5- QISM
Oiladagi tinchlik — eng yaxshi malham
«Mehribonlik, o‘y-fikrda kamtarinlik, muloyimlik va uzoq sabrlilik kabi yoqimli fazilatlarga burkaninglar» (Kolosaliklarga 3:12).
Nikoh qurgandan so‘ng yangi bir oila paydo bo‘ladi. Garchi, ota-onangizni hamisha sevib, hurmat-izzat qilsangiz ham, endi siz uchun yer yuzidagi eng muhim shaxs umr yo‘ldoshingiz bo‘ladi. Ehtimol, ota-onangiz bunga ko‘nikishi qiyin kechar. Biroq Muqaddas Kitobdagi me’yorlar muvozanatli bo‘lishingizga yordam beradi. Shu yo‘sin, siz ota-onangizu qaynota-qaynonangiz bilan totuv bo‘lib, oila rishtalaringizni mustahkam qila olasiz. Ushbu qismda aytib o‘tilgan maslahatlar opa-singil, aka-uka, qaynilar, buvi-buvalar va oilaning boshqa a’zolariga taalluqli.
1 OILA A’ZOLARINGIZGA TO‘G‘RI MUNOSABATDA BO‘LING
MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Ota-onangni hurmat qil» (Efesliklarga 6:2). Necha yoshda bo‘lishingizdan qat’i nazar ota-onangizni doim e’zozlab, hurmat qilishingiz zarur. Shuni unutmangki, turmush o‘rtog‘ingiz kimningdir o‘g‘li yoki qizi bo‘lib, ota-onasiga e’tibor berishi lozim. «Sevgi rashk qilmaydi». Shu bois, umr yo‘ldoshingizni uning ota yoki onasiga rashk qilish nodonlik bo‘lardi (1 Korinfliklarga 13:4; Galatiyaliklarga 5:26).
FOYDALI MASLAHATLAR
-
«Oila a’zolaringiz doim meni kamsitishadi» yoxud «hech bir ishim onangizga aslo yoqmaydi»,— deb bo‘rttirishdan yiroqlashing.
-
Barcha narsaga juftingizning ko‘zi bilan qarashga urinib ko‘ring.
2 NIKOHINGIZ UCHUN O‘ZINGIZ MAS’ULSIZ
MUQADDAS KITOBDA NIMA DEYILGAN? «Erkak kishi ota-onasidan bo‘lak chiqib, xotiniga bog‘lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo‘ladilar» (Ibtido 2:24). Turmush qurganingizdan so‘ng, ota-onangiz o‘zlarini siz uchun hali ham mas’ul deb hisoblashlari mumkin. Ehtimol, ular nikohingizga keragidan ko‘proq aralashar.
Eru xotin, ota-onalari nikohida qay darajada qatnashishiga ijozat berilishini birgalikda kelishib olishlari va muloyimlik ila bu haqda ularga bildirishlari darkor. Ochiqchasiga va dangal gapirish, qo‘pol bo‘lishni anglatmaydi (Hikmatlar 15:1). Kamtarin, muloyim va uzoq sabrlilik oila a’zolari bilan iliq munosabatlarga ega bo‘lib, eru xotin qarindoshlariga nisbatan bardoshli bo‘lishlariga ko‘maklashadi (Efesliklarga 4:2).
FOYDALI MASLAHATLAR
-
Agar o‘zingizning yoki umr yo‘ldoshingizning qarindoshlari haddan tashqari hayotingizga aralashayotganday tuyulsa, turmush o‘rtog‘ingiz bilan buni bafurja muhokama qiling.
-
Bu masalani qanday hal qilishni va o‘zingizni qay yo‘sin tutishingizni bir yoqadan bosh chiqarib gaplashib oling.