Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Matto 5–7 boblar

Matto 5–7 boblar

5 Iso xaloyiqni ko‘rib, toqqa ko‘tarildi. U o‘tirganidan so‘ng, yoniga shogirdlari kelishdi. 2 Shunda u quyidagi so‘zlar bilan ta’lim bera boshladi:

3 «Ma’naviy narsalarga chanqoq bo‘lganlar a baxtlidir, chunki Osmon Shohligi ularnikidir.

4 Qayg‘u-alam chekayotganlar baxtlidir, zero ularga tasalli beriladi.

5 Muloyim b kishilar baxtlidir, chunki ular yer yuziga ega bo‘lishadi.

6 Adolatga och-u chanqoqlar baxtlidir, boisi ularning bu ehtiyoji qondiriladi.

7 Rahmdil bo‘lganlar baxtlidir, sababi ularga rahm-shafqat ko‘rsatiladi.

8 Pokdil bo‘lganlar baxtlidir, negaki ular Xudoni ko‘rishadi.

9 Tinchlik o‘rnatuvchilar c baxtlidir, chunki ular “Tangrining o‘g‘illari” deyiladi.

10 Odillik uchun ta’qib qilinayotganlar baxtlidir, zero Osmon Shohligi ularnikidir.

11 Men uchun odamlar sizlarni haqoratlab, quvg‘un qilishsa, sizlar haqda yolg‘on va har qanday yaramas so‘zlarni aytishsa, baxtlisizlar. 12 Shod-xurram bo‘linglar, zero osmondagi mukofotingiz buyukdir. Axir sizlardan avval o‘tgan payg‘ambarlar ham shunday quvg‘un qilinishgan-ku.

13 Sizlar yerning tuzisizlar. Agar tuz o‘z kuchini yo‘qotsa, uni yana qanday sho‘r qilish mumkin? Endi u tashlab yuborilib, oyoq ostida poymol bo‘lishdan boshqa hech narsaga yaramaydi.

14 Sizlar dunyoning nurisizlar. Tog‘ning ustida joylashgan shahar ko‘rinmay qolmaydi. 15 Odamlar chiroqni yoqishganda, uni savatning tagiga emas, chiroqpoyaga qo‘yishadi. Shunda uydagilarning hammasiga yorug‘lik tushadi. 16 Xuddi shunday sizlarning nuringiz ham insonlar oldida porlab tursin, toki ular yaxshi ishlaringizni ko‘rib, osmondagi Otangizni sharaflashsin.

17 Meni Tavrotni yoki payg‘ambarlarning so‘zlarini bekor qilgani kelgan, deb o‘ylamanglar. Bekor qilgani emas, amalga oshirgani kelganman. 18 Ishonavering, hatto osmon bilan yer yo‘q bo‘lib ketsa-da, Tavrotning birorta kichik harfi yoki harfining nuqtasi ham o‘chib ketmaydi. Unda yozilganlarning hammasi amalga oshadi. 19 Shunday ekan, kim bu amrlarning eng kichigini buzib, boshqalarga ham buni o‘rgatsa, u Osmon Shohligiga kirishga noloyiq bo‘ladi. Lekin kim bu amrlarni bajarib, boshqalarga ham shuni o‘rgatsa, Osmon Shohligiga kirishga loyiq deb topiladi. 20 Sizlarga aytib qo‘yay, agar odilligingiz ulamo-yu farziylarnikidan ustun bo‘lmasa, Osmon Shohligiga kirmaysizlar.

21 Qadimda yashaganlarga: “Qotillik qilmang. Kim qotillik qilsa, mahkama oldida javob beradi”,— deyilganini eshitgansizlar. 22 Men esa sizlarga shunday deyman: kimki birodariga g‘azablanib yursa, mahkama oldida javob beradi. Kimki birodarini yomon so‘zlar bilan kamsitsa, Oliy mahkama oldida javob beradi. Kimki birodariga: “O‘taketgan ahmoqsan”,— desa, olovli jahannamga d tashlanadi.

23 Agar nazringizni qurbongohga olib kelganingizda, birodaringiz sizdan xafa ekani yodingizga tushib qolsa, 24 nazringizni qurbongoh oldida qoldiring-da, avvaliga borib birodaringiz bilan yarashing. Shundan so‘ng kelib, nazringizni baxshida eting.

25 Da’vogar odam bilan mahkamaga borarkansiz, yo‘l-yo‘lakay u bilan masalani hal qilishga shoshiling. Tag‘in da’vogar sizni hakamga, hakam esa sizni hukmni ijro etuvchiga topshirib, qamoqqa tushib qolmang. 26 Sizga aytib qo‘yay, qarzingizni oxirgi tiyinigacha to‘lamaguncha, u yerdan chiqmaysiz.

27 Sizlar: “Zino qilmang”,— deyilganini eshitgansizlar. 28 Men esa sizlarga shuni aytamanki, ayol kishiga ehtiros bilan qaragan e har kim, allaqachon ko‘nglida u bilan zino qilgan bo‘ladi. 29 Agar o‘ng ko‘zingiz gunoh qilishingizga sabab bo‘lsa, uni o‘yib tashlang. Chunki butun tanangiz jahannamga tashlanganidan ko‘ra, a’zolaringizning biridan ajralganingiz yaxshiroqdir. 30 Shuningdek, o‘ng qo‘lingiz gunoh qilishingizga sabab bo‘lsa, uni chopib tashlang. Boisi, butun tanangiz jahannamga tashlanganidan ko‘ra, a’zolaringizning biridan ajralganingiz yaxshiroqdir.

31 Bundan tashqari: “Kimki xotini bilan ajrashsa, unga taloq xatini yozib bersin”,— deb aytilgan. 32 Men esa sizlarga shunday deyman: xotini bilan zinodan f boshqa sababga ko‘ra ajrashgan har kim uning bevafolik qilishiga sababchi bo‘ladi. Shuningdek, kim ajralgan xotinga uylansa, bevafolik qilgan bo‘ladi.

33 Xuddi shunday qadimda yashaganlarga: “Qasamni buzmang. Yahova oldida ichgan qasamingizni bajo keltiring”,— deb aytilganini eshitgansizlar. 34 Men esa shunday deyman: umuman qasam ichmang, na osmon haqqi, chunki u Allohning taxtidir; 35 na yer haqqi, negaki u Xudoning oyoq qo‘yadigan kursisidir; na Quddus haqqi, boisi u ulug‘ Shohning shahridir. 36 Boshingiz haqqi ham qasam ichmang, zero hatto sochingizning bir tolasini oq yoki qora qila olmaysiz. 37 “Ha” deganingiz “ha” bo‘lsin, “yo‘q” deganingiz “yo‘q” bo‘lsin. Bundan ortig‘i esa Shaytondandir.

38 Sizlar: “Ko‘z evaziga ko‘z, tish evaziga tish”,— deb aytilganini eshitgansizlar. 39 Lekin men shunday deyman: yomon odamga qarshilik ko‘rsatmang. Aksincha, o‘ng yonog‘ingizga tarsaki tushirgan kishiga chap yonog‘ingizni ham o‘giring. 40 Bordi-yu, kimdir siz bilan da’volashib, ich kiyimingizni olmoqchi bo‘lsa, unga ustki kiyimingizni ham bering. 41 Agar vakolatli inson sizni bir chaqirim yo‘l yurishga majburlasa, u bilan ikki chaqirim yo‘l yuring. 42 Sizdan so‘raganga bering va sizdan qarz g olmoqchi bo‘lgandan yuz o‘girmang.

43 Sizlar: “Yaqiningizni seving, dushmaningizdan nafratlaning”,— deb aytilganini eshitgansizlar. 44 Biroq men sizlarga shunday deyman: dushmanlaringizni sevinglar hamda sizlarni ta’qib qilayotganlar uchun ibodat qilinglar. 45 Shunda osmondagi Otangizning o‘g‘illari bo‘lasizlar. Chunki U O‘z quyoshini yovuzlar ustidan ham, yaxshilar ustidan ham balqitadi, yomg‘irini odillar ustiga ham, adolatsizlar ustiga ham yog‘diradi. 46 Agar sizlarni sevganlarnigina sevsangizlar, qanday mukofotga erishasizlar? Axir soliqchilar ham shunday qilishmaydimi? 47 Xuddi shunday, faqat o‘z birodarlaringiz bilan salomlashsangiz, qanday fazilatli ish qilgan bo‘lasizlar? Boshqa xalqlar ham shunday yo‘l tutishmaydimi? 48 Shunday ekan, osmondagi Otangiz barkamol bo‘lganiday, sizlar ham barkamol bo‘linglar.

6 Odamlarga ko‘rinish uchun odilligingizni ko‘z-ko‘z qilishdan ehtiyot bo‘linglar. Aks holda, samoviy Otangizdan mukofot ololmaysizlar. 2 Shuning uchun, xayr-sadaqa berayotganingizda jar solmang. Ikkiyuzlamachilar ham odamlardan maqtov olish uchun ibodatxonalarda va ko‘chalarda bunday qilishadi. Ishonavering, ular o‘z mukofotini to‘lig‘icha olib bo‘lishdi. 3 Ammo xayr-sadaqa berayotganingizda, chap qo‘lingiz o‘ng qo‘lingiz nima qilayotganini bilmasin, 4 ya’ni xayr-sadaqangiz yashirin bo‘lsin. Shunda yashirin bo‘lganlarni ko‘ruvchi samoviy Otangiz sizni mukofotlaydi.

5 Ibodat qilayotganingizda ham ikkiyuzlamachilardek bo‘lmanglar, chunki ular odamlarga ko‘rinish uchun ibodatxonalarda va katta ko‘chalarning burchaklarida turib ibodat qilishni yaxshi ko‘rishadi. Ishonavering, ular o‘z mukofotini to‘lig‘icha olib bo‘lishdi. 6 Siz esa ibodat qilayotganingizda o‘z xonangizga kiring va eshikni yopib, yashirin bo‘lgan samoviy Otangizga ibodat qiling. Shunda yashirin bo‘lganlarni ko‘ruvchi samoviy Otangiz sizni mukofotlaydi. 7 Ibodat qilayotganingizda o‘zga xalqlar singari o‘sha-o‘sha so‘zlarni takrorlayvermang. Chunki ular, ko‘p so‘zlasam Tangrim meni eshitadi, deb o‘ylashadi. 8 Sizlar esa ularga o‘xshamanglar, axir samoviy Otangiz nimalarga muhtoj ekaningizni, Undan so‘rashingizdan avval biladi-ku.

9 Sizlar esa shunday ibodat qilinglar:

“Osmondagi Otamiz, isming muqaddas bo‘lsin h. 10 Shohliging kelsin. Osmonda bo‘lgani kabi, yerda ham Sening irodang bajo bo‘lsin. 11 Bugungi rizq-ro‘zimizni ber. 12 Bizga qarshi gunoh qilganlarni i biz kechirgandek, Sen ham bizning gunohlarimizni kechir. 13 Vasvasaga berilib ketishimizga yo‘l qo‘yma j, Shaytondan xalos et”.

14 Boshqalarning xatolarini kechirsangiz, samoviy Otangiz ham sizlarni kechiradi. 15 Agar kechirmasangiz, unda Otangiz ham xatolaringizni kechirmaydi.

16 Ro‘za tutayotganingizda ikkiyuzlamachilar kabi ma’yus bo‘lib yurmanglar. Chunki ular ro‘za tutishganini odamlarga bildirish uchun, o‘zlarini bechorahol qilib ko‘rsatishadi. Ishonavering, ular o‘z mukofotini to‘lig‘icha olib bo‘lishdi. 17 Siz esa ro‘za tutayotganingizda boshingizga moy surtilgan, yuzingiz yuvilgan bo‘lsin. 18 Toki ro‘za tutganingiz odamlarga emas, aksincha, yashirin bo‘lgan samoviy Otangizga ayon bo‘lsin. Shunda yashirin bo‘lganlarni ko‘ruvchi samoviy Otangiz sizni mukofotlaydi.

19 O‘zingiz uchun yer yuzida xazina to‘plamanglar. Chunki bu yerda ularni kuya va zang yeb bitiradi hamda o‘g‘rilar kirib talaydi. 20 Buning o‘rniga, xazinani osmonda to‘planglar. U yerda ularni na kuya, na zang yeb bitiradi va na o‘g‘rilar kirib talaydi. 21 Zero xazinangiz qayerda bo‘lsa, yuragingiz ham o‘sha yerda bo‘ladi.

22 Ko‘z — tananing chirog‘i. Agar ko‘zingiz faqat bir narsaga qaratilgan k bo‘lsa, butun tanangiz yorug‘ bo‘ladi. 23 Bordi-yu, ko‘zingiz narsalarga hasad bilan qaraydigan l bo‘lsa, unda butun tanangiz zim-ziyo bo‘ladi. Agar sizdagi nur aslida qorong‘ilik bo‘lsa, unda tanangiz qorong‘ilikka to‘la bo‘ladi!

24 Hech kim ikki xo‘jayinga qullik qilolmaydi. U yo biridan nafratlanib, ikkinchisini sevadi yoki biriga sodiq qolib, ikkinchisini mensimaydi. Sizlar ham Xudoning, ham boylikning quli bo‘la olmaysizlar.

25 Sizlarga aytadigan gapim shu: nima yeymiz va nima ichamiz, deb joningiz uchun yoki nima kiyamiz deb tanangiz uchun tashvishlanmanglar. Jon yegulikdan, tana esa kiyimdan afzal emasmi? 26 Qushlarni diqqat bilan kuzatinglar: ular na urug‘ ekadi, na hosil o‘radi va na omborga don yig‘adi. Shunday bo‘lsa-da, samoviy Otangiz ularning rizqini beradi. Sizlar esa ulardan ancha afzalroq emasmisiz? 27 Sizlardan kim tashvishlanib, o‘z umrini bir lahzaga bo‘lsa-da, uzaytira oladi? 28 Shuningdek, kiyim haqida nega tashvishlanyapsizlar? Dashtdagi lolalarning qanday o‘sishiga qarab, ibrat olinglar: ular na mehnat qiladi, na charx yigiradi. 29 Lekin sizlarga shuni aytib qo‘yay: hatto shoh Sulaymon ham o‘zining shuhrat cho‘qqisida ularning hech biriday kiyinmagan. 30 Agar Alloh bugun bor bo‘lib, ertaga olovga tashlanadigan dasht o‘tini shunday kiyintirib qo‘ygan bo‘lsa, unda sizlarni ham kiyintirib qo‘ymasmikin, eh imoni sustlar?! 31 Xullas: “Nima yeymiz, nima ichamiz yoki nima kiyamiz?” — deb aslo tashvishlanmanglar. 32 O‘zga xalqlar hadeb bu narsalar haqida qayg‘urishadi. Axir samoviy Otangiz bularning bariga muhtoj ekaningizni biladi-ku.

33 Shunday ekan, Xudoning Shohligi va Uning adolati hayotingizda hamisha birinchi o‘rinda bo‘lsin, o‘shandagina bularning bari sizlarga qo‘shimcha qilib beriladi. 34 Zinhor ertangi kun uchun tashvishlanmanglar, chunki ertangi kunning o‘z tashvishlari bo‘ladi. Har bir kunning o‘ziga yarasha muammolari bor.

7 Boshqalarni hukm qilishni bas qilinglar, shunda hukmga duchor bo‘lmaysizlar. 2 Chunki sizlar qay tarzda hukm qilsangiz, Xudo ham sizlarni shu tarzda hukm qiladi. Sizlar boshqalarga qanday muomala qilsangiz, ular ham sizlarga shunday muomala qilishadi. 3 Nega birodaringizning ko‘zidagi cho‘pga qaraysiz-u, o‘z ko‘zingizdagi xodani ko‘rmaysiz? 4 O‘z ko‘zingizda xoda bo‘la turib, qanday qilib birodaringizga: “Keling, ko‘zingizdagi cho‘pni chiqarib olay”,— deysiz? 5 Ey ikkiyuzlamachi! Avval o‘z ko‘zingizdagi xodani chiqarib tashlang, o‘shandagina birodaringizning ko‘zidagi cho‘pni qanday chiqarish kerakligini ko‘ra olasiz.

6 Muqaddas narsani itlarga bermanglar va marvaridlaringizni cho‘chqalar oldiga sochmanglar, toki ularni oyog‘osti qilib, so‘ng o‘girilib, o‘zlaringizni ham tilka-pora qilib tashlamasin.

7 So‘rab turinglar va sizlarga beriladi, izlab turinglar va topasizlar, taqillatib turinglar va sizlarga eshik ochiladi. 8 Chunki so‘raganga beriladi, izlagan topadi, taqillatganga eshik ochiladi. 9 Chindan ham, qay biringiz bolangiz non so‘rab kelsa, unga tosh berasiz? 10 Yoki baliq so‘rasa, unga ilon berasiz? 11 Shunday ekan, agar sizlar gunohkor bo‘la turib bolalaringizga yaxshi hadyalarni bera bilsangiz, samoviy Otangiz ham Undan so‘raganlarga yaxshi narsalarni berishi muqarrar!

12 Xullas, odamlar sizlarga qanday munosabatda bo‘lishini xohlasangiz, sizlar ham ularga shunday munosabatda bo‘linglar. Zero, Tavrot va payg‘ambarlar kitoblarining mohiyati shundadir.

13 Tor darvozadan kiringlar, sababi halokatga olib boradigan darvoza keng, yo‘l esa enlidir. Ko‘plar shu yo‘ldan yuradi. 14 Hayotga olib boradigan darvoza esa tang va yo‘li tordir. Bu yo‘lni topadiganlar oz.

15 Soxta payg‘ambarlardan ehtiyot bo‘linglar. Ular yoningizga qo‘y qiyofasida keladilar, aslida esa ular vahshiy bo‘rilardir. 16 Ularni ishlaridan a bilib olasizlar. Axir, qaysi inson tikanakdan uzum yoki yantoqdan anjir teradi? 17 Xuddi shunday har bir yaxshi daraxt yaxshi meva beradi, yomon daraxt esa yomon meva beradi. 18 Yaxshi daraxt yomon meva berolmaganidek, yomon daraxt ham yaxshi meva berolmaydi. 19 Yaxshi meva bermaydigan har bir daraxt esa chopilib, olovga tashlanadi. 20 Shunday qilib, o‘sha odamlarni ishlaridan bilib olasizlar.

21 Menga: “Hazratim, Hazratim”,— deb murojaat qilgani bilan, har kim ham Samoviy Shohlikka kirolmaydi, faqat osmondagi Otamning xohishini bajargan kishigina bunga erishadi. 22 O‘sha kuni ko‘pchilik menga: “Hazratim, Hazratim, axir biz sizning nomingiz bilan bashorat qilmaganmidik, sizning nomingiz bilan jinlarni quvib chiqarmaganmidik va sizning nomingiz bilan qudratli ishlarni bajarmaganmidik?” — deydi. 23 Shunda men ularga: “Sizlarni hech ham tanimayman! Ketinglar yonimdan, ey qonunbuzarlar!” — deb aytaman.

24 Binobarin, mening so‘zlarimni tinglab, ularga amal qilayotgan har kim, uyini qoyatosh ustida qurgan aqlli kishiga o‘xshaydi. 25 Yomg‘irlar yog‘ib, sellar toshib, shiddatli shamollar esganda ham uy buzilmabdi, chunki u qoyatosh ustida qurilgan edi. 26 Biroq mening so‘zlarimni eshitib, amal qilmagan har bir kishi, uyini qum ustida qurgan aqlsiz odamga o‘xshab qoladi. 27 Yomg‘irlar yog‘ib, sellar toshib, shiddatli shamollar esgan ekan, o‘sha uy buzilib xarobaga aylanibdi».

28 Iso so‘zlarini tugatganida, xaloyiq uning ta’lim berish tarziga qoyil qolgan edi. 29 Sababi Iso ulamolar singari emas, balki Allohdan vakolat olgan kishiday o‘rgatardi.

a Yoki «Xudoga muhtoj ekanligini tushunganlar».

b Yoki «Kamtar; beozor».

c Yoki «Tinchliksevarlar».

d Quddus devorlari tashqarisidagi axlat yondiriladigan joy. (Ibr. ge hinnom, ya’ni «Hinnom vodiysi». «Jahannam» so‘zi ushbu iboradan kelib chiqqan.) Bu vodiy qadimgi Quddusning janubi va janubi-g‘arbida joylashgan edi. Hayvonlar yoki odamlar tiriklayin yondirilish yoki qiynoqqa solinish uchun jahannamga uloqtirilgani to‘g‘risida hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, bu yer insonning joni olovda mangu azoblanadigan ramziy ma’nodagi ko‘rinmas joyni anglatmaydi. Aksincha, Iso va uning shogirdlari jahannam so‘zini abadiy jazo yoki «ikkinchi o‘lim», ya’ni batamom yo‘q qilish ramzi sifatida qo‘llashgan.

e Yoki «qarashni davom ettirgan».

f Yunoncha pornia. Bu Xudo tomonidan taqiqlangan jinsiy aloqaning ba’zi turlariga nisbatan ishlatiladigan so‘z. Bu bevafolik, fohishalik, nikohda bo‘lmagan kishilar bilan jinsiy aloqa, gomoseksualizm, hayvonlar bilan jinsiy aloqa qilishni o‘z ichiga oladi.

g Ya’ni foizsiz qarz.

h Yoki «muqaddas tutilsin».

i So‘zma-so‘z «bizga qarzdor bo‘lganlarni».

j So‘zma-so‘z «Bizni vasvasaga duchor qilma».

k Yoki «tiniq». So‘zma-so‘z «ko‘zingiz oddiy».

l So‘zma-so‘z «yovuz».

a So‘zma-so‘z «mevalaridan».