Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

MUQOVADAGI MAVZU | TO‘RT CHAVANDOZ. ULARNING KELISHI SIZGA QANDAY TAALLUQLI?

To‘rt chavandoz. Ular kim?

To‘rt chavandoz. Ular kim?

To‘rt chavandoz sirli va qo‘rqinchli ko‘rinishi mumkin. Lekin aslida bunday emas. Nega? Chunki Muqaddas Kitob va zamonaviy tariximizdagi voqealar har bir chavandoz nimaning ramzi ekanini bexato aniqlashga yordam beradi. Garchi bu chavandozlar yer yuziga falokat kelishining belgisi bo‘lsa-da, bu siz va oilangiz uchun xushxabar degani. Qanaqasiga deysizmi? Keling, avvaliga har bir chavandoz nimani anglatishini bilib olaylik.

OQ OT MINGAN CHAVANDOZ

Vahiy mana bunday so‘zlar bilan boshlanadi: «Shunda, bir oq otni ko‘rdim. Chavandozining qo‘lida yoy bor edi va unga toj berilgandi. U zafar qozonib, mutlaq g‘alabaga erishish uchun chiqdi». (Vahiy 6:2)

Oq ot mingan chavandoz kimni bildiradi? Javobini shu kitobdan, ya’ni Vahiy kitobidan topamiz. Bu samoviy chavandoz «Xudoning Kalomi» deb atalgan. (Vahiy 19:11–13) «Kalom» unvoni Iso Masihga tegishli, chunki u Xudoning nomidan gapiradi. (Yuhanno 1:1, 14) Bundan tashqari, u «Shohanshoh va Oliy Hazrat» hamda «Sodiq va Haq» degan nomlarga ega. (Vahiy 19:16) Ko‘rinib turganidek Iso jangchi va shoh sifatida faoliyat yuritish vakolatiga ega. U qo‘lidagi hokimiyatni suiiste’mol qilmaydi. Ammo ba’zi savollar tug‘ilyapti.

Jang olib borish vakolatini unga kim bergan? (Vahiy 6:2) Doniyor payg‘ambar o‘z vahiysida «inson o‘g‘liga» o‘xshatilgan Masihni ko‘radi va unga «Azaliy Nuroniy», ya’ni Tangri Yahova a «hukmdorlik, shon-sharaf hamda saltanat» beradi. (Doniyor 7:13, 14) Bundan chiqdi Isoga qudratni, boshqarish va hukm qilish huquqini Qodir Alloh bergan. Muqaddas Yozuvlarda oq rang ko‘pincha odillik timsoli sifatida ishlatiladi. Shu sababli oq ot Xudoning O‘g‘li olib boradigan adolatli urush uchun mos timsol sifatida xizmat qiladi. (Vahiy 3:4; 7:9, 13, 14)

Chavandozlar qachon yugurishni boshladi? Isoga toj berilganidan keyin birinchi chavandoz yugurishni boshladi. (Vahiy 6:2) Qachon Isoga Shoh sifatida toj berilgan? Tirilib osmonga ko‘tarilganidan keyin darholmi? Yo‘q. Muqaddas Kitobda aytilishicha, u osmonga qaytganidan keyin muayyan vaqt o‘tishi kerak edi. (Ibroniylarga 10:12, 13) Iso o‘z shogirdlariga bu kutish davri yakunlanganini va u osmonda hukmronlik qilishni boshlaganini qanday aniqlash mumkinligini tushuntirgan. U aytgan ediki, hukmronlik qilishni boshlaganida yer yuzida ahvol yomonlashadi. Urushlar, oziq-ovqat yetishmovchiligi hamda o‘latlar, ya’ni epidemiyalar bo‘ladi. (Matto 24:3, 7; Luqo 21:10, 11) 1914-yili Birinchi jahon urushi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, insoniyat Muqaddas Kitobda «oxirzamon» deb atalgan nihoyatda og‘ir davrga qadam qo‘ygani yaqqol ko‘rindi. (2 Timo‘tiyga 3:1–5)

Iso 1914-yili hukmronlik qilishni boshlaganidan buyon nega yer yuzida ahvol battarlashib bormoqda? Chunki shu yili Iso yerda emas, osmonda hukmronlik qilishni boshladi. O‘shanda osmonda jang bo‘ldi va yaqinda taxtga o‘tirgan Shoh Iso (Vahiy kitobida Mikoil deb atalgan) Shayton bilan uning jinlarini yer yuziga uloqtirdi. (Vahiy 12:7–9, 12) Umri qisqa ekanini tushungan Shayton jahl otiga mingan. Xudo Shaytonga chiqarilgan hukmni amalga oshirib, uni yer yuzidan yo‘q qilib yuboradigan kun yaqinlashmoqda. (Matto 6:10) Keling, endi qolgan uch chavandoz haqida so‘z yuritaylik. Ularning yugurib chiqishi «oxirzamon» bilan bog‘liq. Birinchi chavandozdan farqli o‘laroq, ular aniq bir shaxsni bildirmaydi. Ular insoniyat jamiyatining boshiga tushadigan global sharoitlarni anglatadi.

QIZG‘ISH MALLA RANGLI OT MINGAN CHAVANDOZ

«Shu payt qizg‘ish malla rangli ot chiqdi. Chavandoziga yer yuzidagilar bir-birini shafqatsizlarcha o‘ldirishi uchun dunyodan tinchlikni olishga ruxsat etilib, katta qilich berildi». (Vahiy 6:4)

Bu chavandoz urushlarni bildiradi. Unga bir nechta xalqdan emas, butun dunyodan tinchlikni olishga ruxsat berilgan. 1914-yili tarixda ilk bor jahon miqyosida urush sodir bo‘ldi. Undan keyin yanada ko‘proq vayronagarchilik keltirgan Ikkinchi jahon urushi yuz berdi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 1914-yildan boshlab yuz bergan urushlar va harbiy mojarolarda 100 milliondan oshiq insonning yostig‘i qurigan! Qanchadan–qancha odamlar nogiron bo‘lib qolgan.

Urushlar hozirgi zamonni boshqa davrlardan ajratib turibdimi? Shubhasiz, axir tarixda ilk bor odamlar o‘z–o‘zini butunlay yo‘q qilib yuborish qudratiga ega-ku! Hatto Birlashgan Millatlar kabi tinchlik keltiruvchi tashkilotlar ham qizg‘ish malla rangli ot mingan chavandozni to‘xtatishga qodir emas.

QORA OT MINGAN CHAVANDOZ

«Keyin qora otni ko‘rdim. Chavandozining qo‘lida tarozi bor edi. Shunda go‘yo to‘rt jonzot orasida bir ovoz shunday deyayotganini eshitdim: “Bir kilo bug‘doy bir dinorga, uch kilo arpa bir dinorga. Zaytun yog‘i va sharobga esa zarar yetkazma”». (Vahiy 6:5, 6)

Bu chavandoz ocharchilikni bildiradi. Vahiydagi ovoz oziq-ovqatlar juda qimmat turishini e’lon qiladi: bir kilocha (kvarta) bug‘doy bir dinor, ya’ni birinchi asrda bir kunlik ish haqiga teng! (Matto 20:2) Bug‘doydan qadri past bo‘lgan arpaning taxminan uch kilosi (3 kvarta) ham bir dinor turadi. Bunaqa narx-navo bilan oilani boqib bo‘ladimi?! Keyin odamlar vahiyda yog‘ va sharob deb tasvirlangan o‘sha davr uchun kundalik oziq–ovqatlarga nisbatan tejamkor bo‘lib, ularni iste’mol qilmaslik haqida ogohlantiriladi.

Xo‘sh, 1914-yildan buyon qora ot mingan chavandoz chopib yurganining isboti bormi? Ha! 20- asr davomida taxminan 70 million odam ochlikdan o‘lgan. Bir manbaning ma’lumotiga ko‘ra, «2012–2014-yillarda 805 million inson — yer yuzi aholisining to‘qqizdan bir qismi — surunkali ravishda kam ovqatlangan». Boshqa bir manbada aytilishicha, «har yili ochlikdan OITS, bezgak va sil kasalliklaridan o‘lganlarning jamiga qaraganda ko‘proq odam halok bo‘ladi». Ochlik muammosini bartaraf etish yo‘lidagi ko‘p sa’y-harakatlarga qaramay, qora ot mingan chavandoz chopishda davom etmoqda.

RANGIDA RANG QOLMAGAN OT MINGAN CHAVANDOZ

«Shu zahoti rangida rang qolmagan bir otni ko‘rdim. Chavandozining nomi O‘lim edi. Mozor ham uning orqasidan ergashib kelayotgandi. Uzun qilich, ocharchilik, o‘lat va yirtqich hayvonlar bilan o‘ldirish uchun unga yerning to‘rtdan bir qismi ustidan hokimiyat berildi». (Vahiy 6:8)

To‘rtinchi chavandoz esa o‘lat, ya’ni epidemiya va boshqa sabablar keltirib chiqaradigan o‘limni bildiradi. 1914-yildan ko‘p o‘tmay ispan grippi o‘nlab million odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Taxminan 500 million inson, ya’ni sayyoramizning har uchinchi odami bu grippni yuqtirib olgan.

Ammo ispan grippi bu boshlanishi edi, xolos. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, 20- asrda chechak (ospa) kasalligidan yuzlab million odamlar o‘lgan. Tibbiyot sohasida erishilgan yutuqlarga qaramay, haligacha odamlar OITS, sil va bezgak qurboni bo‘lmoqda.

Urushlar, ochlik, o‘latlar... Hammasi o‘lim keltiradi. Insoniyat qabristoni yangi qurbonlar bilan to‘lib bormoqda. Go‘yoki umid yo‘qday.

YAXSHI KUNLAR OLDINDA!

Yaqinda falokat-u musibatlar davri yakun topadi. Unutmang, Iso g‘alaba qozonish uchun 1914-yili oq ot minib yo‘lga chiqdi va Shaytonni yer yuziga uloqtirdi. Ammo shu bilan u o‘z ishini yakunlamadi. (Vahiy 6:2; 12:9, 12) Yaqinda Armageddonda Iso Shaytonni odamlarga ta’sir o‘tkazish imkoniyatidan mahrum etadi va uni qo‘llab-quvvatlagan kishilarni yo‘q qilib tashlaydi. (Vahiy 20:1–3) Iso uch chavandozni to‘xtatibgina qolmay, ular keltirgan barcha zararni qoplaydi. U buni qanday qiladi? Muqaddas Kitobdagi va’dalarga e’tibor bering.

Urush o‘rniga tinchlik hukm suradi. Yahova «yer yuzi bo‘ylab janglarga barham beradi. Kamonlarni sindirib, nayzalarni parchalab tashlaydi». (Zabur 46:9) Tinchliksevar insonlar esa «tinchlik-xotirjamlikda umr kechirib, behad shod bo‘ladi». (Zabur 37:11)

Ochlik o‘rniga to‘kin-sochinlik keladi. «Yer yuzida g‘alla mo‘l bo‘ladi, tog‘lar tepasida don serob bo‘ladi». (Zabur 72:16)

Yaqinda Iso uch chavandoz keltirgan barcha zararni qoplaydi

Epidemiyalar va o‘lim o‘tmishda qoladi. Hamma mukammal sog‘likka va abadiy hayotga ega bo‘ladi. «Xudo ularning ko‘zidagi har qanday yoshni artib oladi. O‘lim, motam, faryod va og‘riq boshqa bo‘lmaydi». (Vahiy 21:4)

Iso yer yuzida yashaganida odamlarni tinchlikka o‘rgatgan, minglab och kishilarni to‘ydirgan, kasallarga shifo bergan va hatto o‘lganlarni tiriltirgan. Bu bilan uning boshqaruvi ostida hayot qanday bo‘lishini oldindan ko‘rsatgan. (Matto 12:15; 14:19–21; 26:52; Yuhanno 11:43, 44)

Yahovaning Shohidlari uch chavandozning chopishi tugashiga qanday tayyor bo‘lishingiz mumkinligini Muqaddas Kitobingizdan bajonidil ko‘rsatib berishadi. Ko‘proq bilib olish uchun taklifni qabul qilasizmi?

a Muqaddas Kitobga binoan Xudoning ismi Yahova.