Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRADI

Men faqat o‘zim uchun yashaganman

Men faqat o‘zim uchun yashaganman
  • TUG‘ILGAN YILI: 1951

  • MAMLAKATI: GERMANIYA

  • O‘TMISHDA: O‘ZIGA ISHONGAN, MAG‘RUR INSON

OLDINLARI

Kichkinaligimda oilamiz bilan birgalikda Sharqiy Germaniyadagi Leypsig shahri yaqinida yashardik. Bu shahar Chexiya va Polsha bilan chegaradosh. Lekin 6 yoshligimda dadam chet elda ishlay boshladilar va biz avval Braziliyaga, keyin esa Ekvadorga ko‘chib o‘tdik.

14 yoshligimda meni Germaniyadagi internat-maktabga berishdi. Ota-onam uzoqda — Janubiy Amerikada bo‘lishgani uchun, o‘zimga-o‘zim g‘amxo‘rlik qilishimga to‘g‘ri kelardi. Men o‘ziga ishongan, mag‘rur inson bo‘lib qolgandim va boshqalarning fikri meni qiziqtirmasdi.

17 yoshligimda ota-onam Germaniyaga qaytib kelishdi va men ular bilan yashay boshladim. Lekin mag‘rurligim tufayli ota-onam bilan til topisha olmadim va 18 yoshimda uydan ketdim.

Men doim hayot mazmunini izlardim. Turli xil tashkilot va jamiyatlar orasida bo‘lib, shuni tushundimki, odamlar go‘zal Yer sayyoramizni butunlay yo‘q qilmasidan oldin, hayotimni uni tadqiq qilishga bag‘ishlash — eng to‘g‘ri qaror ekan.

Germaniyani tark etdim. Mototsikl sotib olib, Afrikaga yo‘l oldim. Lekin mototsiklim yo‘lda buzilib qolgani uchun, yana Yevropaga qaytishimga to‘g‘ri keldi. Ko‘p o‘tmay, Portugaliya sohillariga kelib qoldim. O‘shanda xayolimga mototsiklni qoldirib, qayiqda sayohat qilish fikri keldi.

Atlantika okeani bo‘ylab sayohat qilmoqchi bo‘lgan bir guruh yigit-qizlarga qo‘shildim. Ularning orasida bo‘lajak turmush o‘rtog‘im Lorini uchratdim. Dastlab, Karib orollariga yo‘l oldik, keyin esa Puerto-Rikoda ozgina to‘xtab, yana Yevropaga qaytdik. Biz Lori bilan yelkanli qayiq topib, uni uzoq safarlar uchun moslashtirishni rejalashtirayotgan edik. Lekin uch oy o‘tgach, kutilmaganda bir to‘siqqa duch keldik. Meni harbiy xizmatga chaqirishdi.

15 oy mobaynida Germaniya dengiz flotida xizmat qildim. Bu vaqt ichida biz Lori bilan turmush qurgandik va sayohatga chiqishni rejalashtirayotgandik. Armiyaga ketishimdan biroz oldin qutqaruv qayig‘ining korpusini sotib olgandik. Harbiy xizmatda bo‘lganimda, sekin-asta undan yelkanli kema yasadik. Biz bu kemada yashab, go‘zal sayyoramizni tadqiq qilishni davom ettirmoqchi edik. Harbiy xizmatdan ozod etilganimdan keyin va kemani qurib bitirishimizdan sal oldin Yahovaning Shohidlarini uchratdik. Va ular bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshladik.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI.

Boshida hayotimni o‘zgartirishga ehtiyoj yo‘qday tuyuldi. Rasmiy nikohda bo‘lganmiz. Buning ustiga, chekishni ham allaqachon tashlagan edim. (Efesliklarga 5:5) Dunyoni kezish rejalarimizga keladigan bo‘lsak, hayotimni Xudoning ajoyib ijodlarini tadqiq qilishga bag‘ishlash — eng to‘g‘ri qaror deb o‘ylardim.

Lekin aslida fe’l-atvorimni o‘zgartirishim kerak edi. Men judayam o‘ziga ishongan va mag‘rur inson bo‘lganman. Chunki doim o‘z yutuqlarim va qobiliyatlarim haqida o‘ylardim. Men faqat o‘zim uchun yashaganman.

Bir kuni Isoning tog‘dagi va’zini o‘qidim. (Matto 5–7- boblar) Boshida Isoning baxt haqida aytganlari meni o‘ylantirib qo‘ydi. U och-u chanqoqlarni baxtli deb atagan. (Matto 5:6) Bu insonni qanday baxtli qila olishi aqlimga sig‘masdi. Tadqiq qilganim sayin, har birimizning ma’naviy ehtiyojlarimiz borligini angladim. Lekin ularni qondirish uchun, birinchi navbatda, ularga muhtoj ekanligimizni kamtarinlik ila tan olishimiz kerak. Chunki Iso shunday degan: «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar baxtlidir». (Matto 5:3)

Lori bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni Germaniyada boshladik. Lekin keyin Fransiyaga, so‘ngra Italiyaga ko‘chib o‘tdik. Qaerga bormaylik, Yahovaning Shohidlarini izlab topardik. Ularning bir-biriga bo‘lgan samimiy sevgisi va oralaridagi birlik menda katta taassurot qoldirdi. Shohidlar rostdan ham umumjahon birodarlik ekanini ko‘rdim. (Yuhanno 13:34, 35) Vaqt o‘tib, Lori ikkovimiz suvga cho‘mdik va Yahovaning Shohidlari bo‘ldik.

Suvga cho‘mganimdan keyin ham o‘zgarishda davom etdim. Lori bilan AQShga borish uchun avval Afrika sohillarini suzib o‘tib, keyin Atlantika okeanini kesib o‘tmoqchi edik. Ikkalamiz ochiq dengizda, kichkinagina qayiqda, sohildan juda uzoqda bo‘lganimizda, buyuk Parvardigorimiz oldida qanchalik zarracha ekanimni tushundim. Bo‘sh vaqtim ko‘p edi, uni Muqaddas Kitob o‘qishga sarflardim (chunki okean o‘rtasida hech qanday shoshilinch ish yo‘q edi-da). Ayniqsa, Isoning yer yuzidagi hayoti menga kuchli ta’sir qilgandi. U aql bovar qilmas qobiliyatlarga ega mukammal inson bo‘lgan. Lekin shunga qaramay, u hech qachon o‘ziga e’tibor qaratmagan. U o‘zi uchun emas, balki samoviy Otasining irodasini bajarish uchun yashagan.

Xudoning Shohligini birinchi o‘ringa qo‘yishim kerakligini tushundim

Isoning o‘rnagini tadqiq qilib, Xudoning Shohligini birinchi o‘ringa qo‘yishim kerakligini tushundim. Shohlik ishini qiziqishlarimdan ortib qolgan vaqt hisobidan qilmasligim lozim. (Matto 6:33) Qo‘shma Shtatlardagi sohillarga yetib borgach, Lori bilan u yerda qolib, bor kuchimizni Xudoga xizmat qilish uchun bag‘ishlashga qaror qildik.

QANDAY FOYDA OLDIM?

Oldinlari men faqat o‘zim uchun yashardim va hayotimda ko‘p narsa noaniq edi. Hozir esa meni to‘g‘ri yo‘ldan yetaklaydigan, chinakam donolik manbaiga egaman. (Ishayo 48:17, 18) Qolaversa, hayotim mazmunga to‘la. Xudoga xizmat qilib, boshqalar u haqida bilib olishiga yordam beryapman.

Muqaddas Kitob prinsiplariga amal qilish men bilan Loriga nikohimizni mustahkamlashga ko‘maklashdi. Yahovani biladigan va Uni yaxshi ko‘radigan go‘zal qizimiz bor.

Hayotimiz doim ham silliq kechmagan, lekin Yahovaning yordami bilan hech qachon taslim bo‘lmaslikka va doim Unga tayanishga qat’iy qaror qildik. (Hikmatlar 3:5, 6)