Asosiy materiallarga o‘tish

O‘QUVCHILARNING SAVOLLARI

Xudoni kim yaratgan?

Xudoni kim yaratgan?

Yetti yoshli o‘g‘ilchasi bilan suhbatlashayotgan otani tasavvur qiling. U shunday deyapti: «Ancha vaqt ilgari Xudo yerni va undagi barcha narsani yaratdi. Yana U quyoshni, oyni va yulduzlarni yaratdi». Bolakay otasining gapi haqida bir oz o‘ylanib: «Dadajon, Xudoni kim yaratgan?» — deb so‘raydi.

Otasi: «Uni hech kim yaratmagan. U doim bor bo‘lgan»,— deb javob beradi. Bolakay bu javobdan hozircha qoniqdi. Ammo u ulg‘ayar ekan, mazkur savoli unga tinchlik bermaydi. U axir hamma narsaning, hatto koinotning ham boshi bor, deb buni tushunishga qiynaladi. «Xudo qayerdan paydo bo‘lgan?» deb qiziqadi.

Muqaddas Kitobda nima deyilgan? Aslida otaning aytganlari Muqaddas Kitobda yozilganlarga ko‘p jihatdan o‘xshaydi. Muso payg‘ambar shunday degan: «Ey Yahova,.. barcha avlodlar osha maskanimiz Sensan. Tog‘lar tug‘ilishidan oldin, Yer, hosildor zamin dunyoga kelishidan avval, azaldan, toabad Sen Xudosan». (Zabur 90:1, 2) Ishayo payg‘ambar ham: «Nahotki xabaring bo‘lmasa? Nahotki eshitmagan bo‘lsang? Yerdagi bor narsaning Yaratuvchisi Yahova abadiyat Xudosidir»,— deb aytgan. (Ishayo 40:28) Shu kabi, Yahudoning maktubida ham Xudo «azaldan» bor ekaniga ishora qilingan. (Yahudo 25)

Bu oyatlar, havoriy Pavlus aytganiday, Xudo «Abadiyat Podshohi» ekanini ko‘rsatmoqda. (1 Timo‘tiyga 1:17) O‘tmishga qanchalik uzoq nazar solmaylik, bu Xudo doim bor bo‘lganini anglatadi. Shuningdek, U kelajakda ham doim bor bo‘ladi. (Vahiy 1:8) Demak, Qodir Allohning mangu bor bo‘lishi Uning ajralmas xususiyatidir.

Nima sababdan biz uchun bu fikrni qabul qilish qiyin? Umrimiz qisqa bo‘lgani tufayli vaqt tushunchasiga Yahova kabi qaray olmaymiz. Alloh abadiy ekan, U uchun ming yil bir kundaydir. (2 Butrus 3:8) Masalan, chigirtkalarning ba’zi turi voyaga yetganida atigi 50 kuncha yashaydi. Bunday chigirtka bizning 70 yoki 80-yillik umrimizni tushuna olarmidi? Amrimahol! Biroq Muqaddas Kitobda tushuntirilishicha, Ulug‘ Parvardigorimiz bilan solishtirganda biz chigirtkalar kabidirmiz. Hatto fikr yuritish qobiliyatimiz ham Uniki bilan solishtirganda ancha chegaralangan. (Ishayo 40:22; 55:8, 9) Shu bois, Yahovaning ayrim fazilatlarini inson to‘lig‘icha tushuna olmasligining ajablanarli joyi yo‘q.

Garchi Xudo abadiy ekani borasidagi tushunchani anglash qiyin bo‘lsa-da, bu mantiqan to‘g‘ri ekanini ko‘rsak bo‘ladi. Bordi-yu, kimdir Xudoni yaratganida o‘sha shaxs Yaratuvchi hisoblangan bo‘lardi. Biroq Muqaddas Kitobda yozilishicha, Yahova «butun borliqni yaratgan». (Vahiy 4:11) Bundan tashqari, shuni bilamizki, qachonlardir koinot mavjud bo‘lmagan. (Ibtido 1:1, 2) Xo‘sh, u qayerdan paydo bo‘lgan? Birinchi navbatda, uning Yaratuvchisi mavjud bo‘lishi kerak edi. Qolaversa, Xudo yagona O‘g‘li va farishtalar kabi ongli mavjudotlardan oldin ham bor bo‘lgan. (Ayub 38:4, 7; Kolosaliklarga 1:15) Shunisi aniqki, boshida U yolg‘iz O‘zi mavjud bo‘lgan. Xudo yaratilgan bo‘lishi mumkin emas, chunki Uni yaratadigan hech kim va hech narsa yo‘q edi.

Bizning va butun koinotning mavjudligi abadiy Xudo borligini tasdiqlayapti. Ulkan koinotimizni harakatga keltirgan, uni boshqarish uchun qonunlar o‘rnatgan Shaxs hamisha mavjud bo‘lgan bo‘lishi kerak. Faqatgina Uning nafasi qolgan barcha narsaga hayot baxsh eta olardi. (Ayub 33:4)