Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI

Men o‘lishni istamasdim!

Men o‘lishni istamasdim!
  • TUG‘ILGAN YILI: 1964

  • MAMLAKATI: ANGLIYA

  • O‘TMISHDA: ISYONCHI O‘SMIR ONA

TARJIMAI HOLIM

Men Paddingtonda, Londonning aholi zich yashaydigan qismida tug‘ilganman. Men onam va uchta opam bilan birga yashardim. Otam piyonista bo‘lgani uchun bir paydo bo‘lar, bir g‘oyib bo‘lardi.

Hali bolaligimda onam yotib uxlashdan oldin har tun ibodat qilishni menga o‘rgatgan edi. Mening kichkina Muqaddas Kitobim bo‘lardi va unda faqat Zabur kitobi bor edi. Undagi sanolarga qo‘shiq yaratib, ularni kuylardim. Bitta kitobda yozilgan so‘zlarni o‘qiganimda, ular miyamda qattiq o‘rnashib qoldi: «Kuni kelib ertangi kun kelmaydi». O‘sha so‘zlar menga tinchlik bermadi va men tuni bilan kelajak haqida o‘ylab chiqdim. «Hayotning mazmuni bo‘lishi kerak,— deb o‘ylardim men. — Nega dunyoga kelganman?» Men o‘lishni istamasdim!

Okkultizmga qiziqadigan bo‘lib qoldim. O‘lganlar bilan gaplashishga harakat qilardim, maktabdagi o‘rtoqlarim bilan qabristonlarga borardim va ular bilan birga dahshatli filmlar tomosha qilardim. Bularning bari biz uchun ham qiziqarli, ham qo‘rqinchli edi.

O‘n yoshligimda yomon yo‘lga kirib qoldim. Sigaret chekadigan bo‘ldim va kashandaga aylandim. Keyin nasha chekishga o‘tdim. O‘n bir yoshimda spirtli ichimlikni tatib ko‘rdim. Ta’mi yoqmagan bo‘lsa ham, ta’siri yoqardi. Men musiqani va raqsga tushishni yaxshi ko‘rardim. Imkon tug‘ilishi bilan o‘tirishlarga va tungi klublarga borardim. Tunlari uydan qochib chiqardim va tongotar payti qaytardim. Uyquga to‘ymaganim uchun ertasiga maktabdagi darslarni qoldirardim. Maktabga borgan taqdirda ham tanaffuslarda ichkilik ichardim.

Maktabni juda past baholar bilan tugatdim. Buni eshitib, yomon yo‘lga kirib qolganimdan umuman bexabar onamning hafsalasi pir bo‘ldi va jahli chiqdi. Biz janjallashdik va men uydan chiqib ketdim. Qaysidir vaqt yigitim Toninikida yashadim. U rastafarlar (rastamanlar) harakati vakili bo‘lib, mayda jinoyatlar sodir etar, giyohvand moddalar sotar va nihoyatda zo‘ravon degan nom chiqargan edi. Ko‘p o‘tmay men homilador bo‘ldim va 16 yoshimda o‘g‘limizni tug‘dim.

MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI

Ilk bor Yahovaning Shohidlari bilan bolasi bor ersiz onalar uchun mo‘ljallangan umumiy yotoqxonada yashab yurganimda tanishganman. Mahalliy hokimiyat u yerdan menga bir xona ajratib bergan edi. Ikkita ayol Shohid boshqa yosh onalarning oldiga muntazam kelib turardi. Kunlarning birida men ularning suhbatiga qo‘shildim. Men ularga Shohidlar adashayotganini isbotlab bermoqchi edim. O‘sha ayollar mening ko‘pgina savollarimga Muqaddas Kitobdan foydalanib xotirjamlik bilan va aniq javob berishdi. Ular shunchalik mehribon va muloyim ediki, menga yoqib qolishdi. Shunda men bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazishlariga rozi bo‘ldim.

Ko‘p o‘tmay Muqaddas Kitobdan hayotimni o‘zgartirgan narsalarni bilib oldim. Bolaligimdan o‘limdan qo‘rqardim. Mana endi Iso tirilish haqida o‘rgatganini bilib oldim! (Yuhanno 5:28, 29) Shuningdek, Xudo shaxsan menga g‘amxo‘rlik qilishini ham tushundim. (1 Butrus 5:7) Ayniqsa Yeremiyo 29:11 dagi so‘zlar menga qattiq ta’sir qildi. U yerda shunday deyilgan: «“Sizlar haqingizda qilgan niyatlarimni O‘zim yaxshi bilaman,— demoqda Yahova. — Musibat emas, tinchlik keltirish niyatidaman, sizlarga porloq kelajak va umid baxsh etaman». (Yeremiyo 29:11) Menda yer yuzidagi jannatda abadiy yashash umidi paydo bo‘ldi. (Zabur 37:29)

Yahovaning Shohidlari menga samimiy sevgini namoyon etishdi. Ilk bor ularning yig‘ilishiga borganimda, u yerda iliq va do‘stona muhit hukm surardi, hamma juda mehribon edi! (Yuhanno 13:34, 35) Bu mahalliy cherkovga borganimda menga qanday muomala qilishganidan katta farq qilardi. Sharoitimga qaramay, Shohidlar menga yaxshi muomala qilishardi. Ular vaqt va e’tiborini mendan ayashmasdi va amaliy yordam ko‘rsatishardi. Men o‘zimni katta va mehribon bir oilaning a’zosidek his qilardim.

Muqaddas Kitobni tadqiq qilgach, Xudoning yuqori axloqiy me’yorlariga mos kelish uchun hayotimda o‘zgarishlar qilishim kerakligini tushundim. Rosa qiynalgan bo‘lsam ham, sigaret chekishni tashladim. Shu bilan birga, ba’zi turdagi musiqalar nasha chekish istagimni kuchaytirishini anglab yetdim va ularni tinglamay qo‘ydim. Men hushyor turishni istardim, shunga mast bo‘lguncha ichish vasvasasiga berilmaslik uchun o‘tirishlarga va tungi klublarga borishni bas qildim. Shuningdek, menga ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan va yuqori axloqiy me’yorlarga amal qilishimga yordam beradigan yangi do‘stlarni qidira boshladim. (Hikmatlar 13:20)

Bu orada Toni ham Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshladi. Shohidlar Muqaddas Kitob yordamida uning savollariga javob berishganida, u o‘rganayotganlari haqiqat ekaniga ishonch hosil qildi. Toni hayotini tubdan o‘zgartirdi: sobiq zo‘ravon jo‘ralari bilan aloqani uzdi, mayda jinoyatlar sodir etishni to‘xtatdi va nasha chekishni tashladi. Yahovani to‘liq mamnun qilish maqsadida, ikkalamiz ham axloqsiz hayot tarzimizni o‘zgartirdik va o‘g‘limiz uchun sog‘lom muhit yaratish niyatida 1982-yili nikohimizni rasmiylashtirdik.

«Endi tunlari kelajak va o‘lim haqidagi qo‘rquvlar meni bezovta qilmayapti»

Hayotimda o‘zgarishlar qilishni istab «Qo‘riqchi minorasi» va «Uyg‘oning!» a jurnallaridan men kabi vaziyatda bo‘la turib hayot tarzini o‘zgartirgan insonlarning tarjimai hollarini izlaganimni eslayman. Bunday hikoyalar menga rosa dalda berardi! Ular meni taslim bo‘lmay kurashni davom ettirishga undardi. Meni tashlab qo‘ymasin deb Yahovaga iltijolar qilardim. 1982-yili Toni va men Yahovaning Shohidi sifatida suvga cho‘mdik.

HAYOTIM QANDAY YAXSHILANDI?

Tangri Yahova bilan do‘stlikni rivojlantirish hayotimni qutqarib qoldi. Qiyin paytlarda Toni va men Xudoning madadini his qildik. Mushkul damlarda biz Unga tayanishni o‘rgandik va U oilamizga hamisha yordam berganini va qo‘llab-quvvatlaganini his etardik. (Zabur 55:22)

O‘g‘limiz va qizimizga Yahovani tanib-bilishga ko‘maklasha olganimizdan mamnunman. Hozir ularning farzandlari ham Xudoni tanib-bilib ulg‘ayayotganini ko‘rishdan baxtliman.

Endi tunlari kelajak va o‘lim haqidagi qo‘rquvlar meni bezovta qilmayapti. Biz Toni bilan har hafta Yahova Shohidlarining jamoatlariga tashrif buyurib imondoshlarimizga dalda berish bilan bandmiz. Boshqalar ham abadiy yashay olishi uchun, imondoshlar bilan birga odamlarga Isoga e’tiqod qilishga yordam berib kelyapmiz.

a Yahovaning Shohidlari tomonidan chop etiladi