MUQOVADAGI MAVZU | MUQADDAS KITOBNING SAQLANIB QOLISH TARIXI
Buni bilish muhimmi?
Muqaddas Kitob boshqa diniy matnlardan farq qiladi. Bunchalik uzoq vaqt mobaynida boshqa hech bir kitob ko‘pdan-ko‘p odamning e’tiqodiga shu qadar kuchli ta’sir qilmagan. Boshqa tomondan, hech bir kitob u kabi chuqur tadqiq va tanqid qilinmagan.
Masalan, ayrim olimlar hozirgi Muqaddas Kitobning ishonchliligidan shubhalanishadi. Bir professor shunday fikr bildirdi: «Asl matn aniq yetkazib berilganiga amin emasmiz. Qo‘limizda xatolarga to‘la nusxalar bor, xolos. Ularning aksariyati asl matn yozilganidan keyin asrlar o‘tib paydo bo‘lgan va minglab joylarda farq bor».
Boshqalar diniy e’tiqodlari sababli Muqaddas Kitobning ishonchliligidan shubhalanishadi. Masalan, Fayzalga Muqaddas Kitobni Alloh nozil etgan, lekin u o‘zgartirilgan, deb o‘rgatishgan. U shunday deb bo‘lishdi: «Oqibatda men Muqaddas Kitob haqida gapiradigan odamlarga ishonmay qo‘ydim. Axir ularda Muqaddas Kitobning asl nusxasi yo‘q, u o‘zgartirilgan!»
Muqaddas Kitob o‘zgartirilganmi yoki yo‘qmi, buni bilish muhimmi? Mana shu haqda bir o‘ylab ko‘ring: agar Muqaddas Kitob o‘zgartirilgan bo‘lsa, unda yozilgan ajoyib kelajak haqidagi va’dalarga ishonish mumkinmi? (Rimliklarga 15:4) Bordi-yu, Muqaddas Kitobning hozirgi nusxalari xatolarga to‘la bo‘lsa, unda ish, oila, Xudoga topinish kabi muhim masalalarda qaror chiqarayotib undagi prinsiplarga amal qilasizmi?
Garchi Muqaddas Kitobning asl nusxasi saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, uning qadimgi nusxalari — minglab qo‘lyozmalari mavjud. Bu qo‘lyozmalar yemirilish xavfi, qarshiliklar-u matnni o‘zgartirish urinishlariga qaramasdan, bugungacha qanday saqlanib qoldi? Uning saqlanib qolgani hozirgi Muqaddas Kitobga ishonchimizni qanday mustahkamlaydi? Bu savollarning javobini keyingi maqoladan bilib olasiz.