Barcha xristianlar Isoning chinakam izdoshlarimi?
Barcha xristianlar Isoning chinakam izdoshlarimi?
DUNYODA qancha xristianlar bor? Bir manbaga ko‘ra, 2010-yili dunyo bo‘ylab deyarli 2,3 milliard odam xristian diniga e’tiqod qilgan. («Atlas of Global Christianity») Lekin xuddi shu manbaga ko‘ra, ular 41 000 dan oshiq mazhabga bo‘linadi. Ularning har birida o‘z ta’limotlari va odatlari bor. Xristian olamida oqimlar ko‘pligidan odamlar chalkashib ketishi va hatto hafsalasi pir bo‘lishi mumkin. Ular «O‘zini xristian deb ataydiganlar chindan ham Isoning izdoshimi» deb o‘ylanib qolishadi.
Keling, bu vaziyatga boshqacha bir nazar bilan qaraylik. Odatda sayyoh chegaradan o‘tayotganda, qaysi mamlakat fuqarosi ekanini aytadi. Shuningdek, u shaxsini tasdiqlovchi hujjat, ya’ni pasportni ko‘rsatadi. Shunga o‘xshab, o‘zini chinakam masihiy deb hisoblagan kishi «Masihga ishonaman» deb aytishdan ko‘proq narsa qilishi kerak. U qo‘shimcha tasdiq taqdim etishi lozim. Xo‘sh, bu nima bo‘lishi mumkin?
«Xristian» yoki «masihiy» degan so‘z iste’molga taxminan milodiy 44-yildan keyin kirib keldi. Muqaddas Kitobni yozishda ishtirok etgan tarixshunos Luqo shunday degan: «Shogirdlar birinchi marta Antioxiyada “masihiy” degan nom olishdi. Bu Xudoning boshqaruvi bilan bo‘ldi». (Havoriylar 11:26) E’tibor bergan bo‘lsangiz, Masihning ilk izdoshlari «xristian» yoki «masihiy» degan nom olgan. Lekin Iso Masihning izdoshlari deganda, kimlar nazarda tutiladi? Bir lug‘atda bu shunday tushuntirilgan: «Isoning shogirdi bo‘lish inson o‘z hayotini butkul fido qilishini anglatadi». («The New International Dictionary of New Testament Theology») Demak, chin masihiy deganda masihiylikning asoschisi Isoning ta’limotlari-yu amrlariga so‘zsiz va astoydil amal qiladigan shaxs nazarda tutiladi.
Xo‘sh bugungi kunda o‘zini Isoning izdoshi deb ataydiganlar orasida bunday odamlarni topishning imkoni bormi? Iso uning chinakam izdoshlarini qanday aniqlashimiz mumkinligi to‘g‘risida nimalar degan? Keling, Muqaddas Kitob asosida mazkur savollarning javoblarini ko‘rib chiqamiz. Navbatdagi maqolalarda Isoning chinakam izdoshlarini aniqlashimizga yordam beradigan beshta belgini muhokama qilamiz. Bundan tashqari, birinchi asrdagi masihiylar bu namunaga qanday mos kelganini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, hozir o‘zini Isoning izdoshi deb ataydiganlar orasida kimlar bu namunaga mos kelishini bilib olamiz.