2- QISM
Sadoqat — mustahkam nikoh garovidir
«Alloh birga qo‘shganini bandasi ajratmasin» (Mark 10:9).
Tangri Taolo: «Xiyonat qilmanglar»,— deb buyurmoqda (Malaki 2:16). Bu, nikohda ayniqsa muhim. Sababi, sadoqat yo‘q joyda, ishonch ham bo‘lmaydi. Ishonchsiz esa, sevgi so‘nib qoladi.
Bugungi kunda, eru xotinlar orasidagi sadoqat poymol qilinyapti. Nikohingizni himoya qilish uchun, ikkita maqsad sari intiling.
1 NIKOHINGIZNI QIMMATBAHO XAZINA DEB BILING
MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Qaysi narsalar muhimroq ekanini farqlang» (Filippiliklarga 1:10). Nikohingiz — hayotingizdagi muhim qadriyatlardan biridir. Shu bois, u birinchi o‘rinda bo‘lishi zarur.
Xudovand Yahova, turmush o‘rtog‘ingiz bilan hamqadam bo‘lib, birga «hayotdan zavqlanib» yashashingizni xohlaydi (Voiz 9:9). Alloh, umr yo‘ldoshingizga beparvo bo‘lishning o‘rniga, bir-biringizni baxtiyor qilishga jon kuydirishingizni istaydi (1 Korinfliklarga 10:24). Juftingiz o‘zini kerakli va qadrli ekanini his qilishiga harakat qiling.
FOYDALI MASLAHATLAR
-
Suyukli yoringizga har doim vaqt ajratib, shaxsan e’tibor qarating.
-
«Men» emas, «biz» deyishga odatlaning.
2 QALBINGIZNI ASRANG
MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Ayol kishiga ehtiros bilan qaragan, allaqachon ko‘nglida u bilan zino qilgan bo‘ladi» (Matto 5:28). Kishi axloqsiz fikrlarga berilsa, umr yo‘ldoshiga xiyonat qilgan bilan barobardir.
Xudoning Kalomida: «Qalbingni asra»,— deb aniq yozilgan (Hikmatlar 4:23; Yeremiyo 17:9). Bunday yo‘l tutish uchun, ko‘zingiz nimaga qaratilganiga e’tiborli bo‘lishingiz darkor (Matto 5:29, 30). Bu borada Ayub payg‘ambar bizga yaxshi o‘rnak ko‘rsatib, o‘zga ayolga mahliyo bo‘lib qaramaslik uchun ko‘zlari bilan ahd qilgan (Ayub 31:1). Pornografiya tomosha qilmaslikka qat’iy qaror qiling. Turmush o‘rtog‘ingizdan bo‘lak hech kim bilan ishqiy munosabatlar rivojlanishiga yo‘l qo‘ymang.
FOYDALI MASLAHATLAR
-
Umr yo‘ldoshingizga butunlayin sodiq ekaningizni boshqalarga yaqqol ko‘rsating.
-
Juftingizning tuyg‘ularini inobatga oling. Uni xavotirga solayotgan har qanday munosabatlarga darrov chek qo‘ying.