aybdor, deb o‘rgatishgan edi. Boshqa tarafdan esa do‘zax yo‘qligini bilganimda, yengillik his qildim. Esimni tanigan ekanman, bu ta’limot meni doim dahshatga solib kelgan.
Yahovaning Shohidlari kundalik hayotida Muqaddas Kitob asosida qaror qabul qilishlarini ko‘rib qoyil qoldim. Ular Xudoga ishonishini nafaqat so‘zlari, balki ishlari bilan ko‘rsatishardi. Mening fe’lim og‘ir bo‘lgan. Lekin o‘zimni qanday tutishimdan qat’i nazar, Yahovaning Shohidlari menga sevgi va hurmat bilan muomala qilishardi.
Men uchun eng katta qiyinchilik o‘zimga nisbatan past nuqtai nazar bilan kurashish edi. Men o‘zimdan nafratlanardim. Hatto Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mganimdan keyin ham bu tuyg‘ular uzoq vaqt davomida meni tark etmasdi. Yahovani sevardim, lekin U mendek insonlarni seva olishidan shubhalanardim.
Suvga cho‘mganimdan taxminan 15-yil o‘tgach, fikrlash tarzimda keskin o‘zgarish yuz berdi. Bir safar nutqda ma’ruzachi Yoqub 1:23, 24 ni keltirdi. Bu oyatlarda Xudoning Kalomi ko‘zgu bilan solishtirilgan va u orqali Xudo bizga qanday nuqtai nazarda ekanini bilib olishimiz mumkin. Shunda «Balki Yahova menga boshqacha qarayotgandir» deb o‘ylab qoldim. Avvaliga bu fikrni rad etdim. Yahova meni seva olishiga hali ham ko‘zim yetmasdi.
Bir necha kun o‘tgach, hayotimni o‘zgartirgan oyatni o‘qib qoldim. Bu Ishayo 1:18 edi. U yerda Yahova shunday deb aytgan: «Keling, oramizdagi masalani hal qilaylik. Gunohlaringiz qirmizi matoday bo‘lsa-da, qorday oppoq bo‘ladi». Yahova menga oyat orqali gapirganday bo‘ldi. U: «Qani, Viki, kel. Oramizdagi masalani hal qilaylik. Men seni yaxshi bilaman. Gunohlaringni bilaman. Qalbingni bilaman. Seni juda yaxshi ko‘raman»,— deganday edi.
O‘sha tuni uxlolmadim. Yahova meni seva olishiga hali ham ishongim kelmasdi. Ammo keyin Isoning to‘lov qurbonligi ustida fikr yurita boshladim. Shunda ko‘zim ochildi. Aslida, Yahova uzoq vaqtdan beri menga sabrini namoyon etib, sevgisini turli yo‘llar orqali ko‘rsatib kelgan ekan. Men esa Unga go‘yoki: «Sening sevging kuchli emas va Sen bergan to‘lov qurbonligi mening gunohlarimni yuvolmaydi»,— deb aytganday bo‘lganman. Men xuddi Yahova bergan to‘lov qurbonligini rad etganman. Endi esa bu hadya ustida mulohaza yuritganimda, Yahova meni sevishini his eta boshladim.
QANDAY FOYDA OLDIM?
Endi o‘tmishdagi gunohlarim tufayli vijdonim qiynalmayapti. Nikohdagi munosabatlarim mustahkamlandi. Men bilan yuz bergan voqealar boshqalarga yordam berayotganidan xursandman. Ayni paytda Yahova bilan yaqin bo‘lganimni his qilyapman.
«Bu ibodatimga javob bo‘ldi» SERGEY BOTANKIN
TUG‘ILGAN YILI: 1974
MAMLAKATI: ROSSIYA
O‘TMISHDA: OG‘IR ROK BILAN SHUG‘ULLANGAN
OLDINLARI:
Men mashhur kompozitor Pyotr Ilich Chaykovskiy tug‘ilgan Votkinsk shahrida dunyoga kelganman. Biz kambag‘al yashardik. Otam yaxshi inson bo‘lgan, lekin ko‘p ichardi. Shu bois, uyimizdan janjal arimasdi.
Maktabda uncha yaxshi o‘qimasdim. Yillar o‘tgani sayin, o‘zimga nisbatan past nuqtai nazarda bo‘lganman. Men o‘zimni boshqalardan olib qochadigan va odamovi bo‘lib qoldim. Maktabga borish men uchun sinov edi. Boshqa payt fikrlarimni bemalol ayta olsam-da, doska oldida hatto oddiy narsalarni tushuntira olmasdim. Sakkizinchi sinfni tugatganimda tavsiyanomamda shunday yozilgan edi: «So‘z boyligi chegaralangan. O‘z fikrlarini ifoda etolmaydi». Bu so‘zlardan keyin umuman o‘zimdan ko‘nglim qoldi. Buning dastidan, «Yashashning ma’nosi yo‘q» deb o‘ylay boshladim.
O‘smirlik paytimda spirtli ichimliklarni icha boshladim. Boshida bundan kayfiyatim ko‘tarilardi. Lekin ko‘p ichib yuborsam vijdonim qiynalardi. Hayotimda ma’no yo‘qday edi. Tushkunlik meni o‘z domiga tortib ketardi. Ba’zida hatto bir necha kun uyimdan tashqariga chiqmasdim. O‘sha paytlari jonimga qasd qilish haqida o‘ylay boshladim.
20 yoshga to‘lganimda, yomon fikrlar meni vaqtinchalik tark etdi. Men musiqaning og‘ir rok janri bilan shug‘allanishni boshladim. Bu musiqa menga kuch baxsh etardi. Men sochlarimni o‘stirib, ikki qulog‘imni teshdim va o‘zim yoqtirgan qo‘shiqchilar singari kiyinishni boshladim. Bora-bora qo‘pol va jahldor insonga aylanib, uydagilarim bilan janjallashadigan bo‘ldim.
«Og‘ir rok janridagi musiqani tinglash meni baxtli qiladi» deb o‘ylardim. Ammo buning aksi yuz berdi. Hissiy ahvolim battarlashib borardi. Men yoqtirgan musiqachilar to‘g‘risida yomon xabarlarni eshitganimda, o‘zimni ular menga xiyonat qilganday his etdim.
Men yana jonimga qasd qilish haqida o‘ylay boshladim. Ammo bu safar hammasi jiddiy edi. Faqat bir narsa: bu onamga qanday ta’sir qilishi meni to‘xtatib turardi. Onam meni juda yaxshi ko‘rardi va menga ko‘p yaxshiliklar qilgan edi. Vaziyat juda chigal edi. Bir tomondan, yashashni istamasdim. Boshqa tomondan, jonimga qasd qilolmasdim.
O‘zimni chalg‘itish uchun rus mumtoz adabiyotini o‘qiy boshladim. Hikoyalarning birida cherkovda xizmat qilgan qahramon haqida aytilgan edi. Shunda menda Xudo va odamlar uchun nimadir qilish ishtiyoqi paydo bo‘ldi. Xudoga ibodat qilib, ichimdagilarni Unga to‘kib soldim. Oldin hech qachon bunday qilmagandim. Undan mazmunli hayot kechirishimga yordam berishini so‘radim. Ibodat paytida o‘zgacha yengillikni his qildim. Lekin bundan keyin yuz bergan voqea meni yanada lol qoldirdi. Atigi ikki soat o‘tgach, Yahova Shohidlaridan biri eshigimni taqillatdi va menga Muqaddas Kitob tadqiqini taklif qildi. Bu ibodatimning javobi ekaniga ishonardim. O‘sha kundan yangi va baxtli hayot boshlandi.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.
Garchi buni qilish qiyin bo‘lsa-da, og‘ir rok musiqasi bilan bog‘liq barcha narsadan qutuldim. Shunga qaramay, bu musiqa qulog‘im ostida uzoq vaqt davomida jaranglab turardi. Og‘ir rok musiqasi yangragan joylardan o‘tganimda, bexosdan o‘tmishimni eslab ketardim. Ammo bu noxush xotiralar hozir ongim-u qalbimda ildiz ota boshlagan yaxshi narsalar bilan aralashib ketishini istamasdim. Shu sababli, bunday joylarni atayin aylanib o‘tardim. O‘tmishdagi xotiralarga qaytish vasvasasiga duch kelganimda, Xudoga qaynoq ibodat qilardim. Bu tufayli qalbimdan «har qanday o‘y-fikrdan ustun bo‘lgan Xudoning tinchligi» his qilardim. (Filippiliklarga 4:7)
Muqaddas Kitobni tadqiq qilganim sayin, masihiylar e’tiqodi haqida boshqalarga aytishi kerakligini tushundim. (Matto 28:19, 20) Buni hech qachon eplay olmasligimga ishonchim komil edi. Shu bilan birga bilib olayotganlarim menga ulkan quvonch va ichki xotirjamlik keltirardi. Boshqa odamlar ham bu haqiqatlarni eshitishi kerakligini bilardim. Qo‘rquvlarimga qaramay, Muqaddas Kitobdan bilib olayotganlarim haqida boshqalar bilan bo‘lisha boshladim. Buni qarangki, va’z qilish orqali o‘zimga bo‘lgan ishonchim oshdi. Qolaversa, bu tufayli imonimni mustahkamlay oldim.
QANDAY FOYDA OLDIM?
Hozir ajoyib oilam bor. Shuningdek, men bir nechta kishiga, jumladan, singlim va onamga Muqaddas Kitob haqida bilib olishga yordam berdim. Xudoga xizmat qilish hamda boshqalarga U haqda bilim olishga yordam berish hayotimga mazmun kiritdi.