Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi
Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi
QIMORBOZ hamda talonchi bo‘lgan insonni hayotini o‘zgartirishga nima undadi? Uning hikoyasini o‘qing.
«Ot sportining ishqibozi edim» RICHARD STYUARD
TUG‘ILGAN YILI: 1965
MAMLAKATI: YAMAYKA
O‘TMISHDA: QIMORBOZ VA JINOYATCHI
OLDINLARI. Men Yamaykaning poytaxti Kingston shahrining kambag‘al va aholisi zich tumanida ulg‘ayganman. U yerda ishsizlik va jinoyat keng tarqalgan edi. Qurollangan to‘dalar dastidan odamlar qo‘rquvda yashardi. O‘q ovozini deyarli har kuni eshitar edim.
Onam men, ukam va singlimni boqish uchun og‘ir mehnat qilar edi. U hamma farzandlari o‘qimishli bo‘lishi uchun jon kuydirardi. Men maktabda o‘qishga uncha qiziqmasdim, lekin ot sportining ishqibozi edim. Men maktabdan qochib ot poygasini tomosha qilgani ketardim. Hatto otlarni minardim.
Ko‘p o‘tmay, ot poygalarida pul tikadigan bo‘ldim. Xotinboz bo‘lib, axloqsiz hayot tarzini kechirardim. Buning ustiga, nasha chekardim va o‘g‘rilik qilib kun kechirardim. Qurollarim ko‘p edi. Lekin to‘da bilan talonchilik qilganimizda, yaxshiyamki, hech kimni o‘ldirib qo‘ymaganmiz.
Oxir-oqibat politsiya meni hibsga olib, qamoqqa tashladi. Ozodlikka chiqqanimdan keyin, yana eski hayot tarzimga qaytdim. Ha, men oldindagidan ham yomon yo‘l tutadigan bo‘ldim. Garchi beozor ko‘rinsam-da, qaysar, badjahl va shafqatsiz edim. Faqat o‘zim haqimda o‘ylardim.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI. Hayotimning ushbu qiyin pallasida onam Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshladi va Yahovaning Shohidi bo‘ldi. Undagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib, qiziqib qoldim. Onam o‘zgarishiga nima ta’sir qilganini bilmoqchi bo‘ldim va men ham Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq boshladim.
Yahovaning Shohidlari boshqa dinlardan keskin farq qilishini ko‘rdim. Shuningdek, ular e’tiqodini Muqaddas Kitobga asoslashiga e’tibor berdim. Ular Isoning ilk izdoshlari singari uyma-uy va’z qiladigan yagona guruh ekanini bildim. (Matto 28:19, Havoriylar 20:20) Ular orasidagi samimiy sevgini ko‘rganimdan keyin, bu haqiqiy din ekaniga amin bo‘ldim. (Yuhanno 13:35)
Muqaddas Kitobdan bilib olganlarim asosida shuni tushundimki, hayotimga keskin o‘zgarishlar kiritishim kerak edi. Tangri Yahova zinodan nafratlanishini va agar Uni mamnun qilishni istasam, tanamni bulg‘aydigan ishlardan voz kechishim kerakligini anglab yetdim. (2 Korinfliklarga 7:1, Ibroniylarga 13:4) Xudoning his-tuyg‘ulari borligini va men xatti-harakatlarim bilan Uni yo ranjitishim, yo xafa qilish mumkinligini bildim va bu menga ta’sir qildi. (Hikmatlar 27:11) Shunda nasha chekishni tashlashga, qurollarimdan voz kechishga va shaxsiyatimni o‘zgartirishga qat’iy qaror qildim. Men uchun eng qiyini axloqsiz hayot tarzidan voz kechish va qimorni tashlash bo‘ldi.
Boshida do‘stlarim men Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq o‘tayotganimni bilishini istamasdim. Lekin Matto 10:33 dagi so‘zlarni o‘qigach, fikrlash tarzim o‘zgardi. U yerda Iso: «Kimki boshqalar oldida meni inkor etsa, men ham uni samoviy Otam oldida inkor etaman»,— deb aytgan. Bu so‘zlar oshnalarimga Yahovaning Shohidlari bilan tadqiq o‘tayotganimni aytishga undadi. Ular buni eshitgach, dong qotishdi. Ular mendek inson Yahovaning Shohidi bo‘lishiga ishongisi kelmasdi. Ammo men ilgarigi hayot tarzimdan butunlay voz kechishga qaror qilganimni aytdim.
QANDAY FOYDA OLDIM? Onam Muqaddas Kitob prinsiplari asosida yashay boshlaganimni ko‘rib, boshi osmonga yetdi. Endi u «Bu safar o‘g‘lim qanday hunar ko‘rsatar ekan» deb men uchun xavotirlanmaydi. Ikkalamiz ham Yahovani sevganimiz uchun bir-birimiz bilan suhbatlashamiz. Ortga qarab qanday inson bo‘lganim va Xudoning yordami bilan hayotimga o‘zgarishlar kirita olganimga ishongim kelmaydi. Endi axloqsiz hayot tarzini kechirmayapman va molparast emasman.
Agar Muqaddas Kitobdagi xushxabarni qabul qilmaganimda edi, yo o‘lardim, yo qamoqda chirib ketgan bo‘lardim. Ammo bugungi kunda ajoyib, baxtli oilam bor. Madadkor xotinim va itoatli qizim bilan birga Yahovaga xizmat qilishdan xursandchilik topyapman. Butun dunyo bo‘ylab mehridaryo imondoshlarim borligi uchun Yahovadan bag‘oyat minnatdorman. Menga Muqaddas Kitob haqiqatlarini o‘rgatishganini juda qadrlayman. Boshqalarga ham Muqaddas Kitob ta’limotlarini o‘rgatayotganimdan xursandman. Yahova mehr-inoyati ila meni O‘ziga yaqinlashtirgani uchun shukrlar deyman.
[11- sahifadagi matn parchasi]
«Xudoning his-tuyg‘ulari borligini va men xatti-harakatlarim bilan Uni yo ranjitishim, yo xafa qilish mumkinligini bildim»
[11- sahifadagi rasm]
Xotinim va qizim bilan
[11- sahifadagi rasm]
Onam yaxshi tomonga o‘zgarganini ko‘rdim