Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

«Hayotimning mazmuni borasida jiddiy o‘ylay boshladim»

«Hayotimning mazmuni borasida jiddiy o‘ylay boshladim»
  • TUG‘ILGAN YILI: 1941

  • MAMLAKATI: AVSTRALIYA

  • O‘TMISHDA: CHEKKAN VA SPIRTLI ICHIMLIKLARNI SUIISTE’MOL QILGAN

TARJIMAI HOLIM.

Men Yangi Janubiy Uels shtatining Uorialda degan shaharchada tavallud topdim. Bu joylarda asosan fermerlik faoliyati, jumladan qo‘y hamda qoramol boqish, bug‘doy va sabzavotlar yetishtirish bilan shug‘ullanishadi. Shaharchamiz toza bo‘lib, jinoyatchilik deyarli yo‘q edi.

Men o‘nta farzanddan eng kattasi edim va oilamga yordamim tegsin deb, 13 yoshimda ishlashni boshladim. O‘rta ma’lumotga to‘la ravishda ega bo‘lmaganim uchun fermalarda ishlab, 15 yoshimda yovvoyi otlarni egarlash bilan shug‘ullanardim.

Fermalarda ishlashning o‘ziga yarasha afzalliklari va kamchiliklari bor edi. Bir tomondan, ishim va atrofdagi tabiat menga juda yoqardi. Kechalari gulxan yonida o‘tirib, oy va yulduzlarga to‘la osmonni tomosha qilardim. Shuningdek, atrofdagi dalalardan xushbo‘y hidlarni yelgan shabadadan maza qilardim. Bu barcha go‘zal tabiatni Kimdir yaratgan bo‘lishi kerak, deb fikr yuritganim hanuzgacha esimda. Boshqa tomondan, fermada yomon odatlarni o‘zlashtirdim. Atrofdagilar tez-tez so‘kinib, sigaret chekishardi. Ko‘z yumib ochgunimcha chekish va so‘kinish hayotimning ajralmas qismiga aylandi.

18 yoshimda Sidneyga ko‘chib o‘tdim. Harbiy xizmatni o‘tayman, deb rosa harakat qildim. Ammo o‘rta ma’lumotga ega bo‘lmaganim uchun meni qabul qilishmadi. O‘shanda ish topib, bir yilcha Sidneyda qoldim. Bu vaqt mobaynida ilk bor Yahovaning Shohidlari bilan tanishdim. Ularning yig‘ilishiga borish taklifini qabul qildim va ta’limotlarida haqiqat borligini darrov tushundim.

Ammo bir oz vaqtdan keyin biror kichkina shaharga ketishga qaror qilib, Kvinslend shtatining Gundivindi shahrida yashay boshladim. O‘sha yerda ish topib, uylandim. Ming afsuski, o‘shanda ichkilikka berilib ketdim.

Oilamizda ikkita o‘g‘il tug‘ildi. Ular dunyoga kelgandan keyin hayotimning mazmuni borasida jiddiy o‘ylay boshladim. Sidneyda Yahova Shohidlarining yig‘ilishida nima deyilgani esimga keldi va shunga yarasha harakat qilishga qaror qildim.

Keyin «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining eski sonini topib oldim. U yerda Yahova Shohidlarining Avstraliyadagi filialining manzili bor edi. Shunda yordam so‘rab, xat yubordim. Ko‘p vaqt o‘tmay, juda mehribon va xushmuomala bo‘lgan bir Yahovaning Shohidi uyimga tashrif buyurib, men bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshladi.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.

Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotib, hayotimni tubdan o‘zgartirishim kerakligini tushundim. Ayniqsa 2 Korinfliklarga 7:1 dagi so‘zlar menga qattiq ta’sir qildi. Bu oyat bizni «tanamizni bulg‘aydigan har qanday narsadan o‘zimizni poklashga» undaydi.

Chekishni va ichkilikni tashlashga qaror qildim. Ancha yillardan beri bu narsalarga bog‘lanib qolganim uchun, ular bilan aloqani uzish oson kechmadi. Biroq Allohga ma’qul tarzda hayot kechirish qarorim qat’iy edi. Rimliklarga 12:2 dagi: «Ushbu zamonga uyg‘unlashmanglar, aksincha... ongingizni yangilab, o‘zingizni o‘zgartiringlar»,— degan prinsipni qo‘llash menga katta yordam berdi. Yomon odatlarimni tashlash uchun fikrlash tarzimni o‘zgartirib, ularga Allohning nuqtai nazari bilan qarash kerakligini angladim. U esa bunday odatlardan nafratlanadi. Xudoning madadi bilan chekishni va ichkilikka bo‘lgan moyilligimni yengishga muvaffaq bo‘ldim.

«Yomon odatlarimni tashlash uchun fikrlash tarzimni o‘zgartirib, ularga Allohning nuqtai nazari bilan qarash kerakligini angladim»

Men uchun eng qiyin bo‘lgan narsa, so‘kinishdan xalos bo‘lish edi. Efesliklarga 4:29 da: «Og‘zingizdan hech qanday yaramas so‘z chiqmasin»,— deb yozilgan maslahatini bilardim. Shunday bo‘lsa-da, nutqimni darrov o‘zgartira ololmadim. Menga Ishayo 40:26 da keltirilgan so‘zlar ustidan mulohaza yuritish ko‘maklashdi. U yerda yulduzli osmon haqida shunday yozilgan: «Ko‘zlaringizni osmonga tiking, qarang: axir, bularni kim yaratgan? Xudo osmonga yulduzlarni terib qo‘ygan-ku! Uning O‘zi har biriga nom bergan-ku! O‘zining buyuk kuchi, ulug‘ qudrati bilan har birini o‘z joyiga chiqarmay qo‘ymaydi». Menga tomosha qilish shu qadar yoqadigan bepoyon koinotni Alloh yaratishga qodir ekan, Uni mamnun qilishim uchun hayotimni o‘zgartirishimga U kuch ato eta olishini tushundim. Ko‘pgina harakatlar va ibodatlar orqali oxir-oqibat nutqimni nazorat qilishni o‘rgandim.

HAYOTIM QANDAY YAXSHILANDI.

Men ishlagan fermalarning hududlarida odamlar uncha ko‘p bo‘lmagani uchun, keng miqyosda muloqot qilish imkoni yo‘q edi. Biroq Yahova Shohidlarining yig‘ilishlarida olgan ta’lim tufayli, fikrlarimni erkin izhor etishni o‘rgandim. Qolaversa, bunday ta’lim, boshqalarga Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni aytishga yordam berdi (Matto 6:9, 10; 24:14).

Mana bir necha yildan beri jamoatda oqsoqol bo‘lib xizmat qilyapman. Imondoshlarimga yordam berishdek imtiyozli sharafga ega bo‘lganimdan juda minnatdorman. Men ega bo‘lgan eng katta baraka, sadoqatli va sevimli xotinim hamda ajoyib o‘g‘illarim bilan Alloh Yahovaga xizmat qilish imkonim borligidir.

Tangri Yahova menday, ma’lumoti oddiy bo‘lgan insonga Undan ta’lim olishga ijozat berganidan juda minnatdorman (Ishayo 54:13). Hikmatlar 10:22 da: «Egamizning marhamati boylik keltiradi»,— degan so‘zlarga to‘la-to‘kis qo‘shilaman. Men va oilam Alloh Yahova haqida yanada ko‘proq bilishni hamda Unga abadiy xizmat qilishni istaymiz.