MUQADDAS KITOB HAYOTNI O‘ZGARTIRA OLADI
Beysbol hayotim mazmuni edi
-
TUG‘ILGAN YILI: 1928
-
MAMLAKATI: KOSTA-RIKA
-
O‘TMISHDA: PROFESSIONAL SPORTCHI VA QIMORBOZ BO‘LGAN
OLDINLARI.
Men port shahar Limonda tug‘ilib o‘sganman. U Kosta-Rikaning sharqiy qirg‘og‘ida joylashgan. Oilada sakkizta farzand edik, men yettinchisi edim. Sakkiz yoshligimda otam vafot etdilar va oyim bizni yolg‘iz o‘zlari katta qildilar.
Beysbol hayotimda doim muhim o‘rin egallagan. Bu sport turini bolaligimdanoq yaxshi ko‘rardim. Yuqori sinflarda o‘qiganimda, havaskorlar jamoasiga qo‘shildim. Yoshim 20 dan oshganida, qobiliyatli o‘yinchilarni izlab yuradigan bir kishi meni Nikaraguadagi professional jamoada o‘ynashga taklif qildi. Ammo onam og‘ir kasal bo‘lgani va men unga g‘amxo‘rlik qilganim uchun Nikaraguaga ko‘chib o‘tolmasdim. Shu bois ham uning taklifini rad etdim. Keyin esa mohir o‘yinchilarni izlab yuradigan boshqa bir kishi meni Kosta-Rikaning milliy jamoasiga taklif qildi. Bu jamoa havaskorlar jamoasidagi eng zo‘r o‘yinchilardan tashkil topgandi. Bu safar rozi bo‘ldim. Kosta-Rikaning milliy jamoasida 1949–1952-yilgacha o‘ynadim. Men Kuba, Meksika va Nikaraguadagi bir qator o‘yinlarda ishtirok etdim. Mohir beysbolchi edim va hatto 17 ta o‘yinda biror marta mag‘lubiyatga uchramadim. Odamlar ismimni baland ovozda aytib chaqirishganida, menga bu yoqardi.
Afsuski, axloqsiz hayot tarzini olib borardim. Garchi yaxshi ko‘rgan qizim bo‘lsa-da, boshqa ayollar bilan yurib, unga xiyonat qilardim. Ichkilikka mukkasidan ketgan edim. Bir kuni shunchalik ko‘p ichgan edimki, ertalab karavotimda uyg‘onsam, uyga qanday qaytganimni eslolmadim. Shuningdek, lotoreya va pul tikib domino o‘ynardim.
Men shunday hayot kechirgan paytimda onam Yahovaning Shohidi bo‘ldi. U menga o‘zining e’tiqodi haqida aytishga harakat qilardi. Lekin fikr-u xayolim sportda bo‘lgani uchun uning gaplari qulog‘imga kirmasdi. Mashqlar qilganimda, hatto och qolganimni ham sezmasdim. Butun xayolim o‘yin bilan band edi. Beysbol hayotim mazmuni edi.
Lekin 29 yoshligimda o‘yin paytida koptokni ushlayman deb, jiddiy jarohat oldim. Tuzalganimdan keyin esa professional sportni tark etdim. Ammo uyim yaqinidagi havaskorlar jamoasida murabbiylik qiladigan bo‘ldim.
MUQADDAS KITOB HAYOTIMNI O‘ZGARTIRDI
1957-yilda meni Yahova Shohidlarining anjumaniga taklif qilishdi. Bu anjuman men qachonlardir beysbol o‘ynagan stadionda o‘tgandi. Tomoshabinlar qatorida o‘tirar ekanman, xushmuomala Yahovaning Shohidlari beysbol o‘yinlarida shovqin-suron ko‘taradigan muxlislardan keskin farq qilishini ko‘rdim. Anjumanda ko‘rganlarim Muqaddas Kitob tadqiqini boshlashga hamda ularning uchrashuvlariga qatnashga undadi.
Muqaddas Kitobdagi ko‘plab haqiqatlardan hayratda edim. Masalan, Iso oxirzamonda uning shogirdlari Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni dunyo bo‘ylab va’z qilishlarini aytgan. (Matto 24:14) Shuningdek, Isoning haqiqiy izdoshlari o‘z xizmatini moddiy naf ko‘rish uchun ado etmasligini bilib oldim. Bejizga Iso shunday demagan: «Tekinga olgansizlar, tekinga beringlar». (Matto 10:8)
Muqaddas Kitobni tadqiq qilganim sayin, bilib olganlarimni Yahovaning Shohidlari orasida kuzatganlarim bilan solishtirardim. Ular Shohlik haqidagi xushxabarni dunyo bo‘ylab e’lon qilish uchun jon kuydirishi meni lol qoldirdi. Qolaversa, ular Iso izdoshlariga aytganidek, fidoyilik ruhini namoyon etishini ko‘rdim. Shuning uchun, Isoning Mark 10:21 dagi «mening izdoshim bo‘ling» degan taklifini o‘qiganimda, men ham Yahovaning Shohidi bo‘lishni istadim.
Lekin hayotimni o‘zgartirish uchun muayyan vaqt kerak bo‘ldi. Masalan, ko‘p yillar davomida taniqli lotoreyada ishtirok etardim va har safar omadli raqamimni qo‘yardim. Ammo Muqaddas Kitobdan Yahova «omad xudosi»ga topinuvchilarni hamda ochko‘z insonlarni qoralashini bilib oldim. (Ishayo 65:11; Kolosaliklarga 3:5) Shunday qilib, qimor o‘yinlarini o‘ynashni bas qildim. Lotoreya o‘ynashni bas qilgan edimki, o‘sha yakshanba kuni mening omadli raqamim yutuqli bo‘lib chiqdi. O‘sha hafta lotoreya o‘ynamaganim uchun odamlar ustimdan kulib, yana o‘ynashga undashdi. Ammo men unamadim. O‘shandan beri qimor o‘yinlarini o‘ynamay qo‘ydim.
Yahova Shohidlarining anjumanida suvga cho‘mganimdan keyin darhol yana bir vasvasaga duch keldim. (Efesliklarga 4:24) O‘sha oqshom mehmonxonaga qaytsam, eshigim oldida ilgari yaxshi ko‘rib yurgan qizim turgan ekan. U menga: «Yuraqol, Semmi, vaqtichog‘lik qilamiz»,— derdi. Men esa qat’iyan: «Yo‘q!» — dedim va Muqaddas Kitobdagi yuqori axloqiy me’yorlar bo‘yicha yashashimni aytdim. (1 Korinfliklarga 6:18) U bo‘lsa: «Nima deding?» — deb hayron bo‘ldi. Keyin u jinsiy axloqsizlik borasidagi Muqaddas Kitob me’yorlari ustidan kulib, «munosabatlarimizni tiklaylik» deb turib oldi. Lekin men jimgina xonamga kirib, ortimdan eshikni qulflab oldim. Bugungi kunda esa 1958-yili Yahovaning Shohidi bo‘lganimda tanlagan hayot tarzim bo‘yicha yashab kelayotganimdan xursandman.
QANDAY FOYDA OLDIM
Menimcha, Muqaddas Kitobda yozilganlarga amal qilib, qanday foyda olganim borasida bitta kitob yozsa bo‘ladi. Masalan, hozir ajoyib do‘stlarim bor, hayotim mazmun va chinakam baxtga to‘la.
Men hali-xanuz beysbolni yaxshi ko‘raman. Ammo hozir qadriyatlarim o‘zgardi. Beysbol tufayli shuhrat qozonib, ko‘p pulga ega bo‘ldim, ammo bu narsalar o‘tkinchi. Yahova bilan do‘stona munosabatlar hamda birodarlik rishtalari esa abadiydir. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Dunyo ham, uning nafsi ham o‘tib ketadi, Xudoning irodasini bajarayotgan kishi esa abadiy yashaydi». (1 Yuhanno 2:17) Hozir Tangri Yahovani va Uning xalqini hamma narsadan ko‘proq yaxshi ko‘raman.