ILOVA
Bayramlarga qanday nuqtai nazarda bo‘lish kerak?
DUNYONING ko‘p joylarida o‘tkazilayotgan mashhur diniy va siyosiy bayramlar Muqaddas Kitobga asoslanmagan. Bo‘lmasa, ular nimaga asoslangan? Agar bu masalani lug‘atlar va ensiklopediyalar yordamida tadqiq qilib ko‘rsangiz, bayramlarning kelib chiqishini bilib olasiz. Misol tariqasida ba’zi bayramlarni ko‘rib chiqaylik.
Pasxa. Bir ensiklopediya aytishicha: «Injilning hech qayerida, Isoning tirilishi munosabati bilan Pasxa nishonlanishi to‘g‘risida aytilmagan» («The Encyclopædia Britannica»). Ba’zilar bu bayramni Iso Masihning tirilishi bilan bog‘lasalar-da, aslida uning udumlari butparastlikdan kelib chiqqan. Masalan boshqa bir ensiklopediyada, Pasxaga tayyorlangan «quyon — bu butparastlarning hosil timsolidir», deb aytiladi («The Catholic Encyclopedia»).
Yangi yil bayrami. Har bir mamlakatda yangi yil bayrami o‘zgacha vaqtda, o‘zgacha uslubda nishonlanadi. Bayramning kelib chiqishi to‘g‘risida bir ensiklopediyada shunday deyiladi: «Yangi yilning 1- yanvardan boshlanishini, milodan avvalgi 46- yilda Rim hokimi Yuliy Sezar joriy etgan. Rimliklar bu kunni, eshiklaru kirish-chiqish hamda har qanday harakatning boshlanishi xudosi bo‘lmish Yanus sharafiga bag‘ishlaganlar. Uning, biri oldinga, biri orqaga qaraydigan ikkita yuzi bor ekan. Yanvar oyi aynan Yanus xudoning ismidan kelib chiqqan» («The World Book Encyclopedia»). Xullas, Yangi yil bayrami butparastlarning an’analaridan kelib chiqqan.
Xellouin. Bir ensiklopediyada aytilishicha: «Xellouin bayramining an’analari druidlarning [qadimgi kelt kohinlarining] topinishi bilan bog‘liq bo‘lib, Iso Masih davridan avvalgi vaqtga borib taqaladi. Keltlar bu bayramni quyosh xudosi va o‘liklar xudosi sharafiga bag‘ishlab, uni Yangi yil deyishar va 1-noyabrda nishonlashar edi. Asta-sekin bu bayram xristianlikka singib ketdi» («The Encyclopedia Americana»).
Boshqa bayramlar. Hozirgi kunda nishonlanadigan bayramlarning hammasini muhokama qilish imkoni yo‘q. Biroq, odamlarni yoki tashkilotlarni yuksaltiradigan bayramlar Tangri Yahovaga xush kelmaydi (Yeremiyo 17:5–7; Havoriylar 10:25, 26). Yodingizda bo‘lsin, Xudoga xush keladigan bayramlarni aniqlash uchun, aynan ularning kelib chiqishi katta ahamiyatga ega (Ishayo 52:11; Vahiy 18:4). Kitobimizning 16- bobida keltirilgan Muqaddas Kitob ta’limotlari, har xil bayramlarga bo‘lgan Xudoning nuqtai nazarini tushunishingizga yordam beradi.