Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

86-BOB

Yo‘qolgan o‘g‘ilning qaytishi

Yo‘qolgan o‘g‘ilning qaytishi

LUQO 15:11–32

  • YO‘QOLGAN O‘G‘IL HAQIDA MASAL

Ehtimol, Iso Iordanning sharqiy tomonida, hali ham Pereyada bo‘lganida, yo‘qolgan qo‘y hamda kumush tanga to‘g‘risidagi masallarni aytib beradi. Ikkala masalda ham o‘sha-o‘sha fikr ta’kidlanadi: gunohkor kishi tavba qilib Xudoga qaytganida, biz bundan xursand bo‘lishimiz kerak. Farziylar va ulamolarga kelsak, ular bunday insonlarni quvonch ila qarshi olayotgan Isoni ayblashadi. Qiziq, ular ushbu ikkita masalni tinglab o‘zlariga qandaydir xulosa chiqarishdimi? Samoviy Otamiz tavba qilayotgan gunohkorlarga qanday munosabatda bo‘lishini ko‘rishdimi? Iso, bu muhim saboqni o‘z ichiga olgan boshqa bir ta’sirli masal aytib beradi.

Bu masal ikkita o‘g‘li bor ota haqida. Masalning asosiy qahramoni kenja o‘g‘il. U bilan yuz bergan voqealar farziylar va ulamolarga, shuningdek, Isoni tinglayotgan barchaga saboq bo‘la oladi. Iso bu masalda ota va katta o‘g‘il haqida nima deyayotganini e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Ular o‘zini qanday tutganidan ham saboq olish mumkin. Keling, Iso aytgan masalning uchta qahramoni haqida fikr yuritaylik.

Iso shunday deb gap boshlaydi: «Bir kishining ikkita o‘g‘li bor ekan. Kenja o‘g‘li otasining oldiga kelib: “Otajon, mol-mulkingizdan menga tegishli qismini bering”,— debdi. Shunda ota boyligini ikkala o‘g‘liga bo‘lib beribdi». (Luqo 15:11, 12) Qarang, kenja o‘g‘il otasi hali hayotligida undan o‘ziga tegishli merosni so‘raydi. O‘g‘il o‘ziga tegishli qismini hoziroq olishni xohlaydi. Qay maqsadda? U mustaqil bo‘lishni istaydi va bu merosni xohlaganicha ishlatmoqchi bo‘ladi. Xo‘sh, keyin-chi?

Iso davom etib shunday deydi: «Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, kenja o‘g‘il hamma narsasini to‘plab, uzoq yurtga ketibdi. U yerda kayf-safo qilib, bor-budini sovurib yuboribdi». (Luqo 15:13) G‘amxo‘r otasi bilan birga o‘z uyida yashashning o‘rniga, kenja o‘g‘il boshqa mamlakatga ketadi. O‘sha yerda u istaklariga binoan yo‘l tutib merosini sovuradi, aysh-ishrat qilib yashaydi. Keyin u uchun og‘ir kunlar keladi. Buni Iso quyidagicha tasvirlaydi:

«Hamma pulini ishlatib bo‘lganda, o‘sha yurtda ocharchilik boshlanibdi va u qiynalib qolibdi. So‘ng yigit o‘sha yurt fuqarolaridan birining oldiga borib, uni ishga olsin deya yalinibdi. Shunda u kishi, cho‘chqalarni boqish uchun uni dalaga yuboribdi. U hatto cho‘chqalar yeydigan po‘choqlar bilan qornini to‘yg‘azishni istabdi-yu, ammo shuni ham unga berishmabdi». (Luqo 15:14–16)

Tavrotga binoan cho‘chqalar harom hisoblangan. Lekin kenja o‘g‘il o‘zini boqish uchun cho‘chqalarga qarashi kerak edi. U och-nahor bo‘lib yuribdi. U hatto hayvonlarga, o‘zi boqayotgan cho‘chqalarga beriladigan ovqatni yeyishga ham tayyor edi. Ha, unga oson emas, u tushkun ahvolda. Keyin u «es-hushini yig‘ib» oladi-da, o‘ziga shunday deydi: «Otamning ko‘pgina yollangan ishchilari to‘yib non yeyishadi, men esa bu yerda ochlikdan o‘lay deb yuribman! Endi o‘rnimdan turib, otamning yoniga boraman-da, unga aytaman: “Otajon, men osmondagi Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Bundan buyon o‘g‘lingiz deb atalishga ham arzimayman. Ruxsat eting, yollangan ishchilaringizdan biridek bo‘lay”». Shunday qilib, yigit otasining oldiga boradi. (Luqo 15:17–20)

Xo‘sh, otasi qanday munosabat bildiradi? Yigit ahmoqlarcha ish tutib, uydan ketgani uchun otasi unga jahl qiladimi? Yoki uni sovuq kutib olib, o‘g‘li kelganidan xursand emasligini ko‘rsatadimi? Uning o‘rnida siz qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz? Bordi-yu, bu sizning o‘g‘lingiz yoki qizingiz bo‘lsa-chi?

O‘G‘IL YO‘QOLGAN EDI, TOPILDI

Ota nimalarni his qilganini va o‘zini qanday tutganini Iso shunday tasvirlaydi: «U [o‘g‘il] hali uzoqda kelayotganida, otasi uni ko‘rib, rosa rahmi kelibdi. U o‘g‘lining yoniga yugurib borib, bag‘riga bosgancha uni o‘pibdi». (Luqo 15:20) O‘g‘li axloqsiz hayot kechirgani haqida otasi eshitgan bo‘lishi mumkin. Lekin u o‘g‘lini yaxshi qarshi oladi. Yahudiy din rahbarlari Yahovani bilishganini va Unga topinishayotganini ta’kidlashadi. Ammo bu misoldan ular samoviy Otamiz tavba qilayotgan gunohkorlarga qanday munosabatda ekanini ko‘ra olishadimi? Iso ham ularga shunday munosabatda ekanini tushunishadimi?

O‘g‘lining ruhi tushgan va yuzi g‘amgin bo‘lganini ko‘rib, ziyrak ota uning tavba qilganini payqaydi. Otaning mehr ila unga birinchi qadam tashlagani o‘g‘ilga quyidagi so‘zlarni aytishga ko‘maklashadi: «Otajon, men osmondagi Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Bundan buyon o‘g‘lingiz deb atalishga ham arzimayman». (Luqo 15:21)

Otasi xizmatkorlariga shunday buyruq beradi: «Tez bo‘linglar, eng zo‘r kiyim keltiringlar, barmog‘iga uzuk taqib, oyoqlariga sandal kiygizinglar. Bo‘rdoqini olib chiqib, so‘yinglar, yeb-ichib xursandchilik qilaylik. Axir o‘g‘lim o‘lgan edi, tirildi, yo‘qolgan edi, topildi». Keyin ular «xursandchilik qila boshlashibdi». (Luqo 15:22–24)

Bu paytda katta o‘g‘il dalada bo‘ladi. U haqida Iso quyidagicha deydi: «U qaytib kelayotib, uyga yaqinlashganda, musiqa va o‘yin-kulgi sadolarini eshitibdi. Shunda u xizmatkorlardan birini chaqirib, nima bo‘layotganini surishtiribdi. Xizmatkor unga: “Ukangiz sog‘-salomat qaytib kelgani uchun otangiz bo‘rdoqini so‘ydilar”,— deb aytibdi. O‘g‘il esa achchiqlanib, ichkariga kirgisi kelmabdi. Shunda otasi tashqariga chiqib, unga yolvoribdi. O‘g‘il otasiga javoban: “Men shuncha yildan beri sizga xizmat qilib, gapingizga quloq solganman. Siz esa do‘stlarim bilan xursandchilik qilishim uchun birorta uloqchani ham bermagansiz. Lekin fohishalar bilan yurib, mol-mulkingizni sovurgan anavi o‘g‘lingiz kelishi bilanoq, unga bo‘rdoqini so‘yib berdingiz”,— debdi». (Luqo 15:25–30)

Xo‘sh, kimni katta o‘g‘ilga o‘xshatsa bo‘ladi? Kim Isoni oddiy odamlarga hamda gunohkorlarga ko‘rsatgan mehr va e’tibori uchun tanqid qilgan? Farziylar va ulamolar. Iso ularning bunday munosabatini ko‘rgani uchun bu masalni aytib beradi. Alloh rahm-shafqat qilganidan norozi bo‘lgan har bir kishi bu masaldan saboq olishi kerak.

Iso masalni otaning katta o‘g‘liga aytgan quyidagi so‘zlari bilan tugatadi: «O‘g‘lim, sen hamisha yonimdasan va bor narsam seniki. Lekin ukang o‘lgan edi, tirildi, yo‘qolgan edi, topildi. Ana shuning uchun biz hozir xursand bo‘lib, yayrayapmiz». (Luqo 15:31, 32)

Katta o‘g‘il oxiri qanday yo‘l tutgani haqida Iso aytmadi. Ma’lumki, Isoning o‘limi va tirilishidan keyin «anchagina ruhoniylar ham imonga kirdi». (Havoriylar 6:7) Ehtimol, ulardan ba’zilari o‘ylashga chorlaydigan Isoning yo‘qolgan o‘g‘il haqidagi masalni eshitgandir. Hatto bunday odamlar ham «es-hushini yig‘ib», tavba qilishlari va Xudoga qaytishlari mumkin edi.

Bugungi kunda ham Isoning shogirdlari bu masal o‘z ichiga muhim saboqlarni olishini tushunishadi. Mana ulardan biri: vaqtinchalik huzur-halovat ilinjida «uzoq yurtga» ketib, Xudoning xalqini tark etish arziydimi? Bizga kerakli narsalarni taqdim etayotgan mehribon va g‘amxo‘r Otaning panohi ostida bo‘lish yaxshiroq emasmi?

Boshqa bir saboq: agar kimdir to‘g‘ri yo‘ldan adashsa, kamtarlikni namoyon etib, yana samoviy Otamizning roziligini olish uchun Unga qaytishi kerak.

Ota va katta o‘g‘il ko‘rsatgan munosabatdan boshqa saboq ham olishimiz mumkin. Ota kechirishga tayyor bo‘lib, o‘g‘lini xursandchilik bilan qabul qildi, katta o‘g‘il esa norozilik bildirib, ukasini iliq qarshi olishdan bosh tortdi. Ha, yo‘ldan adashgan inson chin dildan tavba qilib «uyga», Otasining oldiga qaytsa, Xudoning xizmatchilari uni kechirib, quvonch ila qarshi olishlari kerak. Keling, quvonamiz! Axir birodarimiz «o‘lgan edi, tirildi, yo‘qolgan edi, topildi».