Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

93-BOB

Inson O‘g‘li «oshkor bo‘ladi

Inson O‘g‘li «oshkor bo‘ladi

LUQO 17:20–37

  • XUDONING SHOHLIGI ULARNING ORASIDA

  • ISO «OSHKOR BO‘LGANDA» NIMA SODIR BO‘LADI?

Iso hamon Samariyada yoki Jalilada. Farziylar undan Osmon Shohligi qachon kelishini so‘rashadi. Ularning fikricha, u tantana va dabdaba bilan keladi. Ammo Iso shunday deydi: «Xudoning Shohligi hammaning ko‘ziga ko‘rinadigan tarzda kelmaydi. U haqda: “Mana, bu yerda!” yoki “Ana, u yerda!” — deyishmaydi. Axir Xudoning Shohligi orangizda-ku». (Luqo 17:20, 21)

Ba’zilar Iso ushbu so‘zlar bilan Xudoning Shohligi xudojo‘y odamlarning qalbida, deb aytmoqchi degan xulosaga keladi. Lekin bunday emas. Axir, Xudoning Shohligi Iso suhbatlashgan farziylarning yuraklarida bo‘la olmaydi. Holbuki, u ularning orasida, chunki Xudo tanlagan Shoh Iso ular bilan birga. (Matto 21:5)

Ehtimol, farziylar ketishgach, Iso shogirdlariga Xudoning Shohligi kelishi haqida qo‘shimcha tafsilotlarni aytadi. Avvalambor, Iso Shoh sifatida hozir bo‘lishi borasida quyidagicha deydi: «Shunday kunlar keladiki, Inson O‘g‘lining atigi bitta kunini ko‘rishni xohlaysizlar-u, lekin ko‘ra olmaysizlar». (Luqo 17:22) Iso Inson O‘g‘li kelajakda hukm surishni boshlashiga ishora qiladi. Bu kun kelishidan oldin ba’zi shogirdlar, ehtimol, Inson O‘g‘lining paydo bo‘lishini orziqib kutishar. Ammo bu sodir bo‘lishi uchun ular Xudo tayinlagan muddat kelishini kutishlari kerak.

Iso so‘zida davom etib, shunday deydi: «Odamlar: “Ana, u yerda!” yoki “Mana, bu yerda!” — deb aytishadi. Ammo sizlar chiqib ularning orqasidan yugurmanglar. Zero chaqmoq chaqib, osmonning bir chetidan boshqa chetigacha yoritib yuborganiday, Inson O‘g‘li oshkor bo‘ladigan kunda ham xuddi shunday bo‘ladi». (Luqo 17:23, 24) Xo‘sh, soxta masihlarga ergashishdan shogirdlarni nima himoya qiladi? Iso aytganiday, haqiqiy Masihning kelishi hamma joyda ko‘rinadigan chaqmoqdek bo‘ladi. Isoning Shoh sifatida hozir bo‘lishi, buni intiqib kutayotgan va diqqatli bo‘lgan barcha insonlarga yaqqol namoyon bo‘ladi.

Keyin Iso o‘tmishdagi voqealarni bo‘lajak voqealar bilan taqqoslab, uning hozir bo‘lish paytida odamlarning munosabati qanday bo‘lishini quyidagicha ifodalaydi: «Nuh payg‘ambar davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, Inson O‘g‘lining kunlarida ham shunday bo‘ladi. [...] Lutning davrida ham aynan shunday bo‘lgan: odamlar yeb-ichishgan, oldi-sotdi qilishgan, ekin-tikin va qurilish bilan band bo‘lishgan. Biroq Lut Sado‘mdan chiqqan kuni osmondan olov va oltingugurt yog‘ib, hammani yo‘q qilgan. Inson O‘g‘li oshkor bo‘ladigan kuni ham xuddi shunday bo‘ladi». (Luqo 17:26–30)

Iso Nuh davridagi odamlar kundalik ishlar bilan, ya’ni yeb-ichish, oldi-sotdi, ekin-tikin va qurilish bilan band bo‘lishgani bois yo‘q qilingan deb aytmoqchi emas. Axir Nuh, Lut va ularning yaqinlari ham bu ishlarning ayrimlari bilan shug‘ullanishgan. Lekin boshqa odamlar kundalik ishlarga mukkasidan ketib, Xudoning irodasiga parvo ham qilmay, qanday zamonda yashayotgani haqida fikr yuritishmagan. Shu sababli, Iso shogirdlarini Xudoning irodasini hamisha yodda tutishga va uni bajarishga diqqat qaratishga undayapti. Bu bilan Iso, kelajakda Alloh O‘z hukmini amalga oshirganda, ular omon qolishiga nima yordam berishini ko‘rsatdi.

Shogirdlar bu dunyo taklif qilayotgan narsalarga chalg‘imasliklari, ya’ni ortda qoldirish kerak bo‘lgan narsalarga «qaytmasliklari» lozim. Iso shunday deydi: «O‘sha kuni tomda turgan kishi narsalarini olish uchun uyga kirmasin. Daladagi kishi ham narsalarini olish uchun qaytmasin. Lutning xotini esingizda bo‘lsin». (Luqo 17:31, 32) U tuz ustunga aylanib qolgan edi.

Inson O‘g‘li Shoh sifatida boshqaradigan paytda nimalar ro‘y berishini tasvirlashda davom etib, Iso shogirdlariga quyidagicha deydi: «O‘sha kecha bir to‘shakda yotgan ikki kishidan biri olinadi, biri qoldiriladi». (Luqo 17:34) Demak, kimdir qutqariladi, kimdir «qoldiriladi» yoki halok bo‘ladi.

Shogirdlar Isodan: «Hazrat, bular qayerda yuz beradi?» — deb so‘rashadi. Iso ularga: «Murda qayerda bo‘lsa, burgutlar ham o‘sha yerda to‘planadi»,— deydi. (Luqo 17:37) Ha, ba’zilar ko‘zi o‘tkir burgutlar kabi bo‘lishadi. Ular haqiqiy Masih, Inson O‘g‘lining yoniga to‘planishadi. Kelajakda Iso sodiq shogirdlariga hayotbaxsh haqiqat ochilishi uchun g‘amxo‘rlik qiladi.